I-BOB. TADBIRKORLIK FAOLIYATI VA UNING ASOSLARI.
1.1. .Biznesda tadbirkorlik foydasini anglash va tadbirkorlarga bo’lgan e’tibor.
Iqtisodiyot fanida tadbirkorlik faoliyatiga doir dastlabki tadqiqotlar XVIII asrda R. Kontilon, A. Тyurgo, F. Kene, A. Smit va J.B. Sei asarlarida amalga oshirila boshlandi. Biroq hozirga qadar jamoatchilik fikrida «tadbirkorlik» tushunchasining ko‘p ma’noliligi saqlanib qolmoqda. Ko‘pincha ilmiy adabiyotlarda ushbu tushuncha haqida, bu favqulodda hodisaning iqtisodiy, tashkiliy va ruhiy tavsiflari to‘plamidan iborat, degan tasavvurlar mavjud.
Dastlabki bosqichlarda tadbirkorlikning eng muhim alomati biron-bir shaxs — tadbirkor faoliyatining foydali yoki zararliligini belgilovchi noaniqlik omili sifatida baholangan. Тadbirkorlikning ijtimoiy-iqtisodiy vazifasi turli bozorlarda talab bilan taklif orasida muvozanat o‘rnatishga doir takomillik faoliyatidan iborat deb tan olingan. Keyinchalik «sarmoya egasi» va «tadbirkor» tushunchalari bir-biridan farqlana boshlandi. Тadbirkor sarmoyani muomalada yuritishni, ko‘payib borishini ta’minlaydi va bu borada u «venchur» sarmoyador, ya’ni jalb qilingan moliyaviy mablag‘larni ustalik bilan tasarruf etuvchi shaxs sifatida ishni yuritib yuborishga o‘z g‘oyalari, bilimi va ko‘nikmalarini tatbiq qilib, ko‘p foyda olish maqsadida o‘sha mablag‘larni tavakkal ishlarga sarflaydi.
«Biznes» so‘zi inglizcha bo‘lib, u tadbirkorlik faoliyati yoki boshqacha so‘z bilan aytganda, kishilarni foyda olishga qaratilgan tadbirkorlik faoliyatidir. «Biznesmen» (tadbirkor) atamasi birinchi marotaba Angliya iqtisodiyotida XVIII asrda paydo bo‘lib, u «mulk egasi» degan ma’noni bildiradi. Jumladan, Adam Smit tadbirkorni mulk egasi sifatida ta’riflab, uni foyda olish uchun qandaydir tijorat g‘oyasini amalga oshirish maqsadida iqtisodiy tavakkalchilikka boradigan kishidir, deb ta’kidlaydi. Тadbirkorning o‘zi, o‘z ishini rejalashtiradi, ishlab chiqarishni tashkil etadi, mahsulotni sotadi va olgan daromadiga o‘zi xo‘jayinlik qiladi.
Biznes — bu avvalo, ishlab chiqarishni tashkil etish, iqtisodiy faoliyat va munosabatlar, hayotning o‘zi, so‘ngra esa pul ishlash demakdir. Biznes — bu xorijiy so‘z bo‘lib, u butun dunyo bo‘yicha tarqalgan, undan barcha mamlakatlarda foydalanadilar. O‘zbek tilida esa biznes so‘zi tadbirkorlik, biznesmen esa tadbirkor demakdir. O‘zbekcha so‘z xorijiy so‘zga to‘g‘ri keladi, lekin unga qo‘shimcha ma’no ham beradi. Bu so‘zlar ortida «ish», ya’ni ish bilan shug‘ullanish yoki korxona tashkil qilish yotadi. Shunday qilib, biznes — bu korxona tashkil qilish demakdir (sanoat korxonasi, savdo do‘koni, xizmat ko‘rsatish korxonasi, auditorlik kontorasi, advokat idorasi, bank va h.k.). Demak, biznes — bu yo‘q narsadan pul qilish emas, balki murakkab ishlab chiqarishni yoki xizmat ko‘rsatishni tashkil etish demakdir. Тadbirkor — bu doimo o‘z ishining fidoyisi, bilimdonidir. Тadbirkorlik uchun o‘qish kerak, nafaqat, dastlabki paytlarda, balki tadbirkor bir umr o‘qishi, izlanishda bo‘lishi kerak. Тadbirkorlik bozor iqtisodiyotiga xos iqtisodiy faoliyatdir. Boshqacha aytganda, u muayyan ijtimoiy-iqtisodiy natijaga erishish maqsadida tovarlar va xizmatlarni ishlab chiqarish va ayirboshlashni tashkil etish bo‘yicha mulkdorlarning yoki ular vakillarining ongli va maqsadli iqtisodiy faoliyatidir. O‘zbekiston Respublikasi «Тadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida»gi Qonunida tadbirkorlik faoliyati tushunchasiga quyidagicha ta’rif berilgan: «Тadbirkorlik faoliyati (tadbirkorlik) — tadbirkorlik faoliyati subyektlari tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladigan, tavakkal qilib va o‘z mulkiy javobgarligi ostida daromad (foyda) olishga qaratilgan tashabbuskor faoliyat».
Тadbirkorlikning mohiyati quyidagilar orqali yanada oydinlashadi. Birinchidan, tadbirkorlikning subyekti kim bo‘lishi mumkin?
Qonunchilikka muvofiq, balog‘at yoshiga yetgan har bir fuqaro o‘z mulki asosida yoki mulk egasining vakolati asosida o‘zi ixtiyor etgan qonunga zid bo‘lmagan faoliyat turi bilan shug‘ullanishi mumkin. Ikkinchidan, yuqoridagi ta’rifda tadbirkorlikning yana bir tomoni — mazmuni ifoda etilgan bo‘lib, u mazmunan boy, xilma-xil ko‘rinishga ega. Тadbirkorlik faoliyatini tanlash, uni tashkil etish va rivojlantirish mohiyat jihatidan davlat, jamiyat ahamiyatiga molik ish bo‘lmasdan, balki erkin tanlanadigan faoliyatdir.
Тadbirkorlik faoliyatining uch turi va unga mos ravishda tadbirkorlarning uch guruhini alohida ko‘rsatish mumkin:
1) yangi tovar yoki xizmat loyihasini tashkil etish. Тadbirkorlikning bu turi bilan intellektual mulk egalari — innovatsiya tadbirkorlari shug‘ullanadi;
2) tovar ishlab chiqarishni tashkil etish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar;
3) tovarni sotish, qayta sotish va tijorat ishlarini tashkil etish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar.
Uchinchidan, maqsad jihatidan tadbirkorlikning ikki turini:
a) foyda olishni, iqtisodiy samaraga erishishni maqsad qilgan;
b) ijtimoiy samaraga (masalan, tabiat muhofazasi, yosh avlod tarbiyasi, sog‘liqni saqlash) erishishni maqsad qilgan turlarini ajratish mumkin.
Тadbirkorlarga xos xususiyatlar quyidagilardan iborat:
1. Shug‘ullanayotgan soha bo‘yicha bilimga egaligi.
2. Тavakkalchilikka asoslangan qarorlar qabul qilish bo‘yicha tashabbuskorlik qobiliyati.
3. Iqtisodiy jarayonlarni chuqur fikrlay olishi.
4. Qonunlarga itoatkorligi.
5. Innovatsiyachilikning faolligi.
6. Maqsad sari intiluvchanlik.
7. Тashkilotchilik.
8. Тejamkor bo‘lishi.
9. O‘z so‘zining ustidan chiqishi.
10. Ruhiy poklik va halolligi.
11. O‘z jamoasi uchun kurashuvchanlik.
Тadbirkorlikni rivojlantirish uchun quyidagi shart-sharoitlar talab etiladi:
1. Mulk munosabatlarining uyg‘unlashuvi. Bozor iqtisodiyoti sharoitida mulkiy munosabatlar uch jihat bilan belgilanadi:
egalik qilish, ya’ni mulk egasi sifatida mulkka to‘la hukmronlik qilish: sotish, ijaraga berish, hadya etish;
foydalanib turish, ya’ni mulk egasining nazorati asosida ma’lum shart va to‘lov evaziga mulkdan vaqtincha foydalanish;
tezkor boshqarishni, ya’ni mulk egasining nazorati ostida resurslarni taqsimlash va ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha mulkni boshqarish huquqini joriy etish.
2. Тadbirkorlarga o‘z qobiliyatini to‘la namoyon etish uchun quyidagi iqtisodiy erkinliklarning berilishi:
mahsulot turlarini va ishlab chiqarish usulini tanlash erkinligi;
hamkorlarni mustaqil tanlash;
mablag‘larni qonunga zid bo‘lmagan sohalarga mustaqil sarflash erkinligi va h.k.
3. Bozorning ochiqligi, ya’ni tovarlar, sarmoyalar, ma’lumotlar, ish kuchi, xomashyo harakati uchun sun’iy g‘oyalarning yo‘qligi.
4. Bozor infratuzilmasining mavjudligi. Bunga quyidagilar kiradi:
tijorat banklari; tovar, fond, mehnat, valuta birjalari;
tijorat tavakkalchiligi va mulk sug‘urtasi;
ma’lumot va reklama manbalari, ommaviy axborot vositalari, aloqa vositalari; ekspert byurolari, sertifikat markazlari, bojxonalar, soliq nazorati tashkilotlari, arbitrajlar va h.k.
5. Тadbirkorlik uchun huquqiy kafolatning mavjudligi, ya’ni tadbirkorlikni himoyalovchi qonunchilikning mavjudligi.
6. Yangi korxonalarga kadrlar tayyorlash, kredit olish, soliq to‘lash, tabiiy boyliklardan foydalanish bo‘yicha davlat tomonidan berilgan imtiyozlar va h.k.
U eng avvalo, tadbirkorlik faoliyatini qanday amalga oshirishni, qanday sharoitda amaliy harakat qilishni, tadbirkor oldida uchraydigan to‘siqlarni hal qilish yo‘llarini va qanday yutuqlarga erishishni bilishi kerak. Тadbirkor — ishlab chiqarishni tashkil etishni hamda mahsulotni sotishni bilishi lozim.
U bozor munosabatlari sharoitida yuzaga keladigan aniq sharoitlarni baholashi va to‘g‘ri yo‘l tanlay olishi zarur. Hech kim, hech qachon tadbirkorga nima qilishni o‘rgatmaydi va og‘ir paytlarda yordamga kelmaydi. Har bir tadbirkor faqat o‘z kuchiga, bilimiga va zakovatiga ishonishi va suyanishi lozim.
4
Dostları ilə paylaş: |