O‘zbekiston markaziy banki tomonidan butun respublika bo‘ylab daromadlari miqdori bo‘yicha tasniflangan aholi guruhlarining narx-navoni oshishiga ta’sirchanligi o‘rganildi. Uy xo‘jaliklari orasida o‘tkazilgan so‘rov natijalari asosida ularning daromad darajasi bo‘yicha taqsimlanishi, iste’mol tarkibi hamda daromad miqdori turlicha bo‘lgan aholi guruhlari uchun yillik inflyasiya va iste’mol narxlari indeksi o‘sishining ta’siri tahlil qilindi. Mazkur so‘rovda jami 880 ta, shu jumladan, har bir viloyat va Qoraqalpog‘iston Respublikasidan 60 tadan (Toshkent shahri va Toshkent viloyatidan 80 tadan) respondentlar qatnashdi. Ularning 70 foizi shahar aholisiga, 30 foizi qishloq aholisiga to‘g‘ri keladi. Ushbu so‘rov natijalari va bunda aniqlangan ma’lumotlar tahlili markaziy bankning yaqinda e’lon qilingan “Turmush darajasi va inflyasiya” nomli hisobotida keltirilgan.
Quyida respublika uy xo‘jaliklarining daromad darajasi bo‘yicha taqsimlanishi, ularning o‘rtacha statistik iste’mol tarkibi (jumladan oziq-ovqat mahsulotlarida ham) hamda inflyasiyaning aholini turlicha daromadli guruhlari uchun ta’siriga oid qiziqarli ma’lumotlarni e’tiboringizga havola qilamiz.
Daromadlar, iste’mol tarkibi va inflyasiya So‘rov natijalari shuni ko‘rastadiki, uy xo‘jaliklari daromadlarining taqsimlanishida respondentlarning 47 foizi oyiga 1 mln. so‘mdan 4 mln. so‘mgacha bo‘lgan miqdorda daromadga ega guruhiga, ularning 78 foizi esa oyiga 1-6 mln. so‘m daromadga ega guruhiga kiradi.
Tabiiyki, kam daromadga ega bo‘lgan uy xo‘jaliklari yuqori daromadli guruhlarga qaraganda o‘z xarajatlarining ko‘proq qismini oziq-ovqat mahsulotlariga va kamroq qismini nooziq-ovqat tovarlari hamda xizmatlarga (ya’ni transport, sog‘liqni saqlash, ta’lim va boshqalarga) sarflaydilar. Daromad darajasining o‘sib borishi bilan iste’mol tarkibidagi oziq-ovqat mahsulotlarining ulushi sezilarli darajada pasayadi. Daromadlari 6 mln. so‘m va undan yuqori bo‘lgan uy xo‘jaliklarining iste’mol savatidagi oziq-ovqat mahsulotlari ulushining daromadi 2 mln. so‘mdan past bo‘lgan uy xo‘jaliklarinikiga qaraganda o‘rtacha 26 foiz bandga kam.
Respondentlarning yosh guruhlari bo‘yicha tahlil, keksalar tomonidan daromadlarining ko‘proq qismini (o‘rtacha 80 foizini) oziq-ovqat mahsulotlariga, yoshlar tomonidan esa – nooziq-ovqat mahsulotlari va xizmatlariga sarflanishini ko‘rsatdi. 30-55 yoshdagi aholi iste’moli tarkibida nooziq-ovqat tovarlari ulushining nisbatan yuqori bo‘lishi ushbu guruh vakillari kommunal xizmatlar va boshqa moliyaviy majburiyatlarning asosiy to‘lovchilari ekanligi bilan izohlanadi.
Oylik sezilgan inflyasiya dinamikasi ham daromad darajasi turlicha bo‘lgan uy xo‘jaliklari o‘rtasida sezilarli darajada farq qiladi. Bunda kam daromadli uy xo‘jaliklarining iste’mol to‘plamida[ii] oziq-ovqat mahsulotlarining ulushi yuqoriligi sababli, ushbu uy xo‘jaliklariga mavsumiy o‘zgarishlar oqibatida yuzaga keladigan oziq-ovqat inflyasiyasi yanada kuchliroq ta’sir etadi.
Umuman olganda, eng yuqori va eng past daromadga ega guruhlar uchun sezilgan inflyasiya darajalari tafovuti 1,5 foiz bandni tashkil etadi. Bundan tashqari, oylik inflyasiya darajasida mavsumiy omillar sababli oziq-ovqat mahsulotlari narxlari pasayganda past daromadli oilalar kamroq inflyasiyani sezadilar.
Tadqiqot ma’lumotlari tahliliga ko‘ra, uy xo‘jaliklari oziq-ovqat tovarlari iste’moli uchun xarajatlarining eng katta ulushi go‘sht mahsulotlariga to‘g‘ri keladi. Ushbu o‘ziga xos “reyting”ning keyingi o‘rinlarida meva-sabzavot va non mahsulotlari turadi
Tahliliy ma’lumotlardan daromad o‘sishi bilan go‘sht mahsulotlari iste’molining ko‘payib borishini ko‘rish mumkin. Non mahsulotlarida esa aksincha, teskari tendensiya kuzatiladi. Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlari asosida 2019 yilda aholining umumiy daromadlari 21,9 foizga oshdi va umumiy xarajatlarning o‘sishi ham shunga mutanosib darajada o‘sdi. Tadqiqot ma’lumotlari daromad darajasi nisbatan yuqori aholi guruhlarida (daromadlari 3 mln. so‘mgacha bo‘lgan uy xo‘jaliklari bundan mustasno) umumiy daromadlar ularning umumiy xarajatlari miqdoridan yuqoriligini ko‘rsatdi.