Mavzu: qo‘shma gaplar tasnifi. Ularni bog‘lovchi vositalar. Reja



Yüklə 152,41 Kb.
səhifə1/9
tarix07.01.2024
ölçüsü152,41 Kb.
#210270
  1   2   3   4   5   6   7   8   9
10 -ma\'ruza


MAVZU: QO‘SHMA GAPLAR TASNIFI. ULARNI BOG‘LOVCHI VOSITALAR.
REJA:



  1. Qo‘shma gaplar tasnifi haqida

  2. Qo‘shma gaplarni bog‘lovchi vositalar

  3. Ergashtiruvchi bog`lovchilar

  4. -deb yordamchi so‘zi

  5. Ko‘makchili qurilmalar

Qo‘shma gap sodda gap bilan mustahkam bog‘langan, biroq undan ham struktur, ham uzatilayotgan axborot miqdori va sifati nuqtai nazaridan farqlanuvchi sintaktik qurilma. SHu bois qo‘shma gapning umumiy lisoniy mohiyati uning sodda gap bilan o‘zaro munosabatida ochiladi. Lisoniy struktura jihatidan qo‘shma gapning sodda gapdan farqi ma’lum darajada ravshan. Aniqrog‘i, sodda gapda shakllangan kesim bitta bo‘lsa, qo‘shma gapda u birdan ortiq bo‘ladi va birdan ortiq sodda gaplarning mazmun hamda grammatik jihatdan birikuvidan tashkil topadi. Misollar: 1. Men sizni bilaman, siz bunday qilmaysiz. (Oyb.) 2. Nima qilasan, qishloqqa qaytasanmi? (Oyb). 3. Dunyoda nima ko‘p – kulgu ko‘p. (Oyb). 4. Bilamanki, sodda barmoqlaring tilla uzuk taqmagan. (Uyg‘.) 5. Majlisda ko‘riladigan masalalarning muhim tomoni shundaki, unda cho‘l erlarni suvga serob qilish masalasi muhokama qilinadi.


Ko‘rinadiki, 1-gapda bilaman va qilmaysiz, 2-gapda qilasan va qaytasanmi, 3-gapda ko‘p va ko‘p, 4-gapda bilaman va taqmagan, 5-gapda shundaki va muhokama qilinadi kabi har bir gapdagi birdan ortiq kesim sintaktik qurilmaning qo‘shma gapligini ta’minlovchi muhim asoslardan biri. Kesimlarning birdan ortiqligidan tashqari, har bir qo‘shma gapda ifodalanayotgan birdan ortiq fikr, axborotning o‘zaro zich munosabati, gaplararo grammatik taqozo etuvchilik hamda intonatsion yaxlitlik kabilar ham bu sintaktik qurilmalarning qo‘shma gapligini ta’minlaydi.
Kommunikativ nuqtai nazardan sodda gap bir fikrni, axborotni uzatish vazifasini bajarsa, qo‘shma gapda birdan ortiq hukm o‘z ifodasini topgan bo‘ladi. SHuningdek, bu alohida axborotlar asosidagi munosabat ham qo‘shma gapda qaysidir darajada bo‘rtib turadi. Masalan: Jahongir keldi. Men shu ondayoq jo‘nadim gaplarida ifodalangan fikrlar bir-biriga o‘zaro bog‘liq bo‘lib, gaplarning biri ikkinchisini taqozo etadi. Bu jihatdan ular Jahongir keldi va men shu ondayoq ketdim gapidan ajralib turadi.
Demak, qo‘shma gap grammatik shakllangan va birdan ortiq axborotni tashish uchun mo‘ljallangan nisbiy mustaqil sodda gapning grammatik, semantik, intonatsion va kommunikativ jihatdan yaxlitlangan butunligidir.
Qo‘shma gap tarkibidagi sodda gap alohida olingan sodda gapdan nisbatan mustaqil emasligi bilan ajralib turadi. Avvalo, bu – grammatik va intonatsion nomustaqillik. Bahor keldi, shuning uchun dala ishlari qizib ketdi qurilmasiga ergash gapli qo‘shma gap tusini bergan jihat mazmuniy va grammatik taqozo etish va birdan ortiq axborot mavjudligi. Birinchi gapdagi mazmun ikkinchi gapdagi mazmun uchun sabab maqomida. Biroq bunday mazmuniy zich bog‘lanishsiz ham qo‘shma gap hosil bo‘lishi mumkin. Osmonda turnalarning «qurey-qurey»i eshitilardi, uzoqlardan cho‘ponlarning hay-haylagani quloqqa chalinardi. Ikkinchidan, shuning uchun bog‘lovchisi qo‘shma gap a’zolarini grammatik jihatdan zich munosabatga kiritgan (Biroq bu bog‘lovchisiz ham qo‘shma gap hosil qilish mumkin: Bahor keldi, dala ishlari qizib ketdi.) Ammo sodda gaplar orasidagi intonatsion uzilish qo‘shma gapni sodda gapga parchalab yuborishi mumkin: Bahor keldi, shuning uchun dala ishlari qizib ketdi – Bahor keldi. Shuning uchun dala ishlari qizib ketdi.
Demak, ma’lum bo‘ladiki, qo‘shma gap tarkibidagi sodda gapning o‘zaro zichlashuvi mazmun, grammatik shakl va intonatsiya nuqtai nazaridan bo‘ladi. Ammo bu omillar darajali ziddiyatda turadi:
intonatsiya – grammatik shakl – mazmun
CHunki mazmuniy bog‘liqlik va grammatik shakl mavjud bo‘lsa ham, birlashtiruvchi intonatsiya bo‘lmasa, ayrim gaplar qo‘shma gapni tashkil eta olmaydi. Ammo mazmuniy bog‘liqlik va grammatik aloqa bo‘lmasa ham, intonatsiya asosida qo‘shma gap hosil qilish mumkin (bog‘lovchisiz qo‘shma gap). Sodda gaplar asosida ajratuvchi pauza bo‘lganda, qo‘shma gapning yaxlitligiga putur etadi. Masalan, Men sen bilan bormoqchi edim. Biroq sen qarshilik qilmasliging kerak. Gaplar orasida qo‘shma gapning barcha belgilari mavjud. Birgina birlashtiruvchi ohangning yo‘qligi sodda gaplarning mustaqil bo‘lishiga olib kelgan.
Qo‘shma gapni uyushiq kesimli sodda gapdan, sodda va qo‘shma gap orasidagi uyushgan gapdan farqlash lozim. Uyushiq kesimli sodda gap egasi bitta, bitta umumiy (Pm) ga ega bo‘lgan birdan ortiq kesimdan tashkil topgan gap. Misollar: 1. Jamshid o‘qir, yozar va chizar edi. 2. Do‘kondorlar do‘konlarini ochib, mudrab o‘tirishardi. 3. Qushlar tinimsiz chug‘urlashar va charx urishar edi. Uyushgan gap esa, aytilganidek, birdan ortiq egaga, shuningdek, bitta umumiy (Pm) li birdan ortiq kesimga ega bo‘lgan gap. Misollar: 1. Bahor kelar, dala ishlari qizib ketar edi. 2. Jamshid o‘qir, Jahongir yozar, Isroil esa chizar edi. 3. Do‘kondorlar savdoga chorlab, attorlar esa mollarini maqtab o‘tirishardi.
Qo‘shma gap esa har biri o‘z (Pm) ga ega bo‘lgan birdan ortiq kesimdan tashkil topadi: 1.Jamshid o‘qirdi, Jahongir yozardi, Isroil esa chizardi.
Substansial yondashuvda bir egali, lekin birdan ortiq kesimli gap ham qo‘shma gap sifatida qaraladi. CHunki har bir kesimda shaxs-son, zamon, tasdiq-inkor, modallik (kesimlik) ma’nolari birdan ortiq ifodalanadi. Bu esa semantik nuqtai nazardan ularning har birida alohida axborot mavjudligidan dalolat beradi.
Qo‘shma gap tarkibiga kiruvchi sodda gap orasida teng yoki tobe sintaktik aloqa mavjud bo‘ladi. Agar u teng bog‘lovchi yordamida amalga oshirilgan bo‘lsa, tenglanish deyiladi: 1.O‘g‘lim keldi va to‘yni boshlab yubordik. 2. Bahor keldi va dala ishlari qizib ketdi. To‘g‘ri, bu gaplar orasida sabab-oqibat aloqasi mavjud va ularni mazmunan tobe-hokim gaplarga kiritish mumkin. Biroq gaplarda mazmunan tobelik, shaklan tenglik mavjud bo‘lganda, formal yondashuv gaplarni teng munosabatli qo‘shma gap sifatida qaraydi. SHu boisdan bog‘lovchili qo‘shma gap bog‘lovchining tabiatiga ko‘ra, bog‘langan qo‘shma gap va ergash gapli qo‘shma gapga ajraladi.
Sodda gapdagi tenglanish va tobelanish qo‘shma gaplardagi tenglashish va tobelanishdan farq qiladi. Bu quyidagilarda qo‘rinadi:
1) sodda gapda teng va tobe aloqa turli qurilmalarni vujudga keltiradi. Aniqrog‘i, teng aloqa uyushiq bo‘laklarni o‘zaro bog‘laydi: 1.YAshil o‘rmonlar va qorli tog‘lardan o‘tdik. 2. Javohir o‘qir va yozar edi. So‘z birikmalarini faqat tobe aloqa vujudga keltiradi: kitobning varag‘i, kitobni o‘qimoq kabi. Qo‘shma gapda esa teng va tobe aloqa bitta lisoniy birlik – qo‘shma gapning turli ko‘rinishi uchun xizmat qiladi.
Tobe va teng bog‘lovchi vosita bir xil semantik munosabatni ifoda etishi mumkin. Faqat ularda ushbu ma’no kuchli yoki kuchsizligi bilan farqlanadi: Bahor keldi va dala ishlari qizib ketdi – Bahor keldi, shuning uchun dala ishlari qizib ketdi. Har ikkala qo‘shma gap a’zolari orasida ham sabab-oqibat munosabati mavjud. Gaplarning ikkinchisida u kuchli, birinchisida kuchsiz. Gaplarning propozitsiyasida bu munosabat bir xil, faqat va bog‘lovchisi buni kuchsiz, shuning uchun bog‘lovchisi kuchli namoyon qilgan;
2) sodda gapdagi teng bog‘lanish qo‘shma gapdagi teng bog‘lanishga nisbatan mustaqil. CHunki sodda gapda teng bog‘lanish uyushuvlik bilan «yo‘ldosh». U sodda gapni kengaytirish vazifasini bajarsa, qo‘shma gapda tarkibiy qismlarni bir yaxlitlikka birlashtirish vazifasini bajaradi;
3) tenglanish va tobelanish aloqasi ifodalaydigan ma’noviy munosabati jihatidan sodda va qo‘shma gap farqlanadi. Sodda gapda bog‘lovchisizlik, asosan, tenglanish munosabatini ifodalaydi va uyushiq bo‘laklarda yuz beradi. So‘z birikmasi tarkibidagi grammatik vositali tobelanishni bog‘lovchisizlik, vositasizlikka almashtirib bo‘lmaydi. Qo‘shma gapda esa ergash gapli qo‘shma gap tarkibidagi sodda gaplarni ham, bog‘langan qo‘shma gap tarkibidagi sodda gaplarni ham bog‘lovchisiz gapga aylantirish mumkin. Uning aloqa turi bog‘lovchisiz aloqadir.1.Botirlari kanal qazadi, shoirlari g‘azal yozadi. (H.Ol.)2.Bor boricha, yo‘q holicha.3.YAxshi otga bir qamchi, yomon otga ming qamchi. (Maqol) 4.YUragida qanday dard bor – mana bu menga sir. (Oyb.)
Bog‘lovchisiz qo‘shma gap tarkibidagi sodda gap o‘zaro tobe yoki teng bog‘lovchi vositasiz birikadi. Ammo bu gapda mazmuniy va intonatsion yaxlitlik kuchayadi. CHunki bog‘lovchi vosita, mazmuniy va intonatsion birikuvchanlik omili qo‘shma gap tarkibida yaxlitlikni tashkil etib, ulardan biri kuchsizlansa, boshqalari buning evaziga kuchayadi. Demak, bog‘lovchisiz qo‘shma gapda bog‘lovchi vositaning hissasi mazmuniy va intonatsion birikuvchanlik omili zimmasiga yuklatiladi.
Ko‘rinadiki, ikki yoki undan ortiq sodda gapning bir murakkab butunlikni tashkil etishi ularning shakliy (grammatik), mazmuniy va intonatsion muvofiqligi natijasida yuz beradi. Qo‘shma gapni tashkil etayotgan sodda gap ohang jihatidan mutlaq tugallikka ega bo‘lmaydi. Ammo mazmuniy va grammatik jihatdan nisbiy yakunlangan bo‘ladi. Bu nisbiylik mustaqil sodda gapdagi tugallanganlikdan farqlanadi. Qo‘shma gap tarkibida birikayotgan bir sodda gapning modal sifatlari ikkinchisiga ta’sir etmasdan qolmaydi. Natijada yangi modal ma’no vujudga keladi. Bu masala kesimning MKSH va NKSH turi bilan ham zich aloqador hodisa. SHuningdek, qo‘shma gap tarkibiy qismini bog‘layotgan bog‘lovchi vositadagi modal ma’no ham ana shu hosila modal ma’noga qorishadi.



Yüklə 152,41 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3   4   5   6   7   8   9




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin