a) ta’limiy: Mirkarim Osim hayoti va ijodi bilan tanishtirish
b) tarbiyaviy milliy va mumtoz adabiyotimizga milliy iftihor, qadriyat sifatida e’tirof etish va uni hurmat qilishga o’rgatish.
c) rivojlantiruvchi: O’quvchilarni tafakkur va idrokini kengaytirish, ularni mustaqil fikrlashga o’rgatish.
Dars turi: Yangi bilim beruvchi
Dars metodi: suhbat, “Venn”diagrammasi
Dars jihozi: Darslik, kompyuter, tarqatma materiallar, ko’rgazmali qurollar...
Darsning borishi:
1.Tashkiliy qism.(5 daqiqa)
a) salomlashish
b) navbatchilik hisoboti, sinf tozaligi va davomatni nazorat qilish
c) kirish suhbati, o’quvchilarning og’zaki nutqini o’stirish
2. O’tgan mavzuni so’rash.(10 daqiqa)
a) individual - tarqatma materiallar, kartochka.
b) Frontal (guruh bilan ishlash)
3. Yangi mavzu: (15 daqiqa) O’zbek sho’ro adabiyotining to’ng’ich avlodiga mansub Mirkarim Osim 1907-yilda Toshkentda, ziyoli oilasida dunyoga kelgan. 1918-yildan «Shamsul urfon» nomli boshlang’ich maktabda o’qidi. 1921-yildan Alisher Navoiy nomidagi respublika bilim yurtida tahsil ko’rdi. Do’stlari Oybek va Homil Yoqubovlar bilan bu texnikumda adabiyot, san’at sirlarini o’rgandi. 1926-yilda esa Moskva davlat pedagogika institutining tarix-iqtisod fakultetida o’qib, uni 1930-yilda tugalladi. Samarqandda o’qituvchilar tayyorlash kursida, 1932-yilda O’zbekiston Maorif Xalq komissarligi, Pedagogika ilmiy-tadqiqot ilmgohida ishladi.
Boshda she’rlar yozdi. Tarix fanidan qo’llanma, tavsiya darsliklar yaratdi. 1940-yilda Ulug’ Alisher Navoiy hayoti va ijodi haqida «Astrobod», «Alisher Navoiy va Darvishali», «Badarg’a», «Navoiyning xislatlari», «Ulug’bek va Navoiy» singari hikoya va tarixiy qissalar yoza boshladi. Adib bir umr tarixiy qissalar yozish bilan mashg’ul bo’lib, yangi-yangi avlodlarni o’tmish va uning ilg’or shaxslariga nisbatan muhabbat ruhida tarbiyaladi. Vatanparvarlik, insonparvarlik g’oyalarini ulug’ladi.
Tarixchi adibning asarlarini davriy jihatdan uch guruhga ajratish mumkin:
1. Tariximizning qadimgi davrlari haqida hikoyalar (Eron shohlari, Aleksandr Makedonskiy, Arab xalifaligi bosqini).
2. O’rta asrlar tarixidan hikoya qiluvchi asarlar (Mo’g’ullar istilosi va fan, madaniyat arboblari haqida tarjimayi hol, qissa va hikoyalari).
3. XVIII asrdan to oktabr to’ntarishiga qadar bo’lgan davr tarixiy hayoti haqidagi asarlar.
Ayni paytda Mirkarim Osim asarlarini uch katta mavzu yo’nalishi bo’yicha tahlil qilish, baholash mumkin:
1. Tarixiy qahramonlik mavzusidagi asarlar.
2. Tarixiy-maishiy mavzu.
3. Tarixiy tarjimai hol asarlari.
Qahramonlik mavzusiga ijodkorning «O’tror», «To’maris», «Temur Malik», «Aleksandr va Spitamen» kabi asarlarini kiritish mumkin.
Maishiy mavzudagilarga «Mohlaroyim va Xonposhsha», «Karvon qo’ng’irog’i», «Elchilar» kabi asarlar kiradi.
Tarjimai hol tarixiy asarlarining namunalari qilib tarixchi adibning «Zulmat ichra nur» (Navoiy), «Jayhun ustida bulutlar» (Beruniy), «Ibn Sino qissasi», «Al jabrning tug’ilishi» (Al-Xorazmiy), «Singan setor» (Mashrab) kabi qissalarini ko’rsatish mumkin.
Mirkarim Osim 1950-yillar Stalin qatag’onining begunoh ma’naviy qurbonlaridan biridir. Uning vatanparvarlik, millatparvarlik, o’tmish tarixiga muhabbat ruhidagi asarlari o’z muallifiga qaro kunlar olib keldi. Adib ko’p yillar sho’ro rejimining azoblarini chekdi.
1960-yillarda vatanga qaytgan san’atkor tarixiy asarlar yozishda, tarjimai hol ishi bilan shug’ullanishda davom etadi. Adabiy nashriyotlarda kichik adabiy xodim vazifalarida ishladi.
Mirkarim Osim tarixchi adiblar orasida asl manbani buzmay, qayta badiiy jonlantirishi bilan ajralib turadi. Uning asarlari 70-80-90-yillar tarixchi adiblar uchun asosiy manba vazifasini o’tadi.
Mirkarim Osim keyingi avlod yozuvchilari uchun ko’prik vazifasini o’tagan ijodkorlardandir. Bugungi kunning mashhur va tanilib kelayotgan tarixchi adiblari Mirkarim Osimni o’zlarining ustozlari deb biladilar.
Tarixchi adib 70 yilligi munosabati bilan unga «O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan madaniyat xodimi» unvoni berilgan. U 1984-yilda vafot etdi. (Sobir Mirvaliyevning «O’zbek adiblari» kitobidan) Xalqimiz «Bo’lar bola boshidan» deganidek, Alisherning nihoyatda o’tkir zehnli bo’lgani, o’qish va yozishni juda erta o’rganib olgani, eng muhimi - bolaligidan she’riyatga, adabiyotga g’oyat qiziqqani haqida tarixiy asarlar guvohlik beradi. «Zulmat ichra nur» qissasida biz Alisherni to’rt yoshligidanoq yaqindan tanib boramiz.
U ayrim tengdoshlariga o’xshab, vaqtini faqat ko’cha changitib o’ynashga sarflamaydi. Mahalladosh do’stlari bilan me’yorida o’ynab kirgach, otasi о’qiydigan kitoblarning suratlarini tomosha qilishga, bu suratlarda aks ettirilgan voqealar, odamlar tabiatini tushunib olishga harakat qiladi. Garchi Alisher ko’rib o’tirgan katta kitob «ikki qo’y bahosiga sotib olingan» bo’lsa-da, otasi G’iyosiddin Kichkina o’g’lining bu fe’lidan xursand. U bolasining kitob suratlari to’g’risidagi gaplariga ham, kitobni yirtmay, avaylab ko’rishi haqidagi bolalarcha samimiy va’dalariga ham e’tiborsiz emas.
Guvohi bo’lganingizdek, yosh Alisher voyaga yetgan muhit chinakam ziyolilar olim-u ijodkorlar muhitidir. Uning ikki tog’asi ham yaxshigina g’azal yozadigan shoirlar. Biri «Kobuliy», boshqasi «G’aribiy» taxallusi bilan ijod qilishadi. Alisherlar uyida Hirotning yetuk ziyolilari tez-tez yig’ilishib, qizg’in bahs-mvmozaralar o’tkazib turishlari odat tusiga kirgan. Bu yig’inlar, albattaki, she’riyat bazmiga g’azalxonliklarga ulanib ketardi. Bunday paytlar «chordana qurib o’tirgan dadasining tizzasiga tirsagini qo’yib» kattalar suhbatiga quloq solgan bola Alisher, hamma gaplarga tushunmasa-da, o’qiladigan «g’azallarning ohangi, musiqiysidan zavqlanardi». Shu tariqa bo’lg’usi shoirning so’z boyligi kengayar, she’rlardagi o’xshatishlar, badiiy uslublar uning xotirasiga xuddi naqshdek muhrlanib qolardi.
Endi asardagi muhim o’rinlarning ayrimlariga e’tibor qarataylik. Bilib olganingizdek, Xuroson taxtining bo’lg’usi egasi Husayn Boyqaro Alisher dan ikki yosh katta. Agar Alisher kitob o’qishga, she’rlar yodlashga ko’proq qiziqsa, Husayn o’yinchoq qo’chqor urishtirishga, «shahar tashqarisidagi Gozurgohga chiqib» kamondan o’q otishga ko’proq qiziqadi. Yozuvchi Mirkarim Osim bu ikki o’rtoqning kelgusi taqdiriga ishora sifatida solishtirishni bizga havola etadi.
Alisherning ruhiyati, tabiati tengdoshlarinikidan yaqqol ajralib turadi. Bunga Alisherning Taft qishlog’idagi xonaqohda notanish nuroniy bilan qilgan suhbati ham aniq dalil bo’la oladi.
Shu o’rinda yozuvchi bu nuroniy kishining qarashiga «maroq bilan» degan sifat berishi bejiz emas. Keyinchalik ma’lum bo’ladiki, bor-yo’g’i olti yasharlik notanish bola Alisher bilan dildan samimiy suhbat qurgan bu qariya «Sharaflddin Ali Yazdiy degan ulug’ tarixchi» ekan. U «Shohruxning yonida yurib, ko’rgan voqealarni bitgan, Temur tarixi «Zafarnoma»ni bitgan».
Olti yoshlik Alisherning bergan javoblari ulug’ tarixchi Sharaflddin Ali Yazdiyni ham lol qoldiradi. Yana bir narsaga diqqat qiling-ki, Alisher bu suhbatda safardan oldin otasi va tog’asidan eshitgan gaplarni shundoqligicha qaytarmaydi. U oilasini o’z yurtidan bosh olib ketishga majbur qilayotgan mudhish voqea-hodisalarning sabab va oqibatlarini ancha chuqur mshunib, suhbatdoshiga ham tushuntirishga harakat qiladi. Hayoti davomida juda ko’p yaxshi-yomon odamlarni ko’rgan, sinovdan o’tkazgan ul tabarruk zot ham yosh Alisherning zehniga, tiyrakligiga «ofarin» aytib, unga oq fotiha beradi.
Agar «Zulmat ichra nur» qissasini topib to’liq o’qisangiz, Alisher Navoiy bobomizning naqadar chuqur aql, tajriba egasi bo’lganini, u kishi oddiy dehqon bilan ham, zamona podshohlari bilan ham bemalol til topishib, murakkab muammolarni oqilona hal etganini bilib olasiz.
Shu tufayli ham yurtboshimiz o’zining «Yuksak ma’naviyat-yengilmas kuch» asarida ulug’ bobomizni ta’riflar ekan, u kishiga shunday yuksak baho beradi:
«Alisher Navoiy xalqimizning ongi va tafakkuri, badiiy madaniyati tarixida butun bir davrni tashkil etadigan buyuk shaxs, milliy adabiyotimizning tengsiz namoyandasi, millatimizning g’ururi, sho’n-u sharafini dunyoga tarannum qilgan o’lmas so’z san’atkoridir. Ta’bir joiz bo’lsa, olamda turkiy va forsiy tilda so’zlovchi biron-bir inson yo’qki, u Navoiyni bilmasa, Navoiyni sevmasa, Navoiyga sadoqat va e’tiqod bilan qaramasa».
O’zbek xalqining o’z Navoiysini yaqindan bilishi, sevib ardoqlashi, bu ulug’ farzandiga sadoqat va e’tiqod bilan qarashida fidoyi adib Mirkarim Osimning asarlari, ayniqsa, «Zulmat ichra nur» tarixiy qissasi muhim o’rin tutishi shubhasizdir.