Fonetik tamoyil Morfologik tamoyil



Yüklə 19,14 Kb.
tarix26.01.2023
ölçüsü19,14 Kb.
#80912
Orfografiya


Reja:
1) Fonetik tamoyil
2) Morfologik tamoyil
3) Shakliy-ananaviy tamoyil
4) Differentsiatsiya tamoyili.

Orfografiya – adabiy tilning to’g’ri yozish qonun-qoidalarini o’rganuvchi bo’lim.


Jamiyatning har bir a’zosidan to`g`ri so`zlay olish va savodli yoza bilish talab etiladi. O`quv muassasalari oldida turgan asosiy vazifa ham shu talab asosida kelib chiqadi. Adabiy tilning ikki shakli bo`lib, ulardan biri yozma nutqdir. Bu nutq orfografiya qonun-qoidalariga asoslanadi. Demak, orfografiya adabiy tilning yozma shakliga xos bo`lib, u tildagi o`zak-negiz va qo`shimchalarni agona tarzda to`g`ri yozish haqidagi qoidalar yig`indisidir. Kirill grafikasi asosidagi imlo qoidalari 1956 yilda tasdiqlangan. Bu imlo qoidalari quyidagi bo`limlarni o`z ichiga oladi:

1. Ayrim harflar imlosi;


2. O`zak-negiz va qo`shimchalar imlosi;
3. Qo`shma so`z va so`z birikmalari imlosi;
4. Bo`g`in ko`chirilishi;
5. Bosh harflarning yozilishi.
1995 yil 24 avgustda lotin grafikasi asosidagi o`zbek yozuvining imlosiga doir qoidalari tasdiqlandi. Bu imlo qoidalari quyidagi bo`limlardan tuzilgan:
1. Ayrim harflar imlosi: unlilar imlosi, undoshlar imlosi.
2. Asos va qo`shimchalar imlosi.
3. Qo`shib yozish.
4. Ajratib yozish.
5. Chiziqcha bilan yozish.
6. Bosh harflar bilan yozish.
7. Ko`chirish qoidalari.
Ikki xil grafikaga asoslangan imlo qoidalari ayrim o`rinlari bilan farqlanadi.
1.Orfografiya grekcha orphos («to`g`ri») va grapho («yozaman») so`zlaridan tashkil topgan bo`lib, «to`g`ri yozaman» degan ma’noni bildiradi.
Imlo qoidalari orfografiyaning fonetik, morfologik, shakliy, an’anaviy va differentsiya tamoyillari asosida ishlab chiqilgan. Fonetik va morfologik tamoyillar o`zbek orfografiyasining asosiy tamoyillaridir.
Fonetik tamoyil (fonetik usul). Bu tamoyil so`zlar, so`z tarkibidagi qo`shimchalar qanday talaffuz etilsa, xuddi o`shanday yoziladi. Bu tamoyil asosida ayrim harflar imlosi, asos va qo`shimchalar imlosidagi ayrim qoidalar ishlab chiqilgan. Masalan,
1) son so`ziga fe’l yasovchi -a qo`shimchasi qo`shish bilan yasalgan so`z sona emas, sana tarzida talaffuz qilinadi va shunday yoziladi. YOsh, ot so`zlariga fe’l yasovchi -a qo`shimchasi qo`shilishi bilan yasalgan yosha, ota so`zlari yasha, ata tarzida talaffuz qilinadi va shunday yoziladi. Ong so`zi fe’l yasovchi -a qo`shimchasini qo`shish bilan yasalgan so`z ongla emas, angla tarzida talaffuz qilinadi va yoziladi.
2) o`yin so`ziga -a fe’l yasovchi qo`shimcha qo`shilishi bilan yasalgan so`z o`yna tarzida (i tovushi tushirilib) aytiladi va shunday yoziladi;
3) sariq, ulug` so`zlariga fe’l yasovchi –ay qo`shimchasi qo`shilishi bilan yasalgan so`z sarg`ay, ulg`ay tarzida aytiladi va shunday yoziladi;
4) o`qi, tani, tashi kabi fe’l formalariga –v qo`shimchasini qo`shish bilan hosil qilingan so`z tashuv, o`quv, tanuv tarzida talaffuz qilinadi va shunday yoziladi;
5) Tara, bo`ya so`zlariga ot yasovchi –q qo`shimchasini qo`shish bilan yasalgan so`z taroq, bo`yoq tarzida talaffuz qilinadi va shunday yoziladi;
6) q va k tovushi bilan tugagan ko`p bo`g`inli so`zlarga egalik qo`shimchasi qo`shilganda q tovushi g`, k tovushi g tovushiga almashadi va shunday yoziladi: taroq-i- tarog`i, kurak-i-kuragi, istak-i-istagi, o`rtoq-i-o`rtog`i.
Izoh: q va k undoshi bilan tugagan ayrim so`zlarga egalik qo`shimchasi qo`shilganda q va k tovushlari asliga muvofiq aytiladi va yoziladi: ishtiroki, ishtiyoqi, zavqi, shavqi, choki, cheki.
7) Og`iz, qorin, o`rin, singil, ko`ngil, burun, shahar kabi so`zlarga egalik qo`shimchalari qo`shilganda, ikkinchi bo`g`indagi i, u, a unlilari talaffuzda tushib qoladi va shunday yoziladi: og`iz+im-og`zim, qorin+im-qornim, o`rin+im-o`rnim, singil+im-singlim, ko`ngil+im-ko`nglim, burun+im-burnim, shahar+im-shahrim (bu so`z shaharim tarzida aytilishi va yozilishi ham mumkin. Bu ikki holat tilda parallel ishlatiladi.);
8) Adabiy tilda jo`nalish kelishigining –ga qo`shimchasi shakli qabul qilingan. Ba’zan bu shakl –ka, -qa tarzida eshitiladi. Masalan, bilakka, go`dakka, qishloqqa, toqqa kabi. Ko`rinib turibdiki, so`z q yoki k undoshi bilan tugaganda jo`nalish kelishigi –qa, -ka shaklini olyapti. Og`zaki talaffuzda so`z qanday tovushlardan tashkil topgan bo`lsa, bu tovushlar yozuvda ham shu tovushlarga mos harflar bilan aks ettirilyapti.
Izoh: kirill alifbosi asosidagi o`zbek orfografiyasining imlo qoidalariga ko`ra g` va k tovushi bilan tugagan so`zlarga jo`nalish kelishik qo`shimchasi –qa shaklida qo`shilgan: tog`+ga-toqqa; jo`nalish kelishigi qo`shimchasi g tovushi bilan tugagan barg so`zigagina –ka shaklida qo`shilib, g tovushi bilan tugagan boshqa so`zlarga –ga shaklida qo`shilgan.
9) q va k undoshi bilan tugagan fe’l shakllariga ravishdosh hosil qiluvchi –gach qo`shimchasining –qach va –kach variantlari qo`shilib: chiqqach, ekkach tarzida talaffuz qilinadi va shunday yoziladi;
10) Rus tilidan o`zlashgan kiosk, stolb so`zlari o`zbek tilida kioska, stolba tarzida talaffuz qilinadi va shunday yoziladi;
11) O`zlashma rama, para, minuta, sekunda, konfeta kabi so`zlarning oxiridagi a unlisi o`zbek tili og`zaki nutqida talaffuz etilmaydi va yozuvda ham aks ettirilmaydi (rom, par, sekund, minut, konfet kabi).
12) O`zlashma shyotka, podnos so`zlari esa cho`tka, patnis tarzida aytiladi va yoziladi.
13) U, bu, shu, o`sha olmoshlariga –da, -dan, -ga, -gacha, -cha qo`shimchalari qo`shilganda i tovushi qo`shib aytiladi va shunday yoziladi: unda, undan, ungacha va hokazo.
14) Zachyot, syujet, sentyabr so`zlari og`zaki nutqda zachot, sujet, sentabr tarzida talaffuz qilinadi va talaffuzga mos shaklda yoziladi.
Fonetik tamoyil yozuvni jonli talaffuzga yaqinlashtiradi, ular o`rtasida umumiylikni vujudga keltiradi.
Demak, fonetik tamoyilga ko`ra yozuvda talaffuzdagi tovushga muvofiq keladigan, aynan mos tushadigan harf qo`llanadi.
Morfologik tamoyil. Bu tamoyilga ko`ra so`zlarning tarkibiy qismlari: o`zak-negiz va qo`shimchalari og`zaki nutqda qanday talaffuz qilinishidan qat’iy nazar, ya’ni og`zaki talaffuz shakliga qarab emas, asliga muvofiq yoziladi. Bu tamoyil so`z o`zagini, unga qo`shiladigan qo`shimchalarni muayyan bir sistema asosida aks ettiradi, tildagi variantlilikka, har xillikka barham beradi. Bu tamoyilga ko`ra variantlardan biri tanlanib, yozuvda tanlangan variant asos qilib olinadi. O`zbek orfografiyasining asosiy imlo qoidalari, ya’ni ayrim unli harflar imlosi, ayrim undosh harflar imlosi hamda asos va qo`shimchalar imlosi shu tamoyilga tayanadi. Masalan:
1) uzum, uzuk, tugun, turmush kabi so`zlarning oldingi bo`g`inida u kelsa, keyingi bo`g`inida u unlisi i tarzida aytilsa ham, u yoziladi.
2) jarangsiz jufti bor jarangli undoshlar (b, d, v, g, j, j, z) so`z oxirida jarangsiz (p, t, f, k, ch, sh, s) tarzida talaffuz qilinsa ham, asliga muvofiq yoziladi: maktab, ozod, avf.
3) shanba, sunbul, manba, vatanparvar kabi so`zlar o`rtasida kelgan n undoshi o`zidan keyin kelgan b, n, m undoshlari bilan yonma-yon kelganda, og`zaki talaffuzda shamba, sumbul, mamba kabi m tarzida aytilsa ham, n shaklida yoziladi.
4) do`st, go`sht, to`rt, Toshkent kabi so`zlarda so`z oxirida yonma-yon kelgan undoshlarning oxirgisi talaffuz qilinmaydi, ammo yozuvda saqlanadi.
5) pastqam so`zi o`rtasida ketma-ket kelgan ikki undoshning (st) keyingisi talaffuz qilinmaydi, lekin yozuvda saqlanadi.
6) –lar ko`plik qo`shimchasi so`z oxirida kelganda, og`zaki nutqda –la tarzida aytilsa ham, yozuvda lar shaklida yoziladi.
7) uch, to`rt sonlariga –ta, -ala qo`shimchalari qo`shilganda, ushta, uchchala, to`rttala tarzida aytiladi, lekin yozuv uchun tanlangan varianti yoziladi: uchta, uchala, to`rtala kabi.
Shuningdek, qo`shimchalarning asosiy qismi morfologik tamoyil asosida yoziladi, ya’ni kelishik qo`shimchalari og`zaki nutqda maktabta, ishtan tarzida aytilsa ham, maktabda, ishdan; fe’llardagi –di shaxs-son hamda yaqin o`tgan zamon qo`shimchasi –ti tarzida (aytipti, aytti) aytilsa ham, aytibdi, aytdi kabi yoziladi.
Morfologik tamoyil o`zbek orfografiyasining asosiy va etakchi tamoyili sanaladi va yozuvda bir xillikni ta’minlaydi.
Demak, morfologik tamoyilga ko`ra so`zning tovush tarkibi og`zaki nutqda qanday aytilishidan qat’i nazar o`zining morfologik shaklini o`zgartirmagan holda yoziladi.
Shakliy an’anaviy tamoyil (bu tarixiy an’anaviy tamoyil deb ham yuritiladi). Bu tamoyilga ko`ra boshqa tillardan o`zlashgan so`zlar hozir ham o`tmishdagi shakliga muvofiq yoki o`zi mansub bo`lgan tildagi shaklini o`zbek imlosida ham saqlagan holda yoziladi. Bu tamoyil asosida quyidagi kabi imlo qoidalari ishlab chiqilgan:
1. Manfaat, matbaa, mutolaa, taajjub, taassurot kabi arab tilidan o`zlashgan so`zlarda bitta cho`ziq a talaffuz qilinsa ham, arab imlosini saqlagan holda yozuvda ikkita a yoziladi.
2. Mubolag`a, muzokara, munosabat, muhokama kabi arabcha so`zlarning urg`usiz bo`g`inida a og`zaki nutqda qisqa i tarzida aytilsa ham, an’anaga ko`ra a yoziladi.
3. Tadbir, tatbiq so`zlarining birinchi bo`g`ini oxiridagi d va t undoshlari bir xil t tovushi tarzida talaffuz qilinsa ham, yozuvda d va t undosh harflari saqlanadi.
4. Dorboz, torozibon kabi so`zlardagi fors-tojik tilidan o`zlashgan –boz, -bon qo`shimchalari og`zaki nutqda –voz, -von tarzida aytilsa ham, uning an’anaviy shakli yozuvda saqlanadi.
5. An’anaviy tamoyil taqozo, hokazo kabi so`zlarning tovush tarkibiga nisbatan ham tatbiq etiladi. Bu so`zlarni ikkinchi bo`g`inidagi o va a unlilari ba’zan a, ba’zan o unlisi kabi talaffuz qilinadi. Tarixan o (taqozo), a(hokazo) yozib kelingani uchun hozir ham yoziladi.
6. Ocherk, tonna kabi so`zlarining urg`uli bo`g`inida o unlisi o`zbek tilidagi o` unlisi kabi aytilsa ham, rus tilidagi shakliga muvofiq yoziladi.
7. Direktor, traktor, ekspeditor kabi so`zlarning urg`usiz bo`g`inidagi o unlisi og`zaki nutqda qisqa i unlisi tarzida aytilsa ham, rus tilidagi shakli saqlanadi.
8. Motor, otryad, limonad, kontsert, konspekt kabi so`zlarning urg`usiz bo`g`inida kelgan o unlisi talaffuzda a unlisi kabi aytilsa ham, rus tilidagi kabi o unlisi bilan yoziladi.
9. Zachyot, syujet, rejissyor, sentyabr so`zlari og`zaki nutqda zachot, sujet, rejissor, sentabr tarzida talaffuz qilinsa ham, kirill alifbosida rus tilidagi shakli saqlanadi.
10. Rayon, mayor, Nyu-York so`zlaridagi yo harfiy birikmasi og`zaki nutqda yo` tarzida talaffuz qlinsa ham, yozuvda o`sha tildagi an’ana saqlanadi.
Bu tamoyil mumtoz adabiyot tiliga ham tatbiq etiladi. Qadimda hozirgi-kelasi zamon qo`shimchasi –r (-ar) ning –ur shakli ishlatilgan. Bu shakl ba’zan hozirgi she’riyatda ham saqlanadi.
Ba’zan tirnoqlar bezagi uchun

Sahardan shomgacha qilursiz toqat,


Ammo eringizni kutgali nechun
Topilmas tirnoqcha sabr-u qanoat. (A.Oripov)
Mazkur she’rda maqsad ma’nosini ifodalovchi –gani qo`shimchasi –gali tarzida qo`llangan.
Eski o`zbek tilida chiqish kelishigi –din ba’zan hozirgi o`zbek adabiy tilidagi –dan o`rnida qo`llaniladi: Sendin o`zgani desam.
So`roq ma’nosini ifodalash uchun –mi yuklamasi ba’zan –mu tarzida, ya’ni qadimgi shaklda qo`llanadi. Masalan,
Demak, bu tamoyilga ko`ra so`zlar talaffuzidagi hozirgi holatiga qarab emas, balki an’ana tusiga kirib qolgan shaklini saqlagan holda yoziladi.
Differensiya tamoyili. Bu tamoyilga ko`ra, shakli yoki talaffuzi bir xil bo`lgan so`zlar yozuvda turli shartli belgilar vositasida (yoki ba’zan ma’noga ko`ra) farqlanadi. Masalan,
1. Urg`u vositasida farqlash: atlas-mato, material. Atlas-geografik atlas. Akademik-ot, akademik-sifat (masalan, akademik yil).
2. Unlining cho`ziq-qisqaligi orqali farqlash (bundan so`zlarda unlining cho`ziqligini tutuq belgisi ta’minlaydi, demak bunday so`zlarning shakli va ma’nosi tutuq belgisiga ko`ra farqlanadi): da’vo-davo, a’yon-ayon, a’lam-alam kabi.
3. Boshqa-boshqa tovush ifodalovchi harflar vositasida so`z ma’nosini farqlash: xol (yuzdagi xol) – hol (ahvol, holat).
4. Kirill yozuvida so`z ma’nolarini yumshatish () belgisini qo`llash va qo`llamaslik vositasida farqlash holati mavjud: kontrol – ot, kontrol (ish) – sifat, gorizontal – ot, gorizontal (yo`nalish) – sifat kabi.
Grafik tamoyil. Bu tamoyil asosidagi imlo qoidalari tovush bilan uning yozuvdagi shakli o`rtasidagi munosabatlarni ifodalashga asoslanadi. Masalan, sirg`aluvchi j tovushi bilan qorishiq portlovchi j tovushlari yozuvda bitta shakl – harf bilan berilishi (jo`ja-gijda kabi), sayoz til orqa –ng tovushini ifodalovchi harflar birikmasi ng va n va g tovushlarini ifodalovchi n va g harflari yonma-yon kelganda ham n va g talaffuz etilishi grafik tamoyil asosida belgilangan: ko`ngil, singil, senga, ingliz kabi.
Morfologik tamoyil o`zbek orfografiyasining etakchi tamoyili bo`lib, imloga doir ko`pgina qoidalar ana shu tamoyilga asoslanadi.
Adabiyotlar ro’yxati:
1. U.Tursunov, N.Muxtorov, Sh.Rahmatullaev. Hozirgi o’zbek adabiy tili. 2021 yil.
2. Sh.Shoabdurahmonov, M.Asqarova, A.Hojiev. Hozirgi o’zbek adabiy tili. I qism. II qism. Toshkent. «O’qituvchi» nashriyoti. 2018 yil.
3. A.G’ulomov, M.Asqarova. Hozirgi o’zbek tili. Sintaksis. 
Toshkent. O’qituvchi nashriyoti. 2021 yil.
4. O’zbek tilining imlo lug’ati. Toshkent. O’qituvchi. 2021 yil.
Yüklə 19,14 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin