Ma’ruza. Kirish. Hayotiy jarayonlar. O’sish va rivojlanish qonuniyatlari.
Reja:
Yosh fiziologiyasi va gigiyena faninining predmeti, boshqa fanlar bilan aloqasi va ahamiyati, rivojlanish tarixi.
Hujayra va to`qimalarnining tuzilishi.
Organizm va muhit.
Bola o`sishi va rivojlanishining qonuniyatlari.
Jismoniy rivojlanish ko`rsatkichlari.
Akseleratsiya va retardasiya.
Bola rivojlanishining davrlari.
Tayanch tushunchalar: Gigiyena, sanitariya, akseleratsiya, retardatsiya, kritik va sensitiv davrlar.
Yosh fiziologiyasi va gigiyena faninining predmeti, boshqa fanlar bilan aloqasi va ahamyati, rivojlanish tarixi. Yosh fiziologiyasi va gigiyena fani biologiyaning mustaqil bir tarmog`i hisoblanib, ikkita alohida fanning birikmasidir. Bu fanlar o`zaro bir-birini to`ldiradi va yosh avlodni tarbiyalashda katta ahamiyatga ega. Shuning uchun ham Yosh fiziologiyasi va gigiyena fani 1970 yildan boshlab pedagogika oliy o`quv yurtlarining o`quv rejasiga kiritildi.
Yosh fiziologiyasi fiziologiya fanining bir qismi hisoblangan odam fiziologiyasida yangi ma'lumotlarning to`planishi natijasida mustaqil fan bo`lib ajralib chiqdi.
Yosh fiziologiyasi fani turli yoshdagi bolalar va o`smirlarning organizmlarida kechadigan o`sish va rivojlanish jarayonlarini, organlari, to`qimalari va tizimlarining o`ziga xos yosh xususiyatlarini o`rganadi.
Yosh fiziologiyasi o`rganadigan asosiy ob'ekt bolalardir.
Yosh fiziologiyasi biologiya fanlari qatoriga kiradi, biologik fanlarga asosan sitologiya, gistologiya, odam anatomiyasi, odam fiziologiyasi, gigiyena, sanitariya, iqlimshunoslik kabi fanlar bilan aloqada.
Maqsadi- yosh avlodning jismoniy va aqliy jihatdan uyg`un rivojlanishi, sog`lom hayot kechirish asoslarini aniqlashdan iborat.
Vazifasi - o`sish va rivojlanish qonuniyatlarini ochib berish, bir butun organizm, uning tizimlari, organlari, to`qimalari va hujayralarini ishlash xususiyatlarini turli yoshga aloqador davrlarda aniqlash.
Yosh fiziologiyasi o`sib rivojlanib kelayotgan organizmning yoshiga oid morfologik xususiyatlari, nerv sistemasi, yurak-qon tomir, tayanch harakatlanish fiziologiyasi va rivojlangan organizmning xususiyatlari, kasalliklarning oldini olish, sog`likni saqlash kabi fiziologik jarayonlarni tushunib olishga yordam beradi.
Shuningdek, yosh fiziologiyasi va gigiyena fani o`sib kelayotgan organizmdagi turli bosqichlarga xos bo`lgan funksional va psixologik xususiyatlarga etibor beradi. Shu asosida tashqi muhitning turli omillariga bo`lgan gigiyenik talab va normativlarini hamda bolalar va o`smirlarning normal funksional rivojlanish imkoniyatlarini yanada takomillashtirish tadbirlarini yo`lga qo`yishda muhim ahamiyatga ega.