Frans Kafka. Evrilish (hikoya) https://t.me/e_kutubxona
Frans Kafka. Evrilish (hikoya)
Bir kuni ertalab behalovat uyqudan uyg‘ongan Gregor Zamza o‘zining
bahaybat hasharotga aylanib qolganini ko‘rdi. U chalqancha yotar, yelkasini
sovutday suyak qoplagan edi. Boshini ko‘targan edi, qornida paydo bo‘lgan
suyaksimon tangachalarga ko‘zi tushdi. Ko‘rpa do‘ppaygan jigarrang
qornidan sirg‘alib yerga tushaytushay deb turardi. Tanasiga nisbatan
ayanchli darajada kichik oyoqlari ko‘z oldida tinmay pitirlardi.
— «Menga nima bo‘ldi o‘zi?», — deb o‘yladi u. Axir, bu tush emasku. O‘sha
qadrdon xona. Tor bo‘lsa ham odam yashaydigan xona, o‘sha to‘rt devor.
Stolda har xil gazmollardan qirqib olingan namunalar sochilib yotar edi.
(Gregor Zamza kommivoyajer edi). Stolning tepasida tilla suvi yuritilgan
romda yaqindagina o‘zi jurnaldan qirqib olgan portret osilib turardi. Unda
mo‘yna shlyapa bilan gorjetka kiygan qaddi ravon xonim o‘tirar va qirqma
yengga tiqilgan qo‘lini cho‘zib turardi.
Gregor tashqariga qaradi. Tund havo, deraza tokchasidagi tunukaga
urilayotgan yomg‘ir tomchilari kayfiyatini battar tushirib yubordi. «Yana
jinday uxlasam yaxshi bo‘lardi. Har xil bema’ni narsalarni unutish kerak»,
deb o‘yladi u. Ammo endi uxlash oson emas edi. U doim o‘ng yonboshini
bosib yotishga ko‘nikkan, ammo hozirgi ahvolda yonboshga o‘girilish
amrimahol edi. Gregor qancha urinmasin, yana chalqanchasiga ag‘darilib
tushaverdi. Tinimsiz tipirchilayotgan oyoqchalarini ko‘rmaslik uchun ko‘zini
yumib, yonboshiga yotmoq uchun yana bir urinib ko‘rdi. Butun kuchini
to‘plab, harakat qildi — bo‘lmadi. Nihoyat, o‘ng biqinida o‘ziga notanish bir
og‘riqni, so‘niq simillayotgan og‘riqni sezdiyu, harakatdan to‘xtadi.
— «Oh, parvardigor! — deb o‘yladi u, — nega bu dahzama kasbni tanladim
o‘zi! Har kuni chopchop, yuguryugur. Har kuni qaergadir jo‘nash kerak.
Boradigan shaharda ish joyingdagidan ham ko‘proq tashvish, bu ham
yetmaganiday, yo‘l azobiyu poezdlar jadvalini o‘ylashing kerak, doimiy och
nahorlikka chidamog‘ing lozim. Yana har xil notanish odamlar bilan
nosamimiy suhbatlashishga, bitimlar tuzishga majburligingni aytmaysanmi!
Jin ursin hammasini!» Gregorning birdan qorni qichisha boshladi. Boshini
ko‘tarish o‘ng‘ay bo‘lishi uchun yotgan joyida karavot panjarasi tomon
siljidi, qichiyotgan joyni topib, oyoqlarining biri bilan qashlamoqchi edi,
ammo shu zahotiyoq oyog‘ini tortib oldi, chunki badaniga sal tegilsa, Gregor
bezgak tutganday qaltiray boshlardi.
U yana avvalgi holatiga tushib yotdi. «Har kuni saharlab turaversang jinni
bo‘lib qolish hech gap emas, — deb o‘yladi u, — odam to‘yib uxlashi kerak.
Boshqa gumashtalar kanizaklarga o‘xshab yashaydi. Masalan, men
buyurtmalarni ko‘chirib yozish uchun mehmonxonaga qaytganimda, bu
janoblar endigina nonushtaga o‘tirgan bo‘ladi. Men ham ularga taqlid
qilguday bo‘lsam, xo‘jayin shu kuniyoq ishdan haydaydi. Kim biladi, balki bu
men uchun yaxshi bo‘larmidi. Agar otaonamni o‘ylab, o‘zimni
tiymaganimda, allaqachon ariza yozib ishdan bo‘shardimda, xo‘jayinning
yoniga borib, kimligini yuziga shartta aytar edim. Ana shunda u o‘z
cho‘qqisidan gursullab tushardi. Xo‘jayinning g‘alati odati
bor: idora — uning cho‘qqisi. U o‘sha cho‘qqidan turib xizmatchilar bilan
muloqot qiladi. Buning ustiga qulog‘i kar, gap tushuntirmoq uchun albatta
unga yaqin kelish — la’nati idoraga borish shart. Har qalay, noumid shayton:
xo‘jayindan otaonamning qarzini uzamanda, bunga besholti yil kerak,
xolos, — aytganimni qilaman. Ana o‘shanda biz u bilan hisoblashamiz.
Hozircha bu haqda o‘ylamay o‘rindan turish kerak, poezd soat beshda
jo‘naydi.»
U sandiq ustida chiqillayotgan soatga qaradi. «E xudo!» deb yubordi ichida
Gregor: soat olti yarim edi. Yo‘q, yigirmata kam olti... Soat millari
bamaylixotir yana oldinga siljimoqda edi. Nahotki, jiringlamagan bo‘lsa? U
ropparosa to‘rtda jiringlashi kerak edi, shubhasiz jiringlagan ham. Ammo
xonadagi mebelni titratib yuborishga qodir bu shovqindan uyg‘onmagani
qiziq. U notinch, balki shuning uchun qattiq uxlagan. Endi nima qilish kerak?
Navbatdagi poezd soat yettida jo‘naydi. Unga ulgurish lozim. Hali gazmol
namunalari joylashtirilmagan, ustigaustak Gregorning ta’bi xira, o‘rnidan
turishga hafsalasi yo‘q. U poezdga ulgurgan taqdirda ham xo‘jayindan
so‘kish eshitadi: savdo uyining xodimi — soat beshda ketadigan poezdni
kuzatadigan
navbatchi — Gregorning kechikkanini xo‘jayinga allaqachon yetkazgan. Bu
befarosat va irodasiz odam — xo‘jayinning o‘ng qo‘li. Tobim qochib qoldi,
desachi? Yo‘q, bu noqulay — shubha tug‘dirishi mumkin, chunki Gregor
besh yil xizmat mobaynida biror marta ham kasal bo‘lgan emas. Agar tobi
qochib qolsa, xo‘jayin darrov kassa bemorxonasining vrachini sudrab keladi.
Otaonasiga Gregorni ko‘rsatib, vrachning fikrini, «Dunyoda kasal odam
yo‘q, lekin hamma mehnatdan qochadi», degan fikrini ro‘kach qilib, hech
kimning og‘zini ochirmaydi. Axir, Gregor bugungi ahvolida o‘zicha haqku...
Faqat shuncha uxlasa ham uyquga to‘ymaganiga hayron edi. Shunisi
bo‘lmaganda, Gregor o‘zini deyarli yaxshi his qilar, hatto o‘lgudek och edi.
U yotgan joyidan turishga yuragi betlamay, shularni o‘ylar ekan, soat chorak
kam yettiga zang urdi, kimdir eshikni sekin taqillatdi.
— Gregor, — (chaqirgan onasi edi), — soat chorak kam yetti bo‘ldi,
jo‘nashing kerak ediku?
Bu mehribon ovoz! Lekin Gregor o‘z javobidan — bo‘g‘zidan chiqqan g‘alati
tovushlardan qo‘rqib ketdi. Garchi bu o‘z ovozi bo‘lsada, unga qandaydir
zohiriy tovush — xasta bir chiyillash qo‘shilib, aytgan so‘zlari faqat bir
lahzagina ravshan eshitildiyu, so‘ng ma’nosini anglash qiyinlashdi. Eshitgan
kimsa o‘z qulog‘iga ishonmay qolardi. Gregor onasiga nima gapligini batafsil
tushuntirmoqchi bo‘ldi, ammo ahvolining tangligini eslab, qisqagina:
— Ha, ha, rahmat, ona. Hozir turaman — dedi.
Yog‘och eshik orqasida uning ovozi o‘zgarib qolganligini onasi anglamadi
shekilli, uning xotirjam uzoqlashayotgan qadam tovushlari eshitildi. Lekin bu
qisqa suhbat qolgan oila a’zolarining diqqatini jalb etdi. Gregorning hali ham
ketmaganligi ularni taajjubga soldi, otasi yon eshiklardan birini sekin, ammo
mushti bilan urib:
— Gregor! Gregor! — deb qichqirdi. — Nima gap o‘zi?
Boshqa eshik ortidan Gregorning onasi ohista:
— Gregor, tobing qochdimi? Yordam kerak emasmi? — dedi achinib.
Gregor: «Hozir chiqaman!» deb javob qaytardi. Bu ikki so‘zni aytayotib,
ularning har birini alohida, aniq ravshan talaffuz qilishga tirishdi. Buni
qarangki, otasi bamaylixotir iziga qaytib, nonushtaga o‘tirdi. Faqat onasi
hamon eshik ortida shivirlardi:
— Gregor, eshikni och, ochaqol, o‘g‘lim!
Ammo Gregor ochishni xayoliga ham keltirmasdi, har xil mehmonxonalarda
tunayverib, doim eshikni zanjirlab yotishga odatlanganini esladiyu ichida
xursand bo‘ldi.
Yo‘q. U avval o‘rnidan turib, kiyinishi kerak. Keyin bir gap bo‘lar. Chunki
Gregorga ayon bo‘ldiki, karavotda yotganda boshga biror tuzuk fikr
kelmaydi. U ilgari ham bugungiga o‘xshash holat boshidan o‘tganini esladi:
masalan, gohida, noo‘ng‘ay yotganidanmi, tanasida qandaydir og‘riq sezardi
yu, ammo o‘rnidan turgan zahoti og‘riq yo‘qolar, Gregor buning tasavvur
o‘yini ekanligini tushunar edi. Gregor hozir ham bugungi ro‘yoning
tumanday tarqalib ketishini qiziquvchanlik bilan kutib yotardi. Ovozining
o‘zgarib qolgani esa — gumashtalarning hammasiga xos kasallikdan dalolat
— shamollash oqibati, bunga shubha yo‘q.
Ko‘rpadan chiqish unchalik qiyin bo‘lmadi: Gregor qornini sal shishirgan
edi, ko‘rpaning o‘zi sirg‘alib polga tushdi. Ishning qiyini oldinda: negaki,
Gregorning tanasi yapasqi va haddan tashqari katta: suyanib turish uchun
unga qo‘l kerak; ammo qo‘l
o‘rnida sanoqsiz zaif oyoqchalar tartibsiz tipirchilar, Gregor ularni mutlaqo
boshqara olmas edi. Aytaylik, u oyoqlaridan birini bukmoqchi bo‘lsa oyoq
unga bo‘ysunmay cho‘zilar, bir amallab uni bukishga majbur qilsa,
qolganlari xuddi ozodlikka chiqqanday, tinimsiz tipirchilay boshlar edi.
«Zudlik bilan o‘rindan turish kerak!», dedi ichida Gregor.
Dastlab u gavdasining pastki qismini to‘shakdan ozod qilmoqchi bo‘ldi
(darvoqe, gavdasining bu bo‘lagini hali ko‘rmagan, tasavvur ham qilolmas
edi). Lekin bu joyining nihoyatda kamharakat ekanligini sezdi. Xullas, ish
juda sekin borardi. Shunda uning jahli chiqib, bor kuchi bilan oldinga
tashlandi, ammo mo‘ljalni noto‘g‘ri oldi shekilli, gavdasining pastki qismi
karavot simlariga tegib, qattiq og‘ridi, Gregor bildiki, gavdasining ana shu
bo‘lagi — eng nozik joy ekan.
Shu bois Gregor avval o‘zining bosh tomoni bilan yerga tushishga urinib,
boshini karavot chetiga bura boshladi. Bu ish uncha qiyin bo‘lmadi. Katta va
og‘ir bo‘lishiga qaramay, gavda ham boshning izidan siljiy boshladi. Nihoyat
boshi karavotdan osilib qolganda Gregor qo‘rqib ketdi, chunki yiqilib tushsa,
boshi lat yemasdan qolmas edi. Xushdan ketishi mumkin emas, ayniqsa, hozir
mumkin emas. Hozircha o‘rnida yotgani ma’qul.
Ammo u nafasini rostlab, avvalgi holatiga qaytganda, gujg‘on o‘ynayotgan
oyoqlarini ko‘rib, ularni tartibga keltirolmay ovora bo‘lganida, Gregor
karavotdan iloji boricha tezroq tushish lozimligini, hamma narsani qurbon
qilib bo‘lsayam, bu o‘rindan tezroq qutulish kerakligini angladi. Shu bilan
birga qiziqqonlikdan foyda yo‘qligini, hammasini puxta o‘ylab ko‘rish
zarurligini ham esdan chiqarmasdi. Gregor ko‘zlarini yirib derazaga qaradi.
Ammo ko‘chaning narigi betini ham ko‘rib bo‘lmaydigan tumanda ko‘ngilga
taskin beruvchi biror narsani ilg‘ash amrimahol edi. «Allaqachon soat yetti
bo‘ldi, — deb o‘yladi Gregor soat zang urganda, — soat yetti, tuman bo‘lsa
haligacha tarqagani yo‘q. Gregor bir lahza jim yotdi, go‘yo bu jimlik uni
tabiiy borliqqa qaytarishini kutganday, sokin nafas olib yotdi. «Nima qilib
bo‘lsa ham, soat yettidan o‘n beshta o‘tmay, bu la’nati karavotni tark etmoq
zarur. Aytganday, shu orada meni so‘rab kelishlari ham mumkin. Axir,
idorada ish soat yettidan oldin boshlanadiku!» Gregor butun tanasini ishga
solib, bir maromda chayqalgancha karavotdan tushishga unnadi. Agar shu
alfozda yerga yiqilsayu, boshini ko‘tarib qolishga ulgursa, balki boshi lat
yemas. U yelkasi toshbaqa kosasiday qattiq ekanligini bilar, gilam ustiga
tushsa, hech narsa bo‘lmaydi, deb o‘ylardi. Uni yiqilgan paytida chiqadigan
shovqin, gursullagan tovush ko‘proq tashvishlantirar edi. Negaki, uydagilar
bu shovqinni eshitib, qo‘rqib ketmasa ham, harholda ancha bezovta bo‘ladi.
Lekin, nachora, boshqa iloj yo‘q.
Gregor chayqalachayqala karavot chekkasiga keldi. Gavdasining deyarli
yarmi polga osilib turardi. Uning harakati mashaqqatli mehnatdan ko‘ra,
ko‘proq o‘yinga o‘xshardi. Gregor karavotda osilib turar ekan, «Hozir menga
yordam bersa ish ancha oson ko‘chardi», deb o‘yladi. Ikkita kuchli odam — u
otasi bilan xizmatkor qizni nazarda tutdi — bo‘lsa bas: ular Gregorning
do‘ng yelkasidan ko‘tarib yerga tushirishsa, keyin Gregor qorniga
ag‘darilayotganida ko‘zquloq bo‘lib turishsa kifoya: shunda Gregorning
mo‘‘jaz oyoqchalari ham qandaydir mohiyat kasb etarmidi. Yo‘q, yo‘q, hatto
eshik ochiq bo‘lsa ham Gregor hech kimni yordamga chaqirmaydi. Bu
fikrdan — ahvolining ayanchligiga qaramay — ichida kulib qo‘ydi.
Gregor tipirchilaytipirchilay karavot chetiga kelib qoldi, zo‘rg‘a muvozanat
saqlab, endi ag‘darilmoqchi edi, daf’atan ko‘cha eshigidagi qo‘ng‘iroq
jiringladi. «Firmadan odam keldi», deb o‘yladi Gregor, keyin nafasini ichiga
yutib, tik qotdi. Oyoqlari bo‘lsa, aksincha, avvalgidan ham tezroq tipirchilay
boshladi. Atrof suv quygandek jimib qoldi. «Eshikni ochmasalar kerak», dedi
ichida Gregor telba bir umid bilan. Ammo xizmatkor qizning odatdagi dadil
qadami eshitildi — borib eshikni ochdi. Gregor, bo‘sag‘adanoq salom byorib
kelgan odamni darrov tanidi: idora boshqaruvchisi. Arzimas bir qusur ham
yomon shubha uyg‘otadigan bu idorada ishlash nahotki Gregorning
manglayiga yozilgan bo‘lsa? Axir bu idora xizmatchilarining hammasi ham
firibgar emasku, ular orasida o‘z kasbiga sodiq, halol odam ham borku, agar
bu odam ishdan birikki soat kechikkan bo‘lsayu, vijdoni qiynalib,
to‘shakdan turolmay yotsa, nima qilibdi? Nahotki xabar olish uchun biror
shogirdini yuborish mumkin bo‘lmasa? Nahotki boshqaruvchining o‘zi kelib,
ishga bormagan odamning jinoyatini tekshirish faqat uning —
boshqaruvchining qo‘lidan kelishi mumkinligini begunoh oila a’zolari oldida
namoyish qilishi shart bo‘lsa? Gregor bir qarorga kelganidan emas, balki
boshida aylanayotgan shunday fikrlardan junbishga tushdi va bir yulqinib,
yerga ag‘anadi. Zarb qattiq bo‘lsada, Gregor gilamga yiqilganidanmi yoki
yelkasi u o‘ylagandan ko‘ra qulay, qayishuvchan bo‘lganidanmi, tovush
bo‘g‘iq chiqdi...
— Bir nima tushib ketdi shekilli, — dedi boshqaruvchi chap tomondagi
xonadan.
Gregor boshqaruvchini o‘zining ahvolida tasavvur qilib ko‘rdi: bugungi yuz
bergan voqea boshqaruvchining boshiga ham tushishi mumkinku. Ammo
Gregorning fikrlarini inkor qilganday, boshqaruvchi qo‘shni xonada
loklangan etiklarini g‘irchillatib shiddat bilan bir necha qadam tashladi. O‘ng
yonidagi xonadan, Gregorni ogohlantirishga urinib, onasi shivirladi:
— Gregor, boshqaruvchi keldi.
— Bilaman, — dedi Gregor asta: u ovozini onasi eshitadigan qilib ko‘tarishga
jur’at etmadi.
— Gregor, — dedi otasi chap yondagi xonada turib, — janob boshqaruvchi
keldi. U nega ertalabki poezdda ketmaganligingni so‘rayapti. Nima deb javob
berishni bilmayapmiz. Aytganday, u sen bilan o‘zi gaplashmoqchi. Shuning
uchun, iltimos, eshikni och. Janob boshqaruvchi xonadagi tartibsizlikni
ko‘rib, ma’zur tutar, deb o‘ylayman.
— Yaxshi yotib turdingizmi, janob Zamza? — deb muloyim gap qistirdi
boshqaruvchi.
— Uning tobi qochgan, — dedi onasi boshqaruvchiga (shu payt otasi
Gregorga gapirayotgan edi), — menga ishoning, janob boshqaruvchi, uning
tobi yo‘q. Bo‘lmasa, Gregor poezdga kechikarmidi! Axir, bolagina, faqat
firmani o‘ylaydi, men hatto undan xafa bo‘laman: kechqurunlari hech yoqqa
chiqmaydi, mana, shaharda sakkiz kun bo‘lib, uydan chiqmay o‘tirdi. Stolga
ko‘ksini berib, jimgina gazeta o‘qiydi yoki poezdlar jadvalini ko‘radi...
Birgina ermagi — yog‘och qirqish: masalan, ikki oqshom ichida
binoyidekkina rom yasadi, mana, Gregor eshikni ochsin, o‘zingiz ko‘rasiz,
qarab ko‘z to‘ymaydi. Ammo sizning tashrifingingizdan men baxtiyorman,
janob boshliq; Gregor o‘zi o‘jar, ertalab o‘zi bo‘yniga olmagan bo‘lsada,
men bilaman — tobi yo‘q.
— Hozir chiqaman, — dedi Gregor har bir so‘zni cho‘zib, salmoq bilan: u o‘z
nutqiga diqqat qilib, qimir etmay yotardi.
— Sizga boshqa gapim yo‘q, bekam, — dedi boshqaruvchi, — Gregorning
kasali uncha xavfli bo‘lmasa kerak, deb umid qilamiz. Harholda shuni aytib
qo‘yishim kerakki, biz kommersantlar savdo manfaati uchun ba’zan yengil
elpi xastaliklarga bardosh berib, ishni davom ettirishimizga to‘g‘ri keladi.
— Endi janob boshliq xonangga kirsa bo‘ladimi? — deb so‘radi sabri
tugagan otasi va eshiqni taqillatdi.
— Yo‘q, — dedi Gregor.
Chap yondagi xonaga jimlik cho‘kdi. Ung tarafdagi xonada singlisining
yig‘lagani eshitildi.
Nega singlisi xonadan chiqmayapti? Hali kiyinib ulgurmagandir. Balki
o‘rnidan ham turmagan bo‘lsa kerak. Lekin nega u yig‘laydi? Chunki Gregor
hamon yotibdi, chunki u boshqaruvchini xonasiga kiritmayapti, chunki
Gregor bu qilig‘i bilan ishdan butunlay mahrum bo‘lishi hech gap emas.
Shunday ekan, xo‘jayin otaonasiga eski talablarni qo‘yib, yana oilasini ta’qib
qila boshlaydi. Lekin hali umid borku. Gregor shu yerda oilasini tashlab
ketgani yo‘q, tashlab ketmoqchi ham emas. To‘g‘ri, u hozir gilamda yotibdi,
shu ahvolini ko‘rsa, hech kim «Boshqaruvchi xonangga kirsin», deb tiqilinch
qilmagan bo‘lar edi. Sal iltifotsizlik uchun darrov ishdan haydashmas axir, bu
gunohni yuvishga keyinroq bir bahona topilar. Hozir meni tinch qo‘ysalar
yaxshi bo‘lardi. Yig‘isig‘iyu iltimoslar bilan bosh qotirmay tinch qo‘ysalar,
juda yaxshi bo‘lardi, deb o‘yladi Gregor. — Lekin «Buyog‘i nima bo‘ladi?»
degan dahshatli savol uydagilarni qiynar, shuni hisobga olib, ularni kechirish
mumkin edi.
— Janob Zamza,— deya xitob qildi boshqaruvchi ovozini bir parda ko‘tarib,
— nima gap o‘zi? Eshikni qulflab olib, faqat «Ha» va «Yo‘q» deysiz, ota
onangizni behuda qiynaysiz? O‘jarlik bilan xizmat burchingizdan bo‘yin
tovlaysiz — buni shunchaki eslatib qo‘yyapman — nima gap o‘zi? Men ota
onangiz nomidan, xo‘jayiningiz nomidan gapiryapman, iltimos qilardimki,
zudlik bilan bizga tushuntiring — nima gap? Men sizga hayron qolyapman.
Sizni beozor, mulohazali yigit, deb yurardim, siz bo‘lsa, endi bilsak, yangi
qiliq chiqaribsiz. To‘g‘ri, ertalab xo‘jayin sizga topshirilgan inkassaning
o‘rnida emasligi ishga kelmay qolganingizga sabab bo‘lgan deb taxmin
qilganday gapiruvdi. Men uning shubhasi o‘rinsiz ekanligini aytmoqchi edim,
ammo bu o‘jarligingizni ko‘rib, sizni himoya qilish istagi yo‘qolib boryapti
menda. Buni faqat o‘zingizga aytmoqchi edim, ammo siz bu yerda bekorga
mening vaqtimni olganingizdan keyin, bu gapni otaonangizdan yashirib
o‘tirishning hojati yo‘q, deb o‘ylayman. Ishdagi muvaffaqiyatlaringiz ham
keyingi paytda qanoatlanarli bo‘lmayapti: to‘g‘ri, hozir savdoda katta
shartnomalar tuzish uchun qulay fasl emas, buni tan olamiz, ammo umuman
shartnoma tuzish mumkin bo‘lmagan fasl yo‘q, janob Zamza, bo‘lmaydi
ham!
— Axir, janob boshqaruvchi! — deb yubordi Gregor o‘zini tutolmay va
hayajondan hammasini unutib, gapira ketdi: — Men hozir eshikni ochaman,
darrov ochaman. Sal tobim qochib, boshim aylanyapti, o‘rnimdan
turolmayapman. Lekin hoziroq ko‘rpadan chiqaman, mana chiqyapman, bir
zum sabr qiling! Harholda, ahvolim yaxshi emas, lekin ancha tuzalib
qolgandayman. Nima jin urdi meni! Kecha kechqurun soppasog‘ edim,
ishonmasangiz, otaonamdan so‘rang. Yo‘q, to‘g‘rirog‘i, kecha nimanidir
sezganday bo‘luvdim. Eh, nega bundan firmani ogohlantirmadim! Lekin
o‘rnimdan tursam, xastalik o‘tib ketadi, deb umid qilarkanda kishi. Janob
boshqaruvchi! Otaonamga shafqat qiling! Axir menga yuklanayotgan bu
ayblarda asos yo‘qku: menga bu haqda o‘zingiz hech narsa demagansizku.
Siz hali men jo‘natgan so‘nggi buyurtmalarni ko‘rmagan bo‘lsangiz kerak.
Hozir ancha o‘zimga kelib qoldim, soat sakkizdagi poezdda jo‘nayman. Meni
kutib, ovora bo‘lmang, janob boshqaruvchi, firmaga o‘zim yetib boraman,
marhamat qilib xo‘jayinga shunday deng, unga bo‘lgan hurmatimni
yetkazing!
Gregor nima deyayotganini o‘zi ham anglamay, shoshapisha gapirar ekan,
sandiq tomon siljiy boshladi. Karavotda chayqalib, ancha mashqini olgani
qo‘l keldi chamasi, u sandiqqa tezda yaqinlashib, unga tirmashib o‘rnidan
turishga harakat qildi. Gregor chindan ham eshikni ochmoqchi, chindan ham
boshqaruvchi bilan gaplashmoqchi edi: lekin uni ko‘rib, odamlar nima der
ekan? Mabodo ular qo‘rqib ketishsa, ish mas’uliyati Gregordan soqit qilinadi,
shunda u xotirjam bo‘lishi mumkin. Agar uni hech narsa bo‘lmaganday kutib
olishsachi? Bu taqdirda ham tashvishga o‘rin yo‘q, chunki Gregor kiyinib,
soat sakkizdagi poezdga bemalol ulguradi. Gregor sandiqqa tirmashar ekan,
bir necha marta sirg‘alib ketdi, nihoyat qattiq bir siltandida, tikqa turib oldi.
Gavdasining pastki qismida kuchli og‘riq paydo bo‘ldi, ammo Gregor bunga
e’tibor bermadi. Keyin Gregor yaqinida turgan kursi suyanchig‘iga
tashlandi: oyoqlari bilan unga mahkam yopishib oldi. U o‘z tanasini
bo‘ysundirib, bir lahza jim qoldi: tashqarida boshqaruvchi tilga kirgan edi.
— Uning biror so‘ziga tushundingizmi? — deb so‘z qotdi boshqaruvchi ota
onasiga, — u bizni kalaka qilyapti, chamamda?
— Xudo yorlaqasin sizni! — dedi onasi ko‘z yosh qilib. — Balki u og‘ir
kasaldir, biz bo‘lsa uni battar qiynayapmiz. Greta! Greta! — deb qichqirdi
so‘ngra onasi.
— Oyi?! — javob qaytardi singlisi yon xonadan.
— Zudlik bilan vrachga xabar ber. Gregor kasal. Tez vrachni chaqir.
Gregorning ovozini eshitdingmi?
Shu payt boshqaruvchi onaning chinqirig‘iga nisbatan hayratlanarli darajada
sekin:
— Bu — hayvonning ovozi, — dedi.
— Anna! Anna! — deb qichqira boshladi otasi oshxona tomonga qarab va
qars urdi, — tezda chilangarni chaqirib keling!
Xizmatkor qiz bilan Gregorning singlisi (u qachon kiyinib ulgurdi ekan?) —
ikki qizning yubkalarini shitirlatgancha dahlizga chopib chiqqaniyu, keyin
ko‘cha eshigi ochilgani eshitildi. Ammo qayta yopilgani eshitilmadi. Balki u
baxtsizlik ro‘y bergan xonadonlardagi eshik kabi lang ochiq qolgandir.
Har qalay, Gregorning ko‘ngli sal o‘rniga tushdi. To‘g‘ri, uning gapini
tashqaridagilar anglamas, lekin o‘zi tushunardi. Hatto qulog‘i ko‘nikib qoldi
shekilli, ilgaridan ham yaxshiroq tushunardi. Uydagilar Gregorga bir balo
bo‘lganini sezdi, unga yordam bermoqqa bel bog‘lashdi. Dastlabki berilgan
buyruqlardagi qat’iylik Gregorga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. U o‘zini yana
odamlar qatorida his qildi, vrach bilan chilangardan mo‘‘jiza kutdi.
Muqarrar suhbatda nutqi oqsab qolmasligi uchun u avval yo‘talib ko‘rdi.
Faqat sekin yo‘taldi. Kim biladi, bu tovush ham odam yo‘taliga o‘xshamasligi
mumkinda.
Gregor kursini ushlab, eshik tomon ohista siljiy boshladi. Keyin kursini
qo‘yib yubordida, eshikka tashlanib butun gavdasi bilan unga qapishdiqoldi
(panjalarida yopishqoq bir narsa bor edi). Bu mashaqqatdan so‘ng jinday
nafasini rostladi. Keyin qulfdagi kalitni og‘zi bilan buray boshladi. Evoh,
uning tishlari ham yo‘qqa o‘xshaydi — kalitni nima bilan buraydi endi?
Xayriyat, jag‘i nihoyatda mustahkam ekan. Metin jag‘lar kalitni aylantirdi.
Og‘zidan allaqanday qo‘ng‘irtob suyuqlik oqib, avval kalitga, keyin polga
tomdi, ammo Gregor hozir o‘z sog‘ligini o‘ylamas edi.
— Quloq solinglar, — dedi boshqaruvchi qo‘shni xonada, — u kalitni
burayapti.
Bu gap Gregorga madad berdi: qaniydi hozir hammasi jo‘r bo‘lib: «Ha,
Gregor, kuchliroq bura! Kuchingni ayama, Gregor!», deya qichqirsa. Hamma
o‘zining harakatlarini joniqib kuzatayotganini tasavvur qilgan Gregor kalitga
telbalarcha yopishdi. Kalit astasekin buralaverdi. Nihoyat, qulf shirq etib
ochildi. Gregor hushiga keldi. U nafasini rostlab, ichida:. «Demak,
chilangarning yordamisiz ham o‘zim uddaladim», dedida, boshini eshik
tutqichiga qo‘ydi.
Eshik ochildi. Lekin Gregor hamon eshikka qapishib turgani uchun
tashqaridagilarga ko‘rinmas edi. Gregor avval eshikning birinchi tabaqasidan
ehtiyot bo‘lib o‘tmog‘i lozim, yo‘qsa naq bo‘sag‘aga ag‘anab tushishi hech
gap emas. Shu payt kutilmaganda boshqaruvchining «Oh!» degan nidosi
eshitildi. Keyin uning o‘zi ko‘rindi. U eshikka hammadan yaqinroq turar,
ayni choqda hayratdan lang ochilgan og‘ziga qo‘lini bosib, go‘yo dahshatli bir
kuch itarayotganday ortiga tislanmoqda edi. Onasi — boshqaruvchidan
tortinmaydi ham — sochlari parishon, turmaklanmagan, qo‘llarini
qovushtirib, otasiga boqdi. Keyin Gregorga qarab ikki odim bosdiyu guppa
yiqildi: yubkasi chodirday ko‘tarilib ketgani uchun yuzi ko‘rinmasdi. Otasi
bo‘lsa Gregorni xonasiga haydab kiritishga shaylanganday mushtini qisdi.
So‘ngra garangsigancha mehmonxonaga ko‘z yugurtirdi, qo‘llari bilan yuzini
bekitib, birdan ho‘ngrab yubordi. Uning qudratli yelkalari silkinibsilkinib
tushardi.
Gregor mehmonxonaga o‘tmay, eshik tabaqasiga suyanganicha turar, shu
sabab uning qiyshaygan boshiyu gavdasining yarmi ko‘rinardi, xolos. Shu
orada kun ham yorishib, ko‘chaning narigi betidagi uzun imoratning bir
bo‘lagi yaqqol ko‘rina boshladi. Derazalari odamning yuragini siqib
yuboradigan darajada bir xil joylashgan bu bino kasalxona edi. Yomg‘ir
hamon yog‘ar, lekin endi tomchilari yirikyirik go‘yo har biri alohida
mustaqil ravishda yerga tushardi. Gregor stolga ko‘z yugurtirdi. Dasturxonda
nonushtaga tayyorlangan idishtovoq ko‘p edi. Zero, Gregorning otasi uchun
nonushta kunning muhim marosimlaridan hisoblanar, bunga gazeta o‘qish
ham kirar, bu jarayon soatlab davom etar edi. Ro‘paradagi devorga
Gregorning harbiyda tushgan surati osilgan. Suratda yosh leytenant qilich
sopiga qo‘lini qo‘yib, parvoyi falak jilmayar va o‘z qaddiqomatiga,
mundiriga tomoshabindan izzat talab qilar edi.
— Mana, men, — dedi Gregor o‘zidan boshqa hamma sarosimaga tushganini
payqab, — hoziroq kiyinib, gazmol namunalarini joylaymanu jo‘nayman.
Sizlar mening jo‘nashimni istaysizlarmi, axir? Mana, janob boshqaruvchi,
ko‘rib turibsiz, men mutlaqo qaysar emasman, men jon deb ishlayman,
ishlayapman ham: to‘g‘ri, yo‘l azobi yomon, ammo men yo‘lsiz, safarsiz
yashay olarmidim? Qaerga ketyapsiz, janob boshqaruvchi! Idoragami?
Unday bo‘lsa, nima gapligini aytib berarsiz ularga? Ba’zan odam ishlashga
qurbi yetmay qoladi, lekin xuddi shunday paytda uning avvalgi xizmatlarini
hisobga olib, kechirilsa, u albatta yana ham yaxshiroq mehnat qiladi, deb
xulosa chiqarish mumkinku. O‘zingizga ma’lum, xo‘jayin menga ko‘p
yaxshiliklar qilgan. Uning oldida qarzdorman. Qolaversa, otaonamga
qarashim kerak. Boshimga kulfat tushdi, lekin bundan qutulib chiqaman.
Faqat siz o‘lganning ustiga tepgan qilmang. Firmada yonimni oling, iltimos.
Gumashtalarni hech kim yaxshi ko‘rmaydi, bilaman. Ular yaxshi pul ishlab,
rohatfarog‘atda kun kechiradi, deb o‘ylaydi odamlar. Lekin siz, janob
boshqaruvchi, idoradagi boshqa xodimlarga nisbatan haqiqatni yaxshiroq
bilasiz. Savdo gumashtasi hayotining nima ekanini siz hatto xo‘jayindan ham
— gap o‘rtada qolsin — xizmatchi haqida yomon fikrga boradigan
xo‘jayindan ham yaxshiroq bilasiz. Savdo gumashtasi bir yil muttasil safarda
yurib, fisqu fasod yoki asossiz ayblar qurboni bo‘lishi mumkinligini ham
bilasiz. Gumashta bu xil hujumlardan o‘zini himoya qilolmaydi, chunki hech
narsani bilmaydi, faqat safardan charchab qaytgandagina hammasiga
tushunadi, sababsiz oqibat zahrini o‘z tanasida sinab ko‘radi. Janob
boshqaruvchi, ketmang! Jinday bo‘lsada bir og‘iz so‘z bilan mening
haqligimni ma’qullang!
Lekin boshqaruvchi Gregor gapga tushgan zahotiyoq, teskari o‘girilib olgan,
labini g‘alati cho‘chchaytirib, tinmay uchayotgan yelkasi osha Gregorga
qarar va sekin, nihoyatda sekin, go‘yo sirli bir taqiq uni xonadan chiqishga
qo‘ymayotganday undan uzoqlashar edi. Boshqaruvchi dahlizga yetganida
oyog‘ini keskin ko‘tardi. Buni ko‘rgan odam boshqaruvchi oyog‘ini kuydirib
oldi, deb o‘ylashi mumkin edi. Nihoyat, u bo‘sag‘adan hatlab, xuddi jannatga
chiqqanday qo‘llarini oldinga, zinapoya tomon cho‘zdi.
Boshqaruvchi shu kayfiyatda ketsa firmada shusiz ham o‘zi qil ustida turgan
obro‘siga battar putur yetishini Gregor yaxshi bilardi. Otaonasi buni
tushunmas, ular o‘g‘lini firmada muqim o‘rnashgan, deb o‘ylar, bugungi
hodisa esa ularni tamomila dovdiratib qo‘ygan edi. Lekin Gregorda
dovdirashdan asar ham yo‘q edi. Boshqaruvchini to‘xtatish kerak, uni
avramoq lozim, ishontirish, tinchlantirish zarur, toki u Gregorga yon bossin;
axir, butun oilaning ham, Gregorning ham kelajagi shunga bog‘liq! Eh,
singlisi ketib qoldida! Aqlli qiz u — hali Gregorning o‘zi ham falokatni
sezmay, bemalol yotganida, singlisi yig‘lay boshlagan edi, Shubha yo‘qki,
boshqaruvchi ayollarni xush ko‘radi. U singlisiga qayishardi. Qiz ko‘cha
eshigini yopib qo‘yardida, iltijo qilib boshqaruvchining ko‘nglini qo‘rquvdan
forig‘ etardi. Afsus, singlisi ketib qoldi. Endi Gregorning o‘zi harakat qilishi
kerak. Gregor nutqining tushunarsiz ekanligini ham unutib, oyoqlarining
qanday yurishidan bexabar, eshik tabaqasini qo‘yib yubordida,
boshqaruvchi tomon (u kulgili alfozda, zinapoya panjaralariga mahkam
yopishgancha qotib turardi) o‘rmaladi, lekin ko‘tilmaganda zaif bir
qichqirdiyu yuztuban yiqildi. Yiqildiyu, shu zahoti ertalabdan beri birinchi
marta o‘ng‘aylik sezdi. Negaki, oyoqchalari ostida qattiq yer bor va bu
oyoqchalar (ichida quvondi) unga bo‘ysunar, hatto Gregorni xohlagan joyga
eltish uchun o‘zlari harakat qilar edi. Ammo Gregor eshikni qo‘yib
yuborgach, muvozanatini yo‘qotib, onasining poyiga yiqilar ekan, parishon
o‘tirgan ona o‘rnidan sapchib turib, qo‘llarini kergancha, barmoqlarini
changak qilib, chinqirdi: «Yordam bering! Xudo xayringizni bersin, yordam
beringlar!» Shunday dediyu, go‘yo Gregorning yuzini yaxshiroq ko‘rmoqchi
bo‘lganday engashdi, ammo ko‘rishga ulgurmay, yana ortga tisarildi. Ona
beixtiyor orqasidagi yasatib qo‘yilgan stolga o‘tirib qoldi, ag‘darilib ketgan
idishdan gilamga qahva to‘kilayotganini mutlaqo sezmadi.
— Oyi, oyijon! — deb sekin shivirladi Gregor va pastdan onasiga qaradi.
Boshqaruvchi, bir zum hushini yo‘qotgan bo‘lsa ham, gilamga oqayotgan
qahvani ko‘rib, toqati toq bo‘ldi, og‘zini kappakappa ochib, nafas oldi. Buni
ko‘rgan ona o‘tirgan joyidan sakrab tushdida, bir chinqirib, yordamga yetib
kelgan ota ko‘ksiga yiqildi. Ammo ularni o‘ylab o‘tirishga Gregorning vaqti
yo‘q edi, chunki boshqaruvchi allaqachon zinaga qadam qo‘ygan va
panjaraga iyagini tirab, Gregorga so‘nggi bor qarayotgan edi. Gregor jon
holatda uning orqasidan o‘rmaladi. Lekin boshqaruvchi nimanidir sezdi
shekilli uzun zinapoyadan ikkiuch hatladiyu g‘oyib bo‘ldi. Faqat pastdan
uning «Fu!» degan tovushi eshitildi. Afsuski, boshqaruvchining ketib qolgani
shu paytgacha xotirjam turgan otasining jahlini chiqardi. U o‘ng qo‘liga
boshqaruvchi esidan chiqarib qoldirgan (u palto bilan shlyapasini ham
unutgan edi) hassani, chap qo‘liga gazetani olib silkitgancha, Gregorni o‘z
xonasiga hayday boshladi. Gregorning iltijolari unga kor qilmas, bu iltijolarni
tushunmas ham edi: boshini chayqab qancha yalinmasin, otasi qattiqroq yer
tepinar edi. Onasi, havo salqin bo‘lishiga qaramay, ochiq deraza oldida,
qo‘llari bilan yuzini bekitgancha, qotib turardi. Ko‘cha bilan zinapoya
maydonchasi oralig‘ida yelvizak paydo bo‘ldi. Stolda gazetalar shitirladi. Bir
necha qog‘oz polda sirg‘alib ucha boshladi. Ota bo‘lsa, hamon yovvoyi
odamlarday g‘alati pishqirib, o‘g‘liga hamla qilar, ammo Gregor hali
orqasiga tislanishni o‘rganmagani uchun, nihoyatda sekin siljir edi. Agar u
o‘ngarilib olsa, darrov xonasiga kirgan bo‘lardi. Lekin bu imillashda
otasining g‘azabi battar qo‘zib, uning qo‘lidagi hassa Gregorning yo boshi, yo
yelkasiga tushishi va hayoti xavf ostida qolishi mumkin edi. Bu holda esa
Gregor o‘zining qaysi yo‘nalishda ketayotganini bilmasdi va shuning uchun u
tezda bir qarorga keldi: otasiga qo‘rqapisa qarab, xona tarafga qayrila
boshladi. Otasi unga xalaqit bermay, uning harakatini ma’qullaganday bo‘ldi,
hatto hassa uchi bilan o‘g‘liga yordam berishga tutindi. Otasi g‘azabdan
ilonday vishillamasa, Gregor bunchalik dovdiramas edi. Bu vishillashni
eshitib, Gregor sal bo‘lmasa xatoga yo‘l qo‘ymoqchi ediyu, lekin darrov
o‘zini o‘ngladi. Bir amallab boshini yotog‘i tomon burganida, haddan
tashqari kengligidan, tanasi eshikka sig‘masligi ma’lum bo‘ldi. Otasi
g‘azabdan eshikning ikkinchi tabaqasini ochib, Gregorni o‘tkazish
mumkinligini ham unutgan edi. Uning fikrizikri Gregorni tezroq, iloji
boricha tezroq xonasiga haydash. Albatta u Gregorning tikka turib xonaga
kirish uchun tayyorgarlik ko‘rishiga aslo rozi bo‘lmas edi. Go‘yo Gregorning
oldida hech qanday to‘siq yo‘qday, otasi unga yanada qattiqroq baqirdi.
Keyin shovqin kuchayib, baqirayotgan faqat otasi emasligini, vaziyat battar
og‘irlashganini payqagan Gregor, nima bo‘lsa bo‘ldi, deya o‘zini eshikka
urdiyu, gavdasining bir tomoni ko‘tarilib, ostonada ko‘ndalang turib qoldi.
Yarador biqinidan oq eshikka xunuk dog‘lar surkaldi. U eshikka qattiq tiqilib
qoldi, yonboshdagi oyoqchalari havoda osilgancha zaif tipirchilar,
pastdagilari esa polga qapishgan edi. Shu payt otasi uning ketidan zarb bilan
tepdi, bu najot tepkisidan qonga belangan Gregor xonasiga uchib kirdi. Otasi
eshikni hassa bilan yopdi. Nihoyat, sukunat tushdi.
II
Gregor g‘irashira qorong‘i tushganda behushlikka o‘xshash og‘ir bir
uyqudan uyg‘ondi. Uni bezovta qilmasalar, saldan keyin o‘zi uyg‘onardi,
ammo kimningdir yengil qadami va dahliz eshigining ohista yopilgani
Gregorni ertaroq uyg‘otib yubordi. U yetarli uxlab, yaxshi dam oldi.
Shiftga va javonning tepa qismiga ko‘chadagi elektr chiroqlaridan nur tushib
tursa ham, past — Gregor yotgan joy qopqorong‘i edi. Gregor endigina
qadriga yetgan oyoqchalari bilan paypaslanib eshik tomon o‘rmaladi. Uni
uydagi voqeaning davomi qiziqtirardi. Lekin Gregorning chap biqini uzun
chandiqqa o‘xshab, yoqimsiz sanchar va oyoqlari ko‘pligiga qaramay,
chinakamiga oqsoqlanar edi. Xayriyatki, ertalabki mojaroda Gregorning
faqat bitta oyog‘i yaralangan, hozir u polda jonsiz sudralar edi.
Gregor eshikka yetganda nega bu yoqqa o‘rmalaganini tushundi: uni
qiziquvchanlik emas, balki ovqat hidi bezovta qilgan ekan. Naq bo‘sag‘a
tagida oq non to‘g‘ralgan sut to‘la chanoq turardi. U quvonchdan chapak
chalib yuborishiga sal qoldi, chunki ishtahasi ertalabkidan ham yaxshiroq edi.
U, vaqtni boy bermay boshini sutga tiqdi, ammo shu ondayoq ta’bi xira
bo‘lib, boshini ko‘tardi. Negaki, yarador biqini qattiq og‘rib, unga xalaqit
berardi. Ikkinchidan, Gregor ovqatlanayotganda vujudi qaltirab, uzluksiz
pishillashga mahkum edi. Bu ham yetmaganday, doim xush ko‘radigan
ichimligi (singlisi buni bilardi) sut ham hozir mazasiz tuyuldi. Gregor
chanoqdan irganib yuz o‘girdida, xona o‘rtasiga o‘rmalab ketdi.
U eshik tirqishidan mehmonxona chirog‘i yonib turganini ko‘rdi. Hamma
uyda bo‘lsa ham, tiq etgan ovoz chiqmasdi. Gregor qorong‘ilikka tikilgancha,
«Mening oilam shunaqa tinch, osoyishta kun kechirar ekanda!», deb o‘yladi.
Otaonasi bilan singlisi uchun shunday ajoyib uyda, ajoyib hayot kechirish
imkoniyatini yaratgan odam o‘zi ekanligini o‘ylab, Gregorning ko‘ksi
g‘ururga to‘ldi. Agar bugun shu farog‘atu shu to‘qchilik ildiziga bolta urilgan
bo‘lsachi? Bu fikrdan qochish maqsadida Gregor oyoqlarining chigilini
yozgan bo‘lib, xonada u yoqdan bu yoqqa o‘rmalay boshladi.
Butun oqshom mobaynida eshik faqat bir marta ochildiyu, darrov yopildi:
chamasi kimdir kirmoqchi bo‘ldi, ammo qo‘rqdi. Gregor bu jur’atsiz
odamning kimligini bilmoqchi bo‘lib, mehmonxona eshigi oldida uzoq, ammo
behuda kutdi. Eshik qayta ochilmadi. Ertalab Gregor qamalib olganida
hamma uning yoniga kirish uchun tirishgan edi. Endi esa eshikni Gregorning
o‘zi ochganiga qaramay, yon eshiklar ham kun bo‘yi ochiq turganiga, kalit
ularning qo‘lida bo‘lishiga qaramay, hech kim Gregorning yoniga kirmasdi.
Tun oqqanda mehmonxona chirog‘i o‘chdi, ma’lum bo‘ldiki, otaonasi ham,
singlisi ham shu paytgacha uxlamagan ekan. Ular oyoq uchida yurib, o‘z
yotoqlariga tarqalishdi. Mana endi Gregor o‘z hayotini yangi izga solish
haqida bafurja o‘ylasa bo‘ladi. Lekin bu shifti baland, bo‘mbo‘sh xona unda
qo‘rquv uyg‘otar, buning sababini Gregor mutlaqo tushunmas edi. Ahir, bu
xonada Gregor ropparosa besh yil yashagan.
U beixtiyor divan tagiga kira boshladi. Divan yelkasini bosib tursa ham,
boshini ko‘tarish noqulay bo‘lsa ham Gregor o‘zini juda yaxshi sezdi. Faqat
gavdasining kengligi sababli divan ostiga butunlay kirolmaganidan
afsuslandi.
U tun bo‘yi goh mudrab, goh ochlikdan uyg‘onib ketar, goh tuzalib ketishiga
yashirin umid sezar edi. Bularning hammasi Gregorni bir fikrga olib keldi:
uning hozirgi ahvoli oilaga og‘ir tushdi, endi u faqat sabrtoqat bilan, farosat
bilan ular chekkan aziyatni bartaraf qilishga intilmog‘i kerak.
Erta tongda Gregor bu qarorini sinab ko‘rishi uchun imkoniyat tug‘ildi:
singlisi yarim yalang‘och holda qo‘rqapisa eshikni ochdi. U avvaliga
Gregorni payqamadi (Yo parvardigor, qaerda bo‘lishi mumkin — axir uchib
ketmagandir?!) Keyin uni divan tagida ko‘rib birdan seskanib ketib, eshikni
yopdi. Ammo o‘z qilmishidan uyalib, eshikni qayta ochdida, xuddi og‘ir
kasalga yoki yetti yot begonaga yaqinlashganday, Gregorga qarab ohista
yurdi. Gregor divan ostidan boshini chiqarib, singlisini kuzata boshladi. Sutni
icholmaganini bilarmikan? Qorni to‘qligidan emas, sut yoqmagani uchun
ichmaganini bilib, boshqa yegulik opkelmasmikan? U divan ostidan chiqib,
singlisining oyoqlariga tashlangisi, undan tuzukroq ovqat so‘rab, yolborgisi
keldi, biroq qizning farosati yetib, o‘zidan bilmasa, Gregor ochdan o‘lsa
o‘lardiki, unga bu haqda ishora qilmasdi.
Lekin sut to‘la chanoqni ko‘rib, taajjublangan qiz darrov opkelar ekan, deb
o‘zicha fol ocha boshladi. Lekin ming o‘ylaganda ham, bu mehribon qizning
nima opkelishini tasavvur qilolmasdi. Gregor yoqqanini tanlab yeyishi uchun
qiz bir necha xil ovqat keltirdida eski gazeta ustiga terib qo‘ydi: chirigan
sabzavot, ustiga qayla yopishib qolgan suyaklar, jindak mayiz, ozgina bodom,
kechagina Gregor burnini jiyirgan sasigan pishloq, bir bo‘lak qattiq non, bir
bo‘lak yog‘ surilgan non bor edi. Qiz kecha sut solingan chanoqqa suv
to‘ldirib keldi. (Bu idish kechadan boshlab Gregor uchun ajratilgan edi).
Gregor o‘zining yonida ovqat yemasligini fahmlab, qiz xonadan chiqdi,
akasining yolg‘iz qolganini bildirish uchun eshikni tashqaridan qulfladi.
Ovqat tomon o‘rmalarkan, Gregorning oyoqlari biriikkinchisidan
chaqqonroq, harakat qila boshladi. Yaralari ham tuzalib qolganga o‘xshardi,
yurishiga hech narsa halal bermasdi. U taajjub ichra bundan bir oy
muqaddam barmog‘ini kesib olgani va bu jarohat yaqingacha og‘rib
yurganini esladi. «Nahotki og‘riqni sezmaydigan bo‘lib qoldim», deb o‘yladi u
va birinchi galda pishloqqa tashlandi. (Pishloq uni ko‘proq jalb etardi). Keyin
ketmaket sabzavot bilan qaylani yeya boshladi. Ko‘zlari lazzatdan yoshlandi.
Yangi ovqat hidi unga yoqmas, shuning uchun Gregor chirik karam va
suyaklarni chetga alohida ajratib olib yeyar edi... Singlisi «Endi joyingga
kirib yot», deganday eshik kalitini buradi. Ovqatlanib bo‘lib joyida mudrab
yotgan Gregor kalitning shiqirlaganini eshitib, darrov divan tagiga kirdi.
Singlisi xonada uzoq turmadi, lekin shu qisqa vaqt ichida qorni shishib ketgan
Gregor divan tagida juda qiynaldi, nafasi qisdi. U bo‘g‘ilib, entikib,
baqraygan ko‘zlari bilan singlisini kuzatardi. Qiz Gregordan qolgan
sarqitlarnigina emas, balki u tegmagan yog‘li oq nonni ham supurib chelakka
tashladida, chelak og‘zini taxtacha bilan yopib, ko‘tarib ketdi. Gregor shu
zahotiyoq yotgan joyidan chiqib, qisilgan qorniga erk berdi.
Baxtsizlik ro‘y bergan kuni chaqirilgan vrach bilan chilangarni nima bahona
topib qaytarib yuborishganini Gregor haligacha bilmasdi. Gregor
hammaning gapso‘zini tushunar, lekin uning gaplarini hech kim, hatto
singlisi ham tushunmasdi. Faqat bir necha kundan keyin, Gregorga ancha
ko‘nikkandan so‘ng — garchi, to‘la bo‘lmasa ham — singlisi akasini uncha
muncha tushunadigan bo‘ldi. Masalan, Gregor ovqatni oxirigacha yesa, qiz
«Ovqat unga yoqibdi», deb qo‘yar yoki aksincha ovqat qolib ketsa — «Yana
yemabdi», deya ovozida mahzunlik sezilardi. Chindan ham Gregor so‘nggi
paytlarda ovqatni kam yerdi.
Ba’zan u biror yangilik eshitish umidida qo‘shni xonalardagi suhbatni tinglar,
qaysi eshikdan ovoz chiqsa, o‘sha yoqqa chopar va butun vujudi bilan eshikka
yopishib, quloq solardi. Dastlabki paytlarda Gregorning nomi tilga olinmagan
yoki pinhoniy eslatib o‘tilmagan biror suhbat bo‘lmadi. Ikki kun davomida
ular dasturxon ustida ham, ovqatdan keyin ham «Endi nima qilamiz»
qabilida uzoq maslahatlashdilar. Bu maslahatda doim oila a’zolarining
hammasi qatnashar, hech kim yolg‘iz qolishni istamas, shuningdek birdaniga
hammasi uyni tashlab ketolmas ham edi. Darvoqe, voqea yuz bergan kunning
ertasigayoq xizmatkor qiz Gregorning onasi oldida tiz cho‘kib, uni xizmatdan
ozod qilishlarini so‘radi. U chorak soatdan keyin xayrlashar ekan, zor yig‘lab,
ketishga ruxsat bergan oilaga minnatdorchilik bildirdi.
Shundan keyin ovqat qilish onasi bilan singlisi zimmasiga tushdi. Ovqat qilish
unchalik qiyin ish emas edi, chunki hech kim ishtaha bilan ovqat yemasdi.
Gregor ularning birbirini «Oling, oling»,deb ovqat yeyishga undashlarini,
«Rahmat, qornim to‘q», deya bahona qilishlarini teztez eshitadigan bo‘ldi.
Hatto pivo ham ichmay qo‘yishdi: otasidan «Pivo ichasizmi?» deb so‘rashsa,
«Ha» yo «Yo‘q» degan sado chiqmasdi. Bir kuni qiz otasini og‘ir
shubhalardan xalos etish uchun «Hozir farrosh ayol borib pivo olib keladi»,
degan edi, otasi qat’iy «Yo‘q» javobini berdi, shushu qaytib bu haqda ortiq
gap bo‘lmadi.
Otasi o‘sha voqea yuz bergan kuniyoq onasi bilan singlisiga oilaning bugungi
moddiy ahvoli qanday, uni ertaga nima kutyapti hammasini tushuntirgan edi.
U ahyonahyonda o‘zining kichik sandiqchasini (besh yil avval singan
korxonadan yodgor) ochar va biror yondaftarchami, rasmiy tilxatni topib,
ko‘ra boshlardi. Ochilib yopilganda qulfdan chiqqan tovush Gregor
xonanishin bo‘lganidan buyon eshitgan yagona taskin edi. Gregor otasi
yuritgan korxonadan hech narsa qolmadi, deb o‘ylar, qolgan bo‘lsa ham bu
haqda otasi unga gapirmagan, u esa so‘ramagan edi. U paytlarda Gregorning
yagona maqsadi inqirozga uchragan oilani tez oyoqqa qo‘yib, hammani
azobdan qutqarish bo‘lgan. Shu bois, Gregor jonini jabborga berib ishladi,
qisqa vaqt ichida oddiy xizmatchilikdan savdo gumashtasi lavozimiga
ko‘tarildi, uning maoshi ko‘p, ishdagi har bir muvaffaqiyati esa shirinkoma
shaklida naqd pulga aylanib, oilada paydo bo‘lar va oilaning har bir a’zosi
o‘zini baxtli hisoblar edi. Yaxshi kunlar edi u kunlar. Gregor keyin ham oilani
boqishga yetarli pul topgan bo‘lsada, o‘sha ajoyib kunlar takrorlanmadi.
Bunga Gregorning o‘zi ham, oila a’zolari ham ko‘nikib qoldi, ammo
uydagilar Gregordan pul olar ekan, avvalgiday quvonmas va unga avvalgiday
iliq munosabatda bo‘lolmas edi. Faqat singlisi Gregorga yaqinligicha qoldi.
Gregor bu qizning — o‘zidan farqli o‘laroq — muzikani sevishini, tuppa
tuzuk skripka chalishini bilar va uni kelasi yil — katta chiqimga qaramay —
konservatoriyaga joylayman, degan yashirin umidi bor edi. Lekin bu uning
qat’iy maqsadi ekanini Gregor rojdestvo arafasida tantanali ravishda e’lon
qilaman, degan xayolda edi.
Eshikka qapishib, tikka turgan Gregorning boshida shunga o‘xshagan
behuda fikrlar aylanardi. Umumiy charchoq oqibatida u bir zum hushini
yo‘qotib, tashqaridagi gaplarni eshitmay qolar va boshi eshikka urilganda,
darrov o‘zini o‘nglab olishga majbur bo‘lar, chunki salgina tovush qo‘shni
xonadagilarni gapdan to‘xtatardi. «Yana nima balo qilyapti u?» derdi otasi
eshikka qarab. Va bir ozdan keyin suhbat davom etardi.
Nihoyat, Gregor shuni bildiki, oila zimmasiga tushgan bu mashaqqatlarga
qaramay, ozgina boylik qolgan ekan, miqdori ham ozmiko‘pmi
ko‘tarilayotgan ekan: yana Gregor olib kelgan maoshlarning (u o‘ziga bir
necha gulden olib qolardi, xolos) hammasi ishlatilmagan bo‘lib, bu ham
kichik jamg‘armani tashkil etar ekan. Gregor kutilmagan bu tejamkorlik va
uddaburonlikka qoyil qolib boshini silkitdi. To‘g‘ri, Gregor o‘sha ortiqcha
pul bilan otasining qarzini uzib, ishdan ketish huquqini olardi, lekin endi,
otasi bu pulni o‘z bilganicha ishlatgani ma’qul.
Ammo jamg‘arma oila uchun kamlik qiladi: bir yil, nari borsa, ikki yilga
yetishi mumkin. Demak, bu pullarni sarflamay, qora kunga saqlash kerak,
yashash uchun esa pul topishga, mehnat qilishga to‘g‘ri keladi. Otasi sog‘lom
bo‘lsa ham, qari odam. Besh yildirki, ishlamaydi, o‘z kuchiga unchalik
ishonmaydi. Bu besh yil uning sertashvish va omadsiz hayotida birinchi ta’til
edi, shu besh yil mobaynida u ancha bo‘shashib, o‘rnidan zo‘rg‘a turadigan
bo‘ldi. Balki onasi, bo‘g‘ma kasaliga mubtalo bo‘lgan onasi, bir kun yursa,
ikki kun derazalarni ochib tashlab, kushetkada hansirab yotadigan onasi
ishlashi kerakdir? Balki singlisi, o‘n yetti yoshli go‘dak, yaxshi kiyimga o‘ch,
choshgohgacha uxlashga odatlangan, oilaning maydachuydasiga qarashsa
qarashib, qarashmasa, kichik ziyofatlarda skripka chalishga odatlangan
singlisi pul topar? Qo‘shni xonada pul xususida gap ketar ekan, uyat
iztirobdan tanasi lovillayotgan Gregor eshikni qo‘yib yuborar va o‘zini charm
divanga tashlardi.
U kechalari o‘sha divanda yotib, bir lahza ham uxlamay, tun bo‘yi divan
charmini timdalab chiqardi. Yoki bir amallab kresloni deraza yoniga surardi
da, deraza tokchasiga tirmashar, oynaga yuzini bosib ko‘chaga uzoq qarardi.
Lekin bu urinish ham behuda, avvalgi ozodlik tuyg‘usi kabi, xotirot kabi zaif
edi. Zero Gregorning ko‘zlari kun sayin xiralashar, hatto avvallari u
la’natlaydigan kasalxona binosini ham ko‘rolmay qolgandi. Agar u
Sharlotteshtrasse ko‘chasida yashayotganini aniq bilmasaydi, Gregor
derazadan kulrang osmon va kulrang yer birbiriga qo‘shilgan sahroga
qarayapman, deb o‘ylagan bo‘lardi. Lekin xonani tozalashga kelgan farosatli
singil kresloning deraza yonida turganini ko‘rib, uni joyidan qo‘zg‘atmadi,
hatto akasiga ko‘chani kuzatish o‘ng‘ay bo‘lishi uchun derazaning bir
tabaqasini ochib qo‘yadigan bo‘ldi.
Gregor singlisi bilan gaplashish ilojini topib, qilgan yaxshiliklari uchun
rahmat aytolmaydi, uning marhamatlarini vijdon azobisiz qabul qilishi
mumkin edi. Ammo bunga imkon yo‘qligidan Gregor qattiq qiynalardi.
Harholda, singlisi yuz bergan fojiani iloji boricha yengillatishga urinar, vaqt
o‘tgan sayin Gregor ham o‘z ahvoliga ko‘nikib borar edi. Shunga qaramay,
singlisi har gal xonaga kirganda Gregor tahlikaga tushardi. Qiz uning
xonasini boshqalarga ko‘rsatmaslikka intilsa ham, keyingi paytlarda xonaga
kirib, eshikni ochiq qoldirar va tez derazani ochardida, sovuq bo‘lishiga
qaramay, romga suyanib turar, nafasi qisilganday chuqurchuqur nafas olar
edi. Singlisi Gregorni kunda ikki marta qo‘rqitardi: u xonaga kirganda,
Gregor divan tagida qaltqalt titrab, agar qiz derazani ochmay, men bilan bir
xonada turishga chiday olsa edi, men undan shunchalik qo‘rqmagan
bo‘lardim, deb o‘ylardi.
Gregor hasharotga aylanganiga bir oycha o‘tib, singlisi uning turqiga ancha
ko‘nikkanday bo‘ldi. Lekin bir kuni odatdagidan sal ertaroq kelgan qiz
derazaga tikilib turgan Gregorni ko‘rib, xonaga kirmadigina emas, balki
dahshat ichida ortga tislandi va eshikni qarsillatib yopdi. Deraza eshikka
yaqinligidan Gregor kirayotgan odamga xalaqit berishi tabiiy edi. Ammo
chetdan qaraganda Gregor xuddi singlisini tishlab olish uchun pisib
turganday ko‘rinardi. Albatta, Gregor darrov divan tagiga kirdi, ammo
singlisi bir necha soat uning xonasiga qadam bosmadi. Faqat tushga yaqin qiz
xavfsirabgina eshikni ochdi. Gregor sho‘rlik singlisining haligacha
ko‘nikolmagani, divan ostidan chiqib turgan yarim tanani ko‘rib, ura
qochmaslik uchun qiz irodasini ishga solishi kerakligini yaxshi bilardi. Gregor
singlisini bu qo‘rqinchli manzaradan xalos etmoq uchun choyshabni divandan
osiltirib — bu ishga to‘rt soat ketdi — o‘z ustiga shunday yopdiki, singlisi
engashsa ham uni ko‘rolmas edi. Agar qiz akasidan qo‘rqmasa,
yashirinishning hojati yo‘q deb hisoblasa, choyshabni yig‘ishtirib qo‘yaversin.
Axir, Gregor buni o‘zi uchun qilmadiku. Lekin singil choyshabga tegmadi.
Hatto Gregor choyshab chetini ko‘tarib qaraganda, singlisining minnatdor
nigohini ko‘rganday bo‘ldi.
Dastlabki ikki haftada ota bilan ona Gregorning xonasiga kirishga jur’at
qilmagan edilar. Lekin avvalari otaona nazarida noshud qiz hisoblangan,
ko‘p so‘kish eshitadigan singlisini ota ham, ona ham endi teztez maqtab
qo‘yadigan bo‘ldilar. Qiz Gregorning xonasini yig‘ishtirayotgan paytda ota
ona eshik oldida turishar va u chiqqan zahoti xonaning ko‘rinishidan tortib,
Gregorning nima yeganigacha, o‘zini qanday tutganiyu, tuzalishiga umid
qilsa bo‘ladimi, yo‘qmi — hammasini surishtira boshlardi. Har qalay,
Gregorni ko‘rish istagi onada ertaroq paydo bo‘ldi. Lekin ota va qiz uni har
xil bahonalar bilan yo‘ldan qaytarmoqchi bo‘ldilar; buni eshitib turgan
Gregor ularning fikrini ma’qulladi. Bir necha kun o‘tgach, ko‘rish istagi
kuchayib onani kuch bilan ushlab turadigan bo‘lishdi.
Gregor otaonasini o‘ylab kunduz kunlari derazaga tirmashmasdi. Ammo bu
katakday xona polida hadeb sudralaverish uning joniga tegdi. Kechayu
kunduz qimirlamay yotish undan battar. Hatto ovqat ham unga yoqmay
qolgan edi. Shuning uchun Gregor o‘zini ovuntirib, shift va devorda o‘rmalab
yuradigan bo‘ldi. Ayniqsa, shiftda osilib turish unga yoqib qoldi. Bu usul
polda sudralishdan farq qilib, Gregor erkin nafas olar, tanasi ajib bir
parishonlikda sollanar ekan, rohatdan goho o‘zini unutib, polga shaloplab
yiqilganda, bunga o‘zi ham hayron qolar edi. Lekin u tezda gavdasini idora
qilishga o‘rgandi. Endi qancha balanddan yiqilmasin, o‘ziga ziyon
yetkazmasdi. Singlisi Gregorning yangi mashg‘ulot topganini darrov sezdi (u
o‘rmalagan joyda yelimsimon suyuqlik qolardi) va akasining bemalol
o‘rmalashi uchun xonadagi mebelni — sandiq va yozuv stolini — tashqariga
chiqarishga qaror qildi. Lekin bu ishni yolg‘iz o‘zi bajarolmasdi. Yangi
yollangan o‘n olti yashar xizmatkor qizning yordam berishi ham gumon (U
qo‘rqqanidan oshxona eshigini doim ichidan qulflab olar, faqat ovqat
paytidagina ochardi). U otasini chaqirishga ham jur’at etmadi. Shuning
uchun singil otasi yo‘qligidan foydalanib, onasini taklif qildi. Ona avvaliga
hayajon ichida nimalardir deb o‘g‘lining yotog‘i tomon kela boshladi, ammo
eshikka yaqinlashganda birdan jim bo‘ldi. Gregor shoshapisha choyshab
ortiga berkindi. Choyshab tabiiy, xuddi birov tashlab qo‘yganday, tabiiy
osilib turardi. Lekin Gregor bu safar uning chetini ko‘tarib qaramadi. U
onasi kelganidan xursand edi, ammo — hozircha — uni ko‘rish
imkoniyatidan voz kechdi.
— Kiraver, u ko‘rinmayapti,— dedi singil va onasini yetaklab kirdi. Gregor
bu zaifalarning og‘ir sandiqni o‘rnidan ko‘zg‘atishga uringanini eshitdi.
Singlisi Greta onaning «Qo‘y, mayib bo‘lasan» deyishiga qaramay, ishning
og‘ir qismini o‘zi bajarayotganini ham bilib turdi. Ular chorak soat
kuymanib, hech narsa qilolmagandan so‘ng, onasi: sandiq o‘z joyida turgani
ma’qul, dedi. Birinchidan, dedi onasi, sandiq og‘ir, otasining yordamisiz
ularning kuchi yetmaydi, ikkinchidan, sandiq xona o‘rtasida tursa, Gregorga
battar xalal beradi. Keyin, mebelni chiqarib qo‘ysak, Gregor ko‘ngliga
olmasmikan? Menimcha, deb davom etdi onasi, Gregor xafa bo‘ladi, masalan,
menga shipshiydam devor yomon ta’sir qiladi: demak, Gregorga ham
yoqmasligi tabiiy, qolaversa, Gregor bu mebelga ko‘nikkan, agar uni olib
qo‘ysak, Gregor bo‘mbo‘sh xonada o‘zini tashlandiq his qilmaydimi?
— Axir, — deb yakun yasadi ona (u Gregorning yashiringan joyini bilmasa
ham, uning odam tiliga tushunmasligiga qattiq ishonsa ham, shunchalik sekin
gapirardiki, go‘yo Gregorga tovushini eshittirishdan ham qo‘rqardi), — axir,
biz mebelni olib qo‘yishimiz Gregorning tuzalishiga ishonmay, uni
berahmlarcha o‘z holiga tashlaganimizni bildirmaydimi? Menimcha, xonani
qanday bo‘lsa, shunday qoldirgan ma’qul, toki Gregor o‘z holiga qaytganda,
xonaning avvalgiday turganini ko‘rib, bu kunlarni esidan chiqarsin.
Onasining gaplarini tinglar ekan, Gregor o‘zini aksincha — bo‘mbo‘sh
xonada yaxshi his qilishini esladi. Bu g‘alati ehtiyoj odamlar bilan bevosita
aloqa qilmay aqli parokanda bo‘lganidan kelib chiqqandir, deb o‘yladi
Gregor. — Nahotki, meros mebellar bilan bezatilgan bu shinam xona
qorong‘i g‘orga aylanishini Gregor istasa? To‘g‘ri, bo‘sh xona uning
o‘rmalashiga qulay, ammo u huvillagan devorlar ichida o‘zining insoniy
o‘tmishini butunlay unutishi mumkin. Agar hozir uni onasining gaplari
hushiga keltirmaganda, u anchamuncha narsani haqiqatan ham
unutayozgan edi. Yo‘q, hammasi o‘z o‘rnida qolsin. Xonadagi mebel uning
dardiga da’vo bo‘ladi, mayli, o‘rmalashiga xalal bersin, bari bir bu ham
foydali — ma’nisiz, shunchaki o‘rmalashning nima keragi bor.
Ammo singlisi boshqacha fikrda edi. U Gregor ahvolining bilimdoni sifatida
unga tegishli masalalar bo‘yicha faqat o‘zi gapirardi. Hozir ham onasining
maslahatini rad qilib, nainki sandiq, divandan boshqa (divan Gregorga
chindan zarur edi) hamma narsani tashqariga olib chiqishni talab qildi. Bu
qiliq singlisining keyingi kunlarda qilgan o‘jarligi yoki takabburligidan
emasdi. Yo‘q, u Gregorning o‘rmalashi uchun joy kerakligini, qolaversa,
Gregor mebeldan mutlaqo foydalanmasligini ko‘rib turardi. Balki bu Greta
yoshidagi qizlarga xos qiziqqonliqdir. Nima bo‘lsa ham, Greta akasiga
yanada yaxshiroq xizmat qilaman deb uning ahvolini battar
og‘irlashtirayotganini o‘zi bilmasdi. Zero xona bo‘mbo‘sh bo‘lib, unda
Gregordan boshqa hech kim bo‘lsa, bunaqa joyga Gretadan o‘zga odam
qadam bosolmasdi.
Bu fikr Gretaning izzatnafsini alqar va shu sabab onasining maslahatiga
ko‘nmadi. Onasi bu xonada o‘zini begona his qilib, qo‘rqapisa Gretaga
yordam bera boshladi. Mayli, sandiqni opketishsin, ammo yozuv stoli qolishi
kerak, deb o‘yladi Gregor. Ona va qiz, ikkovlon hansirab, sandiqni zo‘rg‘a
qo‘shni xonaga o‘tkazganda, Gregor divan tagidan boshini chiqardi. U
ehtiyotkorlik bilan, muloyimlik bilan bu qaltis ishga aralashmoqchi edi.
Ammo, baxtga qarshi, Gretani narigi xonada qoldirib, onasi qaytib keldi. U
Gregorni ko‘rsa kasal bo‘lib qolishi hech gap emasdi, shuning uchun Gregor
darhol tislanib, divan tagiga kira boshladi va osilib turgan choyshab
harakatga keldi. Bu onasining diqqatini jalb etdi, u taqqa to‘xtadida, bir zum
qotib qoldi, keyin narigi xonaga chiqdi.
Gregor uyda davom etayotgan shovqinni tinglab, shunchaki narsalar o‘rnini
almashtirishyapti, deb qancha o‘ylamasin, bu ikki ayolning tinimsiz
qadamlari, shivirlashlariyu mebelning polda sirg‘alishlari — Gregorga katta
ag‘darto‘ntar bo‘lib tuyulardi. U boshi va oyoqlarini tanasiga, tanasini polga
qapishtirgancha, dirdir titrab yotarkan, bu shovqinga uzoq chiday
olmasligini angladi. Ular Gregorning yotog‘ini shipshiydam qilib, unga aziz
bo‘lgan barcha narsani tortib olmoqda edilar. Duradgorlik uskunalari
solingan sandiqchani allaqachon olib chiqishdi. Endi stolni, oyog‘i chirigan
polga kirib ketgan yozuv stolini yulqiy boshladilar. Bu stolda Gregor dars
qilardi. Savdo bilim yurtida, hatto xo‘jalik o‘quv yurtida ta’lim olayotgan
davrida ham shu stolda dars tayyorlagan. Buni eslab, Gregor ayollarni ham,
ularning qilayotgan himmatini ham unutdi, (ular charchaganidan nihoyatda
jim ishlar, faqat oyoq tovushlari eshitilardi). Gregor divan ostidan otilib
chiqdi. Bu payt ayollar qo‘shni xonada yozuv stoliga suyanib, nafas
rostlardilar. Gregor birinchi navbatda qaysi narsani qutqarish kerakligini
bilmay, ko‘zi devorda qolgan yakkayu yagona portret — mo‘ynali xonim
rasmiga tushdi va devorga tirmashdi. O‘rmalab borib, portretni tanasi bilan
bekitdi. Bu to‘rtburchak romning muzday shishasi uni qorniga bosilib, rohat
bag‘ishlardi. Harholda Gregor bu suratni, o‘z tanasi bilan bekitgan bu
portretni hech kim tortib olmasa kerak. U boshini burib, mehmonxona
tomonga qaradi.
Ayollar ozgina dam olib, darrov qaytishdi: Greta onasini deyarli suyab kelar
edi.
— Endi nimani olamiz? — dedi Greta va... ko‘zi devorda osilib turgan
Gregorning ko‘ziga tushdi. Agar Greta yolg‘iz bo‘lsa, qo‘rquvdan o‘zini
tutolmagan bo‘lardi, ammo hozir o‘zini tutdi, titrabqaqshab, onasi tomon
engashdi, uning Gregorni ko‘rib qolishini istamay, nima gapirganini ham
bilmadi.
— Bir minutga narigi xonaga chiqmaymizmi, a? — dedi u.
Gregor singlisining maqsadini tushundi: u onasini xavfsiz joyga o‘tqazib,
Gregorni devordan haydamoqchi. Mayli, urinib ko‘rsin, qo‘lidan kelarmikan.
Gregor portretning ustida turibdi — uni hech kimga bermaydi. Singlisining
yuziga yopishsayopishadiki bermaydi.
Ammo Gretaning ovozidagi titroq onani sergaklantirdi va u qizidan chekilib,
devorda bahaybat, qo‘ng‘ir hasharotni ko‘rdi. Bu Gregor ekanligi xayoliga
kelmasdanoq bor kuchi bilan «Oh, xudoyimey!» deb chinqirdiyu, zaif
qo‘llarini yoygancha divanga o‘tirib qoldi.
— Xap sanimi, Gregor! — deb o‘shqirdi ko‘zlari olaygan Greta va akasiga
musht o‘qtaldi. Bu so‘zlar hasharotga aylangandan beri birinchi marta
bevosita Gregorga qaratilgan so‘zlar edi. Greta onasini hushiga keltiradigan
dori izlab, qo‘shni xonaga chopdi. Gregor ham (portretni saqlab qolishga hali
vaqt bor edi) onasiga yordam berishni istadi. Lekin u portretga qattiq
yopishgan ekanmi, oyoqlarini undan zo‘rg‘a uzdi va pastga tushib, qo‘shni
xonaga o‘tdi. Bir paytlardagiday u singlisiga maslahat bermoqchi edi, ammo
hozir uning orqasida yalpayib turishdan boshqa hech narsaga yaramadi. Har
xil shishalarni olib, saralayotgan qiz, ortida turgan Gregorni ko‘rdida,
qo‘rqqanidan bir shishani tushirib yubordi. Shisha chilchil sindi va uning
parchasi Gregorni yaraladi, yuziga achchiq dori sachradi. Greta hayallamay,
qolgan shishalarni oldiyu onasi yoniga yugurdi. Xonaga kirib, oyog‘i bilan
eshikni yopdi. Gregor endi onasidan, uning aybi bilan o‘lishga sal qolgan
onasidan uzoqda. Aslida, u eshikni ochmasligi kerak edi. Greta bo‘lsa onasini
yolg‘iz qoldirib bekor qildi. Gregorning endi kutishdan boshqa iloji yo‘q. U
ming pushaymon bilan iztirobga chiday olmay, devorlarga, mebel va shiftga
tirmasha boshladi. U shunday tez o‘rmaladiki, boshi aylanib, katta stolning
qoq o‘rtasiga shaloplab yiqildi.
Gregor bir lahza madorsiz yotdi. Atrof jtsmjit edi. Bu sukunat yaxshilik
alomatiday tuyulardi. Lekin birdan qo‘ng‘iroq jiringladi. Xizmatkor qiz
oshxonani bekitib olgani uchun eshikni Greta ochishiga to‘g‘ri keldi.
Kelgan otasi edi.
— Nima bo‘ldi? — deb so‘radi u kirgan zahoti (ota Gretaning aftangorini
ko‘rib, hammasini tushungan edi). Qiz bo‘g‘iq ovoz bilan nimadir dedi: keyin
otaning pinjiga tiqildi.
— Onam hushidan ketib qoldi, ammo hozir durust. Faqat Gregor xonadan
chiqib ketdi.
— O‘zim ham shuni kutgandim, — dedi ota, — men sizlarga doim
ogohlantirganman, ammo siz, ayollar quloq solmaysizlar.
Gretaning bu qisqa axborotini yomon tushungan otasi Gregor kuch ishlatdi
degan fikrga borishi ayon edi. Otasiga bu tushunmovchilikni anglatish uchun
Gregorda na fursat, na imkoniyat bor edi. Shu bois, hech bo‘lmasa vaziyatni
yengillashtirish maqsadida, Gregor o‘z yotog‘i eshigi yoniga borib, unga
qapishgancha turaverdi. Shubha yo‘qki, otasi buni ko‘rib, Gregorning o‘z
xonasiga kirishga tayyor ekanligini tushunadi va uni haydab o‘tirmay, eshikni
ochsa bas, — Gregor darrov g‘oyib bo‘ladi.
Lekin ota kayfiyati bu nozikliklarni fahmlash darajasida yaxshi emasdi. «Ha
aa!» — dedi u kira solib. Uning ovozidagi adovat deyarli quvonch ohangida
edi. Gregor eshikdan boshini ko‘tarib, otasi tomon qaradi. U otasini hech
bunaqa ko‘raman, deb o‘ylamagan edi. To‘g‘ri, Gregorning uyda bo‘layotgan
yangiliklarni avvalgiday kuzatib yurish imkoni yo‘q va endi biror o‘zgarish
bo‘lar ekan, bunga hayron qolish ham keragi yo‘q edi. Lekin, bari bir,
nahotki mana shu odam — uning otasi bo‘lsa?! Gregor saharda ishga
jo‘nayotganda o‘rnidan turolmay, holsiz yotadigan odam shu bo‘lsa, Gregor
haftada bir marta uyiga qaytar ekan, uni ko‘rib, quvonchini qo‘l ko‘tarib
bildirguvchi, xalatga burkangancha kreslodan turolmay o‘tiradigan odam shu
bo‘lsa?! Yakshanba yoki bayram kunlari, ondasonda bo‘ladigan sayrlarda
eski paltosini so‘nggi tugmasigacha qadab, qo‘lidagi hassani oldinga siltab
tashlagancha, Gregor bilan onasining o‘rtasida zo‘rg‘a yuradigan, Gregordan
ham, onasidan ham sekinroq qadam tashlaydigan, bir gapni aytmoqchi
bo‘lsa, atrofidagilar unga engashsin deb, har safar to‘xtaydigan chol — mana
shu bo‘lsa?! Yo‘q, u hozir qaddiqomatini tiklab olgan, bank mirzalari
kiyguchi ko‘k mundir gavdasiga chippa yopishgan, baland yoqa uzra haybatli
iyagi turtib chiqqan, qora ko‘zlari o‘siq qoshlari ostida yaltirab turgan, ilgari
tartibsiz sochilib yotguchi oq sochlari endi hafsala bilan taralib, yaltillayotgan
bir kishi edi. U qaysidir bankning zarhal tamg‘asi taqilgan furajkasini
xonaning narigi chekkasiga — divanga uloqtirdi. Mundirning keng uzun
etagini qayirdida, qo‘llarini cho‘ntagiga tiqdi va basharasi g‘azabdan
qiyshayib, Gregor tomonga yurdi. U chamasi nima qilishini o‘zi ham
bilmasdi. Ammo ota oyog‘ini shunday baland ko‘tardiki, Gregor uning
poshnasi naqadar katta ekanligidan hayratlandi. Gregor imillab o‘tirmadi,
chunki otasining Gregorga nisbatan yagona to‘g‘ri munosabat —
qattiqqo‘llikdir, deb hisoblashini yaxshi bilardi. Buni yangi hayoti boshlangan
kuniyoq bildi. Shu sabab, u otasidan shafqat kutmay, qocha boshladi: otasi
to‘xtasa u ham to‘xtadi, otasi chopsa, u o‘rmaladi. Shu alfozda ular xonani bir
necha marta aylandilar. Ularning harakati sekinligidan bu ta’qibga ham
o‘xshamasdi. Shuni hisobga olib, Gregor vaqtincha devor yoki shiftga
tirmashishdan o‘zini tiydi. Qolaversa, shiftda o‘rmalash otasiga chidab
bo‘lmas beorlik bo‘lib tuyulishi mumkin. Ammo Gregor xonada yugurishga
ham zo‘rg‘a bardosh berayotganini sezdi. Negaki, otasi bir qadam tashlasa, u
kichik oyoqchalari bilan juda ko‘p harakat qilishga majbur, buning ustiga
nafas olishi tobora qiyinlashardi. Gregorning o‘pkasi avvaldan kasal edi. U
oyoqlarini sudrab olar ekan, ko‘zini bazo‘r ochib, so‘nggi kuchini to‘pladi va
jonjahdi bilan yugurmoqchi bo‘ldi. Gregor esi pastligidan, qutulishning
boshqa yo‘li, masalan, devor yoki o‘yma naqsh berilgan, o‘tkir qirralari ko‘p
mebelga tirmashish mumkinligini ham o‘ylamadi. Shu payt tepadan nimadir
«to‘p» etib tushdiyu, Gregorning oldida yumalay boshladi. Bu olma edi.
Uning izidan ikkinchisi yumaladi. Gregor dahshatdan qotib qoldi:
yugurishidan ma’ni yo‘q, chunki otasi uni bombardimon qilishga qaror
qilgan edi. U stolda turgan vazadagi boryo‘q olmani cho‘ntagiga tiqib, yaxshi
mo‘ljalga olmay ham, Gregorga otar edi. Olmalar elektrlanganday, biri
ikkinchisiga to‘qnash kelaverardi. Nihoyat, ulardan bittasi Gregorga sal
tegdiyu, ziyon yetkazmadi, ammo navbatdagi olma uning yelkasiga kirib
ketdi. Gregor turgan joyidan nari ketsa, bu kuchli og‘riq yo‘qoladiganday,
o‘rnidan qo‘zg‘almoqchi bo‘ldi. Afsuski, qimir etmadi.
U xuddi polga mixlanganday shalpayib yotardi. Yana bir ozdan keyin sekin
xushdan keta boshladi. U faqat o‘z yotog‘ining eshigi ochilgani, allanima deb
qichqirayotgan singlisining gapini bo‘lib, onasi otilib chiqqanini (onasi hamon
ichki ko‘ylakda, uni boya behushligida nafasi qismasligi uchun qizi
yechintirgan edi) va uning kiyib ulgurmagan yubkasini oyog‘iga
o‘ralashtirgancha eri quchog‘iga tashlanganini ko‘rdiyu o‘zini yo‘qotdi.
Xuddi shu lahzada onasi otasidan Gregorni o‘ldirmaslikni iltijo qilayotgan
edi.
III
Olib tashlashga hech kimning jur’ati yetmagan olma Gregor yelkasida bir
saboq sifatida qoldi. Bu og‘ir jarohatdan Gregor bir oy davomida azoblanib
yashadi. Lekin bu yara hatto otasiga ham o‘z burchini eslatib qo‘ydi chamasi,
ayanchli va jirkanch qiyofasidan qat’i nazar Gregor oila a’zosi ekanligini,
unga dushmanga qaraganday munosabatda bo‘lishi insofdan emasligi va
nafratni bosib, chidash, faqat chidash kerakligini otasi ham tushundi.
Jarohatning og‘irligidan Gregor avvalgi harakatchanligini yo‘qotgani tabiiy
edi.
U qari invalidlarga o‘xshab, xonaning narigi chekkasiga ikkiuch minutda
zo‘rg‘a yetib borardi. Devorga tirmashish esa xayoliga ham kelmasdi. Lekin
ikkinchi tomondan, uning o‘ylashicha yaxshi bo‘ldi, chunki endi
kechqurunlari mehmonxona eshigi doim ochiq turar va Gregor qorong‘ida
yotgancha, hammaning ko‘zidan pinhon, dasturxon tevaragidagi o‘z
qarindoshlarini kuzatar, ularning zohiriy ijozatidan foydalanib, suhbatlarini
eshitishga haqi bor — ya’ni u nisbatan yangicha yashay boshlagan edi.
To‘g‘ri, bu suhbatlar o‘sha o‘tgan kunlardagiday, Gregor begona shahar
mehmonxonasida nam o‘rindiqqa o‘zini tashlab, yolg‘izlikda sog‘intiradigan
suhbatlarga o‘xshamas edi. Yo‘q, ular juda kam gapirishardi. Otasi kechki
ovqatini yeb, kresloda o‘tirgancha uxlab qolardi. Ona va qiz birbiridan
jimlik talab qilib, lommim deyishmasdi. Ona do‘kon buyurtmasini bajarib
oq matodan nimadir tikar, sotuvchi bo‘lib ishga kirgan singlisi — keyinroq
yaxshi ishga joylashish maqsadida stenografiya va frantsuz tili bilan
shug‘ullanardi. Goho otasi uyg‘onib ketib, go‘yo uxlamaganday, onasiga
«Buncha uzoq tikmasang!» deb luqma tashlar va yana uxlab qolardi. Buni
ko‘rgan ona va qiz birbiriga jilmayib qo‘yardilar.
Otasi g‘alati bir qaysarlik bilan ish mundirini uyda ham yechmas edi: xalati
kiyilmay, ilmoqda osilib turar, u bo‘lsa xuddi hozir boshliqning ovozi
eshitiladiyu o‘rnidan sapchib turadiganday, kresloda mudrardi. Oqibatda
shunday ham eskirgan bu mundir, ona va qizning qilgan harakatlariga
qaramay, o‘z ko‘rinishini butunlay yo‘qotgan edi. Hamma joyi dog‘, ammo
tugmachalari doim yaltirab turadigan bu mundirni Gregor kechqurunlari
uzoq tomosha qilardi. Chol bu mundirda, noqulay bo‘lsa ham, xotirjam
uxlardi.
Soat o‘nga zang urganda onasi cholni sekin uyg‘otib, o‘rniga yotqizmoqchi
bo‘lardi. Negaki, unga kreslo o‘ng‘ay bo‘lsa ham, tong soat oltida turmoq
uchun to‘yib uxlash zarur edi. Lekin otasi mirzalik vazifasiga o‘tgandan beri
qaysar bo‘lib qolgan va shu tufayli har gal kreslodan karavotga o‘tkazish
uchun uyg‘otsalar, u qayta uxlab qolib, hammani halak qilardi. Ona uning
yengidan tortib, qulog‘iga shirin gaplar aytar, hatto Greta ham mashg‘ulotini
tashlab, onasiga yordam berardi. Nihoyat, ikkovi cholni qo‘ltig‘idan
ko‘tarishganda, chol goh xotini, goh qiziga qarab «Mana, hayot, mana,
qarigan kunimda rohat», deya g‘o‘ldirardi. Va ularga suyanib, gavdasini
idora qilolmaydigan odamday ohista o‘rnidan turar, o‘z xonasi eshigiga
yetganda, boshi bilan ularga «Qo‘yaveringlar, o‘zim boraman», deb imo qilar
edi. Qiz otasiga joy to‘shash uchun shoshar, ona bo‘lsa tikuvini buguncha
to‘xtatardi.
Og‘ir mehnatdan sillasi qurib, zo‘riqqan bu oilada Gregordan xabar olishga
deyarli hech kimning vaqti yo‘q edi. Ro‘zg‘orga zarur harajat miqdori kun
sayin kamayardi. Shu bois, xizmatkor qizning javobini berishga to‘g‘ri keldi.
Og‘ir ishlarni bajarish uchun oq sochli yo‘g‘on, suyakdor bir xotin keladigan
bo‘ldi. Qolgan yumushlarni, tikuvbichuv bilan bir qatorda, onasining o‘zi
qilardi. Gregor bir kuni kechqurun uydagilarning qaerdandir paydo bo‘lgan
pul haqidagi gapini eshitib, hatto bayramda taqiladigan qimmatbaho narsalar
ham sotilganini bildi. Ayniqsa, oila a’zolari kvartiraning kattaligidan ko‘p
nolirdilar. Moddiy ahvolning tangligi kichikroq uyni ijaraga olishni taqozo
etar, ammo Gregorni ko‘chirish muammo edi. Gregor ko‘chishga xalal
berayotgan narsa faqat o‘zi emasligini yaxshi bilardi, chunki uni havo kirib
turadigan biror qutiga solib, bemalol ko‘chirish mumkin. Yo‘q, oilaga xalaqit
berayotgan narsa — hech kimning boshiga tushmagan bu falokat negadir
aynan Zamzalar oilasini tanlagani haqidagi dahshatli fikr va noumidlik edi.
Bu oilaning har bir a’zosi, kiborlar kambag‘aldan ne talab qilsa, shuni
bajarmoqqa mahkum edi: otasi bank xizmatchilariga nonushta tashir, onasi
birovlarning choyshabini tikishga o‘zini fido qilar, singlisi xaridorlar hukmi
bilan do‘konga chopar edi — xullas, ular boshqa ishga qurbi yetmay, kechga
yaqin sulayib qolardilar. Gregorning yelkasidagi yara ham boshqacha og‘riy
boshladi. Kechqurunlari ona bilan qiz cholni yotqizgandan so‘ng o‘z ishlarini
darrov to‘xtatar va yonmayon birbirining pinjiga kirib o‘tirarkanlar, ona
Gregor yotgan xona eshigiga imo qilardi, «Greta, anavi eshikni yopib qo‘y»,
derdiyu Gregor yana zulmatda qolardi. Keyin ona bilan qiz ko‘zyosh to‘kar,
nihoyat ko‘zlari qaqrab, bir nuqtaga tikilgancha lol o‘tirardilar.
Gregor kunduz ham, kechasi ham uxlamasdi. U ba’zan hozir eshik ochilsa,
bas — oila tashvishini yana o‘z zimmamga olaman, deb o‘ylardi. Uning
ongida — uzoq tanaffusdan keyin — yana boshliq va kommivoyajerlar paydo
bo‘ldi, yana shogird bolalar, tentak farrosh, boshqa firmada xizmat qiluvchi
ikkiuch og‘aynisi, qay bir viloyat mehmonxonasidagi xizmatkor qiz —
istarasi issiq bir mavjudot, oniy xotira va shlyapalar sotiladigan do‘konning
kassiri — chiroyligina ayol (Gregor anchagacha uning ko‘nglini ovlab yurgan
edi) — hammasi aralashquralash, notanish unutilgan odamlar qo‘shilib,
yaxlit bir manzara hosil qildi. Lekin ular ham Gregor va uning oilasiga
yordam berolmas, shuning uchun Gregor ularni unutsa xursand bo‘lardi.
Keyin u yana oilasini o‘ylamay qo‘yar, hatto unga yaxshi qarashmayotganini
eslab g‘azablanar edi. Nima yeyishini tasavvur qilmay turib, omborxonaga
tushishga o‘zicha qasd qilar, och bo‘lmasada, o‘z hissasini olish haqida o‘ylar
edi. Keyingi paytda ishga ketishdan oldin ertalab yoki peshinda singlisi
Gregorga yoqsayoqmasa, biror ovqatni oyog‘i bilan surib xonaga kiritadigan
bo‘ldi. Kechqurun esa bu ovqatni yeyildimiyo‘qmi, qaramay, supurib
tashlardi. Gregorning xonasini tozalashga singlisi endi ko‘p vaqt yo‘qotmasdi.
Xonani qalin chang bosgan, axlat uyilib yotar, devorlarga uzunuzun dog‘lar
chaplangan edi. Dastlab, Gregor qizga dakki berish maqsadida, eng iflos
burchakka boshini tiqib yotdi. Ammo u haftalab yotsa ham, singlisi bu
burchakka tegmagan bo‘lardi. Qiz bu axlatlarni akasidan yaxshiroq ko‘rib
turar, faqat artishni istamas edi. Shunga qaramay, u o‘zini Gregorning
yotog‘iga qaraydigan yagona odam deb sanar va bu huquqni doim himoya
qilar edi. Bir kuni, nima bo‘ldiyu, onasi katta tog‘orada suv keltirib,
Gregorning xonasini boshdanoyoq yuvdi. (Nam Gregorga yoqmas, shuning
uchun u divanda cho‘zilgancha, karaxt yotardi) va qizidan baloga qoldi:
Greta kechqurun xonadagi o‘zgarishni sezdida, mehmonxonaga chopib
chiqdi, onasining yalinishiga qaramay faryod ko‘tardi. Bu yig‘idan cho‘chib
ketgan otasi kreslodan turdi va nima qilarini bilmay, qotib qoldi. Keyin ota
o‘ng tarafdan, qizi chap yondan onaga qichqirgancha Gregorning xonasiga
qarash Gretaning ishi ekanligi uqtira boshladilar. Onasi hayajondan
garangsigan cholni xonasiga olib ketishga harakat qildi. Greta bo‘lsa yig‘idan
qaltirab, kichik qo‘llari bilan stolni mushtlardi. Gregor, o‘z navbatida bu
manzarani ko‘rishga toqati yo‘q, eshikni ochiq qoldirganlaridan g‘azablanib,
tinmay vishillar edi.
Harholda, singil ishdan charchab kelib, Gregorga avvalgiday qaramasa ham,
onasi uning o‘rnini bosolmasa ham, Gregor butunlay o‘z holiga tashlab
qo‘yilmadi. Endi xizmatkor xotinning navbati kelgan edi. Bu qari beva,
baquvvat gavdasi tufayli uzoq yashagan va umri bo‘yi bu fojiadan ham besh
battarini ko‘rgan beva, Gregordan unchalik irganmasdi. U bir kuni
shunchaki — qiziqib emas — Gregorning eshigini ochdiyu, polda yotgan
bahaybat hasharotni ko‘rib, taajjublandi va qorniga qo‘llarini qo‘ygancha
to‘xtab qoldi, Gregor bo‘lsa uni hech kim quvmasa ham, birdan yugura
boshladi. O‘shandan beri xizmatkor xotin har kuni ertalab yoki kechqurun
Gregorning eshigini ochib qaraydigan bo‘ldi. Hatto u Gregorni o‘zicha
erkalab chaqirardi ham: «Bu yoqqa kelchi, go‘ngqo‘ng‘iz, bu yoqqa kel!»
yoki «Manavi qo‘ng‘izchani qarang, qani beri kel!», deb ermak qilardi. Lekin
Gregor unga mutlaqo javob bermas, go‘yo xonada hech kim yo‘qday,
o‘rnidan qimir etmasdi. Gregorni hudabehudaga bezovta qilish o‘rniga bu
xotinga xonani yig‘ishtirishni buyursalar bo‘lardi! Bir kuni ertalab —
darazaga yomg‘ir tomchilari urilab, bahor kirib qolganga o‘xshardi —
xizmatkor xotin odatdagi safsatasini boshlagan edi, Gregor qattiq
g‘azablanib, hujum qilishga tayyorlanganday, bemajol bir harakat bilan,
sekin xizmatkor xotin tomon burildi. U bo‘lsa qo‘rqish o‘rniga eshik yonida
turgan stulni dast ko‘tardiyu og‘zini ochgancha turib qoldi. Gregor bu stul
uning yelkasiga zarb bilan tushmaguncha xizmatkor xotin og‘zini
yopmasligini darrov tushundi va yana ortiga o‘girilib, avvalgi holatiga qaytdi.
«Demak, boshqa hamla qilish yo‘q», dedi xizmatkor xotin xotirjamlik bilan
stulni yerga qo‘ydi.
Gregor anchadan beri ovqat yemas edi. Faqat unga qo‘yilgan yeyimlik
yonidan o‘tayotib, ermak uchun og‘ziga bir parcha solar va bu parchani bir
necha soat og‘zida olib yurar, keyin tuflab tashlardi. Dastlab, u xonaning
ko‘rinishi ishtahani bo‘g‘di, deb o‘yladi. Lekin u xonadagi o‘zgarishga tez
ko‘nikib oldiku: uyda ortiqcha tuyulgan narsalarning hammasini uning
xonasiga tiqishdi. Bunaqa ashqoldashqollar keyingi paytda yana ko‘paydi,
chunki oila uyning bir xonasiga uchta kishini ijaraga qo‘ydi. Ijarachilarning
uchalasi ham sersoqol — buni Gregor eshik tirqishidan ko‘rdi — nihoyatda
talabchan kishilar edi. Ular faqat o‘z xonasida emas, balki butun uyda,
ayniqsa oshxonada tartib bo‘lishini qattiq talab qylardilar. Ular zarur
mebelni o‘zlari bilan olib kelishgan edi. Shu sabab, uyda ortiqcha, sotishga
yaroqsiz, tashlab yuborishga ham ko‘z qiymaydigan anchagina narsa paydo
bo‘ldi. Bular hammasi Gregorning xonasiga joylandi. Kul tashlaydigan quti
ham, axlat solinadigan idish qam uning xonasida edi. Hatto vaqtincha
keraksiz tuyulgan har bir narsani xizmatkor xotin Gregorning xonasiga
uloqtirar edi. Balki xizmatkor xotin bu narsalarni keyin olib chiqaman, deb
o‘ylagandir, ammo qachonlardir uloqtirilgan matoh shundayligicha yotaverar
va Gregor bu ashqoldashqol oralab o‘rmalar ekan, ba’zilarini qo‘zg‘atib
qo‘yishga majbur bo‘lardi. Lekin borabora, bu sayohat Gregorga yoqib
qoldi. Garchi sayohatdan so‘ng Gregor o‘lguday charchab, uzoq vaqt bemajol
yotsa ham, uning yagona ermagi shu edi.
Ijarachilar kechki ovqatni ba’zan uyda, keng mehmonxonada qilsalarda,
mehmonxona eshigi berk bo‘lardi. Gregor bundan xafa bo‘lmas edi, chunki
eshik ochiq qolgan oqshomlarda ham uning kuzatishga madori yo‘q, qorong‘i
burchakka tiqilib yotaverar va uydagilar unga e’tibor qilishmasdi. Lekin bir
kuni xizmatkor xotin mehmonxona eshigini yarim ochiq qoldirdi. Ijarachilar
kelib, chiroq yondi, ammo eshikni hech kim yopmadi. Ijarachilar stolning
narigi tomoniga — ilgari Gregor, ota va onasi o‘tiradigan joyga o‘tirdilar,
salfetkani yozib, qo‘llariga sanchqi bilan qoshiq olishdi. Shu payt go‘sht to‘la
tovoqni ko‘tarib onasi, uning izidan kartoshka uyulgan ikkinchi tovoqni
ko‘tarib singlisi kirib keldi. Ovqatdan quyuq bug‘ ko‘tarildi. Ijarachilar
oldiga qo‘yilgan tarelkalar uzra go‘yo ovqatni tekshirayotganday engashdilar.
O‘rtada o‘tirgani, ichida obro‘lirog‘i shekilli, go‘shtni boshqa idishga
olmayoq, kesa boshladi. U go‘sht yaxshi qaynatilmagan bo‘lsa, oshxonaga
qaytarib yubormoqchiday edi go‘yo. Lekin u norozilik bildirmadi. Buni
kuzatib turgan ona va qiz birbirlariga qarashdida, jilmayib qo‘yishdi.
Uy egalari oshxonada ovqatlanardilar. Lekin otasi oshxonaga kirmay, avval
ijarachilar yoniga keldi, furajkasini qo‘liga olib, hammaga ta’zim qilgan
bo‘ldi. Ijarachilar ham o‘rnidan turib, g‘o‘ldirab qo‘yishdi. Keyin ular yolg‘iz
qolishdi va ovqatini jim yeya boshladilar. Bu ovqat marosimidagi har xil
shovqin ichida go‘sht chaynayotgan tishlar tovushi alohida eshitilgani
Gregorga g‘alati tuyuldi. «Ovqat yemoq uchun tish kerak. Busiz, jag‘ qancha
kuchli bo‘lmasin, hech narsaga yaramaydi», deb o‘yladi Gregor. «Axir
mening ishtaham yaxshiku, — dedi ichida yozg‘irib Gregor, — faqat bunaqa
ovqatga tobim yo‘q. Lekin anavilarning yeyishiga qara, men bo‘lsa o‘lib
ketayapman!»
O‘sha kuni kechqurun oshxonadan skripka tovushi eshitildi. Gregor bu
tovushni kasal bo‘lgandan beri birinchi marta eshitishi edi. Ijarachilar
ovqatlanib bo‘lishgan edi. O‘rtada o‘tirgani gazeta olib, uning ichidagi
sahifalarini o‘rtoqlariga cho‘zdi va uchovlon kresloga chalqaygancha,
mutolaa qila boshladilar. Skripka tovushi chiqqan zahoti, ular o‘rnidan turib,
oyoq uchida oshxona eshigiga bordilar va jim quloq sola boshlashdi. Lekin
oshxonada o‘tirganlar buni sezdi shekilli, otasining ovozi chiqdi:
— Balki janoblariga skripka tovushi yoqmas? Uni hoziroq to‘xtatish
mumkin...
— Yo‘q, aksincha, — dedi o‘rtadagi ijarachi, — xonim bizning xonaga o‘tib
chalsalar yanada xursand bo‘lardik, bizning xona, harholda, ancha qulay...
— O, marhamat! — deya xitob qildy otasi, go‘yo skripkani o‘zi
chalayotganday.
Ijarachilar mehmonxonaga qaytib, kuta boshlashdi. Bir ozdan so‘ng chol nota
qo‘yadigan kursini ko‘tarib, onasi — qo‘lida nota, synglisi skripkani olib
kirib keldilar. Greta bamaylixotir chalishga tayyorlana boshladi. Ota bilan
ona ilgari hech kimni ijaraga qo‘ymagani sababli, tajribasizlik qilib,
ijarachilarga ortiqcha iltifot etar, hatto o‘z kursilariga o‘tirishga ham jur’at
qilishmasdi. Chol o‘ng qo‘lini mundirining tugmachalari orasiga tiqqancha,
eshikka suyanib turar, ona bo‘lsa ijarachilardan biri shunchaki taklif qilgan
stulga o‘tirmay, bir burchakda begonasirab turardi.
Greta chala boshladi. Ota va ona uning qo‘l harakatini diqqat bilan
kuzatdilar. Kuyga berilgan Gregor odatdagidan ko‘ra oldinroq o‘rmaladi va
uning boshi deyarli mehmonxonaga chiqib turardi. Gregor so‘nggi paytlarda
odamlarga e’tibor qilmay qo‘yganini sezdiyu, bunga taajjublanmadi. Avval
odamlarga bo‘lgan bu e’tibori bilan — farosati bilan faxrlanardi. Endichi,
hech qachon hozirgiday ko‘rimsiz bo‘lmagan Gregor hatto odamlardan
yashirinishni ham istamasdi: uning yelkasi va biqiniga har xil iplar, ovqat
qoldiqlari yopishgan, hamma joyini chang bosgan edi. Ammo endi har kuni
gilamga chalqancha tushib, o‘zini tozalashga Gregorning hafsalasi yo‘q, ayni
paytda o‘z turqiga nisbatan shunchalar loqayd ediki, hech ikkilanmay
mehmonxonaning yaltirab turgan polida o‘rmalay boshladi.
Lekin unga hech kim e’tibor qilmadi. Otaonasi butunlay kuyga berilib
ketgan, ijarachilar esa shim cho‘ntagiga qo‘l tiqib, nota qo‘yilgan kursi
yonida turardilar. Ularning notaga tikilib turgani singlisiga xalaqit berardi.
Buni sezishgan ijarachilar shivirlashib, deraza yoniga o‘tdilar. Chol
hammasini besaranjom kuzatardi. Ijarachilarning yaxshi kuy eshitamiz
degan umidi puchga chiqqanday, bu tomosha ularning joniga tekkanday,
faqat odob yuzasidan jim turganday edi ular. Ayniqsa, og‘ziburnidan pag‘a
pag‘a chiqayotgan tamaki tutuni ularning asabiylashganini shunday ko‘rsatib
turardi. Greta bo‘lsa, nihoyatda yaxshi chalardi. U boshini xiyol qiyshaytirib,
nota belgilariga diqqat bilan, ayni paytda mahzun qarardi. Gregor yana
oldinroq siljidi. Singlisining ko‘ziga qarash uchun boshini yerga qo‘ydi;
musiqa unga shunchalik ta’sir qilar ekan, nahotki u odam emas, hayvon
bo‘lsa? Gregor hozir g‘aroyib bir oziqqa yaqin qolganday, noma’lum bir
lazzatga yetadiganday entikdi. U singlisining yoniga borib etagidan tortishga
qat’iy qaror qildi: toki, qiz Gregorning xonasiga kirib chalsin, toki u
Gregordan boshqa bu yerda hech kim musiqani qadrlay olmasligini
tushunsin. U Gregorning xonasiga kirsa bas, Gregor toki tirik ekan, uni
boshqalarga bermaydi. Mayli, Gregorning jirkanch qiyofasi nihoyat o‘z
vazifasini bajarsin. u xonaga kirmoqchi bo‘lgan har bir kimsani o‘z basharasi
bilan dahshatga soladi, singlisini himoya qilib, barcha eshiklar yonida paydo
bo‘ladi. Lekin singlisi uning yonida o‘z istagi bilan qolishi kerak. Mayli, u
Gregor bilan divanda o‘tirsin, unga engashib quloq solsin, shunda Gregor
agar boshiga falokat tushmaganida Gretani konservatoriyaga
joylashtirmoqchi bo‘lgani va bu haqda rojdestvodan oldin (rojdestvo ham
o‘tib ketgan edi) hech kimning e’tirozini tinglamay, e’lon qilmoqchi
bo‘lganini tushuntiradi. Buni eshitib singlisi quvonch va alamdan yig‘laydi.
Gregor bo‘lsa uning yelkasiga tirmashib, ochiq bo‘ynidan — xizmatga
kirgandan beri na ro‘mol, na yoqa ko‘rgan ochiq bo‘ynidan o‘padi.
— Janob Zamza! — deb baqirdi o‘rtadagi ijarachi va ortiq gapirmay,
barmog‘ini bigiz qilib, sudralayotgan Gregorni ko‘rsatdi. Skripkaning ovozi
tindi. O‘rtadagi ijarachi o‘rtoqlariga qarab tirjaydi, boshini likillatdi va yana
Gregorga qaradi. Otasi Gregorni haydashdan avval ijarachilarni
tinchlantirmoq zarur deb o‘yladi shekilli. Ammo ijarachilar xotirjam, hatto
ularni musiqadan ko‘ra Gregor ko‘proq qiziqtirardi. Bari bir chol qo‘llarini
yozgancha, gavdasi bilan Gregorni yashirib, ijarachilar yoniga bordi va
ularni o‘z xonasiga chekintira boshladi. Cholning bu qilig‘idanmi yoki
Gregorday qo‘shni borligidan xabardor qilmaganlari uchunmi,
ijarachilarning jahli chiqdi. Ular choldan, bu nima deganday, izoh talab
qildilar, lekin chol siquvi ostida astasekin ortga chekina boshladilar. Shu
orada chalishni to‘xtatgan singlisi o‘ziga kela boshladi; u hamon chalishni
davom ettirayotganday skripka va kamonchani ushlab, notadan ko‘z uzmay
bir zum qotib turdi, keyin seskanib tushdida, qo‘lidagi asbobini hali ham
burchakda shumshayib o‘tirgan, dami qisib zo‘rg‘a nafas olayotgan onaning
tizzasiga qo‘ydi va qo‘shni xonaga chopib kirdi. Bu xonaga ijarachilar ham
tislanib kelar edi, lekin singlisi abjirlik bilan ko‘rpayostiqlarni tartibga
keltirdi va ko‘z ochibyumguncha ularga o‘rin soldi. Otasi bo‘lsa o‘jarligi
tutdimi, ijarachilar oldida majburiyatni ham unutib, ularni siqib borardi.
Nihoyat, o‘rtadagi ijarachi — bo‘sag‘aga yetganda — polni gursillatib tepdi
va chol o‘ziga keldi, to‘xtadi.
— Ijozatingiz bilan shuni aytayki, — dedi ijarachi qo‘lini ko‘tarib va ayni
paytda ko‘zlari bilan onaqizni axtardi, — bu uy, bu oiladagi razil odatlarni
(u yerga tufladi) tushundim va men ijaradan voz kechaman. Bu yerda
yashagan kunlar uchun bir chaqa ham to‘lamayman, aksincha, mening sizga
da’vom bor, ishontirib aytamanki, bunga asos ham bor.
Keyin jim bo‘ldi. Nimanidir kutganday qotib qoldi.
U behuda kutmagan edi — yonidagilar tilga kirdi:
— Biz ham ijaradan voz kechamiz.
Shundan keyin ular xonaning eshigini qarsillatib yopdilar.
Chol gandiraklagancha qo‘llarini yozib, o‘zini kresloga tashladi. U bir
qarashda jinday uxlab olish uchun o‘tirganday ko‘rinardi, ammo boshi goh u,
goh bu yoqqa jonsiz og‘ayotganini hisobga olinsa, uning mutlaqo uxlash
uchun o‘tirmagani ayon bo‘lardi.
Gregor hamon ijarachilar ko‘rib qolgan joyda yotar, o‘z rejasi amalga
oshmaganidanmi, ochlikdanmi, uning qimirlashga majoli yo‘q edi. U bir
necha lahzadan keyin hamma narsa barbod bo‘lishini bilar va bu dahshatli
onni kutar edi. U butunlay karaxt edi, hatto onasining titroq qo‘llaridan
tushib ketgan skripka tovushi ham uni qo‘rqitmadi.
— Qadrli ona, qadrli otajon, — dedi singlisi stolni chertib, — endi bunaqa
yashash ketmaydi. Agar buni sizlar tushunmasangiz, men tushunaman.
Manavi mahluq qoshida akamning nomini aytmayman, lekin biz undan
qutulishimiz kerak. Odam qilishi mumkin bo‘lgan hamma ishni qildik: unga
qaradik, uni parvarishladik, unga chidadik. Menimcha, bizni hech kim
shafqatsizlikda ayblay olmaydi.
— U ming bora haq, — dedi chol ohista xotiniga. Ona bo‘lsa, mushti bilan
og‘zini bekitib, qattiq yo‘tala boshladi. Uning ko‘zlari telbanikiga o‘xshardi.
Singil onasining yoniga borib, qo‘lini uning manglayiga bosdi. Qizining
gaplaridan keyin aniq bir qarorga kelgan chol o‘tirgan joyida qaddini
ko‘tardi. U stol (kechki ovqatdan keyin idishtovoqlar yig‘ishtirilmagan edi)
chekkasida yotgan furajkasini o‘ynar ekan, gohgoh Gregorga qarab
qo‘yardi.
— Biz undan qutulishimiz kerak, — dedi yana qiz otasiga. Onasi yo‘tal bilan
bo‘lib, uni eshitmasdi.
— Bu maxluq ikkalovingizni ham xarob qiladi, mana ko‘rasizlar, — deb
davom etdi qiz. — Boshimizga tushgan qora mehnat yetmaganiday, uydagi bu
azobga balo bormi! Yo‘q, men bunga ortiq chidolmayman!
Singlisi yig‘lab yubordi. Uning ko‘z yoshlari onasining yuziga tomgach, qiz
beixtiyor uning yuzini arta boshladi.
— Jigarim, bolaginam, — dedi kutilmaganda mehribonlik bilan otasi, —
nima qilaylik, axir, nima?
Qiz yig‘lagani uchunmi avvalgi qat’iyligi yo‘qolib, yelkasini qisdi, xolos.
— Loaqal u bizni tushunsaydi, — dedi otasi savol ohangida.
Yana yig‘iga tushgan qiz «Buning iloji yo‘q», deganday keskin qo‘l siltadi.
— Agar u bizni tushunsa edi, — dedi chol va qizi aytganday, buning iloji
yo‘qligini eslab, ko‘zlarini yumdi, — tushunsa edi, balki u bilan kelishib olish
mumkin bo‘larmidi, lekin bunaqada...
— Yo‘qolsin bu yerdan! — deb qichqirdi singlisi, — yagona najot shu, ota.
Sen bu maxluq — Gregor degan fikrdan qutulmog‘ing kerak. Bizning uzoq
vaqt bebaxt kun kechirganimizga o‘sha fikr sababchi. Qaranglar, shu
Gregormi? Agar Gregor, bo‘lganda, odamlar bunaqa maxluq bilan yashay
olmasligini allaqachon tushunib, o‘zi ketgan bo‘lardi. O‘shanda biz
yaqinimizdan judo bo‘lsak ham, uning xotirasini muqaddas tutgan bo‘lardik
ku. Bu maxluq esa doim bizni ta’qib qiladi, ijarachilarni haydaydi, butun
uyni o‘ziga olmoqchi, bizni ham ko‘chaga chiqarib tashlamoqchi. Ana, ota,
qaragin, u yana o‘z bilganini qilyapti!
Singlisi Gregor tasavvur qilmagan bir dahshatda onasini ham tashlab, otasi
tomon yugurdi. Uning harakatidan qattiq hayajonlangan chol qizini himoya
qilganday qo‘llarini cho‘zdi.
Lekin birovni qo‘rqitish, ayniqsa singlisini xafa qilish Gregorning xayolida
ham yo‘q edi. U o‘z yotog‘iga kirish uchun aylanayotgan edi, xolos. Uning bu
harakati darrov ko‘zga tashlandi, chunki aylanish qiyin bo‘lganidan u boshini
ham ishga solar va boshi polga gursgurs urilardi. Gregor bir zum to‘xtab,
atrofga boqdi; uning yomon maqsadda emasligini hamma tushunganday
bo‘ldi, qo‘rqinch yo‘qoldi. Atrofdagilar unga g‘amgin qarab o‘tirishar, onasi
— charchoqdan ko‘zlarini yarim ochib stulda, singil esa otasining pinjiga
kirib, jim o‘tirardilar.
«Endi aylanaversam bo‘ladi», deb o‘yladiGregor va o‘z ishini davom ettirdi,
Bu oson ish bo‘lmay, Gregor teztez dam olishga majbur bo‘lar, kuchanib
vishillardi. Darvoqe, uni hech kim qistamas, ixtiyor o‘zida edi. Aylanib
bo‘lgandan keyin Gregor to‘g‘ri o‘rmalab ketdi. (U xonasigacha shuncha
masofa borligiga hayratlandi. Bu yo‘lni hozirgina nechog‘lik tez bosib
o‘tganligini esladi). Tezroq xonaga kirishni o‘ylaganidan, atrofdagilarning na
qichqirig‘i, na biror so‘zini eshitdi. Faqat bo‘sag‘adan o‘tganda ortiga
qaramoqchi edi, bo‘yni qotib qolganini sezdi, ammo orqasida turganlarni
ko‘rishga ulgurdi: singlisini hisobga olmaganda, hamma o‘rnida o‘tirar, hatto
onasi uxlab qolgan edi.
Gregor xonaga kirgan zahot kimdir eshikni qarsillatib yopdi va avval
zanjirlab, keyin kalit bilan ham qulflab qo‘ydi. Eshik qarsillaganda
qo‘rquvdan Gregorning oyoqchalari bukilib ketdi. Eshikni singlisi yopgan
edi. U allaqachon o‘ziga kelib, Gregor bo‘sag‘adan o‘tgan zahotiyoq
«Nihoyata!» deya xitob qilib, eshikni shoshilinch bekitgan edi.
«Bu yog‘i nima bo‘ladi endi?» deb savol berdi Gregor o‘ziga va zulmatga
tikilib, jim qoldi. Bir ozdan keyin u o‘zining qimirlay olmasligini bildi. Ammo
taajjublanmadi, aksincha, bu ojiz oyoqlari uni hozirgacha qanday ko‘tarib
yurganiga hayratlanardi. Gregor butun vujudida og‘riq sezdi. Lekin og‘riq
tobora susayib, bir ozdan so‘ng butunlay to‘xtaganday tuyuldi. Yelkasida
chirib ketgan olma atrofidagi yara qattiq yallig‘langanini u deyarli sezmasdi.
Gregor «Men yo‘q bo‘lishim kerak» deb o‘ylar va bu qaror singlisi chiqargan
hukmdan ham qat’iy edi. Gregor shahar minorasidagi soat tungi uchga zang
urgunga qadar o‘sha holatda — sof va osoyish xayollar qo‘ynida yotdi. Keyin
uning boshi o‘zidano‘zi polga «shilq» etib tushdi va Gregor so‘nggi marta
zaif nafas oldi.
Ertalab xizmatkor xotin keldi. Undan qancha iltimos qilishsada, har kuni
tongda eshikni qattiq taqillatib kirar va hammani uyg‘otib yuborar zdi.
U odati bo‘yicha Gregorning xonasiga bosh suqib, biror o‘zgarishni sezmadi.
Polda qimirlamay yotgan Gregorni ko‘rib «nayrang qilyapti», deb o‘yladi.
Xizmatkor xotin Gregorning nayrangga aqli yetishiga shubha qilmas edi. U
qo‘lidagi supurgi bilan Gregorni qitiqlamoqchi bo‘ldi. Bu ham foyda
bermagach, Gregorni yengilgina itarib ko‘rdi, ammo Gregor o‘rnidan
qo‘zg‘almadi. Ana shunda xizmatkor xotin sergaklandi. Nima bo‘lganini
tushundi va ko‘zlarini katta ochib, sekin xushtak chalib yubordi.
U hayallamay, oila dam olayotgan xona eshigini ochdi. Hali qorong‘i xona
bo‘sag‘asida turib bor ovozi bilan qichqirdi:
— Qaranglar, u o‘lib qopti! Harom o‘libdi, qaranglar!
Bu ovozdan cho‘chib ketgan janob Zamza va Zamza xonim birga yotadigan
to‘shaklarida bir zum garangsib o‘tirishdi. Keyin bu qichqiriq mazmuniga
tushundilar. Erxotin karavotining ikki tomonidan shoshilinch tusha
brshladilar. Janob Zamza yelkasiga yengil ko‘rpani tashlab, Zamza xonim
ichki ko‘ylakda Gregorning xonasiga kirdilar. Mehmonxona eshigi ochilib
(ijarachilar kelgandan beri Greta mehmonxonada uxlardi), Greta paydo
bo‘ldi. U boshdanoyoq kiyingan, go‘yo tun bo‘yi uxlamaganday edi. Uning
yuzidagi za’faronlik ham shundan dalolat berardi.
— Mana, endi, — dedi janob Zamza, — xudoga shukr, desak bo‘ladi.
U cho‘qindi. Yonidagi uchta ayol ham cho‘qinib qo‘ydi. Jasaddan ko‘z uzmay
turgan Greta:
— Qaranglar, uning ozib ketganini. Keyingi, paytlarda ovqat yemay qo‘ygan
edi, nima bersang ham yemasdi, — dedi.
— Bir minutga bu yoqqa kir, — dedi qiziga Zamza xonim va g‘amgin kulib,
o‘z yotog‘iga ketdi. Greta jasaddan ko‘zini uzmay, onasiga ergashdi.
Xizmatkor xotin jasad yotgan xona eshigini bekitib, mehmonxona
derazalarini ochdi. Vaqt erta bo‘lsa ham, havo ancha iliq, chunki mart oyi
oxirlab qolgan edi.
Ijarachilar o‘z bo‘lmalaridan chiqib, haligacha nonushta yo‘qligini ko‘rib,
taajjublandilar: ularni unutishibdida!
Xizmatkor xotin barmog‘ini labiga bosdi va Gregorning xonasi tomon ishora
qildi.
Ijarachilar Gregorning yotog‘iga kirishdi va qo‘llarini cho‘ntaklariga tiqib,
jasadni o‘rab olishdi.
Shu payt Zamza oilasi paydo bo‘ldi. Ota ish mundirini kiygan, bir yonida qizi,
ikkinchi yonida xotini uni qo‘ltiqlab olishgan edi.
— Hoziroq mening uyimdan chiqib ketinglar! — dedi janob Zamza
ijarachilarga eshikni ko‘rsatib. Chol ona va qizini qo‘yib yubormay, hamon
birga turishardi.
— Bu bilan nima demoqchisiz? — deb so‘radi o‘rtadagi ijarachi va xushomad
aralash iljaydi. Qolgan ikkitasi qo‘lini orqaga qilib, kaftlarini birbiriga
ishqar, hozir katta janjal boshlanib, ularning foydasi bilan tugashini
kutardilar.
— Nima degan bo‘lsam, shu! — dedi janob Zamza va qizi bilan xotinini
qo‘ltiqlab, ijarachilarga yaqinlashdi. Ijarachi nima deyishini bilmay jim
qoldi.
— Nima ham qilardik, ketamiz, — dedi u nihoyat va ruxsat so‘raganday
janob Zamzaga boqdi. Janob Zamza bunga javoban ko‘zlarini chaqchaytirib,
boshini silkitdi, xolos. Shundan so‘ng ijarachi keskin qadamlar bilan dahlizga
yo‘naldi. Ikkita og‘aynisi uning orqasidan hakkalagancha chopishdi, go‘yo
janob Zamza ularni o‘z yo‘lboshchisidan ajratib qo‘yadiganday edi. Uchalasi
dahlizdagi ilgakdan shlyapalari va hassalarini olib, o‘girilib ta’zim bajo
keltirishib uydan chiqdilar. Mutlaqo o‘rinsiz shubha bilan janob Zamza
ikkita ayolni qo‘ltiqlab zina maydonchasiga chiqdi. Keyin ular zinapoya
panjarasiga suyangancha, sekin tushib ketayotgan, aylanishlarda goh
ko‘rinib, goh ko‘rinmay borayotgan ijarachilarga qarab turishdi: ijarachilar
pastga tushgan sayin, Zamza oilasi ularga shuncha befarq qarardi. Nihoyat,
zinapoyada yangi odam — baland qomatini ko‘zko‘z qilib, boshiga savat
qo‘ygan qassob yordamchisi paydo bo‘ldiyu, janob va xonim Zamzalar bir oz
yengil tortishdi, uyga kirishdi.
Ular bugun dam olishga, sayr qilishga qaror qildilar. Bu tanaffus ularga juda
zarur va ularning bunga haqi bor edi. Uchalasi o‘tirib uchta tushuntirish xati
yozdilar: janob Zamza — o‘z direktoriga, Zamza xonim — boshqaruvchisiga,
Greta — boshlig‘iga. Ular xat yozayotganda xizmatkor xotin ishini tugatib,
ketishga ruxsat so‘rab kirdi. Yozayotganlar xatdan ko‘z uzmay «Boravering»,
deb bosh irgashdi, ammo bu javobdan keyin ham o‘rnidan jilmagan xotinga
birdan norozi qaradilar:
— Nima kerak yana? — dedi janob Zamza.
Xizmatkor xotin go‘yo ajoyib xushxabar aytmoqchiyu, undan hech kim
yaxshilab so‘ramayotganday, ostonada tirjayib turardi. Uning shlyapasidagi
— doim janob Zamzaning jig‘iga tegadigan — tuyaqush pari to‘rt tomonga
likillardi.
— Xo‘sh, nima kerak sizga? — deb so‘radi Zamza xonim. Xizmatkor xotin
unga boshqalarga nisbatan xurmat bilan qarardi.
— Ha, — dedi kulgidan o‘zini zo‘rg‘a tutib xizmatkor xotin,— anavi
maxluqni yig‘ishtirish haqida tashvishlanmanglar, hammasi joyida.
Janob Zamza va Greta undan yuz o‘girib, go‘yo yozishni davom ettirganday,
yana xat uzra engashdilar. Xizmatkor xotinning voqeani batafsil aytishga
shaylanganini ko‘rgach, janob Zamza qo‘lini keskin siltab, rad qildi. Gap
berilmaganidan xafa bo‘lgan beva birdan shoshilayotgani esiga tushib, «Xush
qolinglar!» dedida, eshiklarni taraqlatgancha uydan chiqdi.
— Kechqurun uni bo‘shatib yuboramiz, — dedi janob Zamza. Unga hech kim
— na qizi, na xotini — javob bermadi. Chunki boyagina erishilgan farog‘atni
hizmatkor xotin chilparchin qilgan edi. Ona va qiz quchoqlashib deraza
yoniga keldilar. Janob Zamza o‘tirgan joyida ular tomon burildi va uzoq
tikilib qoldi.
— Bu yoqqa kelsalaringchi! Unutinglar o‘sha o‘tmishni! Meniyam ozgina
o‘ylanglar, axir! — deya xitob qildi u birdan.
Onabola chol yoniga itoatkorona keldilar, uni yupatib, erkaladilar. Keyin
chala qolgan xatni tezda tugatishdi.
So‘ngra uchovlon uydan chiqib, tramvayda shahar chetiga sayrga jo‘nadilar.
Ular tushgan vagon iliq oftob nuriga to‘la edi. Uchalasi shinam kursilarga
joylashib, ertaning rejasini tuza boshladilar: umuman olganda, ular tanlagan
ish shunchalik yomon emas, buni birbiriga shu kungacha aytmagan bo‘lsalar
ham, endi har birining ishi o‘ziga yarasha imtiyozli, degan xulosaga kelishdi.
To‘g‘ri, ahvolni tez yaxshilash uchun dastlab, kvartirani almashtirish kerak.
Ularga kichikroq, arzonroq, ya’ni Gregor topgan uydan shinamroq
kvartirani ijaraga olish zarur. Shu qarorga kelib, janob Zamza va uning
xotini tobora avj bilan so‘zlayotgan qiziga qarashdiyu, ikkalovi ham bir
narsani o‘yladi: kechgan iztiroblardan yuzi siniqqan bo‘lsa ham, Greta
so‘nggi kunlarda haqiqiy jononga aylandi. Otaona beixtiyor ko‘z urishtirib,
qiziga loyiq kuyov axtarish payti ham kelganligini o‘ylay boshladi. Manzilga
yetganda, Greta otaonasining shirin xayollarini ma’qullaganday, birinchi
bo‘lib o‘rnidan turdi va navqiron qomatini rostladi.
Ruschadan M.Solih tarjimasi.
Dostları ilə paylaş: |