O`ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY TA`LIM, FAN VA INNOVATSIYALAR VAZIRLIGI MIRZO ULUG`BEK NOMIDAGI O`ZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETI BIOLOGIYA FAKULTETI BIOLOGIYA (turlari bo`yicha) YO`NALISHI KECHKI TA`LIM 3-KURS TALABASI ABDULLAYEVA SADOQATNING UMUMIY PEDAGOGIKA VA PSIXOLOGIYA FANIDAN TAYYORLAGAN
Toshkent – 2023 Kirish Shulte jadvallari periferik ko`rishni yaxshilashga, konsentratsiyani rivojlantirishga va matnni tez idrok etish qobiliyatini o`stirishga xizmat qiluvchi texnikadir. Shulte jadvallari turli darajadagi qiyinchiliklarga ega bo`lib, eng ko`p tarqalgan jadval turi 25 katak ya`ni 5 qator va 5 ustundan iborat kvadratdir. Kataklarda 1 dan 25 gacha bo`lgan sonlar tartibsiz shaklda joylashtirilgan bo`ladi. Jadvaldan foydalanuvchi kishi sonlarni o`sish tartibi bo`yicha yoki teskari tartibda topishi lozim.
Ushbu texnika Nemis psixologi va psixoterapevti Valter Shulte tomonidan 1962 yilda fanga kiritilgan. Dastlab texnika inson diqqatining xususiyatlarini o`rganish uchun tajribalar paytida psixodiagnostik test sifatida qo`llanilgan. Shundan so`ng uchbu usul psixiatrlar va psixoterapevtlarning keng doiralarida qo`llanila boshlandi. Usul tadqiqotlar davomida xotira, diqqat va aqlni rivojlantirish uchun samarali ekanligi isbotlandi. Psixiatriya va psixologiya sohasidagi ayrim olimlarning asarlarida shulte jadvalidagi belgilarni izlayotgan odamning holati meditatsiya mashg`ulotlarini bajarayotgan kishining holatiga o`xshatiladi. Bunday holat miyaning ishlash faolligiga ijobiy ta`sir ko`rsatadi.
Aksariyat kishilar matnni o`qish jarayonida gorizantal yo`nalish bo`ylab bir tekis o`qiydi. Bunday o`qish jarayonida o`quvchi matnning murakkablik darajasiga qarab turli darajadagi fiksatsiyalar (to`xtalishlar) qiladi. Bu fiksatsiyalar o`quvchining matnni idrok etishiga qarab 2-3 so`zni o`z ichiga olishi mumkin. Agar kitob matnining bir qatorida 10-12 ta so`z bo`lsa, o`rtacha ko`nikmasi shakllangan o`quvchi shu so`zlarni o`qish uchun taxminan to`rt yoki besh marta fiksatsiya qiladi. Bu fiksatsiyalarda kishi qanchalik ko`p pauza qilsa, o`qish tezligi shunchalik past bo`ladi. O`quvchi bitta fiksatsiyada qanchalik ko`p so`zlarni qamrab olishga harakat qilsa, o`qish tezligi ham shunchalik oshadi.
Shulte jadvallarini mashq qilish orqali kishida matnni yaxlit ko`rish va undagi kerakli so`zlarni tezroq topish qobiliyati shakllanadi. Bu qobiliyat tezkor o`qish va zarur ma`lumotlarni qisqa vaqt ichida qidirib topishda muhim rol o`ynaydi. Usul orqali diqqat, xotira va aqliy qobiliyatlarini rivojlantirishni maqsad qilgan kishi undan muntazam ravishda foydalanib turishi lozim.