So‘zlarning o‘zaro sintaktik munosabatga kirishuvi.
4.So‘z birikmasining tuzilishi va grammatik ma’nolari.
5.Birikma tarkibidagi so‘zlarning aloqa turlari: boshqaruv, bitishuv, moslashuv.
Sintaksis haqida umumiy ma’lumot
Sintaksis (grekcha – syntaxis – «tuzish» so‘zidan olingan) grammatikaning bir bo‘limi bo‘lib, so‘zlarning birikish yo‘llari, so‘z birikmasi, gap, uning turlari, xususiyatlarini tekshiradi.
Sintaksis, bir tomondan, so‘z va so‘zshakllarning, shuningdek, gaplarning aloqa qilish, birikish yo‘llarini tekshirsa, ikkinchi tomondan, ma’lum bog‘lanish asosida yuzaga keladigan sintaktik birliklarni o‘rganadi.
So‘z birikmasi, gap, gap bo‘laklari asosiy sintaktik birliklar, sintaktik kategoriyalar hisoblanadi.
Sintaktik aloqa turlari So‘zlarning, shuningdek, gaplarning orasidagi bog‘lanish, aloqa ikki xil bo‘ladi: 1) teng bog‘lanish yoki teng aloqa; 2) tobe bog‘lanish yoki tobe aloqa.
Teng bog‘lanish sintaktik jihatdan teng huquqli bo‘lgan biri ikkinchisiga bo‘ysunmagan so‘zlarning yoki gaplarning aloqasidir. Bunda teng aloqadagi so‘zlar yoki gaplar o‘zaro teng bog‘lovchilar, teng bog‘lovchi vazifasidagi yuklamalar, ohang yordamida munosabatga kirishadi. Masalan: 1. Beminnat qilingan ezgulik eng maqbul va go‘zal ezgulikdir. (Oz-oz o‘rganib dono bo‘lur). 2. Bilmaslik ayb emas, bilishni istamaslik aybdir. (Oz-oz o‘rganib dono bo‘lur). Birinchi misolda eng maqbul, go‘zal so`zlari o‘zaro teng bog‘lanib, gapda uyushiq sifatlovchi vazifasini bajargan. Ikkinchi misolda esa Bilmaslik ayb emas va Bilishni istamaslik aybdir gaplari bir-biri bilan teng aloqaga kirishgan.