Asosiy va qo’shimcha kattaliklar. Kattaliklar, ularning o’lchamlari, birliklar, xalqaro birliklar tizimi, birlik va o’lchamlarni yozish va belgilash qoidalari, kattalik birliklarini hosil qilish
Asosiy va qo’shimcha kattaliklar. Kattaliklar, ularning o’lchamlari, birliklar, xalqaro birliklar tizimi, birlik va o’lchamlarni yozish va belgilash qoidalari, kattalik birliklarini hosil qilish, qayta tiklash va ularning o’lchamlarini uzatish.
Reja: 1. Kattaliklar. 2 Xalqaro birliklar tizimi. O‘lchashlarning usullari va turlari.
3. O‘lchash noaniqligi bo‘yicha atamalar va ta’riflar
Xulosa
Adabiyotlar
1. Kattaliklar. Kattalik - sifat tomonidan ko’pgina fizikaviy ob’ektlarga (fizikaviy tizimlarga, ularning holatlariga va ularda o’tayotgan jarayonlarga) nisbatan umumiy bo’lib, miqdor tomonidan har bir ob’ekt uchun xususiy bo’lgan xossadir. Ta’rifda keltirilgan xususiylik biror ob’ektning xossasi ikkinchisinikiga nisbatan ma’lum darajada kattaroq yoki kichikroq bo’lishini ifodalaydi.
Biz o’rganayotgan metrologiya fani aynan mana shu kattaliklar, ularning birliklari, o’lchash texnikasining rivojlanishi bilan chambarchas bog’liqdir. “Kattalik” atamasidan xossaning faqat miqdoriy tomonini ifodalash uchun foydalanish to’g’ri emas (masalan, “massa kattaligi”, “bosim kattaligi” deb yozish), chunki shu xossalarning o’zi kattalik bo’ladi. Bunda “kattalik o’lchami” degan atamani ishlatish to’g’ri hisoblanadi. Masalan, ma’lum jismning uzunligi, massasi, elektr qarshiligi va hokazolar.
Har bir fizikaviy ob’ekt bir qancha ob’ektiv xossalar bilan tavsiflanishi mumkin. Ilm-fan taraqqiyoti va rivojlanishi bilan bu xossalarni bilishga talab ortib bormoqda. Hozirga kelib zamonaviy o’lchash vositalari yordamida 70 dan ortiq kattalikni o’lchash imkoniyati mavjud. Bu ko’rsatkich 2050 yillarga borib 200 dan ortib ketishi bashorat qilinmoqda.Ko’pincha kattalikning o’rniga parametr, sifat ko’rsatkichi, tavsif (xarakteristika) degan atamalarni ham qo’llanishiga duch kelamiz, Lekin bu atamalarning barchasi mohiyatan kattalikni ifodalaydi.
Muayyan guruhlardagi kattaliklarning orasida o’zaro bog’liqlik mavjud bo’lib, uni fizikaviy bog’lanish tenglamalari orqali ifodalash mumkin. Masalan, vaqt birligidagi o’tilgan masofa bo’yicha tezlikni aniqlashimiz mumkin. Mana shu bog’lanishlar asosida kattaliklarni ikki guruhga bo’lib ko’riladi: asosiy kattaliklar va hosilaviy kattaliklar.
Asosiy kattalikdeb ko’rilayotgan tizimga kiradigan va shart bo’yicha tizimning boshqa kattaliklariga nisbatan mustaqil qabul qilib olinadigan kattalikka aytiladi. Masalan, masofa (uzunlik), vaqt, temperatura, yorug’lik kuchi kabilar.
Hosilaviy kattalik deb tizimga kiradigan va tizimning kattaliklari orqali ifodalanadigan kattalikka aytiladi. Masalan, tezlik, tezlanish, elektr qarshiligi, quvvat va boshqalar.
Kattalikning o’lchamligi
Har bir xossa ko’p yoki kam darajada ifodalanishi, ya’ni miqdor tavsifiga ega bo’lishi mumkin ekan, demak bu xossani o’lchash ham mumkin. Bu haqda buyuk italiyalik olim Galileo Galiley “o’lchash mumkin bo’lganini o’lchang, mumkin bo’lmaganiga esa imkoniyat yarating” degan edi.
Kattaliklarning sifat tavsiflarini rasmiy tarzda ifodalashda o’lchamlikdan foydalanamiz.