8-mavzu: ta’limning tashkiliy shakllari va metodlari. Reja
8-MAVZU: TA’LIMNING TASHKILIY SHAKLLARI VA METODLARI. REJA: 8.1.Ta’limni tashkil etish shakllari haqida tushuncha. Dars – o‘qitishning asosiy tashkiliy shakli. Darsga qo‘yiladigan talablar.
8.2.Dars turlari va tuzilishi. Hozirgi kunda darslarni modernizatsiyalash yo‘llari. Darsda o‘quvchilar o‘quv faoliyatini uyg‘unlashtirish. O‘qituvchining darsga tayyorgarligi. Darsning reja-konspekti. Darsning texnologik kartasi.
8.3.Ta’limni tashkil etishning noan’anaviy shakllari. “Ta’lim metodlari” tushunchasining mohiyati. Ta’lim metodlarining tasnifi.
8.4.An’anaviy o‘qitish metodlari klassifikatsiyasi. Ta’limning zamonaviy vositalari. Ta’limda ko‘rgazmali vositalar.
Ta’limda texnik vositalar. Texnik vositalarga qo‘yiladigan didaktik talablar. Ta’lim vositalarining funksiyalari.
Mustaqil ta’lim: Elektron pedagogika asoslari.
Tayanch so’zlar: tashkil etish, shakl, ta’limni tashkil etish shakli, ta’limni tashkil etish tizimi, dars, darsning turlari, ta’limni tashkil etishning yordamchi shakllari.
8.1.Ta’limni tashkil etish shakllari haqida tushuncha. Dars – o‘qitishning asosiy tashkiliy shakli. Darsga qo‘yiladigan talablar.
Ta’limni tashkil etishning shakllari. Ta’limni tashkil etish shakli – bu o’qituvchi va o’quvchining belgilangan tartibda, muayyan maqsadga muvofiq ma’lum rejimda tashkil etiladigan o’quv-bilish faoliyatining tashqi ifodasidir.
Jahon pedagogika fani va amaliyotida ta’limni tashkil etishning turli shakllari mavjud. Jamiyat rivojining har bir yangi bosqichi ta’limni tashkil etishga o’z ta’sirini o’tkazadi.
Ayni vaqtda ta’limning quyidagi shakllari ajratib ko’rsatiladi: in-dividual, individual-guruhli, sinf-dars, leksiya-seminar va sinfdan tashqari, auditoriyadan tashqari, maktabdan tashqari. Ular o’quvchilarni qamrab olishi, o’quvchilar faoliyatini tashkil etishi, jamoaviy va individual shakllarining nisbatlari, mustaqilligi darajasi va o’qish jarayoniga rahbarlik qilish xususiyatlari kabi belgilariga ko’ra quyidagi uch asosiy turga ajratiladi: individual; sinf-dars; ma’ruza-seminar.
Qadim zamonlarda mavjud bo’lgan o’qitishning eng qadimgi shakli ta’limning individual shakli hisoblanadi. O’qishni tashkil etishning individual shakli antik davr va o’rta asrlarda yagona usul bo’lgan, undan ba’zi mamlakatlarda XVIII asrgacha keng foydalanilib kelingan.