Esse Usmoniylar davlati Usmonli imperiyasi, Usmonlilar davlati (Yevropada Ottoman imperiyasi deb atalgan) — Kichik Osiyo, Sharqiy Yevropa, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika, qisman Kavkaz va Qrimda usmonlilar sulolasi boshqargan davlat (1299-1922). Usmonli imperiyasiga Usmon I asos solgan.
Bu davlat dastlab Kichik Osiyoning Shimoliygʻarbiy qismi Eski shahar va Anatoliya hududida saljuqiylarning Koʻniya sultonligiga tobe kichik bir beklik (beylik) shaklida tashkil topgan. Bu beklikning ilk hukmdori Ertoʻgʻrul boʻlsa ham, uning oʻgʻli — Usmonbey davrida beklik mustaqil davlatga aylanganligi uchun uning nomi bilan Usmonli bekligi deb atalgan. Keyinchalik bu davlat Usmonli imperiyasi nomini olib, oʻrta asrlarda jahonning eng qudratli davlatlaridan biriga aylandi. Usmon I va uning oʻgʻli Urxon bek (bey) unvonini qabul qilgan boʻlsa, Urxonning oʻgʻli Murod I davridan boshlab hukmdorlar sulton deb atalgan.
Usmon Gʻoziy davridayoq qoʻshni Vizantiya imperiyasiga qarshi bir qancha harbiy yurishlar qilinib, Qoracha Hisor va Yor Hisor qalʼalari, Bursaning atroflari egallangan.
Uning oʻgʻli Urxon Gʻoziy Vizantiyaning Bursa, Nikeya, Nikomediya shaharlarini istilo qilib, XIV asrning oʻrtalaridayoq Qora dengiz va Marmar dengizi sohillariga chiqqan. Bu davrda usmonli turklar (ular oʻgʻuz turklarining qay urugʻiga mansub boʻlgan) Dardanell boʻgʻozidan oʻtib, Yevropa hududiga kirishgan. 1356-yilda Bolqonni zabt etish tugallanib, Yevropa hududida yangi Rum eli (Rumeliya) viloyati taʼsis etilgan. Aynan shu paytdan Usmonlilar davlatini saltanatga aylanish jarayoni boshlangan. 1360-yil yanicharlar (turkcha: yangi cherik) — maxsus piyoda qoʻshin tashkil qilingan.
Davlatning dastlabki poytaxti Melangiya, 1326— 1362-yillarda Bursa boʻlgan. Sulton Murod I, 1362-yilda poytaxtni Bursadan Edirna (Adrianopol)ga koʻchirgan. Uning hukmronlik davrida Yevropada yangi hududlar zabt etilgan. Kosovo maydonida boʻlgan jang (1389)da serblar maglubiyatga uchragach, Serbiya Usmonli imperiyasiga qoʻshib olindi. Sulton Boyazid I Yildirim Bolgariyaning poytaxti Tirnovo (1393)ni egallab, Nikopol ostonalarida salibchi ritsarlarning birlashgan 60.000 kishilik qoʻshinini maglubiyatga uchratdi (1396) va Vizantiyaning poytaxti Konstantinopolni qamal qilishga kirishdi. U Bolgariya, Valaxiya, Makedoniya, Fessaliyani oʻz davlati tarkibiga kiritdi. Biroq, 1402-yilda boʻlgan Anqara jangi Amir Temur qoʻshinidan Usmonli imperiyasi ning maglubiyatga uchrashi Vizantiya imperiyasini mukarrar halokatdan saqlab qoldi. Sulton Mahmud I va Murod II hukmronliklari davrida qoʻldan ketgan hududlar qaytarib olingan. Adolatli va insofli hukmdor sifatida nom chiqargan Murod II Gʻoziy 1422-yil Konstantinopolga hujum qiladi. Varna yaqini (1444-yil 10-noyabr) va Kosovo maydoni (1448-yil 17— 19-dekabr)da chex-mojarlar qoʻshinini magʻlubiyatga uchratib, 1448—50-yillarda Albaniya ustiga 2 marta yurish qilgan.
Murod II ning oʻgʻli Mahmud II Fotih turk qoʻshinlariga shaxsan oʻzi qoʻmondonlik qilib, jahongirlik siyosatini olib borgan. U Sharqiy Rim imperiyasi — Vizantiyaning poytaxti Konstantinopolni 53 kunlik qamaldan soʻng egallab (1453-yil 29-may), Vizantiya imperiyasini tugatgan. Konstantinopol turkcha Istanbul nomi bilan atalib, poytaxt bu yerga kuchirilgan. Bu gʻalabadan sung Mahmud II Fotih Bolqon va Markaziy Yevropa mamlakatlarini zabt etishga kirishgan. Serbiya (1459), Moraviya (1460), Bosniya (1463), Valaxiya (1476), Albaniya (1479) Trapezund — Trabzon (1461) egallangan. Qrim xonligi tobe davlatga aylantirilgan (1475). Oq qoʻyunli davlati hukmdori Uzun Hasanga qarshi harbiy harakatlar kuchaytirilgan. Yevropaning Italiya, Olmoniya, Avstriya kabi davlatlari hududlarini egallash rejasi tuzilib, amaliy harakatga oʻtilgan. Bu davrda harbiy va maʼmuriy boshqaruv sohasida katta islohotlar oʻtkazilib, ulkan saltanatni mustahkamlash choralari koʻrilgan. Ayniqsa, adabiyot, sanʼat va meʼmorchilik gullab-yashnagan.