Bir donishmandning “Bilimning o‘zi kamlik qiladi, siz – uni qo‘llashingiz kerak, xohishning o‘zi kamlik qiladi, siz – uni amalga oshirishingiz kerak”, - degan so‘zlari mohiyatidan kelib chiqadigan bo‘lsak, biz o‘zimizdagi mavjud imkoniyat va iqtidorni yanada kamol toptirish, ularni amalda qo‘llay bilish orqaligina eng baland marralarni egallashimiz mumkin. Buning uchun esa yurtimizda barcha shart-sharoit muhayyo.
Vatan - kindik qonimiz to’kilgan, jonga jondosh, qalbga sirdosh eng ulug’ kalom. Vatan - muqaddas dargoh, mo’jizali maskanlari bilan yuraklarga jo bo’lgan, har qarich yeri-yu, kaftdek tuprog’i zar, ko’zga gavhardir. Ona yurt misli qimmatli Ko’hinur olmosi kabi Vatan ichida yashaguvchi farzandlar uchun shunchalik ardoqlidir. Bulbul o’z tikonzorida yayrab sayraganidek, odamizot ham o’z ona tuprog’ida baxt osmonini quchmog’i mumkin. Bu maskanning na bahosi va na qiyoslanuvchi qudrati bor. Vatan azaldan muqaddas sanalgan. Suvidan to giyohi qadar begona ko’zlardan himoyalangan. Demak, bu yurt uchun har bir farzand jon kuydurmog’i, kelajagi uchun oz bo’lsa-da nafi tegadigan bo’lib yashamog’i lozim. Samimiy insonga inson do’st bo’lishga talpinganidek, iymoni but farzandi bo’lmog’i uchun ham Vatan ona kabi intilaveradi, o’sha insonni asrab-avaylaydi. Bu maskan qadrini faqat bir soniya bo’lsa ham musofir bo’lgan insongina tushunadi. Vatan ta’rifiga kalom-u, yozmoqqa qalam ojiz. Har bir insonning sog’ingan yuraklar taftiga mehr urug’ini qadaguvchi buyuk yurtida hamisha ezgulik, tinchlik bardavom va abadiy bo’lsin!