IDEAL GAZ MOLEKULAR-KINETIK NAZARIYASINING ASOSIY TENGLAMASI Siyrak gazlarda molekulalar orasidagi o‘rtacha masofa molekulalar o‘lchamidan juda katta bo‘ladi. Molekulalar orasidagi o‘zaro ta’sir kuchlari ular bir-biriga juda yaqin kelgandagina namoyon bo‘lib, qolgan hollarda juda kichikdir. Siyrak gaz molekulasi bir to‘qnashishdan keyingi to‘qnashishgacha erkin va tekis harakatlanadi, deb olish mumkin. Shuning uchun siyrak gazni shartli Ravishda ideal gaz deb qarasa bo‘ladi.
Molekulalari bir-biri bilan o‘zaro ta’sirlashmaydigan hamda molekulalari moddiy nuqtalar deb qaraladigan gaz ideal gaz deb ataladi. Xossalari molekulalarining o‘zaro ta’siriga bog‘liq bo‘lgan gaz real gaz deb ataladi. Ma’lumki, molekulaning tezligi qancha katta bo‘lsa, shuncha qattiq zarb bilan uriladi va gazning idish devoriga bosimi shuncha katta bo‘ladi. Ya’ni bosim molekulalarning tezliklariga bog‘liq.