Mutlaq monarxiya (absolutizm) - oliy hokimiyatning huquqi hech qanday qonun bilan cheklanmagan yagona bir shaxs - monarx qo'lida to'planishidir.
Mutlaq monarxiya mamlakat tarqoqligiga barham berdi. Chunonchi, qirol Genrix VIII Tyudor (1509-1547) butun mamlakatni yagona markaz - Londonga bo'ysundirdi.
Toifaviy-vakillik organi bo'lmish parlament butunlay bo'lmasa-da, o'z ahamiyatini yo'qotdi.
Yangi soliqlar joriy etish masalasidagina parlament roziligining shartligi belgilab qo'yildi.
Angliya qirollari veto huquqiga ega edilar. Bu huquq ularga parlamentning har qanday qarorini taqiqlay olish imkonini berardi.
XVI asrning Angliya tarixidagi o'rni.
XVI asr Tyudorlar sulolasi asri bo'ldi.
Bu yuz yillik Angliya tarixida chuqur iz qoldirgan uch yirik tarixiy hodisa bilan ajralib turadi.
Angliyada reformatsiya qirol Genrix VIII hukmronligi davriga to'g'ri keldi. Angliyada reformatsiya xalqning talabi bilan emas, balki qirolning xohish va irodasi bilan amalga oshirildi.
Genrix VIII qirol hokimiyatini yanada mustahkamlash uchun cherkovni yerdan va boshqa mol-mulklardan mahrum etish haqida farmon chiqardi.
Ularga qarashli bo'lgan yerlarning 2/3 qismi sotib yuborildi.
Kontrreformatsiya.
Genrix VIII ning qizi Mariya o'z hukmronligi davrida (1553-1558) kontrreformatsiya o'tkazishga urindi. U o'zining cherkov boshlig'i ekanligidan foydalanib, protestantlikni shakkoklik deb e'lon qildi va katolik cherkovini tiklashga kirishdi.
Angliya Yelizaveta hukmronligi davrida (1558-1603).
Yangi qirolicha ajoyib shaxsiy sifatlarga, kuchli irodaga va qobiliyatga ega edi. Yelizaveta I protestantlikni davlat dini deb e'lon qildi. Qirolichaning o'zi «Cherkov va dunyoviy ishlarning oliy hukmdori» unvonini oldi.
Yelizaveta I
Cherkov ibodatlari endi xalqning katta qismiga tushunarsiz bo'lgan lotin tilida emas, balki ingliz tilida o'tkaziladigan bo'ldi.
Yelizaveta I ning asosiy vazifalaridan biri mamlakat yaxlitligini mustahkamlash edi.
Dengiz hukmronligi uchun kurash.
Angliyaning bu davrdagi ashaddiy dushmani katolik Ispaniyasi edi. Ispaniya qiroli Filipp II «shakkok» Angliya qirolichasi Yelizaveta I ga nafrat bilan qarardi.
Filipp II
Bu davrda Gollandiyada Ispaniya zulmiga qarshi harakat boshlanganda Yelizaveta I Gollandiya tarafida turdi. Oxir-oqibatda bu ikki davlat o'rtasida 1588-yilda urush kelib chiqdi.
Bo'lib o'tgan jangda Angliya g'alaba qozondi.
Angliya esa Yevropaning buyuk davlatiga va dengiz hukmdoriga aylandi. Angliya uchun XVI asr ana shunday yakunlandi. Reformatsiya nihoyasiga yetdi.
Yelizavetaning o'limi bilan Tyudorlar sulolasining hukmronligi ham barham topdi. Taxtga Tyudorlar sulolasiga qarindosh Shotlandiya qiroli Yakov VI Styuart o'tqazildi. Shu tariqa Angliyada Styuartlar sulolasi hukmronligi boshlandi.