Ismoil Somoniy maqbarasi xususida ayrim mulohalar



Yüklə 19,41 Kb.
tarix12.09.2023
ölçüsü19,41 Kb.
#142856
Maqola LOTINCHA


Ismoil Somoniy maqbarasi xususida ayrim mulohalar
Buxoroning moddiy va maʼnaviy boy tarixi o‘tmishning barcha bosqichlarida muarrixlarni o‘ziga maftun qilib kelgan. Ayniqsa, o‘rta asrlarda Buxoro shahri va uning atrofida bunyod etilgan tarixiy betakror obidalar, ularning musulmon dunyosidagi o‘rni va roli beqiyos ekanligi isbot talab qilmaydi.
X-XII asrlarda Buxoro nafaqat Sharqda, qolaversa, butun dunyoda ilm va madaniyatning ulug‘ bir maskaniga aylangan. Buxoro “qubbatul islom”, yaʼni “islom dinining gumbazi” va buyuk ulamolar so‘zi bilan aytganda “quvvati dini islom” deb tan olinishi ham Buxoroning jahonda, bugungi Sharq mintaqasida musulmon dunyosining mo‘ʼtabar markazlaridan biri bo‘lishidan eʼtirofdir. Ayni ushbu asrlarda iqtisodiy taraqqiyot, ijtimoiy-siyosiy barqarorlik, somoniylar va qoraxoniylar davri hukmdorlarining olimu fuzalolarga homiylik qilishi, ular tomonidan yaratilgan ilmiy kashfiyotlarga hadya va sovg‘alar berilishi madaniyat rivojiga keng yo‘l ochgan. Nafaqat Buxoroda, qolaversa, musulmon dunyosining turli mamlakatlarida olimlik rutbasiga erishgan ilmli va ilmparvar kishilar Buxoro hukmdorlari himmatidan bahramand bo‘lishgan. Bugungi kunda o‘zining qurilish sanʼati va betakror jamoli bilan ming-minglab sayyohlarni o‘ziga jalb qilayotgan Buxoro hukmdorlari qarorgohi- Ark, Ismoil Somoniy maqbarasi, Minori Kalon kabilar yuqorida qayd qilingan asrlarning meʼmoriy gultojilaridir. Shuning uchun moddiy va maʼnaviy tariximiz haqida yurtdoshlarimizdan qaysi biri biror-bir kalom aytishga jazm qilar ekan, o‘z ona yurti tarixiy osori-atiqalari haqidagi fikrlarni marjon shodalaridek oq qog‘ozga tushirar ekan, mo‘ʼjizakor obidalar qurilish sanʼati, tarixi, musulmon va Sharq meʼmorchiligidagi mavqei haqida faxr va ehtiros bilan yozadi.
Jumladan, Buxoro Xalq Sovet Respublikasi yillari(1920-1924)da matbuot xodimlari safida faoliyat olib borgan, “birinchi muharrir” nomi bilan tarixga kirgan Mahmud Said Ahroriy ham “Ismoil Somoniyning sag‘anasi (X asr yodgorligi)” nomli salmoqli maqolani yozgan. Maqolada: “Ismoilning (hukmronlik yillari: 874-907) buyrug‘i bilan juda yaxshi ziynatlangan muhtasham, shohona bino soling‘ondur, tarixning guvohligiga ko‘ra, bu joy chiroyli bog‘lar, ko‘rkam hovuzlar, gulzor va fontanlar hamda doimo oqib turg‘on ariqlar bilan qurshalg‘on bo‘lib, juda jozibali koshona bo‘lg‘ondur”,- deb yozadi muallif.
Said Ahroriy Ismoil Somoniyning xo‘jalik va obodonchilik sohasidagi xayrli ishlarini birma-bir sanab chiqadi. Sunʼiy sug‘orish sohasiga alohida eʼtibor qaratilganligi, shahar obodonchiligi yo‘lida bog‘u rog‘lar barpo etilganligi, madrasalar, maschit va xonaqolar qurilganligi haqida g‘urur bilan yozadi. “Biroq, - deydi muallif, - ularning ko‘pchiliklari zamonlar o‘tishi bilan tarix qaʼrig‘a ketdi. Birdan-bir o‘sha davr yodgorligi Somoniy sag‘anasi hozirg‘acha yo‘qolmag‘an bir atiqadur. U qimmati nazar diqqatlarni jalb etg‘on, arab va fors meʼmorchilig‘ining qo‘shilishidan paydo bo‘lg‘on bir usul kabi ko‘rinsada, butunlay boshqacha bir ko‘rinish arz etadur”. Bu obida haqida yozar ekan, Said Ahroriy bunday meʼmorchilik sanʼati usuli betakror ekanligi, o‘ziga xosligi, bino oddiy bo‘lib ko‘rinsada, g‘ishtlari juda sanʼatkorona, to‘g‘ri, tekis va zalvorli terilganligi bilan ajralib turishiga eʼtiborni qaratadi. O‘rta asrlarda pishiq g‘ishtdan binolar barpo etish anʼanasi shakllanganligi, g‘ishtlarning devordan bir qadar chiqib turishi, bu esa soyali chiziqlar hosil qilishi barobarida tamoman o‘zgacha latif bir shakl berishini sinchkovlik bilan ilg‘ay olgan.
Maqola matni bilan tanishar ekanmiz, S.Ahroriy Somoniy maqbarasining qurilish usulini undan ikki asr keyin qurilgan Minorai Kalon bilan qiyosiy tahlil qiladi. “Ismoilning sag‘anasig‘a qarag‘anda minorning g‘ishtlari devoridan tashqarig‘a juda oz chiqqondur. Ismoilning sag‘anasida esa bu g‘ishtlar juda ko‘p ilgari chiqib, bundan hosil bo‘lg‘on soyali chiziqlar binog‘a tamoman boshqacha bir shakl beradur”, -deb yozadi muallif. Bu o‘rinda taʼkidlash joizki, minora “inqilob davri”da ko‘p shikast ko‘rgan. Shuning uchun Said Ahroriy Somoniylar maqbarasi Minori Kalonga nisbatan yaxshiroq saqlanganligiga alohida urg‘u beradi.
Somoniylar maqbarasi tarixning nodir meʼmoriy obidasi ekan, uning ko‘rinishini saqlash, ko‘zga yaqqol tashlanib turishiga erishish uchun obidaning latofatini yanada jozibali qilib ko‘rsatishga xizmat qiladigan tavsiyalarni ham maqola matnidan o‘rin olganligi uning ilmiy qimmatini oshirgan. S.Ahroriy shaxsiy tavsiyalariga ko‘ra, keyingi asrlarda maqbara oldida bunyod etilgan uy (bino)lardan biri tarixiy obidaning to‘laligicha ko‘zga tashlanishiga to‘siq bo‘lib qolganligi, o‘sha imoratni ehtiyotkorlik bilan olish kerakligi qayd etiladi. “Shunda,- deb yozadi Said Ahroriy, - Ismoil sag‘anasining ko‘rar ko‘zdan yashiring‘on tarafi ochilib, butun nafosatini arz eta oladur”. Ikkinchidan, asrlar davomida sag‘ana qanchalik mustahkam qurilgan bo‘lmasin, uning shikasta bo‘lgan, sal nuragan joylarini taʼmir etish hamda zax qumlardan tozalash zarur deb taʼkidlaydi. Matbuotga maqola bilan chiqish orqali muallif buxoroliklarni umumxalq xashariga chorlaydi.
“Yana bir vazifa – binoni ozoda tutib qubbasining ustidagi laylak uyasi tezdan ko‘tarilgan taqdirda osori-atiqamizga hurmat etilg‘on bo‘lur edi”, –degan fikrlar bilan maqolaga so‘nggi nuqta qo‘yiladi.
Bundan bir asr muqaddam yozilgan S.Ahroriyning maqolasi Somoniylar maqbarasining o‘sha davrdagi holati va ko‘rinishi haqida maʼlumot berishi bilan qimmatli manbadir. Maqola matnining chuqur tahlili shuni ko‘rsatadiki, u 3 qismdan iborat.
Maqolaning birinchi qismida muallif I.Somoniy yashagan tarixiy davr, hukmdorning moddiy va maʼnaviy madaniyat rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasi, bunyodkorlik faoliyati haqida fikr bildiradi.
Ikkinchi qismida esa maqbaraning Buxoro tarixiy obidalari orasidagi beqiyos o‘rni, qurilish uslubi va sanʼati, bundan yuz yillar oldingi ahvoli haqida fikr va mushohada yuritiladi.
Nihoyat, maqola so‘nggi qismida Somoniylar maqbarasini asrab-avaylash, butunligi va jozibadorligini saqlash haqida aniq tavsiyalar beriladi.
Afsuski, BXSR yillarida Buxorodagi Somoniylar maqbarasi singari tarixiy obidalarni taʼmirlashdek qutlug‘ ishlar to‘laligicha bajarilmadi. Keyinchalik, 1925 yilda maqbaraning gumbazi taʼmirlangan. V.Vyatkin boshchiligida arxeologik tekshiruvlar olib borilgan. 1937-1939 yillarda B.Zasipkin va Usta Shirin Murodov boshchiligida taʼmirlash ishlari olib borilgan.
Hozirda Somoniylar maqbarasi shahar madaniyat va istirohat bog‘i hududida joylashgan bo‘lib, xorijiy va mahalliy mehmonlar uchun ziyoratgoh hisoblanadi.
Istiqlol tufayli moddiy va maʼnaviy boyliklarimiz xalqimizga qaytarildi. Tarixiy obidalarga qadriyatlarimizning muhim bir bo‘g‘ini sifatida qaralib, Buxorodagi Ismoil Somoniy maqbarasi va Minorai Kalon Butunjahon nodir obidalari ro‘yxatiga kiritilganligi S.Ahroriy singari ajdodlarimizning orzu-umidlari amaliyot ko‘zini ochganligi bilan bir asrlik tarixiy dovon orqali bizni bog‘lab turibdi.

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati


1.Abdusattor Jumanazar. Buxoro taʼlim tizimi tarixi. –Toshkent. “Akademnashr”, 2017. -592 b .
2.Buxoro: tarix sahifalari. Maqolalar to‘plami. –Buxoro: Buxoro, 1999. – 184 b.
3.Sayyid Mansur Olimiy. Buxoro-Turkiston beshigi. /Fors tilidan tarjima, tarjimon nomidan so‘zboshi va ayrim izohlar muallifi To‘rayev H.. Buxoro, 2004
4.Said Ahroriy. Ismoil Somoniyning sag‘anasi (X asr yodgorligi) // “Ozod Buxoro”. 146-son. 1924 yil 27 sentyabr.
5.Rahmonov K. Buxoro Xalq Sovet Respublikasi tarixi matbuot sahifalarida (1920-1924 yillar). - T.: “ABU MATBUOT-KONSALT”, 2012. – 176 bet.
6. O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi. 4-jild. –Toshkent, 2002. -B. 248
7.Hayitov Sh. Birinchi muharrir // Buxoronoma. 2003 yil 10 sentyabr

Buxoro davlat universiteti Fizika-matematika fakulteti tyutori-Maxmud Hasanov.
Yüklə 19,41 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin