Devoniy foniy


DEVONIY FONIY” XAQIDA MA’LUMOT



Yüklə 135,5 Kb.
səhifə2/3
tarix22.06.2020
ölçüsü135,5 Kb.
#32132
1   2   3
“DEVONIY FONIY” XAQIDA MA’LUMOT

DEVONIY FONIY” XAQIDA MA’LUMOT

Alisher Navoiy forsiy devoniga kiritgan qasida, g‘azal, qit’a, ruboiy va boshqa she’rlarida fors adabiyotining Navoiygacha bo‘lgan besh asrlik tarixiga yakun yasadi, uning g‘azallarida Sa’diy mantiqi, Xusrav Dehlaviyning sehrli nafosati va Hofiz isyonkorligi uyg‘unlashdi. Navoiy bu asarlarida fors adabiyoti bosib o‘tgan Xuroson (yoki Turkiston) uslubini ham, iroq uslubini ham yaxshi egallaganini namoyish qilibgina qolmay, balki Alisher Navoiyning o‘zbekcha g‘azallariga ham xos bo‘lgan yangi fusunkor navoiyona uslubga asos soldi.

“Devoni Foniy” ustida birinchi jiddiyroq tadqiqot olib borgan va uni nashrga tayyorlagan eron olimi Ruknuddin Xumoyun Farrux Navoiy asos solgan bu yangi uslubni “Hind uslubi” bilan taqqoslab: “...Qoniy g‘azallari bu uslubning eng yaxshi namunasidir va bu yo‘lning fikr va xayol tarzini ko‘rsatuvchi avvalgi mayoqdirkim, biz uni Hirot yoki Isfihon uslubi deb ataymiz”13. Bu uslubning “Hind uslubi”ga munosabati ham ayrim tadqiqotga muhtoj, ammo Navoiy fors adabiyoti tarixida ham yangi maktab yarata oldi, deyishga asos bor. Ba’zan G‘arb tadqiqotchilari faqat sarlavhaga qarab ish ko‘rganliklari natijasida bu buyuk san’atkorlarga “taqlidchi” tamg‘asini bosguvchilar ham bo‘ldi.

Bu tadqiqotchilar u mahalda kam o‘rganilgan Navoiy ijodinigina emas, balki qiyin va murakkab nazira san’atini ham yaxshi bilmaganlar. Bu san’atga yuzakigina yondashib, hozirgi zamon Yevropo san’ati normalari nuqtai nazaridan fikr yuritganlar.

Navoiy ijodiga baho berar ekan, YE.E.Bertels: “Tafakkurning biror sohasi yo‘qki, u yangi fikr aytmagan bo‘lsin... Navoiy erkin fikrning jonlanishiga ta’sir ko‘rsatdi... qonli qirg‘inlar oddiy bir ish bo‘lgan, hukmdorlar hech seskanmay yuz minglab kishilarni qiynoqlarga mahkum qilayotgan chog‘da u haqiqiy gumanizm g‘oyalarini baralla kuyladi”14 – degan edi.

Darhaqiqat, Alisher Navoiy “Devoni Foniy” ham fors tarixida ilgari rivoj topgan gumanistik g‘oyalarga yakun yasadi va o‘zining ko‘p qirrali ijtimoiy va adabiy faoliyatiga asoslanib, adolatli podsho hokimiyati haqidagi orzulari, fan va madaniyatning gullab-yashnashi, inson shaxsiyatining har tomonlama rivoji haqidagi orzularini ifoda etdikim, Navoiy ijodining ahamiyati uning izchil va chuqur gumanizm G‘arb uyg‘onish davri gumanizmidan aslo qolishmaydi. Bunda Navoiyning feodal Sharqida ijod etganligini nazarda tutsak, uning o‘z davri muhitidan chiqib naqadar ilgarilab ketganiga aql lol qoladi.

Bu masalalar Navoiyning o‘zbek tilidagi ijodi tahlilida yorqin dalillar bilan ko‘rsatib berilgan. Biz Navoiy – Foniyning forsiy she’rlarida ham mana shunday yuksak g‘oyalar ilgari surilganligini ko‘ramiz. Avvalo u kishilarni axloqiy soflikka, qalbiy yuksaklikka chaqiradi:

Bubin balandiyi charxi barinu pastiyi xok,

Nigun shudan chu naxohi bisoz xudro past.

Tarjimasi:

Osmonning balandligini ko‘rgilu, yerning pastligiga boq,

Osmondek to‘ntarilgan bo‘lishni istamasang o‘zingni yerdek

past tut.

Inson umrini vaqtxushlik bilan o‘tkazishi kerak, hatto jannatni ham shu dunyoning o‘zidan topish mumkin:

Foniy ba huru jannatu kavsar nazar nakard,

Nozad ba bazmi yoru sharobi rasoi xush.

Tarjimasi:

Foniy huru jannatu kavsarga boqmadi,

U yor bazmi-yu, yetilgan sharobi bilan huzur qilmoqda.

Yoki:


Ravzau hur ba kavsar chi kunad yod on k-o‘

Shohidu manzili amnu may nobe dorad.

Tarjimasi:

Yonida go‘zal yori, tinch joyi va tiniq mayi bo‘lgan kishi

Jannat, hur va kavsarni nega eslasin.

Ammo o‘z davri real hayotida bunday damlarni kam uchratgan shoir o‘zgacha zamonlarni orzu qiladi:

Olame hoxamki, nabvad mardumi olam dar u,

Va-z jafoi mardumi olam naboshad g‘am dar u,

Tarjimasi:

Shunday bir olamni istaymankim, unda bu olam odamlari

bo‘lmasa va bu olam kishilari jafosidan unda g‘am bo‘lmasa.

Bu baytda yana shu narsa diqqatga sazovorki, deyarli barcha shoirlar olamdagi alamlarni falakdan ko‘rib turgan bir paytda Navoiy olamdagi g‘am manbaini odamlardan deb ta’kidlaydi.

Navoiy o‘zbek tilidagi asarlarida bo‘lganidek forsiy devonida ham ruhoniyat ahllaridan ayrimlarining riyokorligini fosh etadi, xalqlar orasidagi nizolarning yechimi ko‘proq bilim va ma’rifatning kishilar tomonidan nechog‘lik egallanganlik darajasiga bog‘liqdir:

Nashud az kufru imon yak sari mu ma’rifat hosil,



Zi qaydi subhau zunnor rastam, to chi pesh oyad.

Tarjimasi:



Kufru imon deb yurgandan, qilcha ma’rifat hosil bo‘lmadi, tasbeh va zunnor kishanidan ozod bo‘ldim, endi nima bo‘lsa bo‘lar.

Foniy riyokor shayxlar, “soda” va “loda” shayxlarni fosh qilish bilangina cheklanmaydi. Ularning xatti-harakatlari hatto din ildiz va asoslariga ham ta’sir etishi mumkinligiga ishora qiladi:



Gar shayxi riyoi shumurad donai tasbeh,

Man bin, ki chu Foniy ba jave nashumuram o‘ro.

Tarjimasi:



Agar riyokor shayx tasbeh donasini o‘girsa,

Ko‘rgilki, men Foniyligimdan uni bir arpaga ham hisob

qilmayman.

Navoiy xudbinlikni ayovsiz fosh etgan:

Chun gul mashav firiftai rangu buyi xesh,

Chun g‘uncha basta dor lab az guftuguyi xesh!

DEVONIY FONIY” XAQIDA MA’LUMOT

Alisher Navoiy tatabbu va tazmin san’atining turli usullaridan mohirona foydalanadi va yangi usullar kashf etadi. “Devoni Foniy”ga muallif tomonidan qo‘yilgan sarlavhalarni sanab o‘tishning o‘zi ham fikrimizning yorqin dalili bo‘la oladi: tatabbu, Tatabbui Mir dar rangi (Xoja Hofiz rangida Amir Xusravga izdoshlik), Tatabbui Mir dar tavri Xoja (Xoja Hofiz tarzida Maxmud Jomiyga izdoshlik), tatabbui Amir Xusrav dar tavri Hofiz (Hofoz tarzida Amir Xusravga izdoshlik), Tatabbui shayx dar tavri Maxmud (Jomiy tarzida Shayx Sa’diyga izdoshlik), Dar hamon tavr (o‘sha tarzda), dar hamon uslub (o‘sha uslubda), Ixtiro (yangi badiiy kashfiyot), dar shikoyat zamon (zamon shikoyatida), Dar bevafoi ahli olam (olam ahli bevafoligi haqida), Dar bevafon davron (Davron bevafoligi haqida).

Foniy salaflar qo‘llagan obrazlar adabiy priyomlardan ustalik bilan istifoda etib, goho tatabbu qilinayotgan asar so‘zlari chegarasidan chiqmay yangi mazmun ifoda etadi, goho yangi qofiya, yangi so‘zlarni ishga soladi, goho matlada asos g‘azaldan uncha uzoqlashmaydi, gohida matladan uzoqlashib ketadiyu, maqtada shoirning o‘z misralarini tazmin qilib, yana unga qaytib keladi va hokazo.

Foniy g‘azallarining asosiy lirik qahramoni inson va uning baxti-saodati haqida doim bezovta, tinib-tinchimagan, buning uchun har narsani o‘z boshidan o‘tkazib, sinab ko‘rishga hozir turgan, o‘tkir zehnli “Rind” obrazidir.

Biz Alisher Navoiyning forsiy ijodiga uning sevikli ustozlari ta’siri, ayniqsa Hofiz Sheroziy ta’siri haqida gapirdik, keltirilgan misollar forsiy ijodi shuni ko‘rsatadiki, Navoiy hech vaqt o‘z ustozlariga taqlidchi bo‘lib qolmagan. Bu o‘rinda A.S.Pushkinning boshqalarga ta’siri haqidagi V.G.Belinskiy so‘zlarini eslab o‘tish o‘rinlidir: “...Ammo ulug‘ shoirning boshqalarga ta’siri uning she’riyati boshqalarda o‘z in’ikosini ko‘rsatishidagina sezilmaydi, balki ularda o‘z qudratini qo‘zg‘atadi: bamisoli oftob nuri, nur ham yerni yoritib, unga o‘z quvvatini o‘tkazmaydi, faqat yerning o‘zida mujassamlangan quvvatni qo‘zg‘atadi...”.

Fors-tojik adabiyoti tarixida tarixida g‘azal taraqqiyotini chuqur tekshirgan olim A.Mirzayev Foniy g‘azallarini Hofiz Sheroziy g‘azallari bilan muoqoyasa qilib tekshirar ekan quyidagi xulosaga keladi:

“Alisher Navoiyning bu ikki javob-g‘azalida umuman yangi mazmun va latif tasvir shu darajali asarga aylanganlar.

Bu ahvol “Foniy” devonida tasodifiy bir hodisa emas, Alisher Navoiyni fors-tojik nazmida ustozligi va baland mahorati nishonasini uning har nazira yoki mustaqil g‘azalida ko‘pmi, ozmi yaxshi mushohada qilish mumkin. Alisher Navoiy ijodining bu qismini mutolaa qilishdan shunday tasavvurot hosil bo‘ladiki, o‘zbek adabiyotining asoschisi, fors-tojik adabiyoti tarixida ham o‘z maqomini haqiqat yaxshi tayin eta olgan.

Shunday qilib, Alisher Navoiy adabiyotimiz tarixiga XV asr tojik g‘azalgo‘yligida eng yaxshi shoirlardan biri bo‘lib kiradi”16.

Alisher Navoiy o‘zbek adabiyoti va adabiy tilini yuksak badiiyot osmoniga ko‘targan, forsiy tildagi adabiyotni ham yuqoriroq bosqichga ko‘tara olgan, uslub nuqtai nazaridan esa unda yangi o‘zan yaratgan ulkan san’atkordir.

U o‘zining turkiy va forsiy tillardagi ijodiga haqqoniy baho berib, faxr bilan quyidagi so‘zlarni aytishga huquq oldi:

Ma’niyi shirinu ranginam ba turki behad ast,

Forsiy ham la’lu durhoi samin chun bingari.

Go‘yiyo dar rost bozori suxan bukushodaam,

Yak taraf do‘koni qannodi-yu yak su zargari.

Tarjimasi:

Ranginu lazzatli ma’no menda behad turkiyda,

Forsisiga bir nazar sol, bebaho dur, gavharim,

Men suxan bozorida go‘yo ochibman rastakim,

Bir tomon qandolatu xalvo-yu bir yoq zargarlik.

Xullas, Alisher Navoiyning “Devoni Foniy” tarkibiga kiritgan lirik she’rlari fors-tojik mumtoz adabiyoti uchun ulkan hissa bo’lib qo’shildi hamda uning kelgusidagi taraqqiyoti uchun nihoyatda samarali ta’sir o’tkazdi deyish mumkin.

Alisher Navoiyning Hofiz Sheroziy g‘azallariga bog‘langan tatabbulari 237 ta bo‘lib, biz bu yerda “Devoni Foniy”ning alif harfidagi to‘rt tatabbusini tanlab oldik va shoirning tatabbunavislikdagi o‘ziga xos mahoratini ochishga harakat qildik. Lug‘atlarda tatabbuning uch ma’nosi berilgan: birinchisi – bir narsaning izidan borish, bu borada harakatchan va ildam bo‘lish, izlanish; ikkinchisi – tadqiqot o‘tkazish; uchinchisi – tobelik, bo‘ysunish va payravlik. Ayni mazmunlari bilan tatabbu she’riy janrga aylanib, izdoshlik, payravlik ma’nolarini bildiradi. Shoirlar o‘rganish va ijod jarayonida biror yaxshi g‘azalni uchratsalar, shu zahoti unga payravlik qilib, uning ohangiga mos yangi bir g‘azal yaratadilar va bu o‘sha g‘azalning tatabbusi bo‘ladi.

Tatabbudan tashqari adabiyotshunoslik ilmida mazkur mazmunlarni ifoda etadigan yana bir nechta termin (atama) mavjud. Ularning birinchisi – payravlik. Bu atama taqlid va tobelik ma’nolarini bildiradi. Ya’ni payravlik tatabbuga yaqin turadi va ba’zan uning o‘zidir. Bu doiraning ikkinchi ko‘rinishi – nazira. Bu atama monandlik – o‘xshashlikdir. Uning qolipida naziri yo‘q asar yaratiladi. Mazkur mavzuning uchinchi doirasi – istiqboliy asarlar. Istiqbol – peshvoz chiqish, bir narsaga intilish demakdir. Ya’ni shoirning ko‘z o‘ngida eng yaxshi va tengi yo‘q asar bo‘lsa, xohlasa uning istiqboliga, peshvoziga chiqadi va unga o‘xshash bir narsa aytishga jazm qiladi. To‘rtinchi doira tavr deb ataladi. Tavr, avvalambor, hol-ahvol, qiyofa va suvratni anglatadi. Adabiy atama sifatida uning tarzida, tavrida, unga muvofiq aytishni anglatadi. Tavrga o‘xshash beshinchi qolip – rang. Ya’ni o‘ziga yoqqan asarning rangi-ro‘yiga qarab, yoxud uning rangi-ro‘yini eslatib hamohang asar yaratishdir. Qolipning oltinchisi – tazmin. Tazminda hamohang asarning oxirida, yoxud biron joyida originaldan bir bayt, misra, yoxud uning muallifiga yaqqol ishora keltiriladi va shu bilan bu tazminning boshqa kishi g‘azaliga bo‘lgan hamohangligi hujjat qilinadi.

DEVONIY FONIY” XAQIDA MA’LUMOT

Navoiy forsiy g‘azallarida ko‘proq tatabbu, tavr, rang va tazminga e’tibor beradi. Jumladan, Hofiz bilan musobaqaga kirishganda uning g‘azallari tarzida, rangida va ohangida g‘azallar yaratadi va bu holatda, ko‘ramizki, taqlid va payravlik omili umuman yuz bermagan. Boshqacha qilib aytganda, Foniy o‘sha g‘azallarni bir o‘qib, yoxud ko‘rib, ularning ohangini esda tutib, sirtdan g‘azal yozgan edi va shu o‘rinda, bizningcha, rangomuz yoxud tavrcha g‘azallarning Hofizga bo‘lgan aloqasi xiyla kam seziladi va ularni, agar maxsus ishoralar bilan ajratmaganda, hech kim tavrona yoxud rangomuz demasdi. Ammo shoir tatabbularini bunday deyish qiyin. Ularda hofizona ohang va payravlik sezilib turadi va shu sabab ular haqli ravishda tatabbulardir. Shu tariqa, Foniy Hofiz Sheroziyga bo‘lgan katta hurmati va e’tiborini uch jihatdan: rangomuz, tavriya va tatabbular bilan rasmiylashtirgan va bu ish esa ular o‘rtasida haqiqiy adabiy aloqalarni barqaror etgan. Navoiy “Devoni Foniy”dagi tavr va tatabbu g‘azallarida ularning asos va sarchashmasini ko‘rsatadi.

Lekin uning o‘zbekcha g‘azallarida ham Hofizdan olingan taassurot ba’zan seziladi. Ular tavr yo tatabbu bo‘lsa, shoir adabiy an’anaga ko‘ra ularga albatta ishora qilardi. Bizningcha, ba’zi o‘zbekcha g‘azallaridagi hofizona ta’sir tavorud shaklida vujudga kelgan va ular noma’lum o‘xshashlikdan boshqa narsa emas, deb o‘ylaymiz. Masalan, quyidagi g‘azalga razm solamiz:

Topmadim ahli zamon ichra bir andoq hamdame –

Kim, zamon osibidin bir-birga aytishsoq g‘ame.

Bu g‘azal o‘z ohangi, sadosi, vaznu qofiyasi, inchunin mazmuni bilan Hofiz Sheroziyning quyidagi g‘azalini eslatadi:



Sina molomoli dard ast, ey dareg‘o, marhame

Dil zi tanhoi ba jon omad, Xudoro, hamdame.

Mazmuni: “Ko‘ksim to‘la dard, afsuski, bir hamdam yo‘q, Dil yolg‘izlikdan jonga keldi, ey Xudo, o‘zing hamdam ato qil”.

Foniyning birinchi to‘rt tatabbusiga qaytamiz. Hofiz devonidagi boshlang‘ich g‘azal quyidagicha:

Alo yo ayyuhassoqiy, adir qa’san va novilho,

Ki ishq oson namud avval, vale aftod mushkilho.

Mazmuni: “Ey soqiy, kosani to‘ldirib may uzat, ishq avvaliga oson ko‘ringan edi, keyin uning mushkillari boshlandi”.

“Devoni Foniy”dagi uchinchi g‘azal mazkur g‘azalning tatabbusi bo‘lgan:

Ramuz ul-ishq konat mushkilan bil-ka’si hallilho,

Ki on yoquti mahlulat namoyad halli mushkilho.

Mazmuni: “Ishq ramzining mushkiloti tushdi, kosani to‘ldirib may uzat – qizil mayda hal bo‘lgan qizil labing aksi mushkillarni so‘zsiz oson qiladi”.

Ikki bayt ham bir mazmunni ifoda etgan va oshiqlar – shoirlar ishq mushkilini his etib may talab etganlar, chunki mastlikda mushkullar osonroq hal bo‘lishiga umid qilganlar. Maydagi mahbuba labining soyasi ham mushkullarga xotima berishi mumkin; imkon mayu ma’shuqada bo‘ladi.

Mazkur baytlar so‘fiyona ohangda aytilgan va ilohiy ishq g‘oyasini bayon etgan. May tasavvufda – muhabbat, mayda mahlul bo‘lgan mahbubaning qizil labi esa – kayfiyat. Ilohiy ishq yo‘liga kirgan solikning qarshisida tog‘day og‘ir mushkullar va uni Majnun qiladigan xavfli vodiylar paydo bo‘ladi. Ularni yengishi uchun muhabbatga beriladi va bu muhabbatning majnunsifat xususiyati mastona may misolida tasavvur qilinadi. Muhabbat mayidan serob oshiq u orqali sukr, ya’ni mastlikka beriladi va ilohiy ishqdan sarmast bo‘lib, uning kayfiyati bilan yashaydi. Ilohiy ishqdan bahra topib sarmast bo‘lgan oshiq esa so‘fiyona sukr tufayli ma’shuqa muhabbatiga noil bo‘lib, oshiq va ma’shuqa bir-biriga hulul topadi.

Hofizning mushkullarni oson qilish uchun may, ya’ni ilohiy muhabbat talab qilishi va Foniyning shu yo‘sinda qizil mayda aks etgan labining soyasi tufayli ilohiy kayfiyat ko‘zlagani shu ma’nolarni bildiradi va ikki shoir ham, ko‘ramizki, so‘fiyona bir ohangda so‘z yuritganlar. Shu tariqa, Foniy g‘azali tatabbu bo‘lishiga qaramay originallik kasb etib, Hofiz darajasiga ko‘tarilgan asar sifatida hofizona mazmunni hofizona tarzda va u bilan baravar ifoda etgan. Mazkur baytlardan boshlab ularning to‘liq g‘azali ham orifona ohangda sado berib, Xoja Hofiz va Foniyning oriflik maqomini zabt etishlari xususidadir. Fikrimizning davomi sifatida shoirlar g‘azalining ikkinchi baytiga murojaat qilamiz. Hofiz aytadi:

Bu may sajjoda rangin kun, garat piri mug‘on go‘yad,

Ki solik bexabar nabvad zi rohu rasmi manzilho.

Mazmuni: “Agar muhlar piri: solik manzillar rasm-rusumi va yo‘lidan xabari bor desa ham, sen joynamozingni mayga bo‘ya”.

Foniy bayti bu shaklda taqdim etiladi:

So‘yi dayri mug‘on bixrom, to bini du sad mahfil,

Sarosar z-oftobi may furo‘zon sham’i mahfilho.

Mazmuni: “Mug‘lar dayri – mayxona tomon yo‘l ol, u yerda hisobsiz majlislar ko‘rasan, har bir majlisdagi shamchirog‘ may quyoshidan yarqirab yonayapti”.



Hofizdagi sajjoda – joynamoz, may – muhabbat, mug‘lar piri – shayx, solik – tasavvuf yo‘lovchisi, manzillar – fodiylar va undagi to‘siqlar – maqomlar, ularning rasm-rusumi va yo‘li – tariqatda qo‘llanilgan darajalardir. Shu tariqa shoir aytayapti: shayx agar yo‘lovchi tariqat usullarini biladi desa, unga ishonma, muhabbatga intil, boshqa tashvishlardan voz kechib, sukr – mastona yo‘l bilan ilohiy muhabbatga noil bo‘l. YA’ni Xoja Hofiz orifona ohang yuzasidan ilohiy muhabbatni targ‘ib etadi. Muhabbat orqali Olloh diydorini ko‘rishga va unga erishishga chorlaydi. Bu maqsadni amalga oshirish hamisha sa’y-harakatni, ildamlikni, jasoratni talab qiladi.

DEVONIY FONIY” XAQIDA MA’LUMOT

Foniyda esa mug‘lar – shayx va uning shogirdlari, dayr – xonaqoh, mahfil – shayx tavsiya etadigan maqomlar, ya’ni o‘yin usuli va jimlik muroqabasi, tavba- tazarru maqomoti, may quyoshi – yarqiragan kuydiruvchi muhabbat olovi. Bu ham orifona ilohiy muhabbat. Uni esa Foniy tariqat rahbari xonaqohida o‘rganishni buyuradi. Zero, u xonaqohdagi majlislar mazmunini to‘la muhabbat bilan topadi va shu tariqa xonaqohdagi rahbardan o‘rgangan muhabbat – ilohiy muhabbatdir va shu yo‘sinda Hofiz kabi sukr – mastona harakatni tavsiya etadi.

Ko‘ramizki, Hofiz va Foniy orifona so‘z yuritadilar, ilohiy ishqni targ‘ib etadilar. Shayx Boyazid Bistomiy qo‘llagan tariqat usuli – sukrni yoqlaydilar. Foniyning bayti original bayt bo‘lib, hofizona mazmunni yangi qolipda ifoda etadi. U tatabbuga o‘xshamaydi, tavrona g‘azallarga monand. Ammo Foniy kamtarlik va tavoze yuzasidan uni tatabbu deb hisoblaydi. She’riy qolip nuqtai nazaridan Hofiz g‘azali yetti bayt va har bir bayti alog‘ida mazmunni bayon etgan holda umumiy so‘fiyona ohangda hamda vosillikni xumor shaklida emas, mastona harakatda ifoda qiladi. G‘azalda so‘fiyona maqomat va hol darajalari, ya’ni fikriy rivojlanish va hol o‘zgarishlari hamda oqibatda hayrat va fano zinasining mohiyati tasvir etilgan. Foniy tatabbusi ham yetti bayt bo‘lib, alohida g‘oyalarga ega va bir butun holda orifona tariqat maqomlari bo‘yicha bahs etilgan. Unda Hofiz ko‘zlagan maqsad yangicha libosga o‘rab beriladi va shu tariqa Foniy Hofizga hamohang va hamovoz bo‘lib, ikki shoir tariqatdagi xos va alohida g‘oyani qo‘llab-quvvatladilar.

Eng muhimi shuki, Foniy Hofizga qilgan tatabbulari bilan o‘z davrida shuhrat qog‘ongan va ular orqali o‘zi mayl etgan naqshbandiylik tariqatiga so‘fiyona sukr odobini kirgizadi. Uni naqshbandiylikka moslashtirib, yangicha muomala tayin etadi. Aks holda sukr alomatini naqshband so‘fiylar yoqtirmas edilar va bu odob ularga begonadek ko‘rinadi.

Aytib o‘tganimizdek, Navoiyning ayrim o‘zbekcha g‘azallari Hofizga tavorud tushgan bo‘lsa-da, ammo ul zot bu yerda ham Xoja Hofiz tatabbusidan yuz o‘girmagan. Masalan, “Xazoniy ul- maoniy”ning ilk g‘azali Hofizning mazkur g‘azaliga tatabbu tushgandir.

Navoiyning “Devoni Foniy”dagi “alif” bobida Xoja Hofizga bog‘langan ikkinchi tatabbusi Hofizning mashhur g‘azali – “Agar on turki Sheroziy”gadir. Bu g‘azal Hofiz davri – XIV asrdan boshlab jahon bo‘ylab sayr etgan va sayyor g‘azallar sirasiga kiradi. Xususan, Sharq mamlakatlarida, jumladan, Markaziy Osiyo mintaqasida mazkur g‘azalni bilmagan, eshitmagan va yod olmagan kishi yo‘q. G‘azalning tatabbusi, tazmini va istiqboli esa undan-da oshib ketgan. XIV asrdan bugungi kungacha qariyb aksariyat Sharq shoirlari mazkur g‘azalga javob qaytargan, uning sadosi va ohangi ostida g‘azallar insho etgan. Abdurahmon Jomiy mazkur g‘azalni “mo‘jiza” deb bilib, uni taqlid va tatabbuga bo‘y bermaydigan, ya’ni barcha shoirlar tabiati va tafakkuridan ustun turadigan g‘azal deb hisoblaydi. Shunday bo‘lsa ham, uddalaymanmi-yo‘qmi deb mazkur g‘azalga bir nechta tazminu tatabbu bog‘langan edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgacha mazkur g‘azalga 300 shoir tatabbu bog‘langan va bu hodisa hamon davom etmoqda. Ana shu mashhur g‘azalga Foniy ham tatabbu bog‘langan. Hofiz aytadi:

Agar on turki sherozi ba dast orad dili moro,

Ba xoli hinduyash baxsham Samarqanu Buxororo.

Mazmuni: “Agar ul sherozlik turk bizning ko‘nglimizni olsa, hindu xoliga Buxoro va Samarqandni baxsh etaman”.

Foniy mazkur baytlarni g‘azal matlasiga bunday tatabbu qilgan:

Gar on turki xitoyi no‘sh sozad jomi sahboro,

Naxust orad so‘yi mo turktozi qatlu yag‘moro.

Mazmuni: “Agar ul xitoylik turk may jomini ichib yuborsa, birinchi navbatda biz tomonga turkcha qatlu g‘oratni olib keladi”.

Shu tariqa, bir-biriga mos tushgan bu g‘azallarning biri original va ikkinchisi uning tatabbusidir. Lekin tatabbu, bizningcha, originaldan qolishmagan. Hofiz g‘azalidan hofizona ulug‘vorlik va oliy martabalik maqomi sezilib turadi va u haqiqiy mo‘jizaga o‘xshab ketgan. Uning maqomi – baland, oshyoni – osmono‘par, husnu malohati – beqiyos, tabiati – maftunkor, san’ati – bemonand va g‘oyasi – betakror. Shu sifatlarni Foniy g‘azaliga ham tatbiq qilish mumkin, ammo uni tatabbu doirasida amalga oshirsa, nuran alo nur bo‘ladi, zero hazratning o‘zi bu muddaoni hisobga olib, g‘azalni tatabbu degan. U esa vazn, ohang, qofiya, mazmun, inchunin so‘zlarning ishlatilishi va iboralar tizimi jihatidan tatabbu qoidalariga muvofiq tushgan. Chunonchi ko‘ramiz: Hofiz g‘azalida sherozlik turk – mahbuba, hindcha xol – qora xol, lo‘lilar – ishvali sho‘x dilbarlar, yag‘mo – qatlu g‘orat, ya’ni mahbubaning jabru jafosi. Foniyda ham shu gap: xitoylik turk – mahbuba, sahbo – may, turktozi qatlu yag‘mo – g‘oratgarlik, ya’ni mahbubaning zulmsitami. Har ikkala g‘azalda ham go‘zal mahbubaning vafosi ko‘zda tutilgan va javr-jafo qilmasligi talab qilinadi. Shunda agar u – mahbuba yor ko‘nglini ovlashga intilsa, yor unga ulug‘ hadyalar bermoqchi bo‘ladi. Lekin Foniyga binoan agar yor mastlikka berilib, sitam qilmoqchi bo‘lsa, oshiq albatta barcha to‘siqni yengadi va mahbubaga erishadi. Hofizdagi sirli orifona mazmun Foniyda oshkora bayon etilgan va har ikki shoir ham g‘azallar orqali ko‘zlangan oshiqona mazmunni go‘zal bir tarzda ifoda etganlar.

Alif bobida aytilgan Foniyning uchinchi tatabbusi Hofizning shu bobdagi yana bir mashhur g‘azaliga bog‘langan va u keyingi baytlar bilan davom etadi:



Dil meravad zi dastam, sog‘ibdilon, Xudoro,

Dardo, ki rozi pinhon xohad shud oshkoro.

Kishtishikastagonem, ey bodi shurta, barxez,

Boshad, ki boz binem on yori oshnoro?

Mazmuni: “Dilim qo‘limdan ketayapti, ey dil egalari, Xudo haqqi (bilinglar), hayhotki, yashirincha sir (albatta bir vaqt kelib) oshkora bo‘ladi. Bizning kemamiz sinib, pora-pora bo‘lib ketdi, ey shamol, turaqol, shoyadki (sening yordaming ila) u oshna yorni ko‘rib qolsak edi?!”

Hofizning bu g‘azali yuqorida keltirilgan va tatabbu mavzusi bo‘lgan ikki g‘azalidan ham balandroq va jozibaliroq sado beradi va undagi mazmun hiyla muhim ahamiyatga ega bo‘lib, haligacha xalq hikmatlari kabi takrorlanib keladi. Bu g‘oya g‘azalning irfoniy va pandomuz xususiyatidan hosil bo‘lgan va unda oddiy xalqona pand-nasihat so‘fiyona axloq-odob bilan qorishib, tasavvufona teran mazmunni hayratomuz bir tarzda bayon etgan.

DEVONIY FONIY” XAQIDA MA’LUMOT

Qo‘ldan dilning ketishi – oshiq bo‘lish, sohibdillar, ya’ni dil egalari – so‘fiy murshidlar, yashirin sir – ishq savdosi, shikastlangan kema – jonsiz tana, bodi shurta, ya’ni muvofiqlashgan muloyim shamol – qiyomatda farishta Isrofil nayidan chiqadigan ovoz, yori oshno – ruh va jon manbai. Shu tariqa Xoja Hofiz aytadi: ey mushrid so‘fiylar, men oshiq bo‘ldim (Olloh ishqiga mubtaloman). Ammo so‘fiy zohidlar talabi bo‘yicha (diniy ta’limot bo‘yicha) oshiq bo‘lish – gunoh (man etiladi). Bu gunohni qancha yashirsam ham, u albatta oshkor bo‘ladi. Binobarin, ey sohibdillar – orif so‘fiylar, bilinglarki, men sizlarning saflaringizga qo‘shilganman va Olloh ishqini tanlab, orif bo‘lganman. Ikkinchi baytda ham orifona vahdat ul-vujud, ya’ni birlik g‘oyasi ifoda etilgan. Jism bilan jon qorishgan edi, jism vafot etib, jon o‘z manbaiga qaytdi. Endi qiyomatda jona yana qaytib, jism tiriladi(Puli Sirotga borib undan o‘tish uchun). Ana shunda inson yana o‘zi yori bilan uchrashadi. Jism jon bilan tirik, jon yana o‘z joyiga qaytib, uni o‘z ixtiyoriga oladi. Gunohsiz bo‘lsa, jannatga ravona etib, Olloh nuridan bahramand etadi. Ular bir manbani tashkil etadi va birlik hosil bo‘ladi.

Foniy tatabbusidagi birinchi baytlar qo‘yidagicha:



Gufti: “Baram dilatro”, jon ham fidot, yoro!

Go‘yam: “Dilat namonad”, dil xud kujost moro.

Dil raftu jon ham az pay dar vajhu mutribu may,

In har du lek be vay go‘: “Bazmi mo mayoro”.

Mazmuni: “Dilingni olib ketaman” deding, (mayli), jonim ham senga fido bo‘lsin. “Diling qolmasin” desam, mening dilim qayerda, (o‘zim) bilmayman. Sozanda va may uchun (ularning ortidan) dilu jonim ketib qoldilar, ammo ayt: mahbubasiz bu ikkitasining ham bazmimizda keragi yo‘q”.

Foniyning tatabbusida ham dilning ketishi va mayu mutribu may vositasi ifoda etiladi. Oshiq – shoir jonu dilini mahbubaga fido etadi, hamma narsani unutib, oshiq bo‘ladi, ammo qancha muhabbatu sozu navoga (mutribu mayga) intilsa, mahbubasiz bularni ahamiyati yo‘qoladi. Foniy g‘azalida ham vahdat ul-vujud g‘oyasi ifodalangan va bu orifona mazmun oriflik tariqatiga xos bo‘lib, Hofiz ko‘targan fikrlarning rivojidir. Shu tariqa, Foniy tatabbusi bu o‘rinda tavrona qolishga tushgan va Hofiz g‘azalining jilvalanishidan nurlangan; shu asosda u original, tubdan yangi g‘azal sifatida namoyon bo‘lgan.

Foniyning “alif” bobidagi Xoja Hofiz g‘azaliga bog‘langan to‘rtinchi tatabbusi quyidagicha:



Nasimi subh, bigo‘, on niholi ra’noro,

Ki bog‘i umr xazondida az tu shud moro.

Mazmuni: “Tong shabadasi, ul niholga o‘xshagan ra’no qizga aytki, bizning umr bog‘imiz sendan xazonrezgiga aylandi”.

Xoja Hofiz g‘azalining matlai quyidagicha:

Sabo, ba lutf bigo‘ on g‘izoli ra’noro,

Ki sar ba ko‘hu biyobon tu dodayn moro.

Mazmuni: “Ey tong shamoli, lutfu inoyat ila ul ohuga o‘xshagan ra’no qizga aytki, tog‘u cho‘lllarga bizni sen sarson-sargardon qilganing qilgan”.

G‘azallar tarkib, vazn, qofiya va umumiy ohangi bilan bir-biriga monand, vahonlanki, ularning biri ikkinchisining tatabbusidir. Nasim – sabo, nihol – g‘izol, ra’no – ra’no, umr bog‘ining xazon bo‘lishi – tog‘u cho‘llarga bosh olib ketish va boshqa iborayu tarkiblar ikki g‘azalning qolipini tashkil etib, ularni mazmun jihatidan bir-biriga yaqinlashtirgan. Shu shaklda g‘azallar mahbubaning jabr-sitami va oshiqning nolayu afg‘oniyu latofatli tuyg‘ularini ifodalagan. Ishqiy kechinma samimiy va osuda taassurot bilan sug‘orilgan.

“Devoni Foniy” tarkibidagi g‘azallarning sakson foizi mashhur g‘azalnavis fors-tojik shoiri “ Xoja Hofizga tatabbu shaklida dunyoga kelgan. Ularning orasida javobiya, istiqboliya, tazmin, tavriya va rangomuz g‘azallar ham mavjud. Biz ular orasida devonning faqat “alif” bobidagi to‘rt tatabbusi bilan tanishdik. Ko‘ramizki, Foniy Xoja Hofizni g‘azal bo‘stonida eng buyuk va betakror shoir deb bilib, uning g‘azallarini boshqalardan ustun ko‘rgan; Foniyning tab’iga o‘sha g‘azallar manzur tushgan, xususan, ularda bayon etilgan mazmunlar, obrazlar, ifodalar va irfoniy g‘oyalar Foniyga ma’qul bo‘lgan va shu sababli ular ohangida g‘azal yaratishga intilgan. Xoja Hofiz g‘azallari qancha shuhrat qozongan bo‘lsa, ularga bog‘langan Foniy tatabbulari ham shuncha mashhur bo‘lib, ular fors-tojik va o‘zbek adabiyoti tarixida kuchli, baquvvat va originalga o‘xshagan tatabbu maktabining rivojlanishiga muhim omil sifatida xizmat qilgan. Foniy tatabbulari hofizona originaldan qolishmaydi va ular qatorida originallik xususiyat kasb etgan. Hofiz g‘azallarining betakror ohorli g‘oyalari asrlar osha qancha davom etib, muxlislarni maftun qilib kelayotgan bo‘lsa, Foniy tatabbulari orqali bu jarayon yanada qanot qoqib, hofizona mazmunlarning yoyilishi va parvoziga kuch-quvvat baxshida etgan.

Xulosa qilib aytish mumkinki, Navoiy-Foniyning forsiy tilda yaratilgan g’azallari o’zining tuzilishi, mazmun-mohiyati jihatidan,g’oyaviy-badiiy tarafidan hamda obrazlar tizimi tomonidan fors adabiyotidagi g’azallarning eng yaxshi namunalarini tashkil etadi. Navoiy-Foniyning forsiy tildagi g’azallari fors adabiyotidagi mavjud an’analar asosida yaratilib, bu adabiyotda g’azalnavislik sohasida o’ziga xos yangi bir bosqichni boshlab berdi, deyishga asoslar bor.


Yüklə 135,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin