Abdullaxon II markaziy hokimiyatni susaytirishga uringan har qanday xatti-harakat tashabbuskori hamda ishtirokchilarini shafqatsizlik bilan bostirdi. Shunga qaramay, u baribir siyosiy parokandalikka barham berolmadi. Taxtga o'g'li Abdulmo'min o'tqazildi. Biroq, uning hukmdorligi uzoqqa cho'zilmadi. Oradan ko'p o'tmay Abdulmo'min ham o'ldirildi. Abdulmo'mindan qolgan 2 yashar o'g'ilning xonlik huquqini hech kim tan olmadi. Ana shunday bir sharoitda mamlakatning turli burchaklaridan taxt da'vogarlari chiqa boshladi. Ulardan bin Abdulmo'minning amakisi Balx hokimi Pirmuhammad edi. Buxoro xonligi taxtiga o'sha Pirmuhammad o'tqazildi. Biroq, uning zodagonlar orasida obro'si yo'q edi. Pirmuhammad davlatni 1601-yilgacha idora qildi, xolos. Markaziy hokimiyat nihoyatda zaiflashdi.
Buxoro xonligida vujudga kelgan og'ir vaziyatdan birinchi navbatda qo'shni davlatlar foydalanib qolishga urindilar, mamlakatda esa ichki nizolar yanada avj oldi. Har bir viloyat hukmdori ajralib chiqib mustaqil bo'lib olishga intildi. Xususan, Eron hukmdori shoh Abbos Hirotni va Xurosonning talaygina qismini bosib oldi. Qozoq sultonlarining lashkari Toshkent bilan Samarqandni egalladilar. Buxoroning o'zi bo'lsa ikki oy davo-mida qamal qilindi. Xorazm esa mustaqil davlat bo'lib oldi. Ana shunday og'ir sharoitda Buxoroning oliy tabaqalari kelib chiqishi Ashtarxon (Hojitarxon)lik bo'lgan Jonibek sultonni taxtga o'tkazishga qaror qildilar. Yangi sulola ashtarxoniylar nomini oldi. Xo'sh, Jonibek sulton avlodi qanday qilib Buxoroga kelib qolgan? Ashtarxoniylar Chingizxonning o'g'li Jo'chixon naslidan edilar. Ular XIV asrning 80-yillaridan boshlab Ashtarxon (Astraxan) va uning atrofidagi yerlarga hukmronlik qila boshlaganlar. 1556-yili Rossiya Astraxanni bosib olgach, ashtarxoniy Yormuhammadxon oila a'zolari va qarindosh-urug'i bilan Buxoro xoni Iskandarxon (Abdullaxonning otasi)ning huzuriga — Buxoroga keladilar. Xon uni izzat-ikrom bilan kutib oladi hamda qizi Zuhraxonimni Yormuhammadxonning o'g'li Jonibek sultonga beradi. Jonibek sulton Zuhraxonimdan uch o'g'il (Dinmuhammad, Boqimuhammad va Valimuhammad) ko'rgan. O'g'illarining kattasi Dinmuhammad Abdullaxon davrida Seistonni idora qilgan.
1601-yili Jommuhammadxon nomiga xutba o'qitiladi va Buxoro xoni deb e'lon qilinadi. Ayni paytda Jommuhammadxon o'g'li Dinmuhammad foydasiga taxtdan voz kechadi. Lekin, Dinmuhammadga Buxoro taxtiga o'tirish nasib etmaydi. U Eron qo'shinlariga qarshi umshda halok bo'ladi. Endi, Buxoro taxtiga Boqimuhammad o'tiradi. Boqimuhammad bu davrda Samarqand hokimi edi. Valimuhammad esa voris deb e'lon qilinadi.
Shunday qilib, Buxoro taxtini ashtarxoniylar egallaydilar va Buxoro xonligi tarixida o'zbek sulolasi — ashtarxoniylar sulolasi hukmronligi davri (1601—1756) boshlanadi. Bu sulola Buxoro taxtida 1756-yilgacha, mang'itlar sulolasi vakillari qo'liga o'tguncha hukmronlik qildi.