REJA: Yoshlik davri va uning o‘ziga xos psixologik xususiyatlari
Yetuklik davrining birinchi bosqichidagi shaxsning psixologik xususiyatlari
Yetuklik davrining ikkinchi bosqichidagi shaxsning psixologik xususiyatlari
4. Psixogerontologiya haqida umumiy tushuncha
5. Biologik keksayish
6. Keksayish davridagi shaxs psixologiyasi
7. Keksalik davridagi shaxsning psixologik xususiyatlari
8. Uzoq umr ko‘ruvchilarning psixologik xususiyatlari
1. Yoshlik davri va uning o‘ziga xos psixologik xususiyatlari Yoshlik davri 23−28 yoshlardan iborat bo‘lib, bu davrning o‘ziga xos xususiyatlaridan biri ijtimoiy hayotning barcha jabhalarida kamolga erishgan shaxs sifatida faol ishtirok etish va ishlab chiqarishda mehnat faoliyatini amalga oshirishdan iboratdir. Yoshlarning mehnat faoliyati quyidagi uchta muhim belgisi bilan boshqa yosh davrlaridan farqlanadi: 1) mutaxassislikning mohiyatiga, ishlab chiqarish shart-sharoitiga va mehnat jamoasi a’zolarining xususiyatiga moslashish (ko‘nikish) − mehnat faoliyatining dastlabki yillari (taxminan 1 yildan 3 yilgacha) yoki jamoada o‘z o‘rnini topish va qadr-qimmatga erishish; 2) mutaxassis sifatida o‘zini takomillashtirish uchun ijodiy izlanishni amalga oshirish (mehnat faoliyatining ikkinchi pallasi − 3 yildan 8 yilgacha − ish staji nazarda tutiladi) yoki kasb-korlik, mahoratini egallash; 3) mahorat sirlaridan foydalanish, tashabbus ko‘rsatish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirishda ijtimoiy yetuklikni namoyish qilish yoki mehnat faoliyatidagi barqaror ijod bosqichida bir tekis 10 yillab ishlab sifatli mahsulot yaratish namunasini ko‘rsatish.
Yuqoridagi bosqichlar barcha kasb-kor egalariga xos bo‘lsa-da, lekin ishlab chiqarishga ertaroq va kechroq kirib kelgan odamlar o‘rtasida yosh jihatdan tafovut mavjud bo‘ladi. Masalan, kasb-hunar kollejini tamomlagan yigit-qizlar o‘z mehnat faoliyatini oliy ma’lumotli yoshlardan oldin boshlaydilar, biroq ular ham mazkur bosqichlarni bosib o‘tishlari shart.
Hozirgi mutaxassislarning ko‘pchiligi o‘quv yurtlaridagi nazariy bilimlar bilan amaliy ko‘nikmalar o‘rtasida uzilish mavjudligi sababli mustaqil faoliyatning dastlabki kunlaridan boshlab qator qiyinchiliklarga duch keladilar. Bu qiyinchiliklar o‘z mohiyatiga ko‘ra uch xildir; ular: a) ijtimoiy qiyinchiliklar: notanish muhit shart-sharoitlari, shaxslararo munosabatlar, mehnat jamoasining saviyasi, undagi kishilarning xarakter xislatlari, ishlab chiqarish jamoasining qadriyatlari, ma’naviyati, an’analari va hokazo; b) bilim va bilishga oid qiyinchiliklar: maxsus o‘quv yurtida olgan bilimlardagi uzilishlar, saviyaning cheklanganligi, ijodiy izlanish faoliyatining zaifligi, tashabbuskorlikning yetishmasligi va boshqalar: v) mutaxassislik bilan bog‘liq o‘ziga xos qiyinchiliklar; ishlab chiqarishning mohiyati, xususiyati, texnologiya, qurilmalar, asboblar, amaliy ko‘nikmaning bo‘shligi yoki ular bilan yetarli darajada tanishmaganlik, kasbning iqtisodiy negizini to‘la anglab yetmaslik, xavfsizlik texnikasi mahsulot ishlab chiqarishning chizma-yoyilmasi va grafik irodasini taqqoslash murakkabligi, muammolar oldida lol qolish. Bu qiyinchiliklarni yengish davrida insonning ruhiy holatlari, jarayonlari va xususiyatlarida miqdor hamda sifat o‘zgarishlari ro‘y beradi.
Psixofiziolog P.P.Lazarevning fikricha, eshitish, ko‘rish, periferik va kinestetik sezgirlikning o‘zgarishi 20 yoshdan boshlanadi. Bu ma’lumotni chet el psixologlari Fulds, Raven, Pako kabilar yanada rivojlantirib aqliy va mantiqiy qobiliyatning mezoni 20 yosh deb hisobladilar. B.G.Ananev o‘zining ilmiy-tadqiqotlarida yoshlik davrida yigit va qizlardagi o‘zgarishlarni murakkab shaxs jihatlaridan umumiy ruhiy holat, verbal va noverbal aqliy (mantiqiy va mnemik funksiyalar) sodda jarayonlargacha (organizmda issiklik paydo bo‘lishidan metobolizm − modda almashinuvgacha), hatto shaxsning xususiyatigacha bo‘lgan (holatlarni o‘z ichiga qamrab olishini matematik usullarga asoslangan ilmiy ma’lumotlar va ularning chuqur sifat tahlili orqali ko‘rsatib o‘tadi.
Ko‘zlarning farqlashdagi sezgirligi inson yoshiga qarab o‘zgarishini tadqiq qilgan S.V.Kravkov sezgirlikning ortishi 25 yoshgacha davom etishini, barqarorlashuvi esa 25 yoshdan keyin ham davom qilishini ta’kidlaydi. B.G.Ananev laboratoriyasida olingan natijalar inson funksional darajasining oshishi 23−27 yoshdagi yigit va qizlarda 44 foiz, funksional holatining barqarorlashuvi 19,8 foiz, funksional darajaning pasayishi 36,2 foizga tengdir. Bu ma’lumotlar kamolot bosqichining turli mikrodavrlarida o‘sish jihatlarining o‘zaro munosabati har xil kechishini ko‘rsatib turibdi. Yu.N.Kulyutkin katta kishilarning diqqat, xotira, tafakkur bilish jarayonlarini birgalikda o‘rgangan. Yu.N.Kulyutkin o‘z tadqiqotida 0−130 shkalagacha oraliqni tekshirib, 22−25 yoshlarda diqqat va xotira 100,5 tafakkur 102,5 ballga tengligini, 26−29 yoshlarda esa diqqat 102,8, xotira 97,0 tafakkur 95,0 ball ekanligini isbotlab berdi. Amerikalik olim V.Shevchuk voyaga yetgan odamlarda ijodiy faoliyatning boshlanish nuqtasini tadqiq kilib, 11−20 yoshlar oralig‘ida 12,5 foiz, 21−30 yoshlarda esa 66 foiz ekanini aniqladi. Ziyolilarning ilmiy mahsuli dinamikasini o‘rgangan 3.F.Esareva uning boshlanishi matematiklarda 18−23, fiziklarda 24−27, biologlarda 25−31, psixologlarda 27−30, tarixchilarda 27−32, filologlarda 28−33 yoshlarni tashkil qilishini ko‘rsatib o‘tadi.
Yoshlarning ijtimoiy hayotda qatnashuvini o‘rgangan V.Shevchuk ijtimoiy faoliyatga kirishish eng yuqori cho‘qqisi 25 yosh ekanini aniqlab, bu hol odamlarning 45,4 foizida bo‘lishini ma’lum qiladi. Uning fikricha, qolgan yosh davrlarida insonning jamoatchilik faoliyati nisbatan juda kichik birlikni tashkil qiladi, hatto, u 45 yoshda 3 foizga teng bo‘ladi.
Kishilarda ko‘rish maydoni chegarasi (idrok) xususiyatini o‘rgangan L.N.Kuleshova va M.D.Aleksandrovalar 18−35 yoshlardagi haydovchilarda uning uch xil: normadan ortiq 11 foiz, normada 47 foiz, qolganlarida etalon bo‘yicha normadan kam bo‘lishini ta’kidlaydilar.
23−28 yoshgacha davrda qator funksiyalar darajasining o‘zgarishi, takomillashuvi: ko‘rish maydonining ko‘lami, ko‘z bilan masofani chamalash, fazoviy tasavvur, bilish darajalari; anglash, diqqat va idrokning yaxlitligi hamda o‘zgarmasligining o‘sishi boshqa faoliyat va ko‘rish ta’sirchanligi, qisqa muddatli ko‘rish xotirasi yoki mustahkamlanishi namoyon bo‘ladi: 22−25 yoshlarda ikki xil omillar doirasi vujudga keladi va ular mnemologik (xotira, tafakkur) va attensional (diqqat xususiyati va xossasining) majmuasidan iborat bo‘ladi.
Yoshlik davrida yigit-qizlar kamolotiga uchta muhim psixologik mexanizm, ya’ni mehnat jamoasi, oila mikromuhiti va norasmiy ulfatlar ta’sir ko‘rsatadi. Masalan, mehnat jamoasidagi psixologik muhit, ma’naviyat olami, barqarormaslak, ijtimoiy ong, ijtimoiy qadriyatlar, muayyan an’analar va odatlar yangi a’zoning xarakterida ijobiy yoki salbiy o‘zgarishni vujudga keltirishi mumkin. Mazkur ta’sir natijasida asta-sekin umuminsoniy fazilatlar tarkib topishi yoki muayyan shaxsiy nuqtai nazar yo‘qolishi mumkin. Mehnat jamoasiga yangi qo‘shilgan a’zo unda o‘z o‘rni va qadr-qimmatini qaror toptirish uchun bir qator yon berishga, o‘z maslagidan sal bo‘lsa-da chetlashishga majbur bo‘ladi. Bu yo‘l jamoadagi psixologik iqlimga moslashishi maqsadida ichki ruhiy ziddiyatlarga, murakkab kechinmalarga, unsiz tug‘yonga qarshi qo‘yilgan qadam hisoblanadi. Shuning uchun yakka shaxs xarakterini shakllantiruvchi yoki uning mustahkam ichki rishtalarini yemiruvchi omil mehnat jamoasidagi ijtimoiy fikrdir. Jamoaga bo‘ysunish har bir a’zoning burchidir.
Ayrim hollarda ko‘pchilikning tazyiqiga uchragan shaxsda prinsipiallik, adolatlilik singari hislar shaxsiy nuqtai nazar bo‘shashib qoladi, natijada unda ikkilanish tuyg‘usi paydo bo‘ladi. Yoshlik gashtini surayotgan yigit va qizlar ota-onasiga, buva-buvisiga, opa-singillariga, aka-ukalariga, turmush o‘rtog‘iga, farzandlariga oqilona munosabatda, oila a’zolarining har biri bilan to‘g‘ri muloqotda bo‘lishi, muayyan qoidaga asoslangan muomala qilishi shart. Oiladagi shaxslararo munosabatning ko‘lami kengligi sababli bir nechta bosqichli muloqotga asoslanish kerak. Lekin oila tinchligi, totuvligi va ahilligiga halal bermaslik niyatida yosh yigit va qizlar (kelinlar) vijdon amriga qarshi xatti-harakat qilishga ham majbur bo‘ladilar, o‘z maslaklari, fikrlari, shaxsiy qarashlariga xilof yo‘l tutadilar. Dilkashlik uchun har bir oila a’zosi bilan umumiy “til” topishga intiladilar. Shunga ko‘ra oila muhiti ham yigit va qizlarning ruhiyati hamda ma’naviyatini o‘zgartiradigan omil vazifasini o‘taydi.
Inson uchun psixologik mexanizm rolini bajaruvchi yana bir omil ulfatlar davrasidir. Ulfatlar odatda shaxsiy mayli, qiziqishi, intilishi, orzu-istagi, maqsadi, qarashlari, yoshi va xulqi bir-biriga mos tengdoshlardan iboratdir. Ko‘ngilchanlik, do‘stlar ra’yiga qarshi bormaslik tufayli yoshlar xarakterida o‘zgarishlar yuzaga keladi. Yuksak hislar, barqaror e’tiqod, ilmiy dunyoqarash, ichki kechinmalar, mustaqillik va tashabbuskorlik tuyg‘ulari poymol bo‘ladi, ya’ni “Do‘sting uchun zahar yut” qabilida ish tutiladi. Natijada mas’uliyatsizlik, yuzakilik, loqaydlik, ikkiyuzlamachilik, bevafolik singari illatlar tarkib topa boshlaydi. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, ulfatlar davrasida yangi fazilatlarni ishbilarmonlikni, amaliy ko‘nikmalarni egallash imkoniyati ham bo‘ladi. Shu boisdan ulfatchilikka faqat maishat nuqtai nazaridan yondashmay, uning mazkur imkoniyatlaridan foydalanishga ham harakat qilish ayni muddaodir.
Yoshlik davri insonning kuch-quvvatga, orzu-havasga, ijodiy rejalarga, izlash va izlanishlarga, aqliy imkoniyatlarga boy davridir. Kelajak taqdiri, mo‘l-ko‘lchiligi, farovonligi, qudrati, madaniyati − yoshlarga bog‘liq, shuning uchun ularning istiqbol rejalari, yaratgan loyihalari, shakllanayotgan ma’naviy va ruhiy olami hech kimni befarq qoldirmasligi kerak.