Miloddan avvalgi XV–IV asrlarda Hindiston 1. Oriylar va ularning Hindistonga kirib kelishi. Oriylar Eron va Turon hududida yashagan qadimgi qabilalar edi. Ularning bir qismi daryo bo`ylaridagi unumdor yerlarda yashab dehqonchilik bilan shug`ullanganlar. Oriylarning boshqa qismi esa dasht va tog` yaylovlarida yashab qoramol, qo`y, echki, ot va tuya boqib chor-vachilik bilan shug`ullanganlar. Ular Sharqdan Qadimgi Hindiston bilan chegaradosh bo`lishgan, ular bilan qo`shnichilik qilishgan. Qadimgi hindlar ularni «oriy», «oriya», eroniylar esa «oyriya», «oyraj» deb nomlaganlar. Oriy atamasining o`zbekcha tarjimasi olijanob, ulug`vor, yaxshi oiladan va aslzoda kabi ma`nolarni anglatadi.
Miloddan avvalgi II mingyillikning o`rtalaridaoriylarning bir qismi Sulaymon, Hindikush va Janubiy Badaxshondan oshib o`tib, Panjob viloyatini bosib olganlar. Oriylar bilan mahalliy aholi o`rtasida shiddatli janglar bo`lgan. Bu janglar haqida «Maxabxarata» va «Ramayana» dostonlarida mukammal ma`lumot beriladi. Panjobga o`rnashib olgan oriylar qoramol – sigir, buqa, ho`kiz, buzoq, qo`y, echki, ot va tuyalar boqib, asosan chorvachilik bilan shug`ullanganlar. Keyinchalik ular Gang va Jamna daryosi bo`yidagi unumdor yerlar, hamda tog` yaylovlarini bosib olganlar. Oriylar kelgunicha Hindistonda ot bo`lmagan. Ular Hindistonga o`zlari bilan ot, tuya va qoramollarning alohida zotlarini olib kelganlar.
Oriylar Hindistonning shimoli-g`arbiy va shimoliy viloyatlarini bosib olib, asta-sekinlik bilan mahalliy hind qabilalari bilan aralashib ketganlar. Mahalliy aholi oriylardan temirchilik va temir qurollardan foydalanishni o`rganganlar. Temirdan bolta, belkurak, omoch tishlari, qurol-yarog`, aslaha va har turli buyumlar yasaganlar. Temir tishli omoch va boshqa temir qurollardan foydalanish dehqonchilik va hunarmandchilikning yanada rivojlanishiga, xo`jalikdagi boshqa tarmoqlarning ravnaq topishiga juda katta turtki bergan.
2. Hindistonda tabaqalanishning kuchayishi.Dehqonchilik, hunarmandchilik, savdo-sotiq va chorvachilikning rivojlanishi natijasida tabaqalanish yanada kuchaygan. Aholi orasidagi mehnatkashlarning mehnati evaziga boyib ketgan jamoa oqsoqollari – rojalar, ruhoniylar va sarkardalar ajralib chiqqanlar. Dehqonlar, hunarmandlar, oddiy chorvador va savdogarlar aholining o`rta tabaqasini tashkil etganlar. Aholi orasida kambag`allar ham ko`p bo`lgan. Urushda asir tushgan begonalar va boylardan qarzdor bo`lib qolgan hindlar qullarga aylantirilgan. Ular qullarni «begona», «dushman»,deb atashar edi. Rojalar, lashkarboshilar va ruhoniylar oddiy kishilar va qullarni uylari, dalalari, ustaxonalarida ishlatib, chorvalarini boqtirganlar. Oddiy kishilar va qullar mehnati evaziga boyib olgan oqsoqollar, lashkarboshilar va ruhoniylar asta-sekin quldorlarga aylana borganlar. Qullar va oddiy kishilami itoatda saqlash uchun roja, lashkarboshi va ruhoniylar ixtiyorida qurollangan jangchilar, nazoratchilar, soliq yig`uvchilar, soqchilar va xizmatchilari bo`lgan. Aslzodalar tomonidan gunohkor deb hisoblangan oddiy kishilar va qullar shafqatsiz sudya – qozilar tomonidan qattiq jazolangan.
Rojalar, lashkarboshilar, ruhoniylarga xizmat qiluvchi soqchi, nazoratchi, qurolli jangchi, soliq yig`uvchi, qamoqxona, sudya – qozilar jamiyatni boshqaruvchi tashkilot – davlat tizimi edi. Rojalar saylab qo`yilgan qabila oqsoqollari, rahbarlaridan asta-sekinlik bilan hokimlar va podsholarga aylana borganlar. Endilikda ular faqat o`z mol-mulklarinigina emas, balki hokimiyatni, podsholikni ham bolalari va aka-ukalariga meros qilib qoldiradigan bo`lganlar.
Shunday qilib, miloddan avvalgi I mingyillik boshlarida Hindistonda podsho boshqaradigan davlatlar qaytadan tashkil topgan.