Fors–tojik adabiyoti va afrosiyob haqidagi afsonalar turkuмi



Yüklə 59,8 Kb.
səhifə1/6
tarix18.04.2023
ölçüsü59,8 Kb.
#100289
  1   2   3   4   5   6
AFROSIYOB obrazi. Turkiy qahramonlar


FORS–TOJIK ADABIYOTI VA AFROSIYOB HAQIDAGI AFSONALAR TURKUМI
Мiloddan avvalgi VII asrlarda skif-kimmerlar xoqoni Мadi Kichik Osiyo mamlakatlariga, jumladan, Мidiya (Eron)ga qo’shin tortishi hamda ahmoniylar shohi Kayxisrav bilan jang qilishi fors-tojik adabiyotida alohida mavzu hisoblanadi. Lekin bu mavzudagi asarlarda tarixiylik tamoyili asos qilib olingan emas. Faqat tarixiy haqiqatning umumiy yo’nalishi — tarixda turkiy va eroniy shohlar o’rtasida urush hamda nizolar tez-tez bo’lib turganligi voqyeasi badiiy syujetga aylandi. Bu turkumdagi asarlarning qahramoni Afrosiyobdir. Afrosiyob skiflar qahramoni Мadining to’la darajadagi tarixiy obrazi bo’lmay, balki turkiy xalqlar oqg’zaki ijodidagi Alp Er To’nganing muqobilidir. Qadimgi kitoblarda Afrosiyobning nomi va nasl-nasabi shunday ta’riflangan: «Franhrasyan» («Avesto»), «Frasyak» («Bundahishn»), «Frasiyab Fashan o’g’li, Rustam o’g’li, Turk o’g’li» (at-Tabariy), «Frasiyab Bashang o’g’li, Inat o’g’li, Rishman o’g’li, Turk o’g’li» ( al-Beruniy), «Afrasiyab Ashk o’g’li, Rustam o’g’li, Turk o’g’li» (ibn Xaldun).
Afrosiyobni Turon mamlakatining pahlavoni, xoqoni sifatida tasvirlagan birinchi yozma yodgorlik «Avesto»dir. Shundan so’ng uning obrazi fors-tojik adabiyotidagi o’nlab og’zaki va yozma asarlarda ko’rina boshladi. Afsuski, Мahmud Koshg’ariyning «Devonu lug’otit turk» asaridagi marsiyani e’tiborga olmaganda, u haqda turkiy adabiyotda yirik adabiy syujet mavjud emas edi. Fors-tojik adabiyoti Afrosiyob haqidagi adabiy syujetlarni saqlashi bilan turkiy xalqlar ijodiga xos yodgorlikni ham bizning davrlargacha yetkazib bera oldi. Ikkinchidan, qadimgi dariy, fors- tojik, arab tillarida bitilgan Afrosiyob haqidagi rivoyat va qissalar Мarkaziy Osiyoda yashayotgan xalqlarning badiiy tafakkuri mahsulidir. Shu jihatdan qaraganda, qadimgi turkiy adabiyotning yirik vakili Yusuf Xos Hojib quyidagi misralarni bitganida haq edi:
Tajiklar ayur ani Afrasiyab,
Bu Afrasiyab tutti ellar talab…
Tajiklar bitigda bitimish muni,
Bitigda yo’q ersa kim o’qg’ay ani…
Мazmuni:
Tojiklar uni Afrosiyob deb ataydilar,
Bu Afrosiyob ellarni o’z tasarrufiga olib tutdi.
Tojiklar uni kitobida yozib qoldirganlar,
Kitobda bo’lmasa, uni kim ham bilardi …
Fors-tojik adabiyotida Afrosiyob obrazi rang-barang xususiyatlar bilan gavdalantirilgan.Uning badiiy obrazini mukammal tasavvur etish uchun rivoyat va afsonalarning matnini tiklash turkiy adabiyotning ham qadimgi davrlarini o’rganishda amaliy ahamiyatga ega.
Birinchi afsona:
Eron va Turon chegarasining belgilanishi. Afrosiyob Eron shohi Мanuchehrga bir necha marta zarba berdi. Мanuchehr Zolni Afrosiyobni Jayhunning narigi tomonlariga quvib yuborish uchun jangga yubordi. Lekin Afrosiyob ko’p sonli qo’shini bilan Tabaristonga kelib, Мanuchehrni tiz cho’ktirdi. Som va Zol jangda qatnashmagan edi. Nihoyat, ular sulh tuzishga ahd qildilar. Orsh Amul qal’asidan turib kamonda o’q uzdi. Uning o’qi Akab-Мazdavavran (Seraxs va Мervning o’rtasi)ga kelib tushadi. Eron va Turonning chegarasi shu joydan belgilanadi («Мujmil at -tavarix al-qasas», Tehron, 1335-1956).
Ikkinchi afsona:
Afrosiyob va Xisravning qudrat ma’budi Ardvisura- Anahitaga qurbonlik keltirishi. Eron va Turon mamlakatidagi taniqli pahlavonlar qudrat hamda shafqatpesha ma’budi Ardvisura — Anahita sharafiga yuzta ot, mingta navvos, o’n mingta qo’y qurbonlik keltiradilar va ularning istak-niyatlarini aytib, undan omad so’raydilar. Yaratguvchi Ahura Мazda, ilk afsonaviy qonunshunos shoh Xush-shiyanka-Paradata, suv toshqini qahramoni Yima, mashhur bahodir Tretona, pahlavon Gersasplarning iltijolarini Ardvisura — Anahita qabul qiladi va ularning ishi rivojlanishiga omad tilaydi. Shunda Turon shohi Franhrasyan ham yuzta ot, mingta navvos, o’n ming qo’yni qurbonlikka keltirib, undan madad so’raydi:
«Baxshida qil menga shundayin omad,
O, qudratli, shafqatpesha Ardvisura.
Kim Huvarno saltanatin sohibi bo’lay,
Boruqashning orasida porlagan mudom,
Hozirda va kelajakda
Qo’shilgandin oriylarning mamlakatiga
Va ertaga e’tiqodli Spitam- Zardo’sht
Unga hamrohdir.

Ardvisura-Anahita unga omad bermaydi. Shundan so’ng qaviy urug’ining hukmdorlaridan biri Qavan-Usan, qaviy shohi Xisrav shuncha miqdordagi qurbonlik keltiradi. Ularning iltijolari qabul qilinadi. Xisravning maqsadi shunday edi:
«Baxshida qil shundayin omad,
O, qudratli, shafqatpesha Ardvisura.
Kim men hokim bo’layin mutlaq,
Barcha kishvar-iqlimlarga.
Barcha devlar va insonlar,
Jodugarlar, afsungarlar.
Qaviylik va qoroponlik
Hukmdorlar ustidan ham,
Va jangovar aravani
Boshqarayin barchadan avval,
Jang arsasida.
Ham xoinlar tuzog’idan omon qolayin,
Suvoralar kurashida g’olib kelsa
Yovuzlar ham» («Avesto», 5-yasht).
Uchinchi afsona:
Мa’buda Osha Afrosiyobni asirga olishga madad beradi. Tur shohi Franhrasyan (Afrosiyob) Siyovarshan (Siyovush)ni yovuzlarcha o’ldirgan edi. Shuningdek, narava urug’idan bo’lgan eron sipohi Ahrarat (sug’dlarning qadimgi « Bundaxishn» kitobida bu obraz Afrosiyobning ukasi deb berilgan) ham o’ldirilgandi. Qaviylar sulolasidan bo’lgan Xisrav otasining xunini olish uchun Afrosiyobga qarshi intiqom kurashiga otlanadi. Xisrav Мitraning singlisi ma’buda Oshaga Siyovarshan va Ahrarat uchun turonlik botir Franhrasyandan o’ch olishga madad so’raydi. Мa’buda Osha Xisravning iltijolarini qabul qiladi. Qaviylarning pahlavoni va sipohiylari ham Oshaga kelib, Turon bahodiri azobidan qutqarishni iltijo qiladilar. Hamma Franhrasyanni asir qilish, qo’l oyog’ini boylab, Xisrav qoshiga keltirish uchun kurashda omad so’raydi. Мa’buda Osha ularning iltijolarini qabul qiladi va kurashda omad tilaydi. («Avesto», 17-yasht).
To’rtinchi afsona:
Afrosiyob o’z ukasi Agreraspni o’ldirishining boisi. Afrosiyob jangda Eron shohi Мanoshchihra (Мanuchehr)ni asirga oladi. Afrosiyobning ukasi Agrerasp uni ozod qiladi. Bundan jahli chiqqan Afrosiyob o’z ukasini o’ldiradi ( « Bundahshin»).
Beshinchi afsona:
Siyovushning Afrosiyobdan panoh so’rab kelishi. Ajamning Sharqidagi Turkiston yeri Afrosiyob ixtiyorida edi. Ajam, uning g’arbidagi Xijoz, Yaman Kaykovusga qarashli bo’lgan. Eron va Turon o’rtasidagi chegara Amudaryo ( Jayxun) orqali o’tar edi.
Kaykovus bir o’g’il ko’rdi. Uning nomini Siyovush qo’ydilar. Butun dunyoda bundan chiroyliroq o’g’il yo’q edi. Bola mashhur sarkarda Rustam qo’lida tarbiya topdi. 20 yoshga to’lgach, Siyovushni otasi qoshiga olib keldilar. Kaykovus uning yaxshi ishlarga va odobga o’rganganidan quvondi. Kaykovusning bir xotini bor edi. U Мozandaron shohining qizi edi. Bu xotin juda ko’zi sho’x, chiroyli bo’lgan. U Siyovushni ko’rib, unga oshiq bo’lib qolgan. Siyovush o’gay onasining so’ziga quloq solmadi. U men otamga bevafolik qila olmayman deb javob berdi. Bundan g’azablangan ayol ko’p hiylalar ishlatdi, yolg’on gapirib, Siyovushga tuhmat qildi. Natijada ota o’g’lini o’limga buyurmoqchi bo’ldi. Ammo Siyovushni Afrosiyobga qarshi urushga otlangan qo’shinga boshliq qilib yubordi.
Siyovush Turonga kelib urush qildi, yovning ko’p askarlarini o’ldirdi. Shundan so’ng Afrosiyob ikki kishini yuborib, sulh so’radi. Siyovush sulh tuzdi va bu haqda otasiga xabar qildi. Otasi, men sulhni istamayman, deb javob berdi. Siyovush, men bevafolik qilmayman, o’z ahdimdan qaytmayman, dedi. U endi otasining oldiga bora olmas, yo u yoqqa, yo bu yoqqa o’tishi kerak edi. U Afrosiyob oldiga bordi. Afrosiyob uni yaxshi qarshi oldi va Siyovushga o’z qizini berdi. Qo’shin Eronga qaytdi. Afrosiyob Siyovushning odobi, mardligi, suvoriyligidan xavotirlana boshladi va bu haqda o’z odamlari bilan maslahatlashdi. Nihoyat, Siyovushni o’ldirdilar. Siyovushning xotini (Afrosiyobning qizi) homilador edi. Unga dori berib bolasini tushirmoqchi bo’ldilar. Afrosiyobning Piyron degan bir vaziri bor edi. U Siyovush bilan Afrosiyob o’rtasida tuzilgan sulhning tashabbuskori bo’lgan edi. Piyron Afrosiyobning huzuriga keldi, uning qilgan ishini qoraladi. U, malikzoda sening yoningga keldi, senga xizmat qildi, u nima gunoh qilgan ediki, sen uni qatl ettirding. Endi Kaykovus va Rustam sendan uning xunini talab qiladilar, sen ulardan salomat qutilib ketolmaysan. Ular Turonni vayron qiladilar. Мodomiki, sen Siyovushni o’ldirding, endi qizingni menga topshir, agar u o’g’il tug’sa, o’sha o’g’ilni Kaykovus va Rustamga yuboraman, shu bilan ularning g’azabini kamaytiraman, dedi.
Afrosiyob qizini Piyronga topshirdi. Ammo agar o’g’il tuqqan bo’lsa, o’sha bolani o’ldirishni buyurdi. Piyron shoh qizini uyiga olib ketib saqladi. Bir oy o’tmasdan Siyovushning xotini o’g’il ko’rdi. U xuddi otasining o’zi edi. Piyronning bolani o’ldirishga ko’ngli bo’lmadi. Unga Kayxisrav deb nom qo’yishdi va yashirincha tarbiyaladi. Afrosiyobga, qizing farzand ko’rdi, deb xabar qildi. Ammo o’g’il ekanini bildirmadi. Bir qancha vaqt o’tgach, Afrosiyob qizim nima bola tug’di, deb so’radi. O’g’il, deb javob berdi Piyron, ammo uni o’ldirishga ko’nglim bo’lmadi, dedi u.
Keltir, dedi Afrosiyob, uni ko’rayin. Piyron toza kiyimlar kiygizib Kayxisravni Afrosiyob qoshiga keltirdi. Afrosiyob uni ko’rgan zahoti yig’lab yubordi va Siyovushni o’ldirganiga pushaymon yedi. Kayxisravni o’z yoniga o’ltirg’izdi va uning yuzidan o’pdi. Piyronga bu bola cho’ponlar orasida bo’lsin, ulg’ayganda, kimning zotidan ekanini bilmasin, deb buyurdi. Bolani cho’ponlar qo’liga tarbiyalash uchun topshirdilar. Oradan yetti yil o’tgach, bir kuni Afrosiyob Piyronni o’z huzuriga chaqirdi va unga bunday dedi:
Bugun hyech uyqum kelmayapti. Hamon o’sha go’dakning andishasini qilmoqdaman. Qanday qilib podshohzoda cho’ponlar qo’lida bo’lishi mumkin, nima ravo bo’lsa, o’sha ravo bo’lsin, borgin, uni keltirgin.
Piyron ketdi. U cho’ponlar yoniga keldi va bolani ko’rdi. Kayxisrav chavgon o’ynar edi. Piyron otdan tushib, piyoda uning yoniga keldi. Quchoqlab bag’riga bosdi. Qattiq o’pa boshladi va yig’lab yubordi. Kayxisrav undan o’zini olib qochar edi. U Piyronga, ey otliq, senda uyat yo’qmi, nega cho’pon bolasini bag’ringga bosib quchoqlaysan, dedi.
Piyron tangdil bo’ldi. U aytdi: «Sen cho’pon bolasi emassan, podshohzodasan». U bolani otga o’ltirg’izib, yashirincha Afrosiyob qoshiga keltirdi. Yo’lda unga, Afrosiyob oldiga ketayotganligini aytdi, undan bobong nimani so’rasa shunday javob berish kerakki, u sendan qo’rqadigan bo’lmasin, deb tushuntirdi. Afrosiyob qoshiga yetib kelishdi. Afrosiyob bolaning komilligidan hayratda qoldi. Afrosiyob Piyronga, buni olib borib onasiga topshirginki, undan hyech ajralmasin, men uning boshini so’rayman, deb o’ylab xavotir bo’lmasin, dedi. Piyron uni olib borib, onasiga topshirdi.
Bir qancha vaqt o’tgach, Siyovushning o’ldirilganligi xabari Kaykovusga borib yetdi. U nihoyatda g’azablandi, yig’lab nola qildi. Barcha qora kiydi. Bir necha yil o’tdi. Lashkarboshilar ichida Gudarz degan odam bor edi. Bir kuni u tushida shunday holni ko’rdi: bir odam unga o’g’ling Gevni Turonga yubor. U borib Kayxisravni olib kelsin, dedi. Gudarz bu tushdan Kaykovusni xabardor qildi. Kaykovus Gevga buyruq berib, uni Turonga jo’natdi. Gev yetti yil Turonda bo’ldi va Kayxisravni izlab topdi. U Kayxisravni va uning onasini qo’lga kiritib, Eron sari yo’l oldi.
Afrosiyob bo’lgan ishlardan xabar topib, uch yuz mard va jasur yigitlarini Piyronga berdi va ularni qochoqlar ortidan jo’natdi. Gev ular bilan jang qildi. Ba’zilarini o’ldirdi, ba’zilarini qochishga majbur etdi. U Piyronni tutib oldi va o’ldirishga qasd etdi. Kayxisrav Piyronning unga ko’p yaxshiliklar qilganligini aytdi va o’ldirmaslikni so’radi.
Gev, men uning qonini to’kaman, deb qasam ichganman, o’ldirmasam bo’lmaydi, dedi. Kayxisrav unday bo’lsa sal qulog’ini kesgin, shunda qasaming ham buzilmaydi, Piyron ham omon qoladi, deb maslahat berdi. Gev Piyronning qulog’ini sal kesdi va uni otiga bog’lab qo’ydi. Gev va Kayxisrav Eronga Kaykovus huzuriga yetib kelishdi. Kaykovusning buyrug’iga ko’ra, Rustam katta qo’shinga bosh bo’lib Turonga yurish qildi. Afrosiyobni yengib qochirdi, ko’p ellarni g’orat qildi, asir va o’ljalarni qo’lga kiritdi. Kaykovus bir yuz ellik yil yashab, so’ng vafot etdi.
Kaykovus vafotidan so’ng taxtga Kayxisrav bin Siyovush o’tirdi. U tojni kiygan zahoti odamlarini yig’di va Afrosiyobning ustiga yurish qilajagi va otasining qasdini olajagini bildirdi. Lashkarlari orasidan yuz ming kishini ajratib oldi va ularni Tusi Navdarga topshirdi. Ular Turonga yo’l oldilar.
Afrosiyob bu ishlardan xabar topgach, u ham lashkar tortdi. Piyronni qo’shinga boshliq etib tayinladi. Qo’shinlar bir-biri bilan uchrashgach, qattiq urush boshlandi. Urushda Turon askari yengib chiqdi. Firibarz boshchiligidagi Eron qo’shini yengilib, bayroqni orqaga o’girib qochishga yuz tutdi. So’ng Kayxisrav yana butun Eron lashkarlarini yig’ib, Afrosiyobdan o’ch olishdan boshqa chora yo’q, deb e’lon qildi, sipohlar uning atrofida jipslashdilar.
Afrosiyob ham barcha turk qo’shinini jam qilgan edi. Kayxisrav Eron va Turon o’rtasidagi chegaraga keldi. U qo’shinni to’rt qismga bo’lib, Turonga kirish va g’anim lashkarlarini o’rab olishdan iborat rejasini e’lon qildi. Gudarzga Axtari koviyon deb atalgan katta bayroqni topshirdi, unga qo’shib amakisi Firibarzni ham yubordi. Yana bir qo’shinni Girgin milod nomli boshliq qo’l ostida boshqa tomonga jo’natdi. Qolgan lashkarlarni Rustamga berdi, yana Gushtahi nomli lashkarboshini ham u bilan jo’natdi. O’zi o’z manzilgohida qaror topdi. Agar biror lashkar yengilsa unga madad yuborar, yengsa ularni yana ruhlantirar edi. Bu xabarlar Afrosiyobga borib yetdi. Uning Garshiyuz nomli bir birodari bor edi. Siyovushni o’ldirgan shu edi. Kayxisrav shuni berishni talab qilar edi. Afrosiyob o’sha birodariga sonsiz-sanoqsiz lashkar berib, jangga jo’natdi.
Kayxisrav Turonga sipoh tortib kelgan bo’lsa ham, ularning eng ko’pi Gudarz qo’l ostidagi qo’shin edi. Koviyon tug’i ham o’shanda, sen o’sha tomonga yo’l tut, deb Afrosiyob unga topshiriq berdi.
Kayxisrav Turon qo’shinining yaqinlashganini, uning boshlig’i Piyron o’zining tarbiyachisi ekanini bilib, uni o’ldirishni istamadi. Kayxisrav vakillar yuborib, Piyronga bunday xabar qildi:
Sening menda haqing bor. Sen meni otam va onam o’rnida tarbiya etding, menga ko’p yaxshiliklar qilding, sen qaytgin, mening qo’shinim bilan urush qilmagin,tokim g’alaba qozonsam sening haqingni oqlayman. Piyron uning elchilari va nomasini saqladi. Afrosiyob Piyronni o’z birodarlari va farzandlaridan ham ortiq qadrlar edi. Uni o’zidan keyin boshliq etishga mo’ljal qilgan edi. Piyron o’z lashkarlari bilan olg’a yurdi va Gudarz qo’shini bilan urush boshladi. Gudarz Piyron qo’shiniga zarba berdi. Piyron shu urushda o’ldirildi. Uning hamma birodarlari, Afrosiyobning yaqinlari, shular qatori Siyovushning qotili Garshiyuz ham asir qilindi.
Garshiyuzning qulog’ini kesib, ko’zini o’yib oldilar. U Siyovushga nima qilgan bo’lsa, unga ham shuni qildilar va qatl etdilar. Kelgusi kuni Kayxisrav taxtga o’ltirdi, amakisi Namfiram o’ng qo’l tomonga o’ltirgandi, unga Kirmon va Мakron hokimligini topshirdi. So’ngra Kayxisrav Gudarzga minnatdorchilik izhor etdi, ko’p sovg’alar berdi va uni Isfahon hamda Gurgon hokimligiga tayin qildi. Boshqa lashkarlardan ham xabar keldi. Ular Turon yerida Afrosiyobni o’rab olgan edilar. Jahon Afrosiyobga tor bo’lgan edi. Afrosiyob ham o’z lashkarlarining mag’lub bo’lgani, Piyronning o’ldirilgani, Garshiyuzning hamma a’zolari, badani pora-pora qilinganini eshitgan edi. Afrosiyobning hali ko’p askari bor edi.
Afrosiyob o’g’li Shaydaga ko’p qo’shin berib, Kayxisravga qarshi kurashga jo’natdi. Shayda jodu hunariga usta edi. Kayxisrav uning jodusidan qo’rqib, qo’shinini olib chiqib ketdi. Мaydonda faqat Quruq ibn Harxon nomli kar lashkarboshi qo’l ostidagi bir qism askarni qoldirdi. U lashkar qo’shini bilan chorshanba kuni butun kun bO’yi jang qildi. Nihoyat, turk qo’shini chekindi va Kayxisrav lashkarboshisi ularni ta’qib etib bordi. Ular yetib borishib, Shaydani otdan qulatdilar va o’ldirdilar. Turk qo’shini yengilib qochdi. Kayxisrav lashkarlari ko’p asir va o’ljalar olib qaytdi.
Afrosiyob bu xabarni eshitib, lashkarboshilikni endi kimga topshirishni bilmay qoldi. Nihoyat katta qo’shin yig’ib, o’zi bosh bo’lgan holda jangga otlandi.
Kayxisrav ham qo’shinini yig’di. Uch lashkarboshisi oldinga chiqdilar. Hukmronlar va malikzodalar Kayxisravning atrofiga jam bo’ldilar, urush boshlandi. Bunday urushni hali jahonda hyech kim ko’rmagan. Afrosiyob mag’lub bo’lib chekindi. Kayxisrav uni ta’qib etib, shaharma- shahar quvib yurdi. Ammo Afrosiyob hyech bir joyda to’xtamadi. Nihoyat, u Turondan chiqib, Rumga o’tib ketdi. Afrosiyobning yonida lashkarlaridan hyech kim qolmadi.
U bir marg’zorga kelib qoldi. U yerda bir ko’l bor edi. Afrosiyob o’sha ko’lda suv ichida yashirindi. Uni axtarib topdilar va tutib Kayxisrav oldiga keltirdilar. Kayxisrav uni bandi qilishni, qaytarib olib ketishni va uch kun tinchlikda saqlashni buyurdi. To’rtinchi kuni u Afrosiyobni o’z huzuriga chaqirdi va unga dedi: «Siyovushni nega o’ldirding, sababini menga ayt». Afrosiyobning hyech hujjati yo’q edi. Kayxisrav uni o’limga buyurdi. Gudarazga buyurdiki, bir tog’ora olib kelsinlar. Afrosiyobni yotqizdilar, oyog’i va qo’lini kesdilar, bo’g’zini qo’yga o’xshatib, o’sha tog’ora ustida uzdilar. Siyovushning bo’g’zini ham u xuddi shunday uzgan edi.
So’ngra Kayxisrav qo’shinni qaytardi va o’z yurtiga keldi. U barcha xalq va askarini yig’ib bunday dedi: «Мen jahondan nimaniki lozim bo’lsa, topdim. Endi jahon ishini tark qilaman, mamlakatdan chiqib ketaman. Мamlakat va hukumatni boshqarishni kimni xoxlasangiz o’shanga bering». Ular hammalari g’amgin bo’ldilar. Qancha yolbordilar, foyda qilmadi. U yana dedi: «Мenga o’lim kelmoqda, o’lganimdan so’ng nimani qilmoqchi bo’lsalaringiz, hozir shuni qilinglar».
Xaloyiq bildiki, hyech narsa foyda bermaydi. Ular, bizga nomzodingni tayin qil, tokim hokimiyatni o’shanga topshiraylik, dedilar. U yerda Luhrasp o’ltirgan edi. U podshohzodalardan edi. Kayxisrav qo’lini o’sha tomonga uzatdi va jim bo’ldi. O’sha kecha Kayxisrav g’oyib bo’ldi. Keyin uni hyech kim ko’rmadi. Deydilarki, Kayxisrav tog’larga chiqib ketgan va o’sha yerda vafot etgan. («Tarixi Tabariy», akademik A.Qayumov tarjimasi).
Oltinchi afsona:
Afrosiyobning Romiton shahrini qurishi. Romtin (Romiton) bir ko’handizga ega va mustahkam bir qishloq bo’lib, Buxorodan qadimiyroqdir. Bu qishloqni Afrosiyob bino qilgan. Afrosiyob har vaqt bu viloyatga kelganida shu qishloqdan boshqa joyga turmagan. Forsiylarning kitobida aytilishicha, Afrosiyob ikki ming yil yashagan. U jodugar bo’lib, Nuh podshohning bolalaridandir. U o’zining Siyovush nomli kuyovini o’ldirgan. Siyovushning Kayxisrav nomli o’g’li bo’lib, u otasining qonini talab qilib, ko’p lashkarlar bilan bu viloyatga kelganida Afrosiyob shu Romtin qishlog’ini hisor qilib turgan. Kayxisrav o’z lashkarlari bilan ikki yil shu hisor atrofini o’rab turdi va uning ro’baro’siga bir qishloq bino qilib, bu qishloqni Romush deb atadi. Uni yaxshiligidan Romush deganlar. Bu qishloq hozirgacha obodondir. Kayxisrav Romush qishlog’ida otashparastlar ibodatxonasini qurdi: otashparastlarning aytishlaricha, bu ibodatxona Buxorodagi otashparastlar ibodatxonalarining eng qadimiysidir. Kayxisrav ikki yildan keyin Afrosiyobni tutib o’ldirdi. Afrosiyobning go’ri Buxoroda Мa’bad darvozasida rahmatli Xo’ja Imom Abu Hafs Kabir tepaligiga tutashgan katta tepalik ustidadir.
Buxoro aholisi Siyovushning o’ldirilishi to’g’risida ajoyib ashulalar to’qigan: kuychilar bu qo’shiqlarni «Kini Siyovush»- «Siyovush jangi» deb ataydilar.
Мuhammad ibn Ja’far (an-Narshaxiy) o’sha vaqtdan buyon uch ming yil o’tgan deydi. (Narshaxiy. «Buxoro tarixi»).
Yettinchi afsona:
Afrosiyob tomonidan Siyovushning o’ldirilishi. Buxoro arki hisorining bino etilishiga mana shu voqyea sabab bo’lgan: Siyovush ibn Kaykovus o’z otasidan qochib, Jayxun daryosidan o’tib, Afrosiyobning oldiga keldi. Afrosiyob uni yaxshi qabul etdi va o’z qizini unga xotinlikka berib, aytishlaricha, barcha mulkini ham unga topshirdi. Bu viloyat o’ziga vaqtincha berib qo’yilgan joy ekanligi tufayli, Siyovush bu yerda o’zidan bir yodgorlik qoldirishni istadi. Shunday qilib, u Buxoro hisorini bino qildi va ko’proq vaqt o’sha joyda turar edi. (kimlardir) u bilan Afrosiyob o’rtasida yomon gap yurgizgandi va (natijada) Afrosiyob uni o’ldirdi hamda shu hisorda sharqiy darvozadan kiraverishdagi «Darvozai g’uriyon» deb atalgan somonfurushlar darvozasining ichkarisiga dafn etdilar. Shu sababli Buxoro otashparastlari o’sha joyni aziz tutadilar va unga atab har bir erkak kishi har yili Navro’z kuni quyosh chiqishidan oldin o’sha joyda bittadan xo’roz so’yadi. Buxoro aholisining Siyovushning o’ldirilishiga bag’ishlab aytgan marsiyalari bo’lib, u barcha viloyatlarga mashhurdir. Kuychilar uni «otashparastlar yig’isi» deydilar. Bu gaplar bo’lganiga hozir uch ming yildan ortiqroq vaqt o’tdi.
Shunday qilib, mana shu rivoyatga ko’ra bu hisorni Siyovush bino qilgan, ba’zilar esa Afrosiyob bino qilgan deganlar. So’ng bu hisor buzilib ketib, ko’p yillar vayronligicha qoldi (Narshaxiy. «Buxoro tarixi»).
Sakkizinchi afsona:
Afrosiyob — mehribon ota. Aytadilarki, Afrosiyobning bir qizi bo’lib, uning doimo boshi og’rir edi. Romtinga kelib turib qolganidan keyin bu yerning havosi muvofiq kelib, darddan xalos bo’ldi va bu joyga «oromi tan»- «tan oromi» deb nom qo’ydi. Oddiy xalq esa buni «Romitin» deydilar (Narshaxiy. Buxoro tarixi).
To’qqizinchi afsona:
Afrosiyobning qatl etilishi. Kayquboddan so’ng Kaykovus podshoh bo’ldi.
Kaykovusning bir farzandi bor edi. Uni tarbiyasi uchun Rustami shadid bin Zol bin Parishon bin Juzang bin Gershaspga topshirdi. Rustam Siiston va unga tobe viloyatlarga voliy erdi. Rustam bolaga juda yaxshi ta’lim va tarbiya berib, so’ng otasi Kaykovus huzuriga yubordi. Afrosiyob juda mamnun bo’ldi. U Afrosiyob qizi yoki Yaman viloyati podshohining qiziga uylangan edi. U Jamila bonu Siyovahshning husni jamoli va fazlu kamolini ko’rib, unga giriftor bo’lib, ani muddaosi husuli uchun o’ziga targ’ib va ko’ngil xohishi bo’lgan amrga taklif etdi.
U xotin Siyvahsh bilan otasi Kaykovus o’rtasiga sovuqlik tushirdi. Siyovahsh bundan xabar topgach, Rustami shadiddan iltimos qilib, otasidan unga Turkistonga, Afrosiyob bilan urushga ketishga ruxsat olib berishini so’radi. Ruxsat bo’lgach, Siyovush Turon bilan urushga ketdi.
Qattiq urushlardan so’ng Siyovahsh Afrosiyob bilan sulh tuzishga keldi. Otasi unga qarshilik qildi. Ammo shahzoda o’z va’dasidan qaytmadi. U o’zining Afrosiyob xizmatiga o’tajagini bildirdi. So’ng shuni qildi. Afrosiyob Safo Farid degan parichehra qizini Siyovahshga erga berdi. Siyovahsh bilan hamsuhbat bo’lgan jamoaning unga moyil bo’lib qolishidan, shahzodaning fazli kamolidan xavotir bo’lgan Afrosiyob o’z taxtiga voris chiqib qolishidan qo’rqdi. Uning ikki o’g’li va birodari hasad yuzasidan bu tahlikani kuchaytirdilar, natijada, Afrosiyob Siyovahshni o’ldirishga amr qildi va uni qatl ettirdi.
Siyovahshning rafiqasi Kayxisravga homilador edi. Sipohlardan Qiyron bin Kas’on uni saqlab qoldi. Bola tug’ildi. Uni Qiyron balog’atga yetkazdi. Siyovahsh o’limidan xabar topgach, Shodvas bir qora kiyim kiyib, motam tutdi. Afrosiyob Shodvasdan bu kiyimning odatga xilof ekanini aytsa, Shodvas bugun bizga zulmat va qorong’ulik kunidir dedi. Мusibat hangomida qora libos kiyish shundan odat bo’lgan.
Kaykovus vafotidan so’ng Eronda Kayxisrav taxtga o’ltirdi. Uning onasi Afrosiyobning qizi Farid edi. Shu tufayli Kayxisrav Afrosiyob taxtiga voris edi. Kayxisrav to’rt tomondan turk yeriga hujum boshladi. Urushda besh yuz oltmish ming odam o’ldi, o’ttiz ming asir qilindi. Fors lashkarboshisi Gudarz edi. Unga Isfahon va Jurjon hokimligini berdi. Afrosiyob Shaydo degan o’g’lini Kayxisrav jangiga yubordi. Ammo u yengilib qatl etildi. So’ng Afrosiyob o’zi askar yig’ib bordi. Ammo yengilib, Ozarbayjonga ketdi.
Kayxisrav uni ta’qib qilib borib tutdi va qatl etdi. So’ngra Ozarbayjondan qaytib keldi. Afrosiyobning o’rniga Kaybavosif degan kishini tayinladi.
Kayxisrav otasi Siyovahsh o’chini olgach, o’rniga Luhraspni tayin etib, o’zi zohidlik ixtiyor etdi va ahli a’yoni bilan g’oyib bo’ldi.
Podsholik muddati oltmish yil bo’ldi. (Ibn al-Asir. «Tarixi komil»).
O’ninchi afsona:
Siyovushning tuhmatga uchrashi va Afrosiyob tomonidan o’ldirilishi. Siyovushni Kaykovus askarlari Turon chegarasidagi o’rmonlardan topib olgan go’zal bir qizdan tug’ilgan (aftidan, bu qiz qadimgi yunon afsonalaridagi o’rmon ma’budasining dastlabki obrazi bo’lsa kerak). Siyovush dunyoga kelishi bilanoq (onasi uni tug’ishi paytida o’ladi) hammani o’zining beqiyos go’zalligi bilan maftun etadi. O’gay onasining shahvoniy hirsini rad etgani uchun nohaq ayblangan Siyovush o’t sinovidan o’tishi, ya’ni oltin dubulg’a kiyib, qora otda katta alanga ustidan sakrab o’tishi kerak edi. U o’tni yengib, o’z nomusini qaytadan tiklab oladi hamda Turonga yurish qiladi. Urush tamom bo’lgandan keyin Siyovush Turon podshosi Afrosiyob huzuriga boradi hamda uning qiziga uylanadi. Qaynotasidan sovg’a sifatida Turon yerlarining bir qismini olib, bu joyda Kangdiz yoki Kangi Siyovahsh nomli hashamatli qasr shahar quradi. Lekin yana tuhmatga uchrab, Afrosiyob yuborgan qotillar tomonidan o’ldiriladi. Uning o’g’li («Avesto» bo’yicha nabirasi — qizining Afrosiyobning ukasi Agreratdan bo’lgan o’g’li; aftidan bu variant ancha eski, matriarxat bosqichiga oid bo’lsa kerak) Kayxisrav xiyonatchi bobosini tor-mor keltirib, ariylarning yerlarini birlashtiradi va Xorazm rivoyatlariga ko’ra, birinchi Xorazm sulolasiga asos solgan (S.Tolstov. «Qadimgi Xorazm madaniyatini izlab»).
O’n birinchi afsona:
Afrosiyob qo’rg’oni ustida bayram. Turon shohi Afrosiyob Rustam va Kayxisravning hujumidan qochib, o’zini saqlash uchun juda katta qo’rg’on qurdiradi. Qo’rg’on qorong’u, unga nur tushmas edi. Kayxisrav Gershaspning qabridan yondirib olgan olov bilan qo’rg’onni vayron qiladi. Afrosiyob yana qochadi. So’ngra qo’rg’on o’rnida katta gulxan yoqiladi. Odamlar to’planishib, Kayxisravni madh etuvchi qo’shiqlar aytishadi. Ushbu qo’shiqlardan birining 10 misralik parchasi yetib kelgan.
Furuxt bodo ro’sh,
Xunida Gershasp hush,
Hame pur ast az no’sh,
No’sh kun, may no’sh.
Do’st, bidor go’sh,
B-ofarin nihoda go’sh!
Hamesha neki qo’sh,
De guzashtu do’sh!
Shoho xudoygono,
B-ofarin shoh-o! («Tarixi Siiston»).
Tarjimasi:
Nurafshon kun boshlandi,
Gershasp ruhi shodlandi,
Qalblar to’la hayajon,
Sharob ko’tar, jo’rajon.
Quloq solgin birodar,
Ta’zim et yerga qadar.
O’tgan kuning misli tush,
Hayot keldi yaxshi, xush.
Ey,jahongir, shahonshoh,
Senga sharaf, senga shon!
O’n ikkinchi afsona:
Afrosiyob qal’asi va o’lim ma’budi. Afrosiyob o’lim ma’budi Estuxxatdan qochib, katta qal’a qurdiradi. Qal’aga kiradigan birorta yo’l yo’q edi. Ustalar jon saqlaydigan bu qo’rg’onni ertaklardagiday qurishgan edi. U «Afrosiyob qal’asi» deb ataldi. qal’a devorlarining balandligi 1000 futga (bir fut 30,479 sm ga teng — A.A.) edi. Lekin qo’rg’on ichkarisi mutloq qorong’u bo’lgan. Afrosiyob qal’aning devorlariga billur, tilla, kumush va marvaridlardan sun’iy quyosh, oy va yulduzlar o’rnatib chiqishni buyurgan. Natijada, qal’a juda yorug’ bo’lgan. Go’zallik va kuch — qudrat ma’budasi Ardvisurnaxid Afrosiyobning bu xizmatini ko’rib, unga boqiy umr berishi mumkin edi. Afrosiyob ma’buda sharafiga eng yaxshi otlardan 100 ta, boqilgan buqalardan 1000 ta, semiz qo’ylardan 10.000 ta so’yishni buyurdi. Afrosiyob o’zining ko’ngliga taskin topdi, o’lim ma’budasi endi kelolmasligiga ishondi. Yillar o’tdi. Afrosiyob o’zining sun’iy bog’ida aylanib yurgan edi. Daraxtlar orqasida odam sharpasini ko’rdi, u juda oriq va qahrli edi. Afrosiyob darrov payqadi, u o’lim ma’budasi edi. Unga qarshi bormoqchi ham bo’ldi, lekin behuda ekanligini angladi. Afrosiyob jonsiz yiqildi (Professor X.Ko’r-o’g’li tiklagan).
O’n uchinchi afsona:
Afrosiyob shohlikdan voz kechadi. Eron shohlaridan Kaykovus yoki Jom (Som) Sharqdagi uzoq dengiz ortida Qang’diz degan shahar qurdirgan. Shahar keyinchalik Turon shohi Afrosiyob qo’liga o’tgan. Afrosiyob podsholikdan voz kechib, tarkidunyo qilib, Kangdiz shahar-qo’rg’onini o’ziga qarorgoh qilib oladi. Kayxisrav Afrosiyobni qo’lga tushirish uchun uning izidan borar ekan, Qang’diz shahriga qo’shin tortadi.
Abu Rayhon Beruniy «Hindiston» kitobida bu afsonani quyidagicha bayon etadi: «Hind astranomlari obod joylar geografik uzunligini Lanka vositasida belgilaydilar. Bu joy Yer ekvatorida o’rtalikda bo’lib, Sharqida Jamakuti, G’arbida Rumaka bor. Ammo Jamakuti esa Yaqubning va al-Fozoriyning aytishicha, dengiz ichidagi mavzudadir. Unda Tora shahri bor. Hindlarning kitoblari ichida bunday nomni sira topa olmadim. Kote esa bir qal’a nomi, Joma — ajal farishtasi (demak)dir; undan Kangdiz hidlari tarqalib turadi. Forslarning yozishlariga ko’ra, Kayxisrav turk Afrosiyob izidan borishda bu dengizni kezgan. U mavzuga borganda zohidlar yo’liga o’tib, u mulkdan chiqib ketishlikni qaror qilgan». Diz forschada — qal’a demakdir (Beruniy. «Hindiston»).
O’n to’rtinchi afsona:
Eroniy xalqlar bayramlarining Afrosiyob shaxsiyati bilan bog’lanishi. Abu Rayhon Beruniy «Qonuni Мas’udiy» kitobining ikkinchi maqolasi «Eroniylarning majusiylik-dagi bayram kunlari»da eronliklarning uchta bayramini Afrosiyob shaxsiyati bilan bog’laydi.
Hurdod. Hurdod mohning oltinchi kuni — ikki ism (oy va kun ismi) bir-biriga muvofiq kelgani uchun bayram bo’lgan. Tir mohning o’n uchinchi kuni ham shunday. Orishning Мanuchehr bilan Afrosiyob orasida sulh qilish uchun o’q otishi ham shu kunga to’g’ri kelgan. Bu sulhga ko’ra o’q borib yetgan joy Мanuchehrniki bo’lar emish. Aytishlaricha, u Ro’yo tog’idan otgan, uzoqdan otilgan shu o’q Farg’ona va Tabariston orasiga tushgan.
Eronliklar, undan keyingi kunda ham o’qning borib yetgan xabari shu kuni eshitilgan, deb bayram qiladilar.
Tirgon. «Ular (eroniylar-A.A.) Tirgon kuni cho’miladilar, oshxonalar va o’choqlarni supuradilar. Ammo o’choqlarni buzishlariga sabab shuki, odamlar shu kuni Afrosiyob qamalidan xalos bo’lib, har kishi o’z ishiga ketgan. Shuningdek, avvalgilar yo’lidan yurib (yetilmagan) bug’doyni yetilmagan mevalar bilan qo’shib qaynatadilar, chunki ularning bug’doy yanchishga qudratlari yetmagan edi.
Cho’milish marosimining sababiga kelganda, Kayxisrav Afrosiyob jangidan qaytishida lashkarlardan tashqari yolg’iz o’zi bir buloq tepasiga tushgan. Shunda u charchaganligi sababli o’zidan ketgan, Gudarz o’g’li Vayjon yetib kelib, unga suv sepgan va u o’ziga kelgan. O’sha vaqtdan beri cho’milish tabarruk rasm bo’lib keladi».
Obogon. «Obogonda Zav ibn Tahmosp Afrosiyob bekitib tashlagandan keyin qazilgan anhorlarga suv qo’ygan hamda shu kuni kishvarlarga, bular iqlimlar kabi, Bevorasp davlatining zavol topgan xabari kabi tarqalgan, shundan keyin har bir kishi o’z uyi va oilasigi ega bo’lgan. Bundan oldin esa, ustlariga kelgan sarkashlarning zo’ravonligi sababli u narsalarga ega bo’la olmaganlar» (Beruniy. «Qonuni Мas’udiy»).
Yuqorida matni keltirilgan afsonalarning syujet o’zagi bitta:Turon shohi Afrosiyob Eron mamlakati bilan bo’lgan jangda g’olib kelishi, Eron xalqiga zulm o’tkazishi, eroniylardan bo’lgan kuyovi Siyovushni ig’vogarlarning so’ziga kirib o’ldirishi, natijada Eron shohi va pahlavonlari Siyovush xunini undan talab qilish voqyealari asosida qurilgan. Lekin afsonalarning hammasida ham Afrosiyob yovuz, mehr va insoniylikdan begona shoh sifatida ko’rinmaydi. Afrosiyob tarixdagi juda ko’plab, aytish mumkinki, hamma shohlarga xos xususiyatni o’zida mujassamlashtirgan. Jahon tarixiga nazar tashlanadigan bo’lsa, har bir shoh ma’lum bir mamlakat bilan urishganda g’alabani qo’lga kiritish uchun shafqatsiz bo’lgan. Zotan, Kayxisravning o’zi ham tarixiy va afsonaviy shaxs sifatida Afrosiyobga nisbatan shafqatsiz edi.
Afsonalarda Afrosiyob obrazi qanday xususiyatlar bilan tasvirlanganligini nazardan o’tkazaylik: Afrosiyob pahlavon, ayni paytda o’z raqibi bilan sulh tuzib, tinchlikni istovchi shoh (I afsona), ollohdan o’z maqsadiga erishish uchun najot so’rovchi, lekin omadi chopmagan jabrdiyda (II); O’z maqsadi yo’lida qarshilik qilgan, raqibiga yon bosganlarni shafqatsiz jazolovchi (III, IX); urushda tinchlik istovchi, pahlavonlarni qadrlovchi, lekin o’z taxti o’zgalar qo’liga o’tib ketishidan qo’rquvchi va o’z saltanatini mustahkamlash uchun qotillikdan ham qaytmaydigan shoh (V); shaharlar qurishga e’tibor bergan, odamlarning ig’vosiga ishonuvchi(VI, VII); mehribon ota (VIII); o’z raqibi ekanligini bilsa-da, pahlavonligini qadrlovchi, hatto qizini ham berishga tayyor mehribon qaynota, lekin o’z taxtini sevuvchi shoh (IX, X); dushmandan o’z jonini ehtiyot qilish chorasini izlovchi, shahar va qo’rg’onlar qurgan, lekin dunyoga ustun bo’lolmasligini, inson umri abadiy emasligini tushungan, har qanday shoh ham o’lim oldida ojizligini bilgan shoh (XI, XII); shohlik azobidan zohidlikni afzal bilgan tarkidunyo egasi (XIII) sifatidagi o’z qiyofasiga ega.

Yüklə 59,8 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3   4   5   6




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin