Devoniy foniy



Yüklə 135,5 Kb.
səhifə1/3
tarix22.06.2020
ölçüsü135,5 Kb.
#32132
  1   2   3
“DEVONIY FONIY” XAQIDA MA’LUMOT

DEVONIY FONIY” XAQIDA MA’LUMOT

Alisher Navoiyning fors-tojik adabiyoti tarixida tutgan o‘rni ham juda muhim. U yuqorida aytib o‘tilganidek, o‘z ustozi va hamfikr do‘sti Abdurahmon Jomiy bilan birgalikda XV asr Hirot adabiy maktabining boshida turdi, juda ko‘p tojik shoirlari, adiblari, tarixchilari, adabiyotshunoslari, musiqachilari, rassomlari, me’morlari va boshqa san’atkorlariga homiylik qildi. “Muhokamatul-lug‘atayn”, “Mufradot”, “Xamsatul-mutahayyirin” kabi chuqur ilmiy asarlarida va shuningdek ko‘pgina badiiy asarlarida fors-tojik adabiyoti va klassik tojik tili – forsiy til haqida qimmatli mulohazalar, nodir ilmiy umumlashmalar qoldirdi.

Bundan tashqari, buyuk shoir umrining oxirlarida “Foniy” taxallusi bilan yozilgan forsiy she’rlarini to‘plab ayrim devon tuzdikim, o‘n ikki mingdan ortiq she’riy satrni o‘z ichiga olgan bu kitob “Devoni Foniy” (“Foniy devoni”) nomini olgan.

Bu devon haqida uning o‘z asarlarida va boshqa mualliflar asarlarida ma’lumotlar bizga ko‘plab yetib kelgan yo‘lga qo‘yilmay keldi. Bunga sabab, bu nodir asar qo‘lyozmalarining mamlakatimiz kitob fondlarida yo‘qligi edi.

Sobiq sho‘ro davrida bu ishga birinchilardan bo‘lib qo‘l urgan olim Sadriddin Ayniy bo‘ldi. U yigirmanchi yillardayoq bu ishga kirishib, Alisher Navoiyni fors-tojik klassiklari qatoriga qo‘ydi va 1926 yili Moskvada chopdan chiqqan “Tojik adabiyoti namunasi” kitobiga uning “Tuhfatul-afkor” qasidasidan 18 bayt kiritdi. Bu bilan kifoyalanmagan olim Navoiyning forsiy ijodini qidirishga tushdi. U boshqa Foniylarga mansub kitoblardan uslubiga qarab Alisher Foniy asarlarini ajratib olishga harakat qildi. Bu ishlar natijasi o‘laroq S.Aynining “Alisher Navoiy”1 monografiyasi vujudga keldi.

1941 yilda Alisher Navoiy tavalludining 500 yilligiga mehmon bo‘lib kelgan eron olimi Ali Asg‘ar Hikmat O‘zfan ilmiy sessiyasida Foniy devonining Tehron nusxasi haqida axborot berdi. Olim devonda Husayn Boyqaro nomidan keyin kelgan “Xuld ollohu mulkahu (Xudo saltanatini abadiy qilsin) degan jumlasiga tayanib, Tehron qo‘lyozmasi Husayn Boyqaro barhayot vaqtida ko‘chirilgan degan fikrga keladi”2. 1963 yili Eron olimi Humoyun Farrux mazkur qo‘lyozmani chopga tayyorlab nashrdan chiqardi.

Humoyun Farrux bu nusxa tavsifini bergan olim Ibni Yusuf SHeroziy so‘zlarini keltirib, devon Navoiy hayotligi vaqtida, ya’ni 901-900 hijriy (1495-1500 milodiy) yillar orasida kitobat qilinganligi haqida ma’lumot beradi3. Noshirning ko‘rsatishiga binoan, bu qo‘lyozma to‘liq bo‘lmay, uning oxirgi varaqlari tushib qolgan. Keyinchalik kitob o‘rtasida ham yetishmovchiliklar mavjud ekanligi aniqlandi.

Alisher Foniy devonidan birov nusxa hanuzgacha mamlakatimiz kutubxonalaridan topilmaganligi tufayli tadqiqot ishlarida chalkashliklar yuz berdi, uzoq yillar davomida bu ajoyib xazina bir joyga jamlanmay, o‘rganilmay va nashr qilinmay kelindi. Navoiyshunos olim Hamid Sulaymon xorijiy olimlar tuzgan kataloglardan foydalanib, Parij Milliy kutubxonasida saqlanayotgan “Devoni Foniy”ning eng to‘liq nusxasini aniqladi va uning mikrofilmini olishga muvaffaq bo‘ldi. So‘ngra olim jahonning boshqa kutubxonalaridagi Foniy devonlarini ham tekshirib uning hozircha besh nusxasi borligini aniqladi. Ularning ikkitasi Parijda – Fransuz Milliy kutubxonasida, yana ikkitasi Turkiyada – “Turk-islom” muzeyi kutubxonasi hamda “Nuri Usmoniya” kutubxonalarida, beshinchisi esa, Tehrondagi “Eron davlat majlisi” kutubxonasida saqlanmoqda4.

Ushbu qo‘lyozmalar asosida “Devoni Foniy”ning muallifning o‘zi tuzgan matniga yaqin matni aniqlab, shu asosda Foniy devoni e’lon qilinganidan so‘ng, bu devon haqida fikr-mulohazalar aytishga yoki uning turli tomonlarini tadqiq etishga ilk qadamlar qo‘yildi5. Alisher Navoiyning o‘zi “Muhokamatul-lug‘atayn” asarida mazkur devon ta’rifida yozgan edi:

“Yana forsiy g‘azaliyot devoni Xoja Hofiz tavridakim, jami’ suxandonlar va nazm piyrolar nazarida mustahsan va matbu’dir, tartib beribmenkim, olti mingdan abyoti adadi ko‘proqdirki, ko‘prak ul hazrat (ya’ni Hofiz SHeroziy) she’riga tatabbu’ voqe’ bo‘luptur. Va ba’zi Hazrati Shayx Muslihiddin Sa’dig‘akim g‘azal tavri muxtariidur. Va ba’zi Mir Xusravg‘akim, ishq otashkadasining sho‘laangizidur va dard g‘aribxonasining ashkrezi. Va ba’zi Hazrat Maxdumiy Nurang‘akim (Abdurahmon Jomiyga) kamol avjining mehri lomi’idur va mazkur bo‘lg‘on azizlar holotining jomi’iki, bu devon xaloyiq orasida shoye’dur va ro‘zgor ahlining tab’lari ul sari roje’ va anda ko‘p turluk dilkash adolar va dilpazir ma’nolar voqedurkim tafsiri bu faqirdin munosib emas. Va anda har nav’ nazm va lug‘z ul jumladin besh yuzga yaqin muammokim, ko‘pi Hazrati Maxdumiy Nuran muborak nazarig‘a yetubdur va ul hazratning isloh, tahsin sharafin kasb etubdirkim, xomamdin ro‘zgor safhasig‘a yozilibdur va qalamim layl va nahor avroqida naqsh qilibdur”. Bunda shoirning o‘zi devonga qisqa, ammo chuqur mazmunli tavsif berib, uning xarakterini, mazmun mundarijasini ham, shaklu sifatini ham, umumiy hajmini ham yaxshi ochib bergan.

Bundan shu narsa ko‘rinib turibdiki, devon tatabbu’ tarzida bitilgan va avvalo Alisherning yoshlikdan sevgan shoirlari Xo‘ja Hofiz SHeroziy, Shayx Muslihiddin Sa’diy Sheroziy, Amir Xusrav Dehlaviy va shuningdek muallifning piri va ustozi Abdurahmon Jomiy she’rlariga ko‘proq tatabbular qilingan. Bugina emas, shoir yoshligidan boshlab mazkur suxan ustodlari ijodini sevib ularga ergashgan. Bu ulkan maktabning iste’dodli shogirdi Nizomiddin Alisher o‘z mashqlarini ustozi Abdurahmon Jomiy nazaridan o‘tkaza borgan, uning maslahatlarini olgan, tahriridan o‘tkazib, kamolotga intilgan va piriga maqbul bo‘ladigan, o‘tgan klassiklar asarlari bilan bellasha oladigan asarlar yaratishga muvaffaq bo‘lgan. Ana shuning uchun u “Ko‘pi Hazrat Maxdumiy Nuran muborak nazariga yetibdur va ul hazratning isloh, tahsin sharafin kasb etibdur...”, deyishga haqli.

Darhaqiqat, devonga Alisher Navoiyning juda yoshlik davridan tortib forsiy tilidagi she’riy mashqlari, keyinchalik yozgan turli janrga mansub asarlari jamlangan. Bu xilma-xillik haqida shoir “Lisonut-tayr” asarida:

Forsiy nazm ichra chun surdim qalam,

Nazmning har sinfini qildim raqam, –

deb yozgan edi. Haqiqatan ham, devonda forsiy she’r turlarining barchasidan namunalar mavjud. Bu narsa ham Alisher Navoiy forsiy she’r javlongohini o‘zi uchun o‘sish, ulg‘ayish va musobaqa maydoni deb qaraganidan dalolat beradi.

DEVONIY FONIY” XAQIDA MA’LUMOT

Devondagi g‘azallar, an’anaga ko‘ra, alfavit tartibida joylashtirilgan.

Alisher Navoiy o‘z zamonida ustoz hisoblangan va asarlari mashhur bo‘lgan shoirlar ismini keltirib, “Mahbub ul-qulub”ning “nazm gulistonining xushnag‘ma qushlari zikrida” degan bobida yozgan edi:

“Ular bir necha guruhdir. Birinchi guruh ma’rifati ilohiy xazinasining naqdinalari bilan boyigan va xalq ta’rifiga ehtiyoj sezmaganlardir. Ishlari ma’nilar xazinasidan javhar termoq va u javharni el yaxshiligi uchun nazm ipiga tortmoq. Nazmlarining ifodasi g‘oyat qutlug‘ va benihoyat yoqimli va ulug‘. Bu ajoyib ko‘rinishga tobi’ bo‘lganlarning ba’zisini arz qilaylikki, bular kimlardir. U jumladan: forsiy iborada sirlar javharini tuzuvchi Shayx Farididdin Attordir. Yana: “Ma’naviy masnaviy”ning aytuvchisi, yaqinlik daryosining suvchisi Mavlono Jaloliddin, ya’ni Mavlaviy Rumiydir.

Yana bir guruhdirkim, haqiqat sirlariga majoz yo‘lini aralashtiribdirlar va so‘zlarini bu uslubda bog‘labdirlar. Chunonchi: ma’ni ahlining nozik so‘zlisi Shayx Muslihiddin Sa’diy SHeroziy va ishq guruhining halol oshiqi Amir Xusrav Dehlaviy, tasavvufda noziklik va mushkullar chigalini yechuvchi Shayx Zahiriddin Sanoiy, haqiqat ahlining yagonasi Shayx Avhadiddin va til bilan ma’nini ado etgan Xoja Shamsiddin Muhammad Hofiz.

Yana, bir qanchalari ham bordilarki, majoz yo‘li ularning she’rida g‘alaba qozongan va ular bu ravishga ko‘proq rag‘batlanganlar. Chunonchi: Kamol Isfahoniy, Xoqoniy SHervoniy, Xojuyi Kirmoniy, Mavlono Jaloliddin, Xoja Kamol, Anvariy, Zahir, Abdulvosi’, Asir, Salmon Sovajiy, Nosir Buxoriy, Kotibiy Nishopuriy va Shohiy Sabzavoriy.

Yana, haqiqat va majoz yo‘lida kamolga erishgan va ilmi har ikki yo‘lda yetilgan va to‘lishgan, shoirlarning ilg‘ori va rahbari... Abdurahmon Jomiy...” (P.Shamsiyev soddalashtirgan tekstdan).

Buyuk Navoiy o‘z davrigacha o‘tgan ulkan va taniqli shoirlarning badiiy metodlariga qarab bo‘lib chiqar ekan, u turli adabiy maktablarni o‘ta zukkolik bilan ajrata olgani ma’lum bo‘lsa, uning forsiy she’rlari tahlilidan bu maktablardan har qaysisining fayzidan bahramand bo‘lganligini payqash mumkin.

Navoiy – Foniy o‘z devonida ko‘proq mana shu shoirlar asarlariga javoblar yozib, tatabbu’ – izdoshlik qiladi.

Ma’lumki, Navoiy yoshligidanoq ikki tilda tarbiya ko‘rdi. Klassik tojik tili, ya’ni forsiy til uning ikkinchi ona tili, yosh Alisherning birinchi yod olgan bayti Amir Qosim Anvorning forsiy g‘azallaridan biri edi. So‘zsiz, u maktabda ham, uyda ham forsiguy shoirlar ijodi samaralaridan bahramand bo‘lib o‘sib, ulg‘aydi va shoirlik zavqi bilan kamolotga yetishdi. Shuning bilan birga, hali yosh Alisher she’riyatni bir umr o‘ziga yo‘ldosh qilib tanlar ekan, uning zamonida keng taralgan an’ana – nazirago‘ylikni ham o‘ziga ulug‘ maktab, ham ustozlarining hurmat-ehtiromini joyiga yetkazish vositasi, keyinroq esa o‘zidan oldin o‘tgan forsigo‘y shoirlar bilan bellashmoq maydoni, musobaqa turi deb qabul qilgan edi.

Bundan ulug‘ Navoiy fors-tojik adabiyoti suxan maydonining ajoyib chavandozlar Sa’diy SHeroziy, Xusrav Dehlaviy, Hofiz SHeroziy, Jomiy va boshqalar bilan bellashib ko‘rishni, bu sohada balog‘at va fasohat ko‘rsatishni, so‘ng esa, o‘z ona tili – qadimgi o‘zbek tilida lirik va epik asarlar yaratib, o‘zbek she’riyatini yuksak badiiyat osmoniga ko‘tarish maqsadini oldiga qo‘yganligi ma’lum bo‘ladi.

Garchand Navoiyning o‘zi kamtarlik bilan:

Tatabbu’ kardani Foniy dar ash’or,

Na az da’viyu ne az xudnamoist.

Chu arbobi suxan sohibdilonand,

Murodash az dari dilho gadoist.

Tarjimasi:

Foniy naziralar yozar ekan, bil:

Bu na da’vo, na o‘zini bozorga solish.

Suxan arboblari saxiyligidan

Murodim – tilanib bir nima olish, –

desa ham, bu asarlariga “Foniy”taxallusini qo‘ygan bo‘lsa ham, uning tojikcha she’rlari fors-tojik adabiyoti uchun o‘tkinchi asarlar bo‘lmadi. Mana, besh asrdirkim, ular boy an’anali fors-tojik adabiyotining baland cho‘qqilaridan biri bo‘lib kelmoqda.

O‘zidan oldin o‘tgan yoki o‘z zamondosh o‘oirlari asariga javob tariqasida yangi asar (nazira)lar yozish mavzu nuqtai nazaridan juda cheklangan feodal Sharq adabiyotida keng tarqalib, an’anaga aylanib ketgan edi. Ammo nazirgo‘ylik, ko‘p G‘arb tadqiqotchilari aytgandek, epigonlik – taqlidchilik emas. Albatta, talantsiz shoirlar qo‘lida bir mavzuda tamom boshqa shaklda yozilgan asarlar ham taqliddan nariga o‘tolmaydi.

Ko‘p kishi ham qildi tatabbu’ havas,

Sarvu gul o‘trusig‘a kelturdi xas, –

degan edi Alisher Navoiyning o‘zi ham “Xamsa” tatabbulari haqida gapirib. Haqiqiy iste’dod egalari bir shaklda va bir mavzuda yozilmish asarlarda ham shakl ishiga yangi-yangi durdonalar tizganlar va guldan xas emas, xoru xasdan gul undirganlar. Bu jihatdan tatabbu oddiy mashg‘ulot emas, u qiyin san’atdir.

Nazira aytayotgan shoir oldinda o‘z salafining badiiy ifoda vositalarini, g‘azal vazni, qofiyasi va radifini saqlagan holda undan yuqoriroq qimmatga ega bo‘lgan badiiy durdona yaratishdek murakkab va qiyin vazifa turadi.

Prof. YE.E.Bertels nazirago‘ylikning bu asl mohiyatini juda to‘g‘ri ta’kidlab, nazira “mualliflari javob aytilayotgan asar syujetini aniq qaytarishdan qochibgina qolmay, aksincha, uni tamoman yangicha original yoritishga intilganlar”6, deydi.

Nazira asar salaflar ijodiga bo‘lsa, u holda nazira yozayotgan shoir oldida asrlar bo‘yi ijod etilgan eng yaxshi namunalardan o‘zib ketish vazifasi turar edi.

Shunday qilib, nazirago‘ylik – taqlidchilik emas, balki juda katta va mas’uliyatli poetik musobaqa – haqiqiy mushoira bo‘lgan.

Bu an’ana natijasida Sharqda so‘zga tiyraklik va o‘ta ziyraklik hislari tarbiyalangan, voyaga yetgan.

DEVONIY FONIY” XAQIDA MA’LUMOT

Sharq adabiyotida an’anaviylik va izdoshlik asosida ijod qilish o’ziga xos tarixga ega. Shu bilan birga an’anaviylikni va izdoshlikning o’ziga xos ko’rinishlari mavjud bo’lgan. Garchi, shoirlar ko‘proq shaklan izdoshlik qilgan bo‘lsalar-da, ammo mazmunda originalikka intilganlar. Nodir iste’dod egalari izdoshlik qilgan shoirga ko‘r-ko‘rona ergashmaganlar, aksincha, o‘z salafi asarini chuqur tahlil qilib, mavzuning yangi-yangi qirralarini ochishga intilganlar va hatto izdoshlik qilayotgan shoir bilan munoazaraga o‘tganlar. Oldingi shoir aqidalarini inkor qilish, unga zid fikrlarni ilgari surish hollarini ko‘p uchratish mumkin. Odatan bu ish imo-ishorasiz, salaflar mehnati hurmatini joyiga qo‘ygan holda ijro etiladi. Ammo izdoshlik qilinayotgan asarni tahlil qilib, kelisha olmagan joylarini ochiq tanqid qilish, o‘z pozitsiyasidan baholash hollarini ham uchratsa bo‘ladi. Masalan, Alisher Navoiy Ganjaviy hamda Amir Xusrav Dehlaviylarga izdoshlik qilib, o‘zining buyuk “Xamsa”sini yaratar ekan, o‘tmishdoshlari asarlarini o‘z aql elagidan o‘tkazib, kerak topganini oladi, uni o‘z zamonasining ilg‘or gumanistik g‘oyalari bilan boyitadi va tamoman original asar yaratadi. Endilikda bu narsa “Xamsa” tadqiqotchilari tomonidan to‘la-to‘kis isbotlab berilgan7.

“Devoni Foniy”da Navoiy izdoshlik qilgan shoirlarni sanab ko‘rilsa, quyidagicha: devondagi 554 g‘azalning 237 tasi Hofiz SHeroziyga, 52 tasi Abdurahmon Jomiyga, 33 tasi Amir Xusrav Dehlaviyga, 25 tasi Sa’diy Sheroziyga, 5 tasi Mavlono Kotibiylarga nazira qilib yozilgan.

Tatabbu’ – lug‘. ma’nosi biror narsaning ketidan tushish, izidan borishni anglatadi; adabiyotshunoslikda biror she’rdan ta’sirlanib, undagi vazn, qofiyani (radif bo‘lsa, uni ham) saqlagan holda asar yozish, ba’zan bunday she’rlarni o‘xshatma, javobiya, nazira ham deydilar. Tatabbu’ning tabiatini bizda birinchi o‘rgangan A.Shomuhamedov, tatabbu’larda shoirlar o‘z g‘oyalarini ifoda etishga intilganlar, deb yozadi.

Xoja Hofiz SHeroziy – Shamsuddin Muhammad (1321, SHeroz – 1350, shu shahar) buyuk fors shoiri. Tojir oilasida dunyoga kelgan va otadan yosh yetim qolgan Shamsiddin nonvoyga shogirt tushadi. Tezda Qur’oni majidni yod olib, go‘zal tilovat qiladi. Shu munosabat bilan “Hofiz” taxallusini oladi. Undan bir devon qolgan. Hofiz she’rlari ishqi majoziy va ishqi haqiqiy tarannumiga bag‘ishlanadi. Mavzuning turli-tumanligi, ulardagi badiiyatning g‘oyat yuksakligidan Hofiz she’rlari o‘z zamonasidayoq shuhrat qozonadi, keyingi davr she’riyatiga ham barakali ta’sir ko‘rsatadi. XVII asrdan boshlab G‘arb adabiyotiga ham ta’sir o‘tkazadi. Gyote Hofizdan ilhomlanib “G‘arb va Sharq devoni” ni yaratgani shoirni g‘arb tafakkur olamiga qadam surganiga dalildir.

Navoiy Hofiz g‘azallaridagi mahoratni yuksak baholagan. “Devoni Foniyda” da Hofizning g‘azallari tatabbu’ida 211, tavrida esa 20 g‘azal mavjud. Aytish kerakki, Navoiy Hofiz g‘azallaridan tasavvufiy mazmundagilarni olgan.

Hofizning do‘sti va shogirdi Muhammad Gulandom yig‘gan, shoir vafotidan 38 yil keyin tuzilgan devon nashr qilingan. Hozirda aniqlangan she’rlari 418 g‘azal, 5 qasida, 41 ruboiy, 3 masnaviy (“Soqiynoma”, “Ohuyi vahshiy”, “Mug‘anniynoma”) dir.

Muxtara’ – arabcha so‘z bo‘lib, kashf etilgan, asoslangan ma’nosini anglatadi.

ixtiro’ ham shu tushunchani anglatadi.

Tavr – lug‘. biror narsa atrofida aylanish, tarz yo‘sin, usul, tartibni, odat (manera)ni anglatadi; adabiyotshunoslikda biror she’rning mohiyati uslubini olib, shu yo‘sinda asar yozishdir. “Devoni Foniy” da shunday g‘azallar mavjud. Masalan, “Dar tavri Xoja”, “Tatabbu’i Maxmud, dar tavri Xoja”. Bunday g‘azallarda vazn, qofiya (radif) mezon qilib olinmaydi, balki uslub, mazmunni she’riy talqiniga, uslub, rangga rioya qilinadi.

Bu adabiy yo‘l shoirlarning o‘zaro musobaqasi yo‘sinida bo‘lib, mazmun o‘zgalik, jilolarini yangicha talqinini yaratishga undar edi. Yangicha talqinda esa timsollar, badiiy vositalar, bayondagi adolarga alohida e’tibor qilish darkor bo‘lar edi.

Salmon Sovajiy – (1310, Sova – 1376, shu shahar) Jamoluddin Xoja Salmon ibni Xoja Alouddin Muhammad. Salmon Sovajiy nomi bilan mashhur fors shoiri. U zamonning aksar ilmlarini, jumladan adabiyot, riyozat, she’rshunoslik, tilshunoslikni mukammal egallagan. Shoir o‘zining “Qasidai masnu’” nomli o‘ta murakkab, bir necha bahrda yozilgan, juda ko‘p noyob she’riy san’atlar, vositalar qo‘llanilgan muvashshah (bezatilgan, ziynatlangan) yo‘lida yozilgan asari bilan keng shuhrat qozongan. Salmon “Kulliyot”i (16 ming bayt) dan “Jamshid va Xurshid”, “Firoqnoma” dostonlari yetib kelgan.

Salmon o‘z g‘azallarida Xoju Kirmoniy, Nosir Buxoriy va Hofiz SHeroziy kabi shoirlar an’anasini davom ettirgan. Navoiy “Devoni Foniy” da Salmon Sovajiyning 2 g‘azaliga tatabbu’ g‘azal bitgan.

Shohiy Sabzavoriy – (1385, Sabzavor – 1453, Astrobod) Amir Oq Malik ibni Malik Jamoluddin Feruzkuhiy, taxallusi Mir Shohiy. Shohiy xattotlik, naqqoshlik, musiqa va oltinlash san’atida nomdor ustodlardan bo‘lgan. Tazkiralarda Shohiyning she’riyatida Xusrovning yonishi, Hasan Dehlaviyning latofati, Kamol Xo‘jandiyning nazokati, Hofizning yorqin va teranligi jam’ bo‘lgandir, deb ta’riflanadi. Shohiyning ajdodlari mo‘g‘ul istilochilariga qarshi dehqon va hunarmandlarning “sarbadorlar” nomi ostidagi qo‘zg‘oloni yetakchilaridan bo‘lganlar. Bu ijtimoiy – siyosiy ma’nodagi xalq harakatiga aylangan qo‘zg‘olon ayovsiz bostirilgan, Shohiy Boysung‘ur Mirzo saroyini tark etib, Sabzavorga ketadi va dehqonchilik bilan shug‘ullanadi. Navoiyning “Majolis un-nafois” da yozishicha, qandaydir yumush bilan Jurjonga borganida Astrabodda qazo qiladi. Uning na’shi Sabzavorga keltirilib, izzat-hurmat bilan dafn etiladi. Shu asarda Navoiy Shohiyni ko‘rmaganini, lekin oralarida yozishmalar bo‘lib turganini e’tirof qiladi.

DEVONIY FONIY” XAQIDA MA’LUMOT

“Devoni Foniy” da Navoiy Shohiyning g‘azaliga tatabbu’ qilgan.

Kamol Xo‘jandiy – (1318, Xo‘jand – 1401, Tabrez) Kamoluddin Ma’sud, Shayx Kamol, Kamol Xo‘jandiy nomlari bilan mashhur shoir.

U Xo‘jand, Samarqandda ta’lim olgan. Xorazm va Shosh (Toshkentda) istiqomat qilgan. Kamol nihoyatda bilimdon shaxs bo‘lgan: adabiyot, arab tili, fiqh, hadis, kalom, htkmat, tafsir va tasavvufni puxtabilgan. Iroq va Ozarbayjon hokimi Tabrez atrofida Valiyonko‘h degan mavze’ni unga tuhfa qilgach, Kamol bog‘ barpo etib, uni Behisht deb atagan va bog‘dorchilik bilan ro‘zg‘or tebratgan.

Kamol “Devon”ida 14 ming bayt bo‘lgan, deyiladi. Lekin bizgacha yetib kelgan “Devon”ida 7989 baytmavjud. Uning g‘azallarida insonning botiniy olami ochib beriladi. Oshiqona his-tuyg‘ular tarannum etiladi.

Kamolning o‘zbek tilida ham yozgani haqida birinchi bo‘lib, A.Hayitmetov yozdi. (Qarang: Shayx Ahmad qozi Xudoydod Taroziy. Fununul balog‘a. Xazina, 1293). “Devoni Foniy”da Kamol g‘azallariga 4 tatabbu’ va tavriga g‘azallar bor.

Sohib Balxiy – Davlatshoh Samarqandiy bu shoir taxallusi “Sharif” bo‘lgan, deydi. Navoiy “Majolis un-nafois” da: “SHe’r fanida mahoratli kishi erdi. Advor – musiqiy ilmida komil erdi”, - deydi. Sohib o‘z g‘azallariga o‘zi kuy bastalar ekan, uning “Chorgoh” amalidan boshqa asar Jo‘gi Mirzo (Shohruh Mirzo o‘g‘li) majlislarida aytilmas ekan. Sohibning Xoja Salmonning “Masnu’” qasidasida javobiyasi bor. Qabri Balxda.

“Devoni Foniy”da Sohib Balxiyga 1 ta tatabbu’ g‘azal bor.

Kotibiy – (vaf. 1435, Astrabod) Shamsiddin Muhammad ibn Abdulloh – mashhur shoir, xattot va munshi. Yaxshi xattot bo‘lganligidan Kotibiy taxallusini olgan. Kotibiyning Nishopurda tahsil olgani, Hirot, Samarqand, Mozandaron, Gilon, Hijoz, Tabrez va Isfahonlarda bo‘lgani haqida ma’lumotlar bor. Navoiy “Majolis” ida shoirning “Tajnisot”, “Zul-bahrayn”, “Zul-qofiyatayn”, “Husn va Ishq”, “Nozir va Manzur”, “Bahrom va Gulandom” nomli asarlari borligini, umri oxirida esa “Xamsa”ga kirishganini, lekin tugallanmay qolganini xabar qiladi. Kotibiy toun – vabo kasalligidan vafot etgan va qabri Astrobodning “No‘h guron ” go‘ristonida ekan.

“Devoni Foniy” da Kotibiy g‘azaliga tatabbu’i bor.

Alisher Navoiy “ba’ze az zurafoi zamon”, “ba’ze az akobir”, “tatabbu’i ba’ze yoron” kabi sarlavhalar ostida yana bir necha mashhur shoirlarga tatabbu’ qilgan. Jumladan:

Ahmad Hojibek Vafoiy – (vafoti 1495-96, Buxoro). Otasi Sulton Malik Koshg‘ariy juda ma’rifatli va tengsiz siymolardan bo‘lgan. U 10 yil Hirotda, 1496 yilgacha Samarqandda hokimlik qilgan. Navoiy 1465-69 yillar Samarqandda tahsil olayotgan vaqtda Ahmad Hojibek unga murabbiylik qilgan va moddiy jihatdan ko‘mak berib turgan. Ahmad Hojibek aqlli, tadbirkor va adolatli bo‘lgan, she’riyat bilan ham mashg‘ul bo‘lgan.

“Devoni Foniy”da Vafoiyning ikki g‘azaliga Navoiyning tatabbu’ g‘azali mavjud.

Sayfiy – (vaf. 1503, Buxoro) shoir, adabiyotshunos. Buxoro va Hirotda tahsil olgan. 1487 y. Buxoroga qaytgan. Sayfiyning 2 devoni, aruz haqida va musiqa bobida risolalari bor.

“Aruz risolasi” da she’r va shoirlik, aruz qonun-qoidalari bahr hamda doiralari anchayin sodda va ravon til hamda uslubda yozilgan. “Devon”idagi she’rlar an’anaviy g‘azalchilik yo‘lida yaratilgan. Keyinchalik bu xil asarlar “Shahrosho‘b” deb atalgan.

“Devoni Foniy” da Sayfiyning bir g‘azaliga Navoiyning tatabbu’ g‘azali bor.

Ismat Buxoriy – (vaf. 1497, Buxoro) Xoja Ismatulloh ibn Xoja Mas’ud, go‘zal g‘azal va qasidalar ijod qilgan shoir.Xalil Sulton saroyida bo‘lgan, unga 40 qasida bag‘ishlagan. Xalil Sulton feodallar isyoni paytida zindonband etilgandan so‘ng shoir sargardonlikka uchragan. Ulug‘bek taxtga o‘tirgach, uni saroyga taklif qilgan, lekin Ismat rozi bo‘lmagan. U uzlatni, darveshona hayotni orzu qilgan. Shoirning “Devon”i (800 bayt) va “Ibrohim Adham” masnaviysi mavjud.

Ismat Buxoriyning tasavvuriy fikrlar, so‘fiyona his-tuyg‘ular bilan ko‘chirilgan she’rlari xalq orasida shuhrat tutgan.

Shoir she’riyatida Xusrav Dehlaviyning kuyinishini, Hofizning irfon aqidalari, Sa’diyning ravonligi ko‘zga tashlanadi. Shoir Ismat, “Ismatulloh” va Xalil Sulton tavsiya qilgan “Nasriy” taxalluslarida yozgan. “Devoni Foniy” da Ismat Buxoriyning bir g‘azaliga tatabbu’ bor.

Kohiy – (1414, Samarqand, Miyonkoli – 1481, Agra) Najmuddin Muhammad Abulqosim. Samarqand, Buxoroda tahsil olgan. Va Hirotdagi “Nizomiya” va “Ixlosiya” madrasalarida o‘qigan. Kohiy adabiyot, tarix, fiqh, tibb va jug‘rofiyani puxta o‘rgangan. SHe’riyatda Sa’diy va Jomiy an’analarini davom ettirgan. “Bo‘ston” ga o‘xshatma qilib “Gulafshon” nomli masnaviy yozgan. “Ma’nolar ilmi”, “Balog‘at ilmi” va “Musiqa risola”lari bor. “Devoni Foniy”da Navoiyning Kohiy Miyonkoliyning 1 g‘azaliga tatabbu’i keltirilgan.

Bunda eng ko‘p tatabbu Hofiz Sheroziyga ekani diqqatni o‘ziga tortadi.

Buning sababi, albatta, buyuk lirik shoir ijodining mazmuni nuqtai nazaridan Alisher Navoiy diqqatini o‘ziga tortganligi, uning muhabbatini qozonganligi, unga hammaslak va hamfikr ekanligida bo‘ldi. Shakl nuqtai nazaridan ham Hofiz g‘azallari nihoyat yuksakligida bilan yosh Alisher uchun maktab, yetuk Foniyga esa o‘z hunarini sinab ko‘radigan mezon bo‘la olar edi.

DEVONIY FONIY” XAQIDA MA’LUMOT

Devondagi tatabbular muqoyasa qilib o‘rganishni taqozo qiladi. Alisher Navoiy yoshlikda she’riyatga berilganlik davri va bu davrda uning she’rfahm dilini maftun etgan shoirlar haqida gapirganida ham birinchi o‘rinni Xoja Hofiz, Xusrav Dehlaviy va Jomiylarga berib yozadi:

“Bu so‘zlardin xasm mundoq bilmasun va muddaiy bu nav’ gumon qilmasunki, mening tab’im turk alfozig‘a muloyim tushgan uchun ta’rifida mubolag‘a izhor qilurmen va forsiy iboratqa munosabatim ozroq uchun inkor va nafyig‘a isror ko‘rguzurmenkim, forsiy alfoz istifosini va ul iborat istiqosin kishi mendin ko‘proq qilmaydur erkin va saloh va fasodin mendin yaxshiroq bilmaydur erkinkim, umrim gulshanining tarovati chog‘i va hayot ravzasining navras sabzazorining nazohati vaqtikim, o‘n besh yoshtin qirq yoshqachadurki, inson xaylining tab’i bulbuli har gul jamolig‘a shefta va ruhi parvonasi har sham’ husnig‘a firefta bo‘lur, vaqt bu avqotdur. Va bu avqotda ko‘p g‘arib voqe’ hodisdurki, ul voqea birov husn va nozin yo o‘z ishq va niyozin sharh etarg‘a bois bo‘lur. Va bu hol g‘azal tariqida munhasirkim, yo ayturg‘a mutaammil bo‘lulg‘ay yo o‘qurg‘a bo‘lmag‘on devon oz erkin. Bataxsis ishq va dard ahlining rohbar va peshravi Amir Husrav Dehlaviy devonikim, oshiqlikda dard va niyoz va so‘z gudoz tariqin ul muntashir qildi va oning ishqi mash’alidin bu partav olam tiyra xoqdonig‘a yoyildi. Yana haqiqat ahlining sarxayl va sarafrozi Xoja Hofiz Sheroziy nuqot va asrorinki, anfosi ruhulqudsdin nishon aytur va ruhulloh anfosidin asar yetkurur.

Yana bu faqirning piri va ustozi... Mavlono Abdurahmon Jomiyning ruhparvar latoyifi va ruh gustar zaroyifikim..., alardin har lafz qiymatda durri samindin obdorroq va hirqatda la’li otashindin barq kirdorroq. Barchasiga ko‘p qatla o‘tupmen, balki ko‘pin yod tutupmen va qasoyid va g‘azaliyotlarining g‘arib va latofatin bilibmen, balki g‘aribroq va latifroqlarig‘a tatabbu’ dag‘i qilibmen”.

Bu parchadan uch narsa ma’lum bo‘ladi:

1. Navoiy o‘z ona tilini badiiyot ko‘kiga ko‘tarar ekan, uning raqib va g‘animlari forsiy tilini bilmaslikda ayblamasinlar, buning uchun u forsiy tilini bilmaslikda ayblamasinlar, buning uchun u forsiy adabiyotda o‘z mavqeini mustahkamlab olmog‘i kerak edi.

2. Uning maktabi, uning ustozlari va eng sevikli shoirlari Xoja Hofiz sheroziy, Amir Xusrav Dehlaviy va Abdurahmon Jomiy.

3. U yoshligidan mazkur uch shoir asarlariga maftun bo‘lgan, ularning ko‘p lirik g‘azallarini yodlagan va eng yaxshilariga tatabbular qilgan. Bundan tashqari, Navoiy ko‘pgina g‘azallarida Hofiz nomini o‘ta hurmat va ehtirom ila tilga oladi.

Bu narsa “Devon Foniy”dagi tatabbular qaydan kelganligi va nima uchun bu uch shoirga ko‘proq izdoshlik qilganligi sirini yoritib beradi.

Alisher Navoiyning “Devoni Foniy”dagi naziralar tatabbau yo “dar tavri Xoja” (Hofiz yo‘lidan) va muxtara’ usullarida yozilgan. Ularning ko‘pida Navoiy o‘z salaflari lirikasini kengaytiradi. Inson dilining yangi-yangi qirralarini nurlatib ziyo sochtiradi, ularning gumanistik ruhini yana ham yuksakroq darajaga ko‘taradi. Navoiy kimga tatabbu qilganligini o‘zi devonda ko‘rsatib g‘azallariga unvon qo‘yib ketgan. Shunday qilib, “Devoni Foniy” bu tomondan ham ajralib turadi. U fors adabiyoti tarixida sarlavhalarga g‘azal misralarida ham u tatabbu qilinayotgan shoir nomini keltirib o‘tadi. Masalan:

G‘azal guftan musallam shud ba Hofiz shoyad,

ey Foniy,

Namoyi choshni daryuza z-on nazmi jahonoro.

Tarjimasi:

Hofiz g‘azallariga hamma qoyil qolgan, ey Foniy,

O‘sha jahonni bezagan nazmdan sen ham bir oz tilanib

olsang bo‘ladi.

“Devoni Foniy”ning asosiy tarkibini g‘azallar tashkil qiladi. Bulardan ko‘pchiligi Hofiz Sheroziy g‘azallariga tatabbu yoki ular tavrida (tarzida) yozilgan. Alisher yoshligidanoq Xoja Hofiz ijodiy maktabiga kirib borar ekan, uning eng yaxshi gumanistik g‘oyalarini o‘ziga singdirib rivojlantiri boradi.

Avvalo, “Sheroz Rindi”ning erkin, rindona kayfiyatlari Alisherga katta ta’sir ko‘rsatadi, bu ta’sirni Navoiyning o‘zbekcha va forsiy g‘azallaridagi ishq-muhabbat talqinida ham, inson shaxsiyati erkinligi talqinida ham, mutaassib ulamolarga qarshi yo‘nalgan achchiq satrlarida ham yaqqol ko‘ra olamiz. Nihoyat u rindlarga quyidanicha yuksak baho berishgacha borib yetadi:

Munkiri sahl ba rindon, ki agar dar nigar,



Olame dar tahi har xirka nihon xohal bud.

Tarjimasi:

Ey rindlarni osongina inkor qilg‘uvchi,

Agar yaxshiroq qarasang, har bir xirqa tagida o‘zga

bir olam borligini ko‘rasan.

Rindlar ozod tabiat kishilar, dil erki esa shohlikdan ortiqdir:

Bandai piri mug‘onam, ki gadoyoni darash,

Har yak az vus’ati dil qaysaru xoqon omad.

Tarjimasi:



Men mug‘lar pirining quliman, chunki eshigidagi gadolarning

Har biri yuraklari kengligidan shohu xoqondirlar.

Hofiz g‘azallaridek Foniy g‘azallarida ham muhabbat yolqini nur sochib, cholg‘u sadosi yangrab, sharob bo‘yi anqib turadi.

Foniy g‘azallarida may goh orifona ma’no kasb etsa, goh bir zumlik bo‘lsa-da, dunyo anduhini unutish vositasi – shodlik va quvnoqlik ramzi, demak, haqiqiy dunyoviylik ifodasi sifatida namoyon bo‘ladi.

Bu an’ana fors-tojik adabiyotida buyuk Rudakiydan boshlanib, ayniqsa Xayyom, Hofizlar ijodida kamolot cho‘qqisiga ko‘tarilgan edi.

Umuman, Navoiy ijodida bo‘lganidek, uning Foniy devonida ham xayyomona kayfiyatlar, hayot-mamot muammosiga xayyomona falsafiy nazar bilan qarash juda kuchli. Shu narsani qayd qilib o‘tish lozimki, bu ta’sir ham birinchi galda Hofiz Sheroziy ijodi orqali bo‘lgan. Tarixiy manbalardan ma’lumki, Navoiy zamonida Umar Xayyomning poetik ijodi unchalik keng tarqalmagan edi. Navoiy u bilan Hofiz ijodiga nisbatan ancha kechroq tanishgan bo‘lsa kerak. Alisher Navoiy o‘zi yoshlikdan asarlarini mutolaa qilgan shoirlar orasida Umar Xayyom nomini tilga olmasligi ham shundan dalolat beradi.


Yüklə 135,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin