Nutq deb yuritiladi. Lison va nutqning majmui



Yüklə 23,35 Kb.
səhifə1/4
tarix18.09.2023
ölçüsü23,35 Kb.
#145141
  1   2   3   4
til lison


Lisoniy UMIS va YAHVO. UMIS (zot) va YАHVO (tajalli) butun dialektikaning, ya’ni butun borliq - tabiat, jamiyat va inson tafakkurining asosiy munosabat qonunlaridan biri bo‘lganligi sababli, u har bir fanda o‘ziga xos tarzda xususiylashadi. UMISning tildagi tajallisi lison, YАHVOniki esa nutq deb yuritiladi. Lison va nutqning majmui til deyiladi.
Yuqorida aytilganidek, tilshunoslar uzoq zamonlar davomida tildagi o‘rganish manbaining UMIS va YАHVO yoki lisoniy va nutqiy jihatlari ixtilofi (dialektikasi) mohiyatiga yetolmay, boshi berk ko‘chada cheksiz xususiyliklar doirasida o‘ralashib qoldilar.
Tilshunoslikda lisoniy va nutqiy jihatlarni farqlashga intilish ushbu fan bilan tengqurdir. Chunki har qanday fan cheksiz hodisalarni umumlashtirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yadi. Xususiy hodisalar zamiridagi umumiylikni ko‘rishga intilish bilishning har ikkala bosqichi (fahmiy va idrokiy) da ham mavjud. Shu boisdan aytish mumkinki, bilishning fahmiy bosqichi mutlaq xususiyliklar bilan o‘ralashib qolmaganligi kabi, idrokiy bosqich ham mutlaq umumiylikni - UMISni tiklay olmaydi. Biroq har bosqich o‘z vazifalariga ega. Chunki har bir davr o‘z fani oldiga muayyan maqsad va aniq talablarni qo‘yadi. «Fanlarning taraqqiyoti shu davrning ilg‘or falsafiy fikri, davr uchun yetakchi bo‘lgan fan sohalarining yutuqlari bilan uzviy bog‘liq. Turli fanlarning manbalari ko‘p qirrali bo‘lganligi sababli, davrning yetakchi falsafiy fikri aniq fanlardan o‘rganish manbaining qaysi tomonlariga alohida e’tibor berish lozimligini, borliqdagi mavjud qonuniyatlarni mantiqiy kategoriyalarda qay usulda aks ettirish yo‘llarini belgilab beradi» (H.Ne’matov). Shu asosda aytish mumkinki, o‘zbek tilshunosligining birinchi bosqichi dialektika nuqtai nazaridan tildagi UMIS va YHVOni bir-biridan farqlamay tasnif etish bosqichidir. Tilshunoslikda lison va nutqni izchil farqlab o‘rganish avvalo tilshunoslar V. fon Humboldt, B.de Kurtene va F.de Sossyur nomi bilan bog‘liq. Lison va nutqning farqlanishi, tilga tizim sifatida yondashuv XX asr jahon tilshunosligida inqilobga teng hodisa sifatida baholanadi. Chunki bu hodisa tilshunoslikdagi mavjud qarashlarni tubdan o‘zgartirib yubordi. Tilga, xususan, o‘zbek tiliga sistema sifatida yondashuvning dastlabki yillarida lison o‘rnida til atamasi qo‘llanilib, u ko‘p ma’nolilik tabiatiga ega bo‘lganligi sababli, ayrim chalkashliklarni keltirib chiqarar edi. Chunonchi, insonning nutq so‘zlash qobiliyati ham, nutqi ham ushbu atama bilan yuritilar edi. Atamalarga esa bir ma’nolilik xos bo‘lib, ko‘p ma’nolilik ilmiy aniqlikka putur yetkazadi. Shu boisdan nazariyotchi tilshunoslar UMISning tildagi voqelanishiga nisbatan lison atamasini qabul qildilar. Natijada til, lison, nutq munosabati quyidagicha tushunildi:

Til, lison va nutq munosabati. Yuqorida UMIS va YАHVOning tildagi tajallisi misolida lison va nutqning o‘zaro munosabati haqida kirish xarakterida so‘z yuritildi. Endi unga batafsil to‘xtalinadi.
Lison deyilganda ma’lum bir jamiyatning barcha a’zolari uchun avvaldan (oldingi avlodlar tomonidan) tayyor holga keltirib qo‘yilgan, hamma uchun umumiy va majburiy, fikrni ifodalash va boshqa maqsadlar uchun xizmat qiladigan birliklar hamda bu birliklarning o‘zaro birikish qonuniyatlari yig‘indisi tushuniladi.
Demak, lisonda birliklar va birikish qonuniyatlari farqlanadi.
Har qanday lisoniy birlik psixofizik tabiatli bo‘ladi. Shu bilan birga ular ikki tomonning bir butunligidan iborat:
a) lisoniy birlikning shakliy, tashqi tomoni;
b) lisoniy birlikning ma’lum bir vazifasi, ma’noviy qiymati.
Lisoniy birliklar UMIS sifatida mavjud ekan, u moddiylikdan xoli bo‘lmog‘i lozim. Bunda «lisoniy birlikning tashqi tomoni» ko‘rinishga, moddiylikka ishora qilmaydimi, degan savol tug‘ilishi tabiiy. To‘g‘ri, lisoniy birlik moddiy qiyofadan xoli. Biroq ular ongda qandaydir tarh, ramz sifatida saqlanadi. Masalan, [a] fonemasining talaffuz xususiyatlari xaqida umumlashma tasavvur o‘zbek tilida so‘zlashuvchi barcha jamiyat a’zolari ongida birdir. Bu [a] fonemasining shakli, tashqi tomoni bo‘lsa, uning ma’no farqlash, chegaralash tomoni ichki jihati sanaladi. [a] fonemasi xususiyatlari va ma’no farqlashning o‘ziga xos birligi, yaxlitligi sifatida ongda mavjud bo‘ladi. Har bir fonemaning ma’no farqlash va talaffuz xususiyatlari umumlashmasi o‘ziga xos bo‘lib, biriniki ikkinchisinikidan farqlanadi va mustaqil fonemaga qo‘yilgan talab ularning aynan o‘xshash bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaydi.
Lisoniy birliklarining bu tashqi va ichki tomonini bir-biridan ajratish uchun ulardan birini mutlaqlashtirish mumkin emas. Ichki va tashqi tomon bir varaqning ikki betiga o‘xshaydi va ularni ajratib bo‘lmaydi. Nutq esa yuqorida ta’riflangan lisoniy so‘zlashish qobiliyati asosida ayrim shaxs tomonidan ma’lum bir xabar berish maqsadi uchun ishga solinish yoki qo‘llanish natijasidir.
Bir-birini shartlovchi, bir-biriga bog‘liq bo‘lgan «lison - nutq qobilyati - nutq» zanjirida faqat nutqqina tashqi (moddiy) shaklda (og‘zaki, yozma) namoyon bo‘ladi va bizning sezgi a’zolarimizga ta’sir qiladi.
F.de Sossyur lison-nutq munosabatini shatranj o‘yini qoidalari asosida tushuntirib berishga harakat qilgan.
Shaxmat donalari va har bir donaning yurish qoidasi ongimizdagi lisoniy birliklar va ularning birikish imkoniyatlariga, o‘yinchi bamisoli so‘zlovchi bo‘lib, shaxmat o‘yinini bilishi esa so‘zlovchining nutq qobiliyatiga o‘xshaydi. Donalarning harakatlantirilishini nutqqa qiyoslash mumkin. Qiyoslang:
shaxmat - o‘ynash qobiliyati
lison - nutq qobiliyati – nutq
Shaxmat donalari va ularning yurish imkoniyatlari o‘ynovchilarning barchasi uchun umumiy bo‘lganligi kabi lisondan foydalanish ham shu tilda so‘zlashuvchilar uchun tengdir.
Lison va shatranj qurilmalari o‘zaro qiyoslanadigan bo‘lsa, avvalo, ularning birliklari orasida umumiy o‘xshashliklar borligini ta’kidlash lozim. Har ikkala qurilma ham birliklar sistemasi (tizimi) va bu birliklarning o‘ziga xos vazifalari bilan ish ko‘radi. Bunda ma’lum qoida va qonunlarga tayaniladi. Har ikkala holatning ham ishtirokchilari insonlar bo‘lib, ular har ikkala faoliyatda ham ma’lum bir imkoniyatlarni ishga soluvchilardir. Shu boisdan shaxmat taxtasi, uning donalari, shaxmat o‘yinining tashqi, moddiy tomonini lisoniy birliklarning tashqi tomoniga, shaxmat o‘yini qoidalari - donalarining joylashuvi, harakat qoidalari, ya’ni shatranj o‘yinining ichki tomoni xaqidagi tasavvurlarni lisoniy birliklarning mazmun mundarijasiga qiyoslash mumkin.
Lison va nutq munosabatiga dialektik, dialektika kategoriyalari nuqtai nazaridan yondashilganida, u haqdagi tasavvur va bilimlarimiz to‘laqonli bo‘ladi.

Til sathlari, nutqiy va lisoniy birliklar. Lison va nutq munosabatiga dialektikaning umumiylik va yakkalik, mohiyat va hodisa, imkoniyat va voqelik, sabab va oqibat munosabati asosida yondashilsa, masala yanada ravshanlashadi:
Lison bilan nutqning o‘zaro munosabatini yaxshi anglamoq uchun, avvalo, lisonning o‘zini, uning qanday qurilma ekanligini aniq tasavvur etmoq lozim bo‘ladi.
Lison bo‘linuvchan birliklarning majmui yoki turg‘un xususiy birliklarning o‘zaro barqaror, doimiy bog‘lanish munosabati asosida tashkil topgan yangi bir butunlikdir. Masalan, gap so‘zlar va qo‘shimchalarga, ular esa tovushlarga bo‘linadi. Shu nuqtai nazardan lisoniy birliklarni avvalo, ikki guruhga ajratish mumkin:
a) tashkil etuvchi eng kichik lisoniy birliklar;
b) hosila lisoniy birliklar.
O‘zbek tilidagi fonemalar ma’lum bir butunlikni, bir sath (fonologik sathni) ni tashkil etadi. Bu sath esa unlilar va undoshlar tizimlaridan tashkil topadi. Deylik, unlilar tizimi yana ikkig - lablanmagan unlilar ([
i]-[e]-[a]) va lablangan unlilar ([u]-[u]-[o]) tizimchalaridan tashkil topgan. Ko‘rinadiki, tashkil etuvchining o‘zi ham tashkil etuvchilardan tashkil topadi. Demak, tashkil etuvchilik nisbiy tushunchadir. Bunda minimal tashkil etuvchigina boshqa bo‘laklarga bo‘linmasligi mumkin. Minimal tashkil etuvchi nafaqat birliklarni, shu bilan birgalikda, birliklarning o‘zaro munosabatlarini ham o‘z ichiga oladi. Shuni ta’kidlash lozimki, eng kichik (minimal) tashkil etuvchilar bo‘lgan fonemalar yana ichki va tashqi jihatlarga ajraladi. Aytilganlar asosida, lison, nutq birliklari sifatida quyidagilarni ajratamiz va lison va nutq birliklari ham lison va nutq kabi UMIS va YHVO munosabatida bo‘ladi:
Fonema va tovush. Eng kichik lisoniy birlik fonemalardir. Fonema muayyan til egalarining ma’lum tovushlar tipi haqidagi umumiy tasavvurlaridir. Har bir fonema so‘zlovchilar ongida o‘z tipini farqlovchi belgilari majmui asosida vujudga kelgan maxsus «akustik-artikulyatsion portret» yoki «tovushlar obrazi» sifatida saqlanadi. Muayyan fonemaning farqlovchi belgilari uning artikulyatsion va akustik xususiyatlari asosida shakllanadi. Artikulyatsion belgilar muayyan tovushlarni talaffuz qilish uchun nutq a’zolarining bir xildagi harakatga moslashgan avtomatik, standart holatlari haqidagi tasavvur bo‘lsa, akustik belgilar sifatida bir turdagi tovushlarga xos talaffuz sifati va miqdori tushuniladi.
Ma’lumki, inson narsalarni ularning umumlashtiruvchi va farqlovchi belgilari asosida esda saqlaydi. Esda saqlanishi lozim bo‘lgan narsa miqdor jihatdan ko‘p bo‘lsa, eslab qolishning asosiy yo‘li tasniflash, ya’ni guruhlarga ajratishdir. Tasnif esa o‘xshash va noo‘xshash, umumiy va farqlovchi belgilarini aniqlash asosida kechadi. Bu tamoyil barcha lisoniy birliklar, xususan, fonemalar tasnifida ham to‘la amal qiladi.
Hozirgi o‘zbek adabiy tilida 30 ta fonema so‘zlovchi ongida, avvalo ikki guruh - unlilar va undoshlarga bo‘lingan holda mavjud bo‘ladi. Bu guruhlar tovushlar talaffuzidagi ovoz va shovqinning ishtiroki darajasiga qarab belgilanadi. Bo‘linish shu tarzda alohida fonemagacha davom etib boradi. Unlilar ham, undoshlar ham qarama-qarshi belgilari asosida kichik guruhchalarga bo‘linib boraveradi. Masalan, o‘zbek tilidagi 6 ta unli bir tizim bo‘lib, ular shovqinsizligi bilan undoshlardan ajraladi. Biroq bu tizimchaning o‘zi ham unsurlarning qarama-qarshi belgilari asosida bo‘linadi. Unlilarning qarama-qarshi qo‘yilishi quyidagicha: i  u - e  o’ - a  o
Fonemalarning ma’no farqlash xossasi mavjud bo‘lib, bir fonemaning turli ko‘rinishlari bo‘lgan tovushlarda bu hodisa kuzatilmaydi. Bir fonemaning nutqiy varianti bo‘lmish tovush boshqa fonemaning varianti bo‘lgan tovush bilan almash-tirilsa, so‘z ma’nosi yangilanadi, ya’ni boshqa so‘zga aylanadi. Qiyoslang: [
qora] va [qara], [ota] va [ata], [ona] va [ana]. Shu boisdan ham fonemaga tilning ma’no farqlovchi eng kichik birligi deb ta’rif beriladi. Bir fonemaning turli variantlari ma’no farqlamaydi. Masalan, til oldi va til orqa (o‘) unlilari quyidagi so‘zlarda ma’no farqlamagan: o‘l-o‘l.
Leksema va so‘z. Lisonning borliq hodisalarini nomlash, ifodalash, ko‘rsatish uchun xizmat qiluvchi birligi leksemadir. Lisoniy birlik sifatidagi leksema biri ikkinchisisiz mavjud bo‘la olmaydigan ikkita psixofizik tomon - akustik struktura (tovush qobig‘i) ya’ni nomema hamda ma’lum bir tushuncha asosida vujudga kelgan mazmuniy struktura, ya’ni sememaning birligidan iborat.
Lisoniy birlik sifatidagi leksemalarning tovush strukturasi fonetik birliklar ko‘rinishlar (variant) larining turlicha kombinatsiyalari asosida vujudga kelgan. O‘zbek tilida mavjud leksemalarning barchasining shakliy tomoni tilimizda mavjud 30 ta fonema asosida, xolos. Shu boisdan tashqi fonetik strukturasi asosida leksemalarni kuchli va kuchsiz ziddiyatlarga qo‘yish mumkin. Kuchli oppozitsiyalar bittadan (u - olmosh, e - undosh), ikkitadan (ot - ish), uchtadan (bor - kel), to‘rttadan (qunt-band) fonema variantining zidlanishi asosida hosil bo‘lgan bo‘lsa, kuchsiz ziddiyatlar, leksemalarning tarkibidagi ayrim fonema variantlari asosida bo‘ladi: 
besh-bosh, qur-qo‘r kabi.
Har bir leksema lisoniy birlik sifatida mazmun mundarijasiga ham ega. Leksemalarning mazmun rejasi denotatlar yoki referentlar deb ataladigan borliqdagi narsa, harakat, belgi, miqdor kabilarni bildiradigan tushunchalarni ifodalaydi.
Masalan, borliqda yuz deb ataluvchi kishi burnining ikki tomonidagi peshonadan iyakkacha bo‘lgan qismi mavjud. Shu asosda kishilar ongida yuz tushunchasi vujudga kelgan. Mazkur tushuncha asosida esa semema (leksema ma’nosi) shakllanadi. Tushuncha bilan ma’no bitta narsa emas, ular farqli xususiyat-larga ega. Masalan, ingliz, rus, nemis tillarida so‘zlashuvchi kishilarning ongida aka va uka tushunchalari mavjud. Biroq bu tushunchalar brother (ingliz), brat (rus) va bruder (nemis) leksemalarida bitta ma’no (semema)da birlashgan. Yoki [
yuz], [bet], [bashara], [chehra], [oraz] leksemalari bitta tushunchani ifodalaydi, lekin ularning ma’nolari o‘zaro farqlanadi.
Leksemalarning mazmun silsilasi bo‘lgan sememani tashkil etuvchi uzvlar - semalardir. Nomema tovushlarning turlicha kombinatsiyalari asosida tashkil topganligi kabi, ana shu semalarning turlicha birikuvi va ba’zilarining o‘rin almashinuvi asosida turli mazmundagi semema vujudga keladi. Masalan:
[
yuz] - «odamga xos», «boshning old qismi», «burunning ikki tomoni», «peshonadan iyakkacha», «burundan quloqqacha», «qo‘llanilishi chegaralanmagan», «uslubiy betaraf», «turkiy qatlamga oid», «umumiste’mol».
[
jamol] - «odamga xos», «boshning old qismi», «burunning ikki tomoni», «peshonadan iyakkacha», «burundan quloqqacha», «qo‘llanilishi chegaralangan», «badiiy uslubga xos», «arabiy qatlamga xos»,
Har ikkala leksema ham bir tushunchani ifodalaydi. Ularning mazmun rejasi - sememalarining semik tarkibi farqlanadi. Leksemalar sememalarining atash semalari denotatning ongdagi in’ikosi - tushunchani ifodalaydi. Har bir leksema sememasi o‘xshash va farqlovchi semalarga ega. O‘xshash semalar ularni guruhlarga birlashtirish farqli semalar esa ajratish uchun xizmat qiladi.
Leksemaning nutqiy qo‘llanilishidagi varianti so‘zlar bo‘lib, ular turlicha matniy qurshovlar asosida har xil xususiyatlar kasb etadi.
Leksemalar tub yoki yasama bo‘lishi mumkin. Masalan, [
kitob], [savdogar], (nonchi) birliklarini olaylik. Qatordagi [kitob] va [savdogar] birliklari tayyorlik, umumiylik, ijtimoiylik xossalariga ega. Savdogar leksemasi yasama bo‘lsa-da, tayyorlik belgisiga ega. Biroq tilimizda (nonchi) degan lisoniy birlik yo‘q. U nutq jarayonidagina hosil qilinishi mumkin va yuqoridagi birliklar ega bo‘lgan xususiyatlardan xoli. [nonchi] birligining nutq jarayonigagina xosligi uning tayyorlik belgisiga ega emasligini ko‘rsatadi.
Morfema va qo‘shimcha. Morfema leksemadan ajralgan xolda o‘z mohiyatini namoyon qila olmaydigan, shakl va denotativ bo‘lmagan mazmunning birligidan iborat bo‘lgan kichik lisoniy birlikdir. Qo‘shimcha esa ana shu psixofizik mohiyatning nutqda namoyon bo‘lishidir. Morfema ham tashqi (moddiy) va ichki (ma’no, vazifa) jihatlar yaxlitligidan iborat. Atov mustaqilligiga, mustaqil sintaktik mavqega ega bo‘lmagan bu birliklar o‘zida leksik va gramatik mohiyatlarni uyg‘unlash-tirgan bo‘ladi:
a)yangi so‘zlar hosil qiladi;
b)so‘zlarga qo‘shimcha leksik-semantik qiymat beradi.
Har bir tilga xos birliklar boshqa tillarnikidan o‘zaro farqlanadi. Masalan, aloqasiz (amorf), yelimlovchi (agglyuti-nativ) va egiluvchan (flektiv) tillardagi leksemalar mohiyatan o‘ziga xosdir.
Qolip va hosila. Lisoniy birliklarning navbatdagi turi qurilma - qoliplardir. Qolip deganda yasama so‘z, so‘z birikmasi va gaplar hosil qilish sxemalari tushuniladi. Qoliplar ikki xil bo‘ladi:
a) so‘z yasash qoliplari;
b) sintaktik (so‘z birikmasi va gap) qoliplar.
Qoliplar ham boshqa lisoniy birliklar kabi UMIS tabiatli bo‘ladi. Masalan, nutqimizdagi cheksiz yasama so‘zlar ((
nonchi), (sutchi), (uzumchi), (nisholdachi) kabi) bitta bevosita kuzatishda berilmagan lisoniy birlik (masalan, [narsa/buyum oti+chi=shu narsa buyum bilan shug‘ullanuvchi kishi] ya’ni co‘z yasash qolipining nutqiy hosilalaridir. kitobni o‘qimoq nutqiy hosilasi boshqa o‘ziga o‘xshash cheksiz so‘z birikmalari (qog‘ozni yirtmoq, uyni sotmoq va h.k.) bilan birgalikda [ott.k.+ fe’l] = vositasiz to‘ldiruvchili fe’lli birikma] lisoniy sintaktik qolipidan chiqqan nutqiy hosilalardir.
Shunday qilib fonema, morfema, leksema va qolip lisoniy birliklar bo‘lib, tovush, qo‘shimcha, so‘z, so‘z birikmasi va gaplar nutqiy birliklar sanaladi. Ularning o‘zaro munosabati va o‘ziga xos belgilariga doir fikrlarni jadvalda quyidagicha xulosalash mumkin:


Yüklə 23,35 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3   4




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin