Bosh miya o`smalari juda keng tarqalgan kasallik. Bosh miya o`smasi odam yoshiga bog`liq bo`lmagan holda paydo bo`ladi. Ular erkaklar va ayollarda bir xilda uchraydi. Hamma o`limlar ichida 1 % I bosh miya o`smasiga to`g`ri keladi. O`smalardagi klinik manzara 3 xil ko`rinishda bo`ladi: I. Umumiy miya belgilari. II . Dislokatsiya, ya`ni bosh miyadagi o`smaning boshqa to`qimalarga qisilishi. III . Mahalliy miya belgilari, bunda o`sma bosh miyaning qayeri zararlanishiga bog`liq bo`ladi.
I. Umumiy miya belgilari. 1. Bosh og`riq – ba`zan juda qattiq, boshning hamma joyida, bosuvchi, og`irlik beruvchi tarzda bo`ladi. Bosh og`riq boshni qimirlatganda, egilganda kuchayadi. Miyada qon va likvor aylanishi buzilishi natijasida paydo bo`lgan bosh og`rig`i miya o`smasining dastlabki belgisi hisoblanadi. Bosh og`riq, asosan, kechasi yoki ertalab zo`rayib ketadi. Og`riq ertalab bir necha daqiqadan bir necha soatgacha davom etadi. Bemor ertasiga ham davom etadigan bosh og`riq bilan uyg`onadi. Avval bosh og`riq chegaralangan sohada bo`ladi, keyinchalik og`riq doimiy bo`lib qoladi. Bosh og`riq, asosan,
jismoniy zo`riqishda, hayajonlanganda, yo`talganda, aksa urganda, qayt qilganda yoki boshni oldinga egganda zo`rayadi. 2. Qusish – bosh og`riq kuchayganda bemor qusadi, qusish ovqat iste`mol qilishiga hamda tana holatining o`zgarishiga bog`liq bo`lmaydi. Miyaning ichki bosimi oshganda bemor qayt qila boshlaydi. Bosh miya o`smalarida qayt qilish ko`proq nahorda kuzatiladi. 3. Bosh aylanish – o`smalar ko`proq bosh miyaning qaysi qismida o`sishiga bog`liq bo`ladi. Bosh aylanish dastlab kamroq, qisqa vaqt davom etsa, keyinchalik o`sma kattalashgan sayin ko`proq kuzatiladi. 4. Ruhiy o`zgarish – bosh miya o`smalarida boshda suyuqlik bosimining oshishi ruhiy o`zgarishlarga olib keladi, bemorda o`z-o`ziga tanqid pasaydi, karaxtlik, kayfiyatning buzilishi, depressiya holatiga olib keladi. Tutqanoq xurujlari ham kuzatiladi.
5. Ko`rish nervining so`rg`ichida qon tutilib qolishi hamda bosh miya bosimining oshishi o`smaning toksik ta`sirida paydo bo`ladi. Bu belgilarning paydo bo`lishi, asosan, o`smaning qayerda joylashganiga bog`liq. Bu belgi miyacha, IV qorincha, chakka bo`limlarida kuzatiladi. Bunda ko`z oldining qorong`ilashishi, ko`rish o`tkirligining pasayib ketishi, ko`rish nervida qon to`planganligidan darak beradi. Kasallik kuchaygan sari ko`ruv nervi atrofiyalanib boradi, keyinchalik bemor, umuman, ko`rmay qolishi mumkin. Ko`z tubida ko`ruv nervining dimlanishi, qon tomirdagi qonning turib qolishi, tomirlarning kengayishi natijasida yuzaga keladi.
6. Bosh miya xavfsiz o`smalar ta`sirida bemorda uzoq yil davomida tutqanoq xurujlari klonik-tonik ko`rinishda bo`ladi. Xavfli o`smalarning boshlanishida tutqanoq xurujlari bilan birga, hushdan ketish va ruhiy o`zgarishlar kuzatiladi.
7. Orqa miya suyuqligi tarkibining o`zgarishi – suyuqlik bosimi baland, rangi o`zgarmagan tiniq, tekshirganda, asosan, oqsillar ko`p bo`ladi.
8. Bosh miyaning kalla suyagini rentgenografiya qilganda gipertenzion belgilar: qon tomirlar ko`rinishining bo`rtganligi, barmoqlar izi va turk egarining silliqlashishi yoki yemirilishi kuzatiladi. Bosh og`riq, qayt qilish va ko`rish nervi so`rg`ichining dimlanishi – shu uchta belgi 60 % bosh miya o`smalarida uchraydi. O`smalar paydo bo`lgan vaqtda mahalliy miya belgilari ular qayerda joylashishiga va qanday o`sishiga bog`liq. O`smalar o`sishiga, joylashishiga qarab, ekstroserebral – bosh miyadan tashqaridagi o`smalar, introserebral – bosh miya ichida o`sadigan o`smalarga bo`linadi. Agar meningioma miyaning ustki qismi (konveksital)da bo`lsa, unda bemorda bosh og`riq, bosh aylanish hamda tutqanoq xurujlari, Jekson xilida, ya`ni yuz, qo`1-oyoqda klonik qaltirash kuzatiladi. Ayrim hollarda qaltirash qisqa vaqt ichida bo`ladi va 2–3 daqiqa davom etadi. Ba`zan esa tonik-klonik qaltirash bo`lib, bemor hushini yo`qotadi, tilini tishlab oladi, tagiga siyib yuborish holatlari kuzatiladi. Ba`zi hollarda qo`l yoki oyoqda monoparez markaziy xarakterda, har doim qaramaqarshi tomonda bo`ladi.
Agar o`smalar miya asosida bo`lsa, unda mahalliy miya belgilari ko`zning ko`rishi pasayishi yoki yo`qolishi, hidni bilmaslik, ko`zga narsalarning ikkita bo`lib ko`rinishi, ichkari va tashqariga qarab qolgan g`ilayliklar, nistagm kuzatiladi. Agar o`sma bosh miyaning peshana qismida o`ssa, unda parezlardan tashqari ruhiy o`zgarishlar – karaxtlik, hech narsaga qiziqmaslik yoki xursandchilik, ko`p qilgan ishlariga javob bermaslik, o`z-o`ziga tanqid hissi pasaygan bo`ladi. Agar o`sma ichki kapsula sohasida bo`lsa, unda VII – XII juft kalla bosh mya nervlarining markaziy falajlanishi, gemiparez markaziy
xarakterda, gemianesteziya o`tkazuvchanlik xilida bo`ladi. Agar o`smalar qorinchalar ichida o`ssa, unda qattiq bosh og`riq, qusish, boshni ma`lum xilda ushlab turish kuzatiladi, chunki o`sma suyuqliklar yo`lini to`sib qo`yadi.