Energiya tejamkorligining xususiy asoslari
Reja:
Kutilayotgan islohot bizga nima beradi?
Asosiy xavf omillari
Yechimlar va salbiy oqibatlarni kamaytirish chora-tadbirlari
Adabiyotlar
Avvalo, bugungi kundagi elektr energiyasi tariflari to‘g‘risida. O‘zbekiston jahonda elektr energiyasini iste'molchiga yetkazib berish narxlari arzon (2,9 sent) mamlakatlar qatoriga kiradi (qiyoslash uchun, Germaniyada 33 sent, Yaponiyada 22 sent, Xitoyda 8 sent atrofida). Ammo uzoq muddat sun'iy ravishda energiya resurslarining nisbatan arzon tariflarini saqlab turish soha rivoji uchun ko‘plab zararli oqibatlarni keltirib chiqaradi. Energiya ishlab chiqaruvchilari tizimli ravishda moliyaviy ziyon ko‘rib ishlaydi, mamlakatda energiya sarfi asossiz ravishda oshib boradi, subsidiyalar hisobiga davlat budjetida teshik yuzaga keladi hamda energetika tarmog‘ini texnologik yangilash va modernizatsiya qilish juda qimmatga tushadi va deyarli imkonsiz vazifaga aylanib qoladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev senatning 20-yalpi majlisida qilgan ma'ruzasida elektr energiyasi narxlarini liberallashtirish zaruriyati to‘g‘risida to‘xtalib o‘tgan edi.
Elektr energiya narxini liberallashtirish uning narxini davlat ishtirokisiz, erkin bozor munosabatlari asosida shakllanishini bildiradi. Ya'ni mahsulot ishlab chiqaruvchi va yetkazib beruvchi korxonalar, avvalo o‘zining sarf-xarajatlari va bozordagi talab asosida narx belgilaydi. To‘g‘ri, bu boshidanoq talab-taklifning mukammal munosabatlari aks etgan mutlaq erkin bozor bo‘ladimi-yo‘qmi, bilmaymiz.Chunki ma'lum muddat davomida barcha energiya ishlab chiqaruvchilarni birdek qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘zaro muvofiqlashtirilgan tariflar o‘rnatilishi mumkin. Lekin maqsad faqat narxni oshirish bo‘lib qolmasligi va sohada sof raqobatga asoslangan erkin bozor munosabatlarini shakllantirish lozim.
Kutilayotgan islohot bizga nima beradi?
1. Sohaga chet el investitsiyalarini faol jalb qilish
Elektr energetika sanoatining o‘ziga xosliklaridan biri shuki, u yirik hajmli kapital xarajatlarni (CAPEX) talab etadi. O‘zbekistonda elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi korxonalar mahsulotini davlat tomonidan jilovlangan narxlarda sotishi oqibatida zarar ko‘rib ishlaydi. Tabiiyki, hech qaysi investor o‘z mablag‘ini bunday moliyaviy zarar keltiruvchi, istiqbolsiz loyihalarga tikmaydi. Shuningdek, Xalqaro valuta fondi yoki jahon Banki kabi yirik xalqaro moliya tashkilotlari ham kreditlar ajratish uchun davlat rahbariyatidan muvozanatli budjet shakllantirishni talab qiladi. Tizimli ravishda davlat subsidiyalari asosida faoliyat yurituvchi sektorlar mavjudligi aksariyat hollarda mamlakat nomutanosib budjetga egaligini ko‘rsatadi.
2. Elektr energiya bozorida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish
Narxlarning erkinlashtirilishi elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi korxonalarni iste'molchi uchun kurashishga, bozorda o‘z o‘rnini egallashga, ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish orqali iste'molchiga yetkazib berilayotgan mahsulot narxini yanada tushirishga undaydi. Bozorda ko‘mir, tabiiy gaz, gidroenergiya, shamol va boshqa turdagi birlamchi energiya manbalaridan foydalanuvchi turli elektr stansiyalari orasida ham raqobat yuzaga keladi. Bu tarmoqda strukturaviy optimallashuvga olib keladi. Past samarali manbalar raqobatga dosh bera olmay asta-sekinlik bilan bozorni tark etadi.
3. Sohani modernizatsiya qilish va energiya ishlab chiqarishda zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash
Bozorda shakllangan raqobat muhiti tarmoqqa yangi texnologiyalarni jadal olib kirishga ham turtki beradi. Korxonalar modernizatsiya va qayta jihozlash orqali texnologik jarayonlar samaradorligini doimiy oshirishga intiladi.
4. Qayta tiklanuvchi energiya manbalari rivojlanishi uchun sharoit yaratish
Bugun qayta tiklanuvchi energiyaga asoslangan texnologiyalar yuqori sur'atlar bilan rivojlanib bormoqda. Business Insider ma'lumotiga ko‘ra, so‘nggi tadqiqotlar 2020 yildan boshlab quyosh panellari va shamol generatorlari asosida elektr energiyasi ishlab chiqarish uglevodorod xomashyolaridan foydalanadigan an'anaviy texnologiyalardan arzonroqqa tusha boshlashini ko‘rsatmoqda. 2017 yilda Buyuk Britaniya tarixida ilk marotaba zamonaviy shamol turbinasidan ko‘mir yoqishga asoslangan IESlardagidan ko‘ra ikki baravar ko‘proq elektr energiyasi ishlab chiqarildi. So‘nggi bir necha yil mobaynida AQShda barpo etilayotgan elektr energiya ishlab chiqarish manbalarining 95%i qayta tiklanuvchi energiyaga asoslangan texnologiyalar ulushiga to‘g‘ri kelmoqda.
O‘zbekistonda quyosh va shamol asosida elektr energiyasi ishlab chiqarish salohiyati yuqori ekani to‘g‘risida ko‘p aytilgan, aniq hisob-kitoblar ham mavjud. Lekin ushbu yo‘nalishlarni rivojlantirish uchun ham elektr energiyasi bozorini erkinlashtirish zarur. Qayta tiklanuvchi energiya manbalariga asoslangan korxonalar an'anaviy ishlab chiqaruvchilar bilan raqobat qila olishi uchun erkin narxlar bozori zarur.
5. Energiya tejamkorligini oshirish va iqtisodiyotning energiyaga «bo‘kkanlik» (energy intensity) darajasini kamaytirish
O‘zbekiston jahonda iqtisodiyoti eng energiyaga «bo‘kkan» mamlakatlar qatoriga kiradi. Jahon bankining 2015 yilga oid ma'lumotlariga ko‘ra, mamlakatimizda 1 AQSh dollarilik mahsulot ishlab chiqarish yoki shu qiymatga baholanadigan xizmat ko‘rsatish uchun 9,99 MJ (megajoul) energiya sarf etiladi. Bu ko‘rsatkich qo‘shni Qozog‘istonda 7,9 MJ, Xitoyda 6,69 MJ, Yaponiyada 3,74 MJ, Ozarboyjonda 3,73 MJ, Germaniyada 3,60 MJ, Hongkongda 1,4 MJni tashkil qiladi. Kamroq energiya sarfi evaziga ko‘proq qiymat yaratish uchun ishlab chiqarish quvvatlari tejamkor texnologiyalarga o‘tkazilishi zarur. Buning uchun ham tarmoqda to‘laqonli raqobat muhitini shakllantirish lozim.
6. Elektr energiya ta'minotining uzluksizligi va to‘la qamroviga erishish
Elektr energiya bozorida erkin narx shakllanishi, tabiiyki, taklif o‘sishiga olib keladi. Elektr energiya ishlab chiqaruvchi va yetkazib beruvchi korxonalar iste'molchilar talabini qondirish uchun yangi quvvatlarni ishga tushiradi, raqobatbardosh narxlarda energiya importini yo‘lga qo‘yishadi. Bu jarayonlar mamlakatda energiya tanqisligi muammosi yechimiga yo‘l ochadi.
Ammo bugungi kunga kelib ayrim holatlar borki, ular o‘tkazilishi kutilayotgan islohot yuzasidan ko‘pchilikda hadik va tushunmovchiliklarni keltirib chiqarishi mumkin:
1. Eng avvalo, ishlab chiqaruvchi tashkilotlar kesimida elektr energiyasining bugungi kundagi tannarxi (yoki tarmoqdagi o‘rtacha tannarx) to‘g‘risida rasmiy ma'lumotning ochiq manbalarda mavjud emasligi. Bu ma'lumot elektr energiyasi narxidagi kutilayotgan o‘sish hajmi va sur'ati to‘g‘risida ma'lum tasavvurga ega bo‘lish imkonini bergan bo‘lardi. Shuningdek, quyidagi savollar yuzasidan ham rasmiy ma'lumot berilsa maqsadga muvofiq bo‘lardi:
- 2020 yil 1 yanvardan e'tiboran iqtisodiy asoslangan, erkin tariflashga to‘liq o‘tiladimi? Yoki bu bosqichma-bosqich amalga oshiriladimi? Vazirlar Mahkamasining yuqorida zikr etilgan qarori mazmunidan kelib chiqilsa, har ikki holat ham bo‘lishi mumkin. Xususan, 1-ilova ya'ni «2030 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasi elektr energetika tarmog‘idagi tarif siyosatining asosiy yo‘nalishlari»ning 2-bandida «ilg‘or xalqaro amaliyot hisobga olingan holda, 2023 yilgacha tariflarni shakllantirish metodikasiga bosqichma-bosqich o‘tish» tarif siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida qayd etilgan. Ammo xuddi shu bandda «o‘tish davrida elektr energetika tarmog‘i tashkilotlarining operatsion va kapital xarajatlari, zarur sof foydasini to‘liq qoplashni ta'minlashga qaratilgan elektr energiyasi uchun narxni shakllantirish prinsiplarini belgilash» ham ushbu tarif siyosatining yo‘nalishi sifatida ko‘rsatib o‘tilgan. Bu va hujjatda aks etgan yana ko‘plab bayonotlar 2020–2023 yillarda elektr energiyasi tarifidagi o‘sish qanday bo‘lishiga oydinlik kiritilishini talab qiladi.
- Aholi uchun erkinlashtirilgan narxlar sharoitida elektr energiyasi oila yillik (yoki oylik) xarajatlarining necha foizini tashkil qilishi kutilmoqda? Ushbu ko‘rsatkich qator rivojlangan davlatlarda aholi farovonligi darajasini bildiruvchi muhim omillardan biri sifatida doimo nazorat qilib boriladi (tegishli davlat idoralari tomonidan haligacha «iste'mol savati» yoki «yashash minimumi»ni hisob-kitob va monitoring qilishning huquqiy asoslari yaratilmagani masalani murakkablashtiradi).
- Turli hududlarda yashovchi iste'molchilar uchun yetkazib beriladigan elektr energiyasi hududda elektr ishlab chiqaruvchi korxona bor yoki yo‘qligi, transmission tarmoqlar uzunligi, xomashyo turi (ko‘mir, gaz, gidro va h.k.), xomashyo uchun transport xarajatlari turlicha ekani kabilardan kelib chiqib turlicha tannarxga ega. Bu endilikda respublika hududida turli tariflar amal qiladi, deganimi?
- Yangi tizimda tariflash uchun iste'molchilar toifalari qanday asoslarda belgilanadi?
- Islohot aholi va boshqa manfaatdor tomonlar uchun qanchalik shaffof holda o‘tkaziladi? Amalga oshirilayotgan ishlar, ularning natijalari va kelgusida kutilayotgan keyingi qadamlar to‘g‘risida ma'lumot berib boriladimi?
- Hukumat bu masala bo‘yicha o‘z oldiga qo‘ygan vazifalarda nechog‘li sobit? (joriy yilning 1 iyunidan elektr energiya va tabiiy gaz tariflarini oshirish bo‘yicha qabul qilingan qaror bekor qilingani hammaga ma'lum)
2. Bizga ma'lum ayrim ma'lumotlar elektr energiyasi bozori liberalizatsiyasi natijasida narx o‘sish darajasi yuqori bo‘lishi to‘g‘risida signal beradi, xususan:
- Bugungi kunda ekspluatatsiya qilinayotgan aksariyat ishlab chiqarish quvvatlari moddiy va ma'naviy eskirgan (30-50 yil).
- IESlarda asosan past samaradorlikka ega texnologiyalar ishlatiladi (bug‘ trubinalari o‘rtacha samaradorligi 33%, ma'lumot uchun, jahon amaliyotida ishlatilayotgan jamlangan (combined) sikl samaradorligi 55% atrofida)
- elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlarining deyarli 70%i mamlakat shimolida, tarmoq uchun asosiy yoqilg‘i hisoblangan gaz ishlab chiqarish manbalarining aksariyati esa janubiy hududlarda joylashgan.
- elektr energiyasi ishlab chiqarishda birlamchi energiya manbasi sifatida asosan tabiiy gazdan foydalaniladi (65%dan yuqori). Tabiiy gaz asosida elektr energiyasi ishlab chiqarish esa nisbatan qimmat hisoblanadi (misol uchun, gidro yoki shamol elektrostansiyalariga nisbatan)
- elektr energiyasini uzatish va tarqatish tizimlaridagi yo‘qotish ko‘rsatkichlari yuqori (rasmiy manbalarda 15-20% atrofida ko‘rsatiladi)
Ushbu sanab o‘tilgan holatlar mamlakatimizda elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish va tarqatish bilan bog‘liq xarajatlar yuqori ekanini bildiradi. Butunlay liberallashtirilgan bozorda esa ushbu xarajatlar to‘laligicha iste'molchi gardaniga tushadi, albatta.
Asosiy xavf omillari
Elektr energiyasi mamlakat iqtisodiyotida beqiyos ahamiyatga ega, chunki u iqtisodiy resurs sifatida katta va kichik korxonalar uchun muhim ishlab chiqarish omili hisoblanadi (Elektr energiyasining mamlakat iqtisodiyoti uchun ahamiyati to‘g‘risida avvalgi maqoladato‘xtalganmiz). Tabiiyki, uning bozor narxiga ta'sir o‘tkazuvchi har qanday islohot tarqaluvchan oqibatlarga (spillover effect) egadir, ya'ni bir qarashda o‘zaro bog‘liq bo‘lmagan tarmoq va sohalarda ham keng ko‘lamli ta'sirga ega bo‘lishi mumkin.
Xo‘sh, kutilayotgan islohot qanday salbiy oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin? Quyida nazariy jihatdan kelib chiqishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy ko‘ngilsiz oqibatlar keltiriladi. Ammo islohotning qanchalik agressiv, mo‘'tadil yoki yumshoq o‘tkazilishi, makroiqtisodiy tahlil va yechimlar qanchalik puxta tayyorlanganligidan kelib chiqib ushbu holatlarni minimallashtirish imkoni mavjud.
Ko‘p jihatdan hukumat tomonidan bu borada empirik tahlillarga asoslangan (shuningdek, islohotni amalga oshirish davrida inflatsiya darajasi, ishsizlik, iqtisodiy o‘sish sur'atlari kabi makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarni prognozlash va nazorat qilishni nazarda tutuvchi) aniq dastur ishlab chiqilishi va ushbu dasturni izchil amalga oshirilishi juda muhim.
Demak, nazariy jihatdan mavjud salbiy oqibatlar:
1. Iste'mol tovarlari bozorlarida narx-navo ko‘tarilishi
Qaysi mahsulot yoki xizmatlar tannarxida elektr energiya ulushi qanchalik katta bo‘lsa, o‘tkazilishi kutilayotgan islohot natijasida shu turdagi mahsulot yoki xizmat bozorida narx-navo ko‘tarilishi va beqarorligi shunchalik muqarrar. Vaholanki, iste'mol tovarlari va xizmatlarning katta qismi elektr energiyasining bevosita ishtirokida yaratiladi.
Buning ustiga, u yoki bu mahsulot tannarxidagi o‘sish faqat uni ishlab chiqaruvchi korxonadagi texnologik yoki biznes jarayonlarda elektr energiyasi ulushi bilan bog‘liq ravishda yuz bermaydi. Shu mahsulot ishlab chiqarilishi va iste'molchiga yetkazib berilish jarayonida ishtirok etuvchi barcha korxonalar o‘z mahsulotidagi elektr energiyasi ulushidan kelib chiqib,uning narxini oshirishga majbur bo‘ladi.
Misol uchun, siz velosiped ishlab chiqaruvchi korxona rahbarisiz. Sizning mahsulotingiz tannarxida elektroenergiya ulushi, aytaylik, 20%. Bu tannarxdagi o‘sish faqat o‘sha 20 foizlik qismda yuz beradi, degani emas. Chunki sizning mahsulotingizga xomashyo va komponentlar, ya'ni velosiped uchun ehtiyot qismlar, bo‘yoq, metall list, payvandlash ashyolari kabilarni yetkazib beruvchi korxonalar hamda sizga ularni eltib berishga ixtisoslashgan transport xizmati ko‘rsatuvchi korxonada ham, birida ko‘proq, birida kamroq elektr energiyasi ulushi bor.
Tabiiyki, ushbu korxonalardagi elektr energiyasi bilan bog‘liq narx o‘sishi sizning mahsulotingiz xomashyosi qiymatiga ham yig‘ilgan holda, kumulyativ ta'sir o‘tkazadi.
Natijada, siz iste'molchiga taqdim etadigan tayyor mahsulot ham tannarxdagi o‘sish hisobiga birmuncha qimmatlab ketadi. Mahsulot tannarxi oshibgina qolmasdan, u strukturaviy o‘zgarishga ham duchor bo‘ladi. Endi unda elektroenergiya ulushi avvalgidan ko‘proqni tashkil qiladi.
2. Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar tannarxi oshishi hisobidan mahalliy ishlab chiqaruvchilarning tashqi bozorda raqobatbardoshligi pasayishi
Elektr energiyasi narxidagi sezilarli o‘sish eksportchi korxonalarning tashqi bozorlardagi imkoniyatini tushirib yuboradi. O‘zbekiston eksportida nisbatan ulushdor sohalar bo‘lgan tekstil, xizmatlar, energotashuvchilar va neft mahsulotlari elektr energiyasi ta'minotiga bevosita bog‘liq tarmoqlar hisoblanadi. Aslida, mahsulot narxidagi kichik o‘sish ham beshafqat raqobat muhiti hukmron bo‘lgan tashqi bozorlarda mahalliy korxonalarimizning o‘z pozitsiyalarini boy berishiga olib kelgan bo‘lardi.
Mamlakatimiz eksportida xizmatlar ulushiga nazar tashlasak, ushbu islohot mamlakatimizning ertangi kun iqtisodiyotida salmoqli ahamiyatga ega bo‘lishi kutilayotgan, o‘sib borayotgan turizm tarmog‘iga ham o‘z salbiy ta'sirini o‘tkazmay qolmasligini ko‘ramiz. Chunki ushbu tarmoq vakili bo‘lgan mehmonxona xizmatlari ham, turizm tarmog‘iga xizmat ko‘rsatuvchi transport xizmatlari sohasi ham elektr energiyasi narxlariga nisbatan ta'sirchan sohalar hisoblanadi.
Eksport hajmlarining kamayishi tashqi savdo balansining buzilishi hamda mamlakatimizga kirib keluvchi valuta oqimining ham kamayib ketishiga sabab bo‘lishini alohida ta'kidlash joiz.
3. Daromadlari va to‘lov qobiliyati pastligi sabab aholining ijtimoiy himoyalanmagan qatlamlarining moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelishi
Yuqorida ta'kidlangan iste'mol tovarlari bozorlarida narx-navoning ko‘tarilishi hamda elektr energiyasi to‘lovlarining sezilarli oshishi aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarida moliyaviy qiyinchiliklarni yuzaga keltirmay qolmaydi, albatta.
4. Ichki bozor iste'molchilarining to‘lov qobiliyati pasayishi natijasida ayrim tovar va xizmat bozorlarida tanglik yuzaga kelishi
Narx-navo ko‘tarilishi iste'molchilarning deyarli barcha qatlamlari xarid qobiliyatiga salbiy ta'sir o‘tkazadi. Bunday vaziyatda eng avvalo narx o‘zgarishlariga yuqori sezuvchan talabga ega mahsulot va xizmatlar savdosi kamayadi. Misol uchun, iste'molchilar hashamat kategoriyasiga oid bo‘lgan mahsulot va xizmatlardan deyarli butunlay voz kechadi (qimmat avtolar, chet el sayohatlari va h.k.) Shuningdek, arzonroq «o‘rinbosar sherik»ka ega mahsulotlar ham xarid ro‘yxatlaridan tushib qola boshlaydi. Aytaylik, aksariyat odamlar mol yoki qo‘y go‘shti o‘rniga arzonroq muqobil, ya'ni tovuq go‘shti va tuxum iste'mol qilishni boshlaydi. Tabiiyki, kamroq talabga ega bo‘la boshlagan mahsulotlar va xizmatlarni yetkazib beruvchi korxonalar birin-ketin kasodga uchray boshlaydi.
5. Mahalliy ishlab chiqaruvchilar va xizmat ko‘rsatuvchilar kasodga uchrashi natijasida ish o‘rinlarining kamayib ketishi
Ha, bu ham ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlar qatorida so‘nggi manzil emas. Qisqa muddat ichida elektr energiyasi narxini mutlaq liberallashtirishni rejalashtirgan bo‘lsangiz, ishsizlik sur'atining keskin oshishiga ham tayyor turing. Ko‘p sonli tadbirkorlik sub'yektlarining kasodga uchrashi jamiyat minglab ish o‘rinlaridan mosuvo bo‘ldi, degani.
6. Tanganing orqa tarafi: investitsiyalar oqimi kamayishi
To‘g‘ri, elektr energiyasi bozori erkinlashtirilsa, sanoatning ushbu tarmog‘iga investitsiyalar hajmi oshadi, ammo shu bilan birgalikda ko‘plab boshqa biznes tarmoqlariga investitsiya kiritish qiyinlashib qoladi. Chunki yuqorida qayd etilganidek, mahsulot tannarxi oshadi, ichki bozor sustlashadi, xomashyo manbalari kamayadi va tashqi bozorda qiyosiy ustunlik, raqobatbardoshlik pasayadi.
Butunlay erkinlashtirilgan elektr energiya narxlari sharoitida yuqorida sanab o‘tilgan oqibatlar ro‘y berishi ehtimoli yuqori hisoblanadi. Gap ularning miqyosi va davomiyligida. Islohot qanchalik tez sur'atlarda, «shok terapiyasi» usulida, kompensatsion chora-tadbirlarsiz amalga oshirilsa, bu oqibatlarning yuzaga kelish ehtimoli shunchalik yuqori.
Yuqoridagilarning oldini olish bo‘yicha rejalashtirilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida tegishli hukumat idoralari tomonidan batafsil rasmiy ma'lumot berilsa maqsadga muvofiq bo‘lar va aholi, tadbirkorlar hamda investorlarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tushunmovchilik va asossiz hadiklar oldi olingan bo‘lardi.
Yechimlar va salbiy oqibatlarni kamaytirish chora-tadbirlari
Voqealarning yuqorida keltirib o‘tilgan yo‘sindagi rivoji biz uchun eng ko‘ngilsiz ssenariy, albatta. Ishonamanki, puxta o‘ylangan, oqilona makroiqtisodiy siyosat, aniq reja asosida va nazorat ostida olib borilgan islohot ushbu jarayondan imkon qadar yo‘qotish va talofatlarsiz o‘tib olishimiz garovidir.
Hukumat idoralari tomonidan ishlab chiqil(adi)gan elektr energiyasini liberalizatsiya qilish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi doirasida amalga oshiriladigan boshqa amaliyotlar bilan uyg‘unligini inobatga olgan holda, jahon tajribasida mavjud quyidagi yechimlarni qo‘llash maqsadga muvofiqligini ko‘rib chiqish zarur:
(ularning ayrimlari tasdiqlangan hukumat qarorida ham ta'kidlab o‘tilgan,bu yerda ularni amalga oshirishda aynan qaysi jihatlarga alohida e'tibor qaratish bo‘yicha ham mulohaza yuritilmoqda)
1. Tafovutli (differential) elektr energiya tariflash tizimini joriy qilish
Sutkaning iste'mol hajmlari yuqori bo‘lgan vaqti uchun baland, nisbatan past bo‘ladigan qismi uchun pasaytirilgan narxlar joriy qilish. Bu o‘zgarish sutka davomida nisbatan muvozanatlashgan iste'mol ko‘rsatkichlariga olib kelgan bo‘lardi. Bundan ko‘zlangan maqsad elektr energiyasi iste'moli kamaygan paytida IESlar samaradorligi tushishi va yuqori iste'mol hajmlari paytida esa ishlab chiqarish uskunalari va uzatish infratuzilmalari zo‘riqish bilan ishlashiga barham berishdir.
Bu o‘z navbatida texnologik jarayonlar samaradorligi oshishi, xarajatlar kamayishi, natijada iste'molchiga yetkazib berilayotgan elektr energiyasi narxining tushishiga olib keladi.
2. Har bir xo‘jalik uchun bazaviy iste'mol hajmlaridan oshiqcha miqdor uchun o‘sib boruvchi koeffitsiyentda narxlash tizimi
Bunday mexanizm ijtimoiy adolatni ta'minlash va energiya sarfini optimallashtirishga qaratilgan yana bir chora sifatida baholanadi. Bu amaliyot Toshkent shahri Yunusobod tumanida sinov tariqasida joriy qilinayotganidan xabarimiz bor. Ammo tajriba energiya sarfi ko‘rsatkichlariga qanday amaliy ta'sir ko‘rsatgani to‘g‘risida hali rasmiy ma'lumot berilgani yo‘q.
Ushbu tartibni ishlab chiqishda faqat bazaviy norma va undan oshgan hajm uchun farqlanuvchi narx emas, balki sarf bilan proporsional ravishda muttasil oshib boruvchi narx koeffitsiyentlarini joriy qilish energiya sarfi va moliyaviy xarajatlarni yanada optimallashtirishga yordam beradi.
3. Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari uchun aniq manzilli subsidiyalar joriy qilish
Aniq manzilli subsidiyalar joriy qilinishi Vazirlar Mahkamasi qarorida ham ta'kidlangan. Ammo ushbu moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmini joriy etishda ayrim e'tiborga molik jihatlar mavjud. Xususan, subsidiyalarni suiiste'mol qilish va ulardan foydalanishda ehtimoliy korrupsiyaning oldini oladigan, iste'molchining to‘lov qobiliyatini obektiv baholaydigan shaffof tizim ishlab chiqish lozim.
4. Aholining keng qatlamlarini va mahalliy tadbirkorlarni zamonaviy moliyalashtirish mexanizmlarini joriy qilish orqali energetik ta'minot bo‘yicha loyihalarga jalb etish
Yaqinda Markaziy bank aholi o‘rtasida valuta jamg‘armalari to‘g‘risida o‘tkazgan anonim so‘rovi natijalarini e'lon qildi. Unga ko‘ra, fuqarolarda mavjud jami chet el valutasidagi jamg‘armalar 10,2 mlrd. AQSh dollarini tashkil qiladi. O‘tkazilgan so‘rovnoma ko‘lamini va mamlakatda faoliyat yurituvchi tijorat banklari tomonidan taklif etilayotgan jamg‘arma va pul qo‘yilmalari aholida mavjud mablag‘larni turli sabablarga ko‘ra (qaytarilish kafolati, foiz stavkalari va hokazo) samarali jalb qila olmayotganini inobatga olsak, bu qiymat yanada ko‘proq bo‘lishi mumkin.
Moliya vazirligi, Markaziy bank, Investitsiya va tashqi savdo vazirligi va boshqa aloqador davlat idoralari tomonidan ushbu aholi jamg‘armalarini sanoatning turli tarmoqlarida, xususan energetika sanoatida amalga oshirilayotgan loyihalarga o‘zaro manfaatli shartlarda jalb qilishning qonuniy asoslari va ishchan mexanizmlarini yaratish ustida bosh qotirishi lozim. Bu yangi korxonalar, yangi ishlab chiqarish quvvatlari va yangi ish joylari, degani. Jahon tajribasida bu turdagi investitsion resurslarni samarali jalb qilish bo‘yicha sinalgan, allaqachon yaxshi natija berayotgan konseptual yechimlar mavjud. Ular orasida kraudfanding, davlat-xususiy sektor hamkorligi (PPP), ijtimoiy obligatsiyalar (social impact bonds) mamlakatimiz uchun istiqbolli yo‘nalishlar, deb hisoblayman. (Energetika sohasida mikromoliyalashtirish instrumentlari to‘g‘risida keyingi maqolalarimizda batafsil to‘xtalamiz)
5.Bosqichma-bosqich, ehtiyotkor liberalizatsiya
Yuqorida ta'kidlanganidek, elektr energiyasi mamlakat iqtisodiyoti va aholi farovonligi uchun g‘oyat ahamiyatlidir. Shu sabab jahon tajribasida ham bu sohaga oid siyosatni amalga oshirishda ehtiyotkor va puxta o‘ylangan qarorlar qabul qilib kelingan. Hattoki XIX asrdan buyon sanoat kapitalizmi va bozor iqtisodiyoti asosida taraqqiy topib kelayotgan Yevropa mamlkatlari ham bor-yo‘g‘i asrimiz bo‘sag‘asiga kelibgina (1990-yillar va 2000-yillar boshi) ushbu sohani liberallashtirishga jur'at qilishdi.
Shu sabab ham amalga oshiriladigan islohotning tadbirkorlik faoliyati va mamlakat makroiqtisodiy ko‘rsatkichlariga ta'sirini maksimal darajada aniq prognozlashtirish va islohot davrida sinchkovlik bilan kuzatib borish lozim. Aks holda, noxush iqtisodiy oqibatlar uzoq yillarga cho‘zilishi mumkin.