Mavzu:Zamonaviy bank texnologiyalari Joriy yilning 22 mayida O'zbekiston Respublikasi Milliy Matbuot markazida respublika Markaziy banki tomonidan “Zamonaviy bank xizmatlari rivojlanishi istiqbollari” mavzuida matbuot anjumani tashkil etildi.
Bank tizimida innovatsion axborot texnologiyalarini keng ko'lamda tadbiq etish mamlakatimizda qisqa muddatda milliy to'lov tizimini shakllantirishga imkoniyat yaratdi. Xo'jalik yurituvchi sub'ektlar o'rtasida hisob-kitoblarni aniq vaqt rejimida amalga oshiruvchi bu tizim mamlakatimiz moliya bozori barqarorligini ta'minlamoqda. Bundan tashqari u davlatimiz pul-kredit siyosatini samarali yuritish, milliy va xalqaro to'lovlarni o'z vaqtida amalga oshirish, pul oqimlarini boshqarishga sezilarli ta'sir ko'rsatmoqda.
Hozirgi kunda milliy to'lov tizimi negizida Markaziy bankning yagona banklararo to'lov tizimi, 29 ta tijorat bankining ichki to'lov tizimlari, shuningdek, bank kartalari bo'yicha barcha tijorat banklarini qamrab olgan “Uz-Kart” banklararo chakana to'lov tizimi, aholidan uyali aloqa xizmati, kommunal va boshqa to'lovlarni qabul qilish bo'yicha “Uz-Paynet” to'lov agentlik tarmog'i hamda “SMS-TO’LOV” chakana to'lov tizimlari faoliyat yuritmoqda. Tijorat banklari kuchli, ishonchli va yuqori samaradorlikka ega bo'lgan platformalar asosida axborot texnologiyalari yutuqlarini bank faoliyatiga dadillik bilan tadbiq qilib, ular asosida mukammal dasturlar yaratib, axborot tizimlari infrastrukturasini rivojlantirmoqda. Bu o'z navbatida, mamlakatimiz banklari o'rtasida sog'lom raqobat muhitini kuchaytirish, an'anaviy bank xizmatlari sifatini oshirish, yangi xizmatlarni joriy etishga yo'naltirilgan ishlarni muttasil davom ettirishga da'vat etmoqda. Mijozlar safini kengaytirish uchun taqdim etayotgan xizmatlari ro'yxati muntazam ravishda kengaytirilib, tijorat banklari turli moliyaviy xizmatlarni ko'rsatuvchi, ta'bir joiz bo'lsa, o'ziga xos “supermarket”larga aylanib bormoqda. Mazkur ishlarning samarasi o'laroq, 2013 yil 1 may holatiga respublikamiz bo'yicha qariyb 44 mingdan ziyod xo'jalik yurituvchi sub'ektlar “Bank-Mijoz” va Internet-banking dasturiy majmualari xizmatlaridan foydalanib kelmoqda. Mijozlar masofadan turib, kompyuter va elektron aloqa tizimi orqali bank operatsiyalarini amalga oshirmoqdalar.
Zamonaviy axborot texnologiyalari yangiA bank mahsulotlari va xizmatlarining joriy etilishi mamlakatimiz bank xizmatlari bozori kengayishiga sharoit yaratmoqda. Respublikamizda bozor iqtisodiyoti munosabatlari rivojlangan sari tijorat banklari ham chakana operatsiyalar, mijozlarga taqdim etadigan xizmatlar turlarini oshirish orqali o'z faoliyatini diversifikatsiya qila bormoqdalar.
Masofaviy bank xizmatlari ko'rsatishni bankomat va infokiosklarsiz tasavvur etib bo'lmaydi. Foydalanishi sodda bo'lgan ushbu uskunalar bugungi kunda mijoz va kassir o'rtasidagi an'anaviy muomalaga chek qo'yib, o'ziga xos minibank-ofis vazifasini o'tamoqda. Hozirgi paytda bankomatlardan nafaqat naqd pul echib olish, balki ular orqali tovar va xizmatlar bo'yicha turli to'lovlarni amalga oshirish mumkin. Shuni qayd etish o'rinliki, mijozlar istalgan bank bankomat va infokiosklaridan foydalana oladilar. Ayni paytda respublikamiz bo'yicha “Smart-Vista” on-line va “DUET” tizimidagi kartochkalarga xizmat ko'rsatadigan bankomat va infokiosklar soni 1466 tani tashkil etib, ular yagona tarmoqqa ulangan.
Bugungi kunda respublikamizda muomalaga chiqarilgan plastik kartochkalar soni 9,7 mln. donani tashkil etmoqda. Plastik kartochkalar soni ko'payishiga mos ravishda terminallar soni ham oshib bormoqda. Aholi gavjum bo'lgan joylar va savdo do'konlari, xizmat ko'rsatish ob'ektlariga o'rnatilgan terminallar soni shu yil boshiga kelib salkam 116 mingtani tashkil etdi.
Plastik kartochkalar yordamida amalga oshirilayotgan operatsiyalar turi va soni ham sezilarli darajada o'sib bormoqda. O'tgan yili plastik kartochkalar vositasida salkam 8,7 trln. so'm hajmida har xil naqd pulsiz to'lovlar o'tkazildi yoki ushbu ko'rsatkichning yil davomida 50 foiz o'sishi ta'minlandi.
Naqd pulsiz to'lovlar hajmining o'sish dinamikasi birinchi navbatda, tovar va xizmatlar uchun to'lovlarning bankomatlar orqali amalga oshirilishi, plastik kartalar vositasida ko'rsatilayotgan xizmatlar ko'lami va infrastrukturasining kengayishi bilan chambarchas bog'liqdir. To'lovlarni naqd pulsiz amalga oshirishning innovatsion shakllariga bo'lgan ehtiyoj muttasil ortib bormoqda. Tadbirkorlik sub'ektlari va aholi tejamli, kam vaqt va harakat sarflagan, yuqori axborot texnologiyalaridan foydalangan holda moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirish, ma'lumot olishga ko'proq ishtiyoq bildirmoqda. Mana shu ehtiyojni inobatga olib, tijorat banklari masofaviy bank xizmatlari ko'rsatish ko'lamini kengaytirishga, bunda global Internet tarmog'i imkoniyatlaridan samarali foydalanish choralarini ko'rib bormoqdalar. Aytib o'tish o'rinliki, ayni yo'nalish jahon bank tizimi va uning ajralmas tarkibiy qismi bo'lgan milliy bank tizimining ustivor yo'nalishilaridan biriga aylandi.
Ayni paytda barcha tijorat banklari Internet tarmog'ida o'zlarining web-saytlarini ochib, ular bank faoliyati, yangi xizmat turlari va shartlari, mijozlar manfaatiga tegishli ma'lumotlar bilan muntazam boyitib borilmoqda. Markaziy bank veb-sayti orqali esa davlat interaktiv xizmatlari ko'rsatish yo'lga qo'yilgan.
Aholi o'rtasida mobilь telefonlardan foydalanishning kengayib borishi banklar tomonidan mobilь-banking (wap-banking) va sms-banking xizmatlari yo'lga qo'yilishiga olib keldi. Hozirgi paytda 107 mingta mijoz ayni xizmat turlaridan foydalanmoqda. Aytish o'rinliki, shu yilning birinchi choragida banklarning ayni xizmat turlaridan foydalanuvchilar soni 50 foiz o'sishiga erishildi.
Ma'lumot uchun aytib o'tamiz, hozirgi kunda “Uz-Paynet” to'lov agentligi tarmog'i orqali bir kunda o'rtacha 2,5-3 mln. tranzaktsiyalar o'tkazilmoqda. Shuningdek, 2011 yilda o'z faoliyatini boshlagan “SMS-TO’LOV” chakana to'lov tizimi orqali 20 dan ortiq to'lovlar amalga oshirilmoqda. Mazkur tizimga tijorat banklari to'lov tizimi a'zosi sifatida ulangan.
Matbuot anjumani chog'ida jurnalistlarga elektron tijorat, kredit va debet kartalar, depozitlar va boshqa qulayliklar, zamonaviy bank xizmatlari ko'rsatishni takomillashtirish borasida olib borilayotgan izlanishlar bo'yicha axborotlar berildi.
Xulosa o'rnida qayd etish joizki, bank hisobvaraqlarini masofadan boshqarish tizimlari (bank-mijoz, internet-banking, mobilь-banking, sms-banking va boshqalar)ni respublika miqyosida doimiy kengaytirib borish bo'yicha ishlar barcha banklar tomonidan tizimli amalga oshirilishi milliy bank tizimining rivojlanish tendentsiyalaridan guvohlik beradi va respublika iqtisodiyotida bozor mexanizmlarining mustahkamlanishiga sharoit yaratadi.