Kirish Odatda inflyatsiyani ikki xilga talab inflyatsiyasi va taklif inflyatsiyasiga ajratiladi. Talab inflyatsiyasi - bu iqtisodiyotda talab keskin oshib ketishi va uni ishlab chiqarishning real hajmi bilan qondirish mumkin bo’lmay qolgan sharoitlarda kelib chiqadi. Ya’ni, to’liq bandlilikka yaqin sharoitda iqtisodiyotning ishlab chiqarish imkoniyatlari o’sib borayotgan yalpi talabni qondirolmaydi. Ortiqcha talab esa real tovarlar narxining ko’payishiga iqtisodiy bosim beradi va talab inflyatsiyasi kelib chiqadi. Yoki, oddiy so’zlar bilan aytganda, «xaddan ziyod pullar haddan kam tovarlarni ovlaydi». Talab inflyatsiyasini keltirib chiqaruvchi asosiy sabablar aholining ish bilan to’liq bandligi va ish haqining oshib borishi hisoblanadi. Demak, inflyatsiya talab, taklif, ish bilan bandlik, narx, ishlab chiqarish sur’atlari kabi ko’pgina omillarga bog’liq.
Iqtisod pasayish holatida bo’lganda mamlakatda jami talab oshsa, ishlab chiqarish hajmi ko’payadi, ishsizlik kamayadi, narx darajasi esa deyarli o’zgarmaydi yoki kam miqdorda o’zgaradi. Narx o’zgarmasligining sababi shundaki katta hajmdagi bo’sh turgan mehnat va xom ashyo resurlarini shu o’zgarmas narxda ishga tushirish mumkin bo’ladi. Chunki, ishsiz yurgan kishi ish haqini oshirishni talab qilmaydi, uning uchun ishga yollanishning o’zi kifoya hamda qo’shimcha stanok sotib olishga hojat yo’q.
Bundan tashqari, narx ishchi kuchini to’la ish bilan bandligiga erishishdan oldin ham oshishi mumkin. Ya’ni, ba’zi sanoat korxonalarida bo’sh turgan resurs va zahiralarni ishlab chiqarishga ertaroq to’liq jalb qilinadi, natijada ular talabning o’sishiga mos ishlab chiqarishga, taklifga erisha olmaydi. Talab, taklifdan ko’payib ketadi, natijada narx yana osha boshlaydi.
Talab inflyatsiyasini cheklash uchun esa maxsus chora-tadbirlar ko’rish zarur bo’ladi. Inflyatsiya darajasi yuqori bo’lgan mamlakatlarda ishlab chiqarishning haqiqiy hajmi qisqarishi bilan bir vaqtda nominal hajmining ortib borishi kabi vaziyat sodir bo’ladi. Daromadlarni ishlab chiqarish tomonidan ta’minlanmagan o’sishi aholi qo’lidagi pulning taklif qilinayotgan tovar va xizmatlardan oshiqchaligiga olib keladi. Bunday hol pul birligining xarid quvvatini pasaytiradi, bir miqdordagi pulga joriy yilda o’tgan yildagiga nisbatan aholi kamroq mahsulot sotib oladi, ya’ni, uning real daromadi kamayadi. Misol uchun, joriy yilda aholining nominal daromadlari 30% ga ko’paygan, narxlar darajasi 50% ga oshgan bo’lsa, unda aholining real daromadlari 20% ga kamaygan bo’ladi. Chunki, narxlarning o’sishi aholi pul daromadlarining o’sishidan yuqori bo’lgan (30% - 50%= 20%).