Mol-mulkning soliqqa tortiladigan qiymati sifatida 2017- yilgacha inventarizatsiya (hisobga olish) qiymati olinar edi va bu qiymatda bozor narxlarining o‘zgarishi aks etmas edi.
2021- yili mamlakatimizda jismoniy shaxslardan undiriladigan mol-mulk solig‘i stavkasi (agar mol-mulkning umumiy maydoni 200 m2 dan oshmasa) mol-mulkning hisoblangan kadastr qiymatiga nisbatan 0,2 % miqdorida belgilangan.
Umumiy maydoni 200 m2 dan 500 m2 gacha bo‘lgan va shaharlarda joylashgan uy-joylar, xonadonlar - 0,25%, umumiy maydoni 500 kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan va shaharlarda joylashgan uy-joylar, xonadonlar - 0,35%, umumiy maydoni 200 m2 dan ortiq bo‘lgan va shahardan boshqa aholi punktlarida joylashgan mol-mulklar 0,25% stavkada soliqqa tortiladi.
Mol-mulk solig‘ini hisoblash uchun kadastr qiymatining eng kichik summasi 42 mln so‘m dеb bеlgilangan. Ya’ni mol-mulkning kadastr qiymati 42 mln so‘mdan kam qilib ko‘rsatilishi mumkin emas.
Jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq davlat soliq idoralari tomonidan hisoblanadi. Imorat, bino va inshootlardan to‘lanadigan soliqlarning miqdori ularning har yil 1-yanvardagi qiymatiga asosan belgilanadi.
Imorat, binolar va inshootlarning egasi bir nechta bo‘lsa, ulardan undiriladigan soliq miqdori har bir odamning ulushiga qarab belgilanadi.
Yangi qurilgan yoki sotib olingan binolarga soliq kelgusi yil boshidan boshlab hisoblanadi.
Mol-mulk yo‘q qilingan, butunlay vayron bo‘lgan hollarda mol-mulk solig‘ini to‘lash ular yo‘q qilingan yoki butunlay vayron bo‘lgan oydan boshlab to‘xtatiladi Meros bo‘lib qolgan mulkdan mol-mulk solig‘i meros olingan paytdan boshlab to‘lanadi.
Agar mulkning egasi almashsa, uning oldingi egasi joriy yilning 1- yanvaridan boshlab egalik huquqi yo‘qolgan paytgacha (oygacha) soliqni to‘laydi.
Mulkning yangi egasi esa egalik huquqini olgan oydan boshlab to‘laydi.
Agar mulk egasi soliq to‘lashda ayrim imtiyozlarga ega bo‘lish huquqini qo‘lga kiritsa, mol-mulk solig‘i o‘sha huquq vujudga kelgan oydan boshlab qayta hisoblanadi.
Mol-mulk solig‘ini to‘lash haqida to‘lov xabarnomalari davlat soliq idoralari tomonidan to‘lovchilarga har yili 1-maydan kechiktirmay topshiriladi.
Yuridik shaxsga tegishli bo‘lgan quyidagi mol-mulklar molmulk solig‘iga tortiladi:
• asosiy vositalar, shu jumladan, moliyaviy ijara (lizing) shartnomasi bo‘yicha olingan asosiy vositalar (masalan, intellektual mulk);
• belgilangan muddatlarda o‘rnatilmagan uskunalar.
Mol-mulk solig‘i korxona mol-mulkining o‘rtacha yillik qoldiq qiymatidan olinadi.
O‘rtacha yillik qoldiq qiymat har oyning oxirgi sanasiga soliq solinadigan obyektlarning qoldiq qiymatlarining yig‘indisini 12 ga (12 oyga) bo‘lish yo‘li bilan aniqlanadi
2019- yilda yuridik shaxslar mol-mulk solig‘ining stavkasi soliq solish bazasiga nisbatan 2% miqdorida belgilangan. Ushbu soliq stavkasi korxona mulkining qayta baholangan qoldiq qiymatidan undiriladi.
Ayrim toifadagi jismoniy shaxslar (urush nogironlari, qatnashchilari, ko‘p bolali ayollar, pensionerlar va boshqalar) uchun mol-mulk solig‘i bo‘yicha imtiyozni qo‘llash maqsadida soliq solinmaydigan maydon miqyosi 2019- yilgacha 60 kvadrat metrni tashkil qilar edi.
Yangi soliq qonunchiligiga binoan bu o‘lcham o‘zgarmay qoldi. Agarda jismoniy shaxs tomonidan o‘ziga tegishli mol-mulk tadbirkorlarga ijaraga berilsa, yoki undan mulkdorning o‘zi tadbirkorlik maqsadlarida foydalansa, oldingi yillarda bu mol-mulkka nisbatan imtiyozlar qo‘llanilmas edi.
2019- yildan boshlab bu qoida bekor qilindi. Ya’ni, bunday mol-mulkka nisbatan ham imtiyozlar saqlab qolinadigan bo‘ldi.
Mol-mulk solig‘i bo‘yicha imtiyozlar Soliq kodeksining 275- moddasida batafsil keltirilgan. Mol-mulk solig‘iga tortilishi zarur bo‘lgan mol-mulk egasi bo‘lgan yuridik shaxs mol-mulk solig‘i subyekti hisoblanadi.
Yuridik shaxslarning mol-mulki solig‘iga tortiladigan mol-mulklari esa mol-mulk solig‘i obyekti bo‘ladi. Har qanday jismoniy shaxsning ma’lum miqdorda mol-mulki bo‘ladi.
Qonunga ko‘ra, mol-mulkidan soliq to‘lovchi shaxs mol-mulk solig‘i to‘lovchisi (subyekti) hisoblanadi. Jismoniy shaxslardan olinadigan soliq to‘lovchilari quyidagi shaxslardir:
mulkida soliqqa tortilishi joiz bo‘lgan mol-mulk egalari bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari;
O‘zbekiston hududida soliqqa tortilishi joiz bo‘lgan mol-mulk egalari bo‘lgan chet el fuqarolari. Bunda ayrim hollarda xalqaro shartnomalarga binoan boshqacha tartib amal qilish mumkin;
yuridik shaxs tashkil etgan va tashkil etmagan holda tuzilgan dehqon xo‘jaliklari. Jismoniy shaxsning mol-mulki esa soliq solish obyekti bo‘ladi.