Imom al-Buxoriy
Hadis ilmining rivojida oltin davr hisoblangan hijriy uchinchi (milodiy toʻqqizinchi) asrda hadisshunoslikda katta muvaffaqiyatlar qoʻlga kiritilgan. Chunonchi, butun islom dunyosidagi eng nufuzli manbalar deb tan olingan oltita ishonchli hadislar toʻplamining (as-sihoh as-sitta) mualliflari yashab ijod qilganlar. Yana shunisi diqqatga sazovorki, mazkur olti muhaddisning deyarli hammasi Markaziy osiyolik boʻlib, ular: Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy, Imom Muslim ibn al-Hajjoj (206/819 – 261/874), Abu Iso Muhammad ibn Iso at-Termiziy (209/ 824 – 279/892), Imom Abu Dovud Sulaymon Sijistoniy (202/817 – 275/880), Imom Ahmad An-Nasoiy (215/830 – 303/915), Imom Abu Abdulloh Muhammad ibn Yazib ibn Mojja (209/824 – 273/886) kabi siymolardir. Shular ichidan “Hadis ilmida amir al-moʻminiyn” degan sharafli nomga sazovor boʻlgan Imom al-Buxoriy alohida eʼtiborga molik buyuk olimdir.Uning toʻliq ismi Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil ibn Ibrohim ibn al-Mugʻiyra ibn Bardazbeh al-Juafiy al-Buxoriy boʻlib, u hijriy hisobda 194 yil shavvol oyining 13-kuni (810 yil 20 iyul)da Buxoro shahrida tavallud topgan. Boshqa koʻpgina olimlardan farqli oʻlaroq al-Buxoriy tugʻilgan sana aniq koʻrsatilishiga sabab shuki, uning otasi Ismoil oʻz davrining ilmli odamlaridan boʻlib, oʻgʻlining tugʻilgan kunini oʻz qoʻli bilan yozib ketgan qogʻoz zamondosh olimlar ixtiyoriga yetgan va shu xususda ham uning aniqligiga hech shubha yoʻq. Al-Buxoriy yoshligidayoq otasi vafot etib, onasi tarbiyasida oʻsgan. U yoshligidan aql-idrokli, oʻtkir zehnli va maʼrifatga havasi kuchli boʻlib, turli ilm-fanlarni, ayniqsa, hadis ilmini zoʻr qiziqish bilan egallaydi. Manbalarda koʻrsatilishicha, u oʻn yoshidan boshlab oʻz yurtidagi turli rivoyatchilardan eshitgan hadislarni, shuningdek, Abdulloh ibn al-Muborak va Vakiy kabi olimlarning hadis toʻplamlarini mutolaa qilib, yodlagan, ustozi Shayx Dohiliy bilan hadis rivoyatchilari haqidagi qizgʻin bahslarda qatnashgan. 825 yili oʻn olti yashar al-Buxoriy onasi va akasi Ahmad bilan Hijozga qarab yoʻl tutadi, muqaddas shaharlar Makka va Madinani ziyorat qilib, olti yil Hijozda yashab, hadis ilmidan oʻz bilimini yanada oshirish maqsadida oʻsha paytda ilm-fanning yirik markazlaridan hisoblangan Damashq, Qohira, Basra, Kufa, Bagʻdod kabi shaharlarda yashab, u joylardagi mashhur olimlardan hadis bilan bir qatorda fiqh ilmidan ham taʼlim oladi, yirik olimlar davrasida ilmiy bahslaru munozaralarda qatnashadi va ilm toliblariga dars ham beradi. Imom al-Buxoriy hayotining koʻp qismi xorijiy ellarda, musofirchiliqda oʻtadi. Bu haqda uning oʻzi: “Misr, Shom, Mesopatamiyaga ikki martadan, Basraga toʻrt marta borganman. Hijozda olti yil yashaganman, Bagʻdod va Kufa shaharlariga necha marta borganim hisobini bilmayman”, degan ekan. U safar chogʻida ham, bir shaharda muqim turganda ham ilmini oshirish borasida tinimsiz ishlar, toʻplagan hadislarini oqqa koʻchirar edi. Muallifning yozishicha, Bagʻdodda istiqomat qilgan paytda koʻpincha oyning nurida ijod qilib, qorongʻi kechalarda sham yorugʻida kitob yozar ekan.Ilm oshirish maqsadida al-Buxoriy juda koʻplab olimlardan taʼlim oladi. Nishopurlik al-Hakimning (1015 yilda vafot etgan) yozishicha, ustozlarining soni toʻqsontalar atrofida boʻlib, ular: Muhammad ibn Yusuf al-Gʻaryobiy, Ubaydulla ibn Musa al-Abasiy, Abu Bakr Abdulla ibn az-Zubayr al-Hamiydiy ibn Rohaviyh nomi bilan mashhur boʻlgan Imom Isʼhoq ibn Ibrohim, Imom Ahmad ibn Hanbal, Ali ibn al-Madaniy va boshqalardir.
Oʻz navbatida al-Buxoriy ham koʻpgina shogirdlariga ustozlik qilgan. Isʼhoq ibn Muhammad ar-Ramodiy, Abdulloh ibn Muhammad al-Masnadiy, Muhammad ibn Xalaf ibn Qutayba, Ibrohim al-Harbiy, Abu Iso at-Termiziy, Muhammad ibn Nasr al-Marvaziy, Muslim ibn al-Hajjoj kabi yetuk olimlar uning shogirdlaridir.Termizlik mashhur muhaddis Abu Iso at-Termiziy al-Buxoriyga ham shogird, ham safdosh hisoblanib, ularning oʻzaro munosabatlari ibratli boʻlgan. Uzoq yillar Sharqning turli-tuman mamlakatlariga safar qilgandan keyin umrining oxirlarida al-Buxoriy besh (863 – 868) yil Nishopurda yashab, madrasada hadis ilmidan dars bergan. Oʻsha paytda Nishopur musulmon Sharqidagi eng yirik ilmiy markazlardan biriga aylanganligi sababli koʻp mashhur olimlar shu shaharda toʻplangan edilar. Al-Buxoriyning at-Termiziy bilan uchrashuvi ham Nishopurda yuz berib, diyorimizdan chiqqan ikki mashhur muhaddis oʻrtasida unutilmas, qizgʻin ilmiy bahslar, koʻpdan-koʻp ijodiy, doʻstona uchrashuvlar boʻlib oʻtadi. At-Termiziyning yozishicha, u oʻz asarlari uchun koʻp maʼlumotlarni al-Buxoriy bilan uchrashuvlaridan olgan. Shu bilan birga al-Buxoriy ham at-Termiziyning bilimini yuqori baholab: “Men sendan koʻrgan foyda sen mendan koʻrgan foydadan ortiqroq”, deb unga nisbatan chuqur hurmatini bildirgan. At-Termiziy oʻz ustozi va safdoshi al-Buxoriyni butun umri davomida hurmatlab, unga samimiy sadoqatda boʻlgan. Arab tarixchisi Shamsuddin az-Zahabiyning (1274 – 1374) “Tazkirat ul-Hufoz” (“Hofizlar haqida tazkira”) nomli asarida yozishicha, at-Termiziy oʻz ustozining vafoti tufayli qattiq qaygʻuga botib “koʻp yigʻlaganidan hatto koʻzlari koʻr boʻlib qolib, uzoq yillar koʻzi ojiz holda yashadi”.Imom al-Buxoriy nafaqat yirik olim, balki oʻzining goʻzal xulq-atvori, odamoxunligi, muruvvatliligi, himmatliligi va beqiyos saxovatliligi bilan boshqalardan tamomila ajralib turgan. U zehni oʻtkirligi va yodlash qobiliyatining kuchliligi bilan ham xalq orasida gʻoyat shuhrat qozongan. Manbalarda al-Buxoriyning 600 mingga yaqin hadisni yod bilgani qayd qilingan.
Imom al-Buxoriy xorijdan qaytgach, oʻz vatani Buxoroda koʻplab shogirdlar va ulamolarga hadis ilmidan saboq berish bilan mashgʻul boʻladi. Koʻpchilik uni hurmat qilgan, ammo baʼzi hasadgoʻy, qora niyatli kishilar al-Buxoriyni koʻrolmas edilar. Natijada hasadgoʻylarning xatti-harakati tufayli Buxoro amiri Xolid ibn Ahmad az-Zuhaliy bilan al-Buxoriyning aloqasi buzilib qoladi. Bunga sabab, amir olimdan huzuriga kelib “Al-jomeʼ as-sahih”, “At-taʼrix” kitoblarini oʻqib berishni talab qiladi. Lekin al-Buxoriy “Men ilmni xor qilib, uni hokimlar eshigi oldiga olib bormayman, kimga ilm kerak boʻlsa, oʻzi izlasin. Lekin Alloh oxirat kuni ilmni yashirmay uni toliblarga sarf qilgani uchun meni kechiradi”, degan javobni aytadi. Amirga javob yoqmay, fitnachi, boʻhtonkor shaxslarning gapiga kirib al-Buxoriyga shaharni tark etishni buyuradi. Shundan keyin al-Buxoriy Samarqandga qarab yoʻl oladi va birmuncha muddat Xartang qishlogʻida oʻz shogirdlari va qarindosh-urugʻlarinikida yashagandan keyin ogʻir kasalga chalinib, hijriy 256 yil (melodiy 870 yil 1 sentyabr) 60 yoshida vafot etadi va shu yerda dafn qilinadi.Imom al-Buxoriy avlodlarga boy va qimmatli ilmiy meros qoldirgan boʻlib, u yozgan asarlarning soni yigirmadan ortiqdir. Ulardan “Al-jomeʼ as-sahih”, “Al-adab al-mufrad”, “At-taʼrix as-sagʻir”, “At-taʼrix al-avsot”, “At-taʼrixal-kabir”, “Kitob al-ilal”, “Barr ul-volidayn”, “Asomi us-sahoba”, “Kitob al-kuna” va boshqalarni koʻrsatish mumkin. Buyuk allomaning eng muhim asari, shubhasiz, “Al-jomeʼ as-sahih”dir. Bu asar “Sahiyh al-Buxoriy” nomi bilan ham mashhur. Uning gʻoyat ahamiyatli tomoni shundaki, Imom al-Buxoriygacha oʻtgan muhaddislar oʻz toʻplamlariga eshitgan barcha hadislarini tanlab oʻtirmay qatorasiga kiritaverganlar. Imom al-Buxoriy esa turli roviylardan eshitgan hadislarni tabaqalarga boʻlib, ularning ishonchlilarini ajratib, alohida kitob yaratdi.
Alloma ibn Salohning taʼkidlashicha, al-Buxoriyning bu asariga kiritilgan ishonchli hadislarning soni takrorlanadiganlari bilan birga 7275 ta boʻlib, takrorlanmaidigan holda esa 4000 hadisdan iborat.Bu sharafli ishni birinchi al-Buxoriy boshlab bergan boʻlib, keyin qator olimlar unga taqlid qilib, shu zaylda hadislar toʻplamini yaratganlar. Imom al-Buxoriyning ushbu yirik asari yozilganiga taxminan 1200 yil boʻldi, oʻsha davrdan boshlab toki shu vaqtgacha u islom taʼlimotida Qurʼondan keyingi ikkinchi oʻrinda turadigan muhim manba sifatida yuqori baholanib kelinmoqda. Imom al-Buxoriyning ushbu asarining koʻplab nusxalari turli shaharlarda tarqalgan. Hatto oʻrta asrlarda yashagan baʼzi adib va xattotlar uchun bu asar nusxalarini koʻchirish tirikchilik manbai ham boʻlgan. Jumladan, taniqli adib va tarixchi an-Nuvayriy (1332 yilda vafot etgan) al-Buxoriyning ushbu asaridan sakkiz nusxa koʻchirib, har birini ming dirhamdan sotgan. 1325 yilda koʻchirilgan sakkiz jilddan iborat goʻzal bir nusxasi hozir Istanbulda saqlanmoqda. “Al-Jomeʼ as-sahih”ga koʻpdan-koʻp sharhlar bitilgan boʻlib, muhim manba sifatida u qayta-qayta nashr ham qilingan. Imom al-Buxoriy toʻplamlariga kiritilgan hadislar mehr-muhabbat, saxiylik, ochiq koʻngillik, ota-ona, ayollar va kattalarga hurmat, yetim-yesirlarga muruvvat, faqir bechoralarga himmat, vatanga muhabbat, mehnatsevarlik va halollikka daʼvat etish kabi haqiqiy insoniy fazilatlar va namunali tartibotlar majmuasidir. Unda nima yaxshi, nima yomon, nimani qilish kerak, nimadan oʻzni tiyish lozimligi haqida hozirgi jamiyatimiz ahli, ayniqsa, yosh avlod uchun katta tarbiyaviy ahamiyatga ega yoʻl-yoʻriqlar, pand-nasihat va oʻgitlar aks ettirilgan.1974 yilda Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston musulmonlari Diniy boshqarmasi tashabbusi bilan jumhuriyatimizda butun islom dunyosi vakillari ishtirokida allomaning 1200 yillik yubileyi nishonlangan edi. Uning shoh asarlari hisoblanmish “Al-Jomeʼ as-sahih” va “Al-adab al-mufrad” kitoblari Toshkentda qaytadan nashr qilinishi al-Buxoriy merosini oʻrganishda katta ahamiyatga ega boʻldi. Toshkentdagi diniy oliy maʼhadning Imom al-Buxoriy nomi bilan atalishi bundan oʻn ikki asr muqaddam ilm-fan yoʻlida beqiyos katta xizmat qilgan buyuk olimga chuqur hurmat-etiborning ramzidir. Allomaning Xartang qishlogʻida joylashgan salobatli maqbarasi eng obod va koʻrkam qadamjolardan biri sifatida ardoqlanib, islom ahli va barcha mehmonlar uchun tabarruk ziyoratgoh sifatida mashhurdir. 1998 yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti formoni bilan buyuk hadisshunos allomaning 1225 yillik tavallud kuni keng jamoatchilik tomonidan katta hurmat va ehtirom ila nishonlanib, uning maqbarasi qayta qurildi.
Dostları ilə paylaş: |