Kitobxonlik madaniyati. Olimlar, ziyolilar, mamlakat va millat kelajagi uchun chuqur qayg‘urganlarni yaqin-yaqingacha bir narsa qiynab kelardi: nega yoshlarimiz, umuman, fuqarolarimiz o‘rtasida kitobxonlik madaniyati pasayib ketdi, nima uchun yerdan ko‘kka ko‘taradigan, bizni barkamollik sari yetaklaydigan, insonlar qalbiga yorug‘lik va iliqlik kiritadigan, oq bilan qora, yaxshilik bilan yomonlik, vayronkorlik bilan bunyodkorlikning farqini ongli ravishda anglatishga yordam beradigan, insoniyat tomonidan yaratilgan eng noyob kashfiyot – kitobning qadri tushib ketmoqda? Ne sababdan ayrimlar kitob o‘qiganlarni zamondan orqada qolayotganlar qatoriga qo‘shib qo‘ymoqda? Darhaqiqat, bu savollar barchamizni qiynar edi. Men shu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning 2016 yil 19 oktabrda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati-O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining VIII s'yezdidagi saylovoldi ma'ruzasida bildirilgan ayrim fikrlari xususida to‘htalmoqchi edim. Ma'ruzada bugungi kunda axborot – kommunikatsiya texnologiyalari, Internet tizimini keng rivojlantirmasdan turib, mamlakatimizni modernizatsiya qilish va yangilash, barqaror taraqqiyotga erishish haqida so‘z yuritish mumkin emasligiga e'tibor berilgan.
“Ayni paytda, - deydi Shavkat Miromonovich, - axborot-kommunikatsiya sohasidagi oxirgi yutuqlarni o‘zlashtirish bilan birga, yoshlarning kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishini oshirishga, ularni kitob bilan do‘st bo‘lishga, aholining kitobxonlik saviyasini yanada oshirishga alohida e'tibor qaratish lozim bo‘ladi. Buning uchun, avvalo, milliy adabiyotimiz va jahon adabiyotining eng sara namunalarini ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirish va ularni keng targ‘ib qilishga alohida e'tibor berishimiz muhim ahamiyat kasb etadi”. (“XXI asr”, 2016, 20 oktabr)
Gapning ochig‘ini aytadigan bo‘lsak, ushbu fikrlar mamlakatimizdagi barcha ziyolilar, millat kelajagi, uning ma'naviy barkamolligi uchun tashvishda bo‘lganlarning yurak-yuragidagi gap bo‘ldi. Kitob barchamizga charog‘on yo‘lni ko‘rsatishini, ma'naviy olamimizni shakllantirishini, kelajakdagi yagona yagona to‘g‘ri yo‘lni tanlashga yordam berishini bilsakda, uni o‘qimasak, kitobning insoniyat tomonidan yaratilgan eng buyuk kashfiyot ekanligini tushunsakda, ammo uni “kult” darajasiga ko‘tarmasak-bu holda bizning kitob to‘g‘risidagi tasavvurlarimiz xato bo‘lmaydimi?
Ana shu fikrlar bilan oshno bo‘lib turganimizda, kechagina muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovichning “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida” (2017 yil 12 yanvar)gi farmoyishi e'lon qilindi. Mazkur farmoyish kitob, kitobxonlik madaniyatining jamiyat ma'naviy hayotidagi o‘rni va rolini yana bir yangi bosqichga ko‘targanligi bilan izohlanadi. Ta'kidlanishicha, bugungi kunda matbuot, noshirlik va axborot sohasida tegishli huquqiy asos yaratilgan bo‘lib, 10 dan ortiq qonun va 30 dan ortiq qonunosti hujjatlari qabul qilingan. 1677 ta matbaa korxonalari, 118 ta nashriyot davlat ro‘yxatiga olingan. Zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, 14 ta hududiy birlik axborot-kutubxona markazi, tuman va shahar markazlaridagi ta'lim mussasalarida 200 ga yaqin axborot-resurs markazlari tomonidan aholiga axborot-kutubxona xizmatlari hamda “Kitob olami”, “Sharq ziyokori” va “O‘zdavkitobsavdota'minot” majmualari tomonidan kitob savdosi xizmati ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan.
Farmoyishning ibratli jihati shundan iboratki, unda kitob mahsulotlari nashr etish, tarqatish, kitob mutolaasi, kitobxonlik madaniyatining bugungi kundagi holati, mavjud kamchilik, xatolar ro‘y-rost ochib berilgan. Ayniqsa, badiiy, ma'rifiy, ilmiy-ommabop, tarbiyaviy, yoshlarning intellektual salohiyatini oshirishga qaratilgan adabiyotlarni chop etish, ular bilan ta'lim muassasalarini ta'minlash, milliy va jahon adabiyoti namoyandalarining yetuk asarlarini saralash, tarjima qilish ishlari puxta o‘ylangan tizim asosida tashkil etilmagani, ta'lim va madaniyat muassasalari uchun kitob xarid qilishga mablag‘lar yetarli darajada mavjud bo‘lgan manbalar hisobidan jalb etilmayotgani, kitob sotishga ixtisoslashgan korxonalar tomonidan ta'lim muassasalari, kutubxonalar va mahallalarda yangi kitoblar taqdimotlarini o‘tkazish, mutolaa madaniyatini oshirish, shu jumladan, ommaviy-axborot vositalari orqali targ‘ibot-tashviqot qilishga qaratilgan tadbirlar yuksak talablar darajasida emasligiga alohida e'tibor berilgan.