Bozor iqtisodiyoti modellari



Yüklə 22,7 Kb.
tarix07.01.2024
ölçüsü22,7 Kb.
#206972
Bozor iqtisodiyoti modellari


BOZOR IQTISODIYOTI MODELLARI
Bozor iqtisodiyotining turlari. Bozor iqtisodiyoti modellarining iqtisodiy rivojlangan mamlakatlarga xos bo’lgan aralash iqtisodiyot, ijtimoiy bozor xo’jaligi va korporativ iqtisodiyot ko’rinishlari mavjud. Aralash iqtisodiyot modeli — bozor iqtisodiyotining yuksak mehnat unumi, ne’matlar to’kinchiligini ta’minlaydigan, eng mukammal texnologiya va yuqori malakali ish kuchiga ega bo’lgan turi. Bu modelda mulkiy xilma xillik mavjud bo’ladi; xususiy mulkning individual va hissabay shakllari ustuvorlik qiladi, davlat va nodavlat mulki, iqtisodiyotning davlat va nodavlat sektorlari taraqqiy etadi. Yirik, o’rta va kichik biznes muvozanatli holatda rivojlanadi. Bozor munosabatlari bilan birgalikda nobozor munosabatlari ham mavjud bo’ladi. Bu esa sahovat va xayr ehson ishlarining keng rivojlanishiga zamin yaratadi, raqobat bilan birgalikda hamkorlik aloqalari yuzaga keladi. Iqtisodiyotni boshqarishda bozor mexanizmi bilan bir qatorda davlat mexanizmi ham qo’llanadi. Mazkur modelga ommaviy farovonlik xos bo’lsada, ijtimoiy tafovutlar cheklanmaydi, davlat daromadlarni qayta taqsimlashda faol ishtirok etmaydi, bu vazifalarni bozor mexanizmi bajaradi. Aralash iqtisodiyot modeli AQSh, Angliya, Frantsiyada mavjud. Ijtimoiy bozor xo’jaligi modeli — yuksak texnologiyaga va inson omilining kuchiga tayanib yuqori mehnat unumdorligini, umuman, bozorning to’kin bo’lishini ta’minlaydi. Iqtisodiyoti bu modelga tayangan mamlakatda bozor xo’jaligi tabiiy tarixiy rivoj topadi, ishlab chiqarish bozor talablariga javoban ish olib boradi, davlatning iqtisodiyotga aralashuvi minimal darajada saqlanib qoladi, iqtisodiyot bozor kuchlari ta’sirida tartiblanadi va to’la erkinlashgan bo’ladi. Mazkur model «iqtisodiy tartib» modeli hisoblanadi. Bozordagi faoliyat tartib qoidalarini qonunlar belgilaydi, iqtisodiyot bozor mexanizmiga buysunadi, davlat iqtisodiyotning oliy hakami sifatida faoliyat ko’rsatadi, lekin o’zi bu jarayonda qatnashmaydi. Bu modelda iqtisodiyotning davlat sektoridan ko’ra xususiy sektoriga ko’proq e’tibor beriladi. Iqtisodiyotning ijtimoiy yo’nalishini bozorning o’zi belgilaydi. Har bir iqtisodiyot sub’yekti bozor qoidasiga ko’ra ishlab topgan daromadini oladi, davlat daromadlarning taqsimlanishiga kamdankam aralashadi, lekin daromadlarni shakllantirishda bozor tamoyillariga rioya etilishini, bozor mexanizmining belgilangan tartibda faoliyat ko’rsatishini ta’minlaydi. Ijtimoiy bozor xujaligi modeli Germaniya, Shvesiya va boshqa mamlakatlarda mavjud. Korporativ iqtisodiyot modeli — korporativ manfaatlar va korporativ hamjihatlikka asoslangan bozor iqtisodiyoti bo’lib, ilg’or texnologiya, yetuk ish kuchidan foydalanib mehnat unumdorligi va aholi jon boshiga mahsulot ishlab chiqarishni ko’paytiradi. Asosiy e’tibor korporativ guruhiy manfaatlarga qaratiladi, iqtisodiyot korporasiyalar orqali boshqariladi. Korporasiyalar aktsiyador jamiyatlar tarzidagi turli sanoat, savdo, transport, qurilish sohasidagi birlashmalarga aylanadi, ularning ba’zilari hatto transmilliy korporasiyalar darajasigacha o’sib, xalqaro ahamiyat kasb etadi. Korporasiyalar ishlab chiqarishning asosiy sohalarini qamrab oladi, ularning xorijiy shoxobchalari ham ko’payib boradi. Xususiy mulkning korporativ shakli ustuvorlik qiladi. Korporativ iqtisodiyot modelida korporatsiya manfaatlari birinchi o’ringa qo’yiladi, individual manfaatlarga faqat korporatsiya doirasida erishiladi va shu doirada ilmiy tadqiqot, texnikloyiha ishlari ham olib boriladi. Muammolarning korporasiya doirasida hal etilishi korporatsiyaga sadoqat, korporativ vatanparvarlik hissiyotini tarbiyalaydi. Korporatsiya hodimlar uchun yuksak turmush darajasini kafolatlaydi, xodimlar esa bunga javoban ishlab chiqarish samaradorligining yuqori bo’lishini ta’minlaydilar. Korporatsiya xodimlarning oila a’zolarini ham ish bilan ta’minlashni, qarilikda yaxshi pensiya va bir yo’la katta summada mukofotlar berishni zimmasiga oladi. Xodimlar bilan menejerlar o’rtasida inoqlik bo’ladi. Bunday chora-tadbirlar ijtimoiy hamjihatlikni ta’minlab, ish tashlash va boshqa noroziliklarga o’rin qoldirmaydi. Bozor iqtisodiyotining korporativ modelida iqtisodiyotning korporativ sektori xalq xo’jaligining tayanchi hisoblanadi, ammo iqtisodiyotning ikkilamchi va etakchi bo’lmagan sohalarida nokorporativ sektor ham saqlanib qoladi. Korporativ modelda ham kichik biznes mavjud, ammo uning mustaqilligi juda chegaralanadi, u deyarli korporasiya izmida bo’ladi, uning buyurtmalarini bajaradi.
BOZOR IQTISODIYOTIGA O’TISH — an’anaviy va rejali buyruqbozlik tuzumidagi iqtisodiy munosabatlardan bozor munosabatlariga o’tish jarayoni. Bu jarayon iqtisodiy zarurat, chunki an’anaviy yoki rejali buyruqbozlik tizimlari barqaror iqtisodiy taraqqiyotni va xalq farovonligini ta’minlay olmay qoladi hamda Bozor iqtisodiyotiga o’tish orqali iqtisodiy ravnaqqa erishish yo’li tanlanadi. Tarixan Bozor iqtisodiyotiga o’tishning uch yo’lini ko’rsatish mumkin: 1) an’anaviy natural xo’jaligi iqtisodiyotidan Bozor iqtisodiyotiga o’tish; 2) qoloq va mustamlaka xarakteridagi iqtisodiyotdan Bozor iqtisodiyotiga o’tish; 3) rejali buyruqbozlik iqtisodiyotdan Bozor iqtisodiyotiga o’tish. Shunga ko’ra Bozor iqtisodiyotiga o’tishning ilk klassik modeli; mustamlakachilik zulmidan ozod bo’lgan Osiyo va Afrika mamlakatlari modeli; sobiq sotsialistik mamlakatlar modeli mavjud. Klassik model eng ko’hna model sifatida Yevropa mamlakatlariga xos bo’lgan. Bu yerda Bozor iqtisodiyotiga o’tish ko’p bosqichli bo’lib, asrlar davom etgan tabiiytarixiy jarayon shaklida kechgan. Dastlab an’anaviy natural xo’jalik mayda tovar xo’jaligiga, bu esa o’z navbatida asov bozor iqtisodiyotiga aylangan. Bozor iqtisodiyotiga o’tishga xos bo’lgan qonuniyatlar Yevropa mamlakatlarida dastlabki sinovdan o’tgan. Osiyo va Afrika mamlakatlari modelini amalga oshirish to’plangan tarixiy tajribaga tayandi: an’anaviy xo’jalikni bozor xo’jaligiga aylantirish mustamlakachilik zulmi sharoitida metropoliyalar ta’sirida boshlandi va ular manfaatiga xizmat qildi, bu jarayon sun’iy ravishda to’xtatilmay, aksincha mamlakatlar ozodlikka erishgan sharoitlarda ham davom etdi, bozor munosabatlari o’z tabiatiga mos tushadigan iqtisodiy zamindan — xususiy mulkchilikdan o’sib chikdi, chet elning moddiy va moliyaviy yordamiga tayandi. Bozor iqtisodiyotiga o’tish jarayoni tarixiy sakrash shaklida, ya’ni Yevropa uchun muqarrar bo’lgan tarixiy bosqichlarni o’tamay, ularni chetlagan holda an’anaviy iqtisodiyot yoxud rivojlanmagan bozor xo’jaligidan uning rivojlangan shakliga o’tish sari bormoqda. Bozor iqtisodiyotiga o’tishning eng so’nggi modeli sobiq sosialistik mamlakatlar modeli bo’lib, o’tish bu mamlakatlarda rejali buyruqbozlik iqtisodiyotini qayta qurish asosida bormoqda. Sobiq sotsialistik mamlakatlarda Bozor iqtisodiyotiga o’tishning dastlabki shart sharoiti har xil, shunga ko’ra aholi orasida bozor ko’nikmalari ham turlicha darajada saqlangan. Bu mamlakatlarda rejali buyruqbozlik xo’jaligidan bozor iqtisodiyotining zamonaviy taraqqiy etgan shakliga utiladi. O’tish jarayoni tez kechadi, chunki bu sotsializm davridan qolgan moddiy bazaga, malakali ish kuchiga va ilmiy texnikaviy salohiyatga tayanadi. Sobiq sotsialistik mamlakatlarda Bozor iqtisodiyotiga o’tish ulardan ba’zilarining davlat mustaqilligini ta’minlash bilan birgalikda kechmoqda. Bu MDH mamlakatlariga xos. Bozor iqtisodiyotiga o’tish keng va teran bozor islohotlarini talab qiladi. O’zbekistonning Bozor iqtisodiyotiga o’tish ham milliy mustaqillik va keng ko’lamli bozor islohotlarining o’tkazilishi bilan amalga oshirilmoqda.
BOZOR KON’YUNKTURASI — muayyan davrdagi bozor holati; bozorda muvozanatning mavjudligi yoki buzilganligi bilan xarakterlanadi. Shunga ko’ra Bozor kon’yukturasi ijobiy va salbiy, qulay yoki noqulay bo’lishi mumkin. Bozor kon’yukturasi talabning oshishi bilan xarakterlansa, sotuvchi uchun qulay, chunki u tovarini qimmatga sotib, ortiqcha daromad kuradi. Agar bozorda taklif oshib ketsa, kon’yunktura xaridor uchun qulay bo’ladi — tovarni arzonga olib, naf ko’radi. Bozor kon’yukturasini o’rganishda tahlil etiladigan asosiy masalalar: ishlab chiqarish, talab va taklif; tovar va uni sotish; xalqaro savdo; narxlar holatlari; 1-1,5 yil uchun oldindan ayrim taxminlar. Bozor kon’yukturasi ayrim tovar ishlab chiqarish miqyosiga va sotib oluvchilarning xarid qobiliyatiga, narx navoga, modaning o’zgarishiga qarab har xil bo’ladi. Bozorning kelajakdagi holatini — tovarlar taklifini ishlab chiqarishning texnikaviy ahvoli, unga sarflangan qo’shimcha resurslar va ularning qaytim berish muddatlari, tovar zaxiralari o’sishi, eksport va import, shuningdek narx navodagi o’zgarishlar yo’nalishiga qarab aniqlash mumkin, ikkinchi tomondan, investitsiya summasi va tarkibiga. korxona, tashkilotlar pul sarfining yo’nalishiga qarab, shuningdek aholi xarid qobiliyatini, uning tovarlar bilan ta’minlanishi darajasini hisobga olib tovarlar talabi o’rganiladi. Bozor kon’yukturasini o’rganish marketingning zaruriy shartlaridan biridir. Buning uchun dastlab o’rganilishi lozim bo’lgan ob’yekt aniqlanib, kon’yunktura ma’lumotlarini beruvchi manbalar va asosiy ko’rsatkichlar bilan tanishib chiqiladi, to’plangan ma’lumotlarga tayanib Bozor kon’yukturasining haqiqiy holati aniqlanadi va istiqbollar belgilanadi. Bozor kon’yukturasi taxminlari millim, mintaqaviy va jahon bozorlariga, ayrim tovarlarga nisbatan aniqlanadi.
BOZOR MUVOZANATI — bozordagi talab va taklifning miqdoran va tarkib jihatidan bir-biriga muvofiq kelishi. Bozor muvozanati bir lahzalik (o’zgarmas taklifda), qisqa muddatli (tashkilot yoki firmalarning o’zgarmas miqdori va ishlab chiqarish hajmining o’zgarishi) va uzoq muddatli (iqtisodiy shart-sharoit tashkilot, firmalar va mavjud talabning zamonaviy darajasiga muvofiq kelganda) bo’lishi mumkin. Talab va taklif uzoq vaqt bir-biridan ajralib qolsa, Bozor muvozanati buziladi. Umuman olganda Bozor muvozanati hamma tovarlarga nisbatan va uzoq vaqt bo’lishi mumkin. Ammo juz’iy va ayrim tovarlarga nisbatan moslikning buzilishi muqarrar. Chunki ehtiyojning yuksalishi bilan yangi talab paydo bo’ladi va u darhol qondirilmaydi. Bozor muvozanatini ta’minlashning asosiy yo’llari: Tovar ishlab chiqarishni talab darajasiga yetkazish orqali bozorni to’ydirish; yetarli tovarlar zaxirasini barpo etish; talabgir tovarlar narxini oshirish, o’tmay turgan tovarlar narxini pasaytirish; eksport va importning ortishi yoki kamayishi; aholi daromadlarining tovarlar va xizmatlar ko’payishiga qarab ortib borishi; mehnat unumdorligining ish haqiga nisbatan tezroq o’sishi. Bozor muvozanati ma’rifatli jamiyatda narxlar bilan bozorni tartibga solish orqali ta’minlanadi.
BOZOR — 1) sotuvchilar bilan xaridorlar o’rtasidagi tovar ayirboshlash munosabatlari; ishlab chiqarish bilan iste’molni o’zaro bog’lovchi mexanizm. Bozor ob’yekti nafligi bor tovar va xizmatlar, sub’yekti esa Bozor ishtirokchilari (sotuvchi va xaridorlar) bo’lib, ular firmalar, uy xo’jaliklari, davlatning tashkilot, idoralari va boshqalardan iborat. Bozor ishtirokchilari tovar va xizmatlarni pul vositasida ayirboshlash yuzasidan munosabatlarga kirishadilar. Bozorda tovarlar bilan oldi-sotdi munosabatlari tovar ishlab chiqarish, tovar ayirboshlash va pul muomalasi qonunlariga binoan amalga oshiriladi. Bozor ishtirokchilari sotuvchi hamda xaridor maqomiga ega bo’ladilar. Bozorda 2 jarayon amalga oshadi: biri — tovarlarni sotish, bunda tovar pulga almashadi, ya’ni T—P; ikkinchisi — tovarni xarid etish, pulni tovarga ayirboshlash, ya’ni P—T. Ayirboshlash ixtiyoriy va erkin shakllangan narxlarda olib boriladi. Bozor iqtisodiyotda ishlab chiqarishni iste’mol bilan bog’lash (yaratilgan tovarlar va xizmatlar Bozorga chiqadi, u yerda sotilgach, iste’molga kelib tushadi); qiymatning tovar shaklidan pul shakliga aylantirish; ishlab chiqarishning uzluksizligini ta’minlash (yaratilgan tovarlar va xizmatlar Bozorda sotilgach, tushgan pulga ishlab chiqarish uchun zarur iqtisodiy resurslar, chunonchi asbob-uskunalar, mashinalar, yoqilg’i, ish kuchi sotib olinib, ishlab chiqarishni davom ettirish imkoniyati yaratiladi.); iqtisodiyotni tartiblash (nimani, qanday ishlab chiqarish, kim uchun ishlab chiqarish); mamlakatlar o’rtasida iqtisodiy hamkorlik o’rnatish singari vazifalarni bajaradi. Bunda talab va taklif, shunga muvofiqligini o’zgarishiga qarab ishlab chiqarish yuritiladi. Talab oshib narx o’ssa, ishlab chiqarish ko’payadi, aksincha, taklif oshib talab kamaysa, ishlab chiqarish qisqaradi. Bozor o’z ishtirokchilari mavqeiga qarab erkin va monopol Bozorga ajraladi. Erkin Bozorda sotuvchilar ham, xaridorlar ham ko’p bo’lib, narxlar talab va taklif negizida shakllanadi. Monopol Bozorda ozchilik sotuvchilarning hukmronligi o’rnatilgan bo’lib, narxlar faqat shularning manfaatidan kelib chiqqan holda belgilanadi. Bunday Bozorlar raqobotning sustligi yoki umuman bo’lmasligi bilan ajralib turadi. Ayirboshlash ob’yektining moddiy shakli jihatidan olganda iste’mol tovarlari va xizmatlar, resurslar, mehnat, moliya, intellektual tovarlar, qurol-aslaha, ishlab chiqairhs vositalari, investitsiya, qimmatli qog’ozlar, ilmiy g’oyalar, texnikaviy ishlanmalar va mehnat (ish kuchi) Bozorlari mavjud. Bozor o’z qamrov doirasiga qarab mahalliy, mintaqaviy, milliy va jahon Bozorlariga bo’linadi. Tovarlarning chetdan kelish kelmasligiga qarab ochiq Bozor, yopiq Bozor (ichki Bozor) singari turlari uchraydi. Oldi-sotdi miqdori, ya’ni tovar aylanmasi hajmining o’zgarishiga qarab kengayuvchi Bozor va torayuvchi Bozorga bo’linadi. Amal qilish tarzi jihatdan tartibsiz (stixiyali), rejali tashkil etilgan va boshqariladigan Bozorlar mavjud. Stixiyali Bozordan tartibli, rejali tashkil etilgan Bozorga o’tish madaniylashgan jamiyatga xos. Hozir hech bir mamlakatda tartibsiz Bozor hukmron emas, aksincha boshqariladigan Bozor yetakchi mavqega ega. Iqtisodiyot o’sgan sari Bozor turlari ko’payadi, chunki sotiladigan tovarlar va xizmatlar xilma-xil bo’lib boradi, xaridor ham o’z daromadi, didi, umuman talab ehtiyojiga qarab tabaqalashadi, Bozorda sotiladigan tovarlar va xizmatlar summasi ortib boradi. 2). Savdo-sotiq qilinadigan muayyan joy, maydon. Bozorlar qadimgi Rim va Yunonistonning Milet, Pergam va boshqa shaharlarida to’g’ri to’rtburchakli maydonda 3 yoki 4 tomoni qator ustunli savdo rastalari va omborlar, ibodatxonalar, ustaxonalar va boshqalardan iborat bo’lgan. Bozor maydonlari shahar majmua (Agora, forum)larining bir qismi hisoblangan. Har bir mamlakat Bozorlarining me’morligi va qurilishi iqlim sharoiti, iqtisodi, geografik o’rni va savdo sohasidagi an’analar bilan bog’liq bo’lgan. O’rta yer dengizi havzasida qadimda ochiq maydonlarda, Sharqda esa usti yopiq Bozorlar rivojlangan («suq», «asvok», «Chorsu»; Turkiya va Eronda «xon», «bediston» nomi bilan yuritilgan). Yevropada Bozorlar maxsus reja asosida qurilgan (Parijdagi Markaziy Bozor, 1850 va boshqalar). Rossiyada ixtisoslashgan Bozor («Gostiniy dvor»)lar asosan, 1-2 qavatli, old tomoni ko’pincha ravoqlar yoki ustunlar qatoridan iborat bostirma bo’lgan (Sankt Peterburgdagi Bozor, 1761— 85; Yaroslavldagi Bozor, 1813-18 va boshqalar). O’rta Osiyo hududidagi Buxoro, Samarqand, Poykend, Urganch, Xiva, Marv, Numijkat, Isfijob, Ushturkat, Chag’oniyon kabi shaharlarda savdo-sotiq qadimdan rivojlangan. Ayniqsa, o’rta asrlarga kelib nafaqat shaharlarda, balki juda ko’p yirik qishloqlarda ham Tim, toki, Chorsu deb nomlangan gavjum bozorlar bo’lgan (Qarnob cho’l yoqasidagi, Narpay tumanidagi katta qishloq Tim deb ataladi. 10-asrda bu manzil katta savdo markazi bo’lgan, uning TIMI saqlanmagan). Gumbazli timlar eng gavjum chorraha chorsularda joylashgani uchun ham shaharning me’moriy qiyofasini belgilagan. Yengil yog’och tomli, ustun ayvonli timlar ham ko’p bo’lgan. Chorrahalarda qurilgan Tim, Chorsu namunalarini Samarqand va Shahrisabz (17-asr), Xiva (Olloqulixon TIMI), Buxoro (Abdullaxon tilsh)dagi timlar misolida kuzatish mumkin. Samarqand Chorsu Bozori atrofida miskarlik, kulolchilik, sangtaroshlik, mahsido’zlik, najjorlik, sahhoflik, zargarlik kabi do’konlar joylashgan. Chorsu Bozori gumbazli qilib qurilgan. Savdo do’konlarida matolar, ulardan tikilgan kiyim-kechaklar sotilgan. Rastalarda esa ho’l mevalar va anvoyi shirinliklar ko’p bo’lgan. Shahrisabzdagi ulkan gumbazli Chorsu Bozori (1598-1602)ning to’rt tomonida qo’sh tabaqali darvozasi bor edi. Gumbaz ostidagi savdo rastalari bo’ylab to’rt burchakli xonalar joylashgan. Bozorlarda savdo rastalari muayyan mollar yoki hunarmandchilik mahsulotlariga mo’ljallangan. Ba’zan mahsulot shu yerning o’zida ishlab chiqarilib xaridorlarga sotilgan. Masalan, Buxoro zargarlar rastasi (Toqi Zargaron), Sarroflar rastasi (toki Sarrofon), Miskarlar rastasi (Toqi Miskaron) va boshqalar. O’rta asrda Toshkentning Markaziy Bozorida 3 mingdan ortiq do’kon maxsus rastalarga joylashgan. Xorazm vohasidagi Xiva Bozorida 260 do’kon, Urganchda 300, Qo’ng’irotda 315, Xo’jaylida 150 ga yaqin do’kon bo’lgan. Shahar va qishloqlarda muayyan kunga belgilangan (seshanba, chorshanba, juma kabi) katta Bozorlar bo’lib, ularga butun Markaziy Osiyo va chet ellardan savdogarlar kelgan. Bozorda savdogar, do’kondor, kosib, dehqon va mayda bozorchilar savdo qilishgan. Bozor do’konlarini eng boy savdogar va qunarmandlar egallagan. Bunday Bozorlardagi yirik karvon saroylar va ombor (kappon)lar ulgurji savdo markazlari hisoblangan. Karvonsaroylarning soniga qarab hatto savdo-sotiqning hajmi belgilangan (masalan, Toshkentda 45, Buxoroda 50 ga yaqin, Samarqandda 25, Xiva va Qo’qonda 10 dan ortiq karvonsaroylar bo’lganini va ularda savdo-sotiq ancha rivojlanganligi yozma manbalardan ma’lum). Karvonsaroylarda va savdo rastalarida savdo ishlarida xizmat qiladigan qorovul, hammol, farrosh, yuk tashuvchi va joylashtiruvchi mardikorlar ko’p bo’lgan. Yirik savdogarlar maxsus mirzolarni saqlagan. Mirzolar barcha savdo ishlarini, ayniqsa ulgurji savdoni rasmiylashtirishda bevosita ishtirok qilgan. Hisobkitob ishlarini kosid boshqargan. Yirik savdogarlar maxsus jamoaga birikkan. Uni jamoa a’zolarining eng obro’li katta savdogarlar orasidan saylangan oqsoqol karvonboshi boshqargan. Jamoaga savdogarlar tabaqasining yirik namoyandalari kirgan. O’z navbatida ayrim savdo rastalari birikib shu rastadagi do’konlardan o’zining oqsoqolini (ba’zi joylarda rais ham deyiladi) saylaganlar. Oqsoqol savdo tartiblari va qoidalariga amal qilinishini kuzatib, xaridorlar va savdogarlar orasidagi mojaroning hal qilinishiga, ba’zan tashqaridan kelgan molning do’konlar orasida odilona tarqatilishiga bosh bo’lgan. Buxoro amirligi va Xiva xonligi bilan Rossiya o’rtasidagi savdo aloqalari ayniqsa Zakaspiy temir yo’l qurilgach, ancha rivojlangan.
Yüklə 22,7 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin