Nutq madaniyati va notiqlik san’ati. Notiqlik tarixi. Yunon va Rim notiqlik tarixi.
Nutq madaniyati – bu tо‘g‘ri sо‘zlay olish, ya’ni nutqiy muloqot shartlari va fikr bildirishdan kо‘zlangan maqsadni hisobga olgan holda hamda barcha til vositalaridan (til vositalaridan, shu jumladan intonatsiya, leksik zahira, grammatik shakllardan) foydalangan holda bayon qilinayotgan mazmunga mos holda gapirishdan iboratdir.
Uchta tushuncha zamon va makon tanlamaydi. Bular so‘zlash, tinglash va anglashdir. Odamzot yaralibdiki, o‘zaro munosabat jarayonida ana shu uch birlikka amal qilib kelinadi. Buning namoyon bo‘lishi har bir xalqning o‘z mentalitetiga mos va xos. O‘zaro munosabat, murojaat qilish jarayonidagi o‘zni tutish va fikr almashuvlar muomala madaniyati tushunchasida uyg‘unlashadi. Munosabat, murojaat, muloqot, munozara, mubohasa, muhokama, mulohaza singari tushunchalarning barchasi muayyan millatning ziynatiga mos bo‘lgan ziynatlar bo‘lib, u yetik va estetik me’yorlar, qoidalar bilan amalga oshiriladi.
Nutq madaniyati, notiqlik san’ati bu tilshunoslik fani obyekti emas, u mantiq, ruhiyatshunoslik, etika, estetika, falsafa, tafakkur, siyosatshunoslik, jamiyatshunoslik ilmi hamdir. Nutqning ijro etilishida unga ma'lumbir voqea-hodisa haqida ma'lumot berishdan tashqari yana bir maqsad—tinglovchi ongiga va ruhiyatiga ta'sir etish vazifa qilib qo‘yiladi. Shuning uchun ham ta'sirchanlik nutqning asosiy sifatlaridan biri sanaladi hamda to‘g‘rilik va aniqlik ham, mantiqiylik va tozalik ham suhbatdoshga, tinglovchiga yoki o‘quvchiga ta'sir etishga qaratilgan bo‘ladi. Bu sanab o‘tilgan xususiyatlarda til omillari birinchi o‘rinda tursa, ularning barchasidan foydalangan holda ta'sirchanlik keng doirada tildan tashqaridagi omillarni ham qamrab oladi.
Nutqning ta'sirchanligi deganda, asosan og‘zaki nutq jarayoni nazarda tutiladi va shuning uchun uning tinglovchi tomonidan qabul qilinishidagi ruhiy vaziyatni e'tiborga olish ham muhim sanaladi. Ya'ni, notiq auditoriyani hisobga olishi – ularning bilim darajasidan yoshigacha, hatto nutq ijro etilayotgan paytdagi kayfiyatigacha kuzatib turilishi, nutqning tinglovchilar tomonidan qabul qilinishi nazorat qilib borilishi lozim bo‘ladi. Malakali bilimga ega bo‘lgan kishilar oldida jo‘n, sodda tilda gapirish maqsadga muvofiq bo‘lmagani kabi, oddiy, yetarli darajada ma'lumotga ega bo‘lmagan auditoriya oldida ham ilmiy va rasmiy tilda gapirishga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Xullas, notiqdan vaziyatga qarab ish tutish talab qilinadi. Va butun diqqat-e'tibor ifodalamoqchi bo‘lgan fikrni to‘laligicha tinglovchilarga yetkazish vazifa qilib qo‘yiladi.
Kishilar chiroyli, mazmundor nutq masalasi bilan juda qadimdan qiziqib keladilar. Qadimgi Gretsiya (Yunoniston)da va Rimda nutq madaniyatining nazariy asoslari yaratildi. Nutq oldiga qo’yiladigan talablar ishlab chiqildi. Bu davrda davlatning, savdo-sotiqning, sud ishlarining nihoyatda taraqqiy etishi, notiqlikni san’at darajasiga ko’tardi. Yetuk inson bo’lishi uchun albatta, notiqlik san’atini egallash shart qilib qo’yiladi. Ana shu ehtiyoj tufayli notiqlik nazariyasi yaratildi. Uning Sitseron, Demosfen, Kvintilian, Aristotel kabi nazariyotchilari yetishib chiqdi. Eramizning 335-yilida Aristotelning «Ritorika» asari yaratildi. Unda notiq oldiga quyidagilarni vazifa qilib qo’ydi:
- materialni har tomonlama tayyorlash;
- materialni joylashtirish rejasini belgilash;
- materialni o’zlashtirish, nutq qurilishini to’g’rilash;
- notiqning nutq materialini o’rganishi;
- materialni so’z bilan ifodalash;
- nutqni talaffuz qilish, ya’ni nutq jarayoni.
Bu talablar hozir ham o’z kuchini saqlab kelmoqda. O’sha davr sud notiqligida yuksak muvaffaqiyatlarga erishdi, notiqlik san’ati nazariyasiga ulkan hissa qo’shdi. Sitseronning «Notiq haqida», «Notiq», «Brut» asarlari hozir ham ma’lum qimmatga egadir.
Rim notiqlik maktabining yana bir buyuk vakili Mark Fabiy Kvintiliandir. U o’zining «Notiq bilimi haqida» kitobida bilimdonlikni notiqliqning birinchi sharti qilib qo’yadi. Kvintilian notiqlikka doir bilimni juda yoshlikdan o’rgana borish kerak, deydi. Nutqning tinglovchi uchun tushunarli bo’lishiga katta ahamiyat beradi. U: «Sen shunday so’zlaginki, seni har bir kishi tushuna olsin», - degan edi.
Xullas, qadimgi Yunoniston va Rimda madaniy notiqlik nazariyasi rivojlantirildi. Bu nazariya keyinchalik Yevropada nutq madaniyatiga bag’ishlangan fanning maydonga kelishiga asos bo’ldi. O’rta Osiyo madaniyati tarixida ham nutq madaniyati bilan shug’ullaning o’ziga xos mavqega ega.
Taniqli siyosatshunos olim Nazrullo Jo’rayev o’zining «Agar ogohsen...» nomli kitobida haqli ravishda yozganidek, «Sivilizatsiya dunyoning turli mintaqalarida turlicha yuz berib, muayyan hududlar aholisi dunyoqarashi va turmush tarziga chuqur o’rnashgan. Sivilizatsiya, jumladan Yunonistonda nafosat, Hindistonda din, Ovrupada moddiy texnika taraqqiyoti, Turonda esa axloq tarzida vujudga kelgan. Yurtimizda axloq benihoya qiyosi yo’q tushuncha sifatida ardoqlanib kelingan. Ma’nili va bejirim gapira bilish, nutqdagi ma’qul va noma’qul so’zlarni ilg’ay olish, so’zning orqa o’ngini, munosib o’rnini farqlay bilish, nutq odobi kabi fazilatlar Turonda inson umumiy axloqining ma’naviy rasoligining tayanch ustunlaridan sanalgan».
Va’zxonlikning, balog’at (chechanlik, notiqlik) san’atining usuli bilan nutq oldiga qo’yilgan talablar mukammallashib bordi. Buyuk allomalar Abu Rayhon Beruniy, Abu Nasr Forobiy, Ibn Sino, Abu Abdulloh al-Xorazmiy, Mahmud Qoshg’ariy, Zamahshariy kabilar tilga, lug’atga, grammatika va mantiqshunoslikka bag’ishlangan asarlar yozdilar yoki boshqa sohalarga doir asarlarida bu mavzuga aloqador fikrlar bildirdilar.
Buyuk qomusiy olim Beruniy (973-1048) o’zining «Geodeziya» asarining kirish qismida fanlarning paydo bo’lishi va tarmoqlanib ko’payishi haqida so’z yuritib, har bir fanning inson hayotidagi zaruriy ehtiyojlar talabi bilan yuzaga kelishini aytadi. Uningcha, grammatika, aruz va mantiq fanlari ham shu ehtiyojning hosilasidir. Inson nutqi o’z tuzilishi materialiga ko’ra rostni ham, yolg’onni ham ifodalashi mumkin. Bu ko’plab munozaralarga sabab bo’ladi. Inson bu munozaralar jarayonida rostni yolg’ondan ajratadigan «mezon» ni yaratadi. Bu mantiq fani edi. Inson nutqida shubhali o’rinlar sezilsa, ma’lum «mezon» yordamida ular tuzatiladi. Olim mantiqni o’rganmaganlarga: «Agar u dangasalikni tashlab, oromga berilmasdan, gap bilan bog’lanib keladigan nahv (grammatika), aruz (she’r o’lchovi) va mantiq (logika) ni mutolaa qilganda edi, so’z zotan, nasr va nazmga ajralishini bilgan bulardi», - deydi. Demak, Beruniy nutqning ikki xil - nasr, nazm ko’rinishi borligini ko’rsatadi. Nutqning bu turlari ma’lum qoidalar asosida shakllanadi.
Beruniy shakl va mazmun birligiga katta ahamiyat beradi. SHakl mazmunga xizmat qilishi kerak. Mazmunsiz har qanday chiroyli shakl ham el orasida e’tibor qozonmaydi. Nutqning nasriy shaklida ham nazmiy shaklida ham mazmun bosh mezondir. Nutq o’zining har ikki shaklida ham so’zlovchi o’z oldiga qo’ygan ma’noni ifodalashi shart. Olim yozadi: «So’ngra so’z mana shu ikki qismda (nasr va nazmda) ham so’zlovchi maqsad qilgan ma’nodan iborat bo’lib qoladi». Nasriy va nazmiy nutqda mazmun (ma’no) bor yoki yo’qligini bilish tuzilgan gaplarni birbiri bilan qiyoslash orqali aniqlanadi. Bu vazifani mantiq fani o’z bo’yniga oladi.
«Xullas, yaxshi nutq tuzish uchun nahv, aruz, mantiq fanlari hamkorligidan foydalaning zarur bo’ladi. Ularning birortasiga ham ahamiyat bermaslik, bulardan birining qoidasining buzilishi, qolgan ikkitasiga ta’sir qilmay iloji yo’q».
Nutq madaniyati tilshunoslikning keng qamrovli sohalaridan biri sanaladi. Bu soha insoniyat aqliy va nutqiy salohiyatining taraqqiy darajasini ko‘rsatib turgan va doimiy rivojlanishni taqozo etuvchi sohalardan biridir. Zero, til kishilarga doimo o‘zaro aloqa munosabati, madaniy-ma’naviy zaruriyat, ijtimoiy taraqqiyot, kurashish qurol bo‘lib xizmat qilgan. Mana shu qator vazifalarni bajaruvchi til egalarining nutq irod etish imkoniyatlari, til birliklaridan qay tarzda foydalanish chegaralarini ma’lum bir me’yorga solish ehtiyoji asosida ilmiy negizga ega bo‘lgan mazkur soha vujudga kelgan. Til qanchalar rivojlangan bo‘lmasin, insonlar tomonidan ma’lum me’yorlar va talablarga asoslangan nutqiy madaniyat bir xil darajada rivojlangan bo‘ladi deyish doimo ham to‘g‘ri bo‘lavermaydi. Shu sababli ham nutq madaniyati sohasi doimiy e’tibor va rivojlanish sari harakatlarni talab qiladi.
Nutq madaniyati ijtimoiy fan sifatida keng ma’nodagi til tarbiyasini va ommaviy uslubiy savodlilikni, boshqacha aytganda, so‘zlovchi va yozuvchi omma orasida til haqidagi fanning hozirgi zamon yutuqlarini tatbiq etishni o‘z oldiga vazifa qilib qo‘yadi.
Nutq madaniyati insoniy madaniyatning asosiy ifodasidir. Ma’naviyati yuqori bo‘lgan inson barkamolligi uning omilkorligi, bilimdonligi, donishmandligida namoyon bo‘ladi va unda albatta nutq madaniyati ham yuqori bo‘ladi. Til odobi ko‘nikmalarini, nutq madaniyati malakalarini egallash, adabiy til me’yorlariga amal qilish oliy ma’lumotli shaxs uchun juda muhim. Shu sababli ham mazkur o‘quv kursimiz bir qator maqsad va vazifalarni o‘z oldiga qo‘yadi. Belgilangan vazifalar doirasida quyidagi masalalarga e’tibor qaratamiz:
til madaniyati va nutq madaniyati tushunchalarining farqli hamda aloqador jihatlarini o‘rganish;
til taraqqiyoti va nutq madaniyatining bog‘liq jihatlarini o‘rganish;
masalaga ilmiy yondashuvni shakllantirish;
nutq madaniyati tushunchasining lingvistik va nolingvistik sohalar bilan aloqadorligini tahlil qilish;
nutq madaniyati va notiqlik san’atining o‘zaro bog‘liq jihatlari;
notiqlik turlari va nutq ko‘rinishlari;
adabiy tilning normativligi va nutq madaniyati;
madaniy nutq mezonlarini o‘rganish;
nutqning ifodaliligi va nutq texnikasi;
nutq madaniyatini egallash yo‘llari;
nutq madaniyati va stilistika masalalari;
pedagog nutqining o‘ziga xos jihatlari va boshqalar.
Nutq madaniyati lingvistik soha hisoblanadi va u tilning turli sathlarini o‘rganuvchi fanning barcha tarmoqlari bilan uzviy aloqadordir. U fonetika to‘g‘ri talaffuz me’yorlariga oid orfoepik qoidalarni bilishni, leksik imkoniyatlar doirasining kengligini, semantik, morfologik bilimlarning mukammalligini, sintaktik konstruksiyalarning me’yoriy holatlarini egallashni taqozo etadi. Umumiy tarzda aytiladigan bo‘lsa, nutq madaniyati soxasi adabiy til doirasida fonetikadan tortib to uslubiyatgacha bo‘lgan barcha lingvistik sohalarni qamrab oladi. Ilmiy jihatdan asoslangan nutqning o‘ziga xos jihatlari mavjudligi va u qaysi fan sohasida bo‘lishidan qat’i nazar ma’lum me’yorlarga bo‘ysunishi kerakligi nutq madaniyatining boshqa nolingvistik sohalar bilan aloqadorligini ko‘rsatuvchi omillardan sanaladi. Chunki nutq madaniyati bu eng avvalo, nutqning to‘g‘riligi demakdir, ya’ni yaxshi nutq noaniqlikka, uzundan uzoq jumlalarga qarshi bo‘lishi, qisqalik va aniqlik uning o‘lchovi bo‘lishi lozim. Har qanday ilmiy nutq uchun bu mezonlar asosiy talablar hisblanishini bilamiz. Keng ma’noda esa nutq madaniyati nutqiy ta’sirchanlikni, ijodiy yorqinlikni, o‘tkirlik va ifodalilikni bildiradi. Bu jihatdan istalgan soha vakili og‘zaki nutqining madaniy me’yorlarga asoslanishi, ma’lum normalarga bo‘ysunish zarurati muhimki, bu holat har qanday notiqning madaniyati va saviyasini ko‘rsatuvchi jihatlar sanaladi
Nutq madaniyati va notiqlik san’ati, ular haqidagi ta’limotlar tarixi juda ham uzoq davrlarga borib taqaladi. U ta’limot sifatida qadimgi Rim va Afinada shakllangan bo‘lsa ham, urga qadar Misrda, Assuriyada, Vavilon va Hindiston mamlakatlarida paydo bo‘lganligi notiqlik san’ati tajribasidan ma’lum. Shunga ko‘ra notiqlik san’ati tarixi haqida so‘z yuritganda qadimgi Yunon notiqligi, Rim hukmronligi davridagi notiqlik, O‘rta Osiyo notiqligi tarixi haqida bir qator ma’lumotlarning mavjudligini aytish mumkin.
Juda ko‘plab ilmlar markazi hisoblangan Yunoniston notiqlik san’ati sohasida ham jahon madaniyati tarixida yorqin sahifalar yaratgan. Qadimgi yunon notiqlik san’ati o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘lgan murakkab voqelikdir.
Notiqlik san’ati haqidagi ilk ma’lumotlarni Gomerning (eramizdan oldin XII asrlar o‘rtasida yashagan) “Iliada” va “Odisseya” dostonlaridan olish mumkin. Gomer dostonlari ma’lumotiga qaraganda, qadimgi Yunoniston tuprog‘ida eramizdan avvalgi shu davrlarda Nestor, Menelay, Odissey, Axill kabi mashhur notiqlar bo‘lgan. Bu to‘rt notiq shu san’atning 4 yo‘nalishiga mansub bo‘lib, ular maxsus notiqlik maktablarida tahsil olganlar.
Bu san’at harbiy mutaxassislik va boshqa zarur ijtimoiy mutaxassisliklar qatori maxsus maktablarga ega bo‘lgan. Shuning uchun e’tiborli oilalar farzandlarini yoshligidan shu san’at bilan qurollantirishga uringanlar.
XIII-XII asrlardagi notiqlik san’ati tarixiy taraqqiyotning madaniy cho‘qqisi bo‘lgan, ana shu ravnaq necha asrlar osha yangidan ko‘tarilgan, keyingi yuksaklikning pishib yetishiga ijobiy ta’sir etgan.