HADISLAR HAQIDA Imom al-Buxoriy avlodlarga boy va qimmatli ilmiy meros qoldirgan bo‘lib, u yozgan asarlarning soni yigirmadan ortiqdir. Ulardan “Al-jome’ as-sahih”, “Al-adab al-mufrad”, “At-ta’rix as-sag‘ir”, “At-ta’rix al-avsot”, “At-ta’rix al-kabir”, “Kitob al-ilal”, “Barr ul-volidayn”, “Asomi us-sahoba”, “Kitob al-kuna”va boshqalarni ko‘rsatish mumkin. Buyuk allomaning eng muhim asari, shubhasiz, “Al-jome’ as-sahih”dir. Bu asar “Sahih al-Buxoriy” nomi bilan ham mashhur. Uning g‘oyat ahamiyatli tomoni shundaki, Imom al-Buxoriygacha o‘tgan muhaddislar o‘z to‘plamlariga eshitgan barcha hadislarini tanlab o‘tirmay qatorasiga kiritaverganlar. Imom al-Buxoriy esa turli roviylardan eshitgan hadislarni tabaqalarga bo‘lib, ularning ishonchlilarini ajratib, alohida kitob yaratdi.
Alloma ibn Salohning ta’kidlashicha, al-Buxoriyning bu asariga kiritilgan ishonchli hadislarning soni takrorlanadiganlari bilan birga 7275 ta bo‘lib, takrorlanmaydigan holda esa 4000 hadis dan iborat.
Sahih hadislar to‘plamiga tartib berishdek sharafli ishni birinchi al-Buxoriy boshlab bergan bo‘lib, keyin qator olimlar unga taqlid qilib, shu zaylda hadislar to‘plamini yaratganlar. Imom al-Buxoriyning ushbu yirik asari yozilganiga taxminan 1200 yil bo‘ldi. O‘sha davrdan boshlab toki shu vaqtgacha insoniyatni ezgulikka, ikki dunyo saodatiga yetaklovchi bosh manbalardan biri sifatida iymonli qalblar ehtiromi va e’zozidadir.
Shu o‘rinda hadisga berilgan ta’rifga e’tibor qaratamiz. Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ning aytganlari, ko‘rsatmalari, biror masala (narsa, voqea-hodisa, xatti-harakat) yuzasidan bergan qarorlari hadis sanaladi. Hadislarning ahamiyatini ham chuqur idrok etishimiz lozim. Ma’lumki, tarixan g‘oyatda qisqa muddatda nozil bo‘lgan Qur’oni karim oyatlari ba’zi hollarda umumlashtirilgan, murakkab holda keltirilgan. Payg‘ambarimiz hadislari ushbu oyati sharifl arni kengroq talqin etadi, ularni oddiylashtirib bayon qiladi. Ayni paytda, keltirilgan voqea va hodisalarni ko‘pchilikka tushunarli qilib, mufassal sharhlaydi. Hadis sanad va matndan iborat bo‘ladi. Sanad hadisning kimning huzurida, qachon va qay sharoitda aytilganligi haqidagi
ma’lumot bo‘lsa, matn uning mazmunidir. Hadislarni ishonchli kishilardan olib, o‘zidan keyingilarga yetkazuvchi zotlarni roviylar deymiz.
Roviyning ismi hadisning sanadida keladi.
Hadislarning mavzu qamrovi hayot muammolari, turmush masalalari qadar keng va turfadir. “Al-jome’ as-sahih” asarining birinchi kitobida dastlabki bob iymon haqida bo‘lsa, uning ikkinchi bobi ilm haqida. Bu dinimizda iymondan keyingi mavqe ilmga tegishli ekanligiga ishora qiladi. Kitobga kiritilgan ilk hadisga e’tibor qarataylik: Alloh taolo oyati karimasida: “Al oh taolo sizlarning orangizdagi iymon keltirganlarni va ilmni yuksaltirganlarni bu dunyoda yarlaqab, martabasini ulug‘ qilg‘aydir, oxiratda jannatga kirmoqlikni nasib etgusidir, Al oh taolo qilayotgan ishlaringizdan xabardordir”, – deyilgan. Yana boshqa oyati karimada esa: “Yo robbiy, ilmimni ziyoda qilg‘aysen, deb ayt!” –deyilgan.
Bundan dunyo va oxirat omonligi, farovonligi ilm bilan bo‘lishi, Yaratgandan eng avval ilm so‘rash lozimligi anglashiladi. Ilm olish osonlik bilan kechmaydi: o‘ziga xos mashaqqati, turli murakkabliklari bo‘lishi tabiiy. Ilm tolibi buni oldindan bilgan, ularni bo‘yniga olgan holda bilim olishga kirishmog‘i lozim. Ana shuni nazarda tutib boshqa bir hadisda: “Ilmni Chinga borib bo‘lsa ham olinglar”, deyilgan. Hadisdagi “Chin” faqat Xitoy yurtinigina bildirmaydi, ayni paytda u ramziy ma’noda ham masofa jihatdan uzoqlik, ham vaqt jihatdan uzoqlik – davomiylik va bu jarayonlardagi qiyinchilik, mashaqqatlarni ifodalaydi.