Ochko‘z bo‘ri Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, ulkan o‘rmonda bir ayyor tulki bo‘lgan ekan. Bir kuni u yo‘lda, bo‘rini uchratibdi. Bo‘ri semizgina quyonni tishlab ketayotgan ekan. Tulki bo‘riga:
– Assalomu alaykum, bo‘ri tog‘a, o‘lja muborak. Men sizga yangi yilga semiz qo‘chqor olib qo‘ygandim. Endi uni o‘zim yeya qolaman, – debdi.
Bo‘rini quvonchi ichiga sig‘may shoshib-pishib tulkiga:
– Yo‘g‘e, nega endi, men albatta, sovg‘angni qabul qilaman. Sen hozir uyingga boraver, men orqangdan tezda yetib olaman, – deb o‘rmonga kirib ketibdi.
Tulki esa bo‘rining orqasidan sezdirmay, poylab boribdi. Bo‘ri ulkan eman kavagiga quyonni yashiribdi. So‘ng tulkining uyi tomon ketibdi. Bo‘ri ketishi bilan tulki daraxt kavagidan o‘ljani olib, paqqos tushiribdi.
Bo‘ri borib qarasa, uyda tulki ham, qo‘chqor ham yo‘q ekan. Shunda bo‘ri aldanganini sezib, orqasiga yuguribdi. Daraxt kavagiga borib qarasa, u bo‘m-bo‘sh ekan. Laqma bo‘ri ochko‘zligi uchun o‘z luqmasidan ayrilibdi. Qissadan hissa shuki:
Ochko‘zlik yomon odat,
Keltirar faqat kulfat.
Boylik topgan bola
Bor ekan-u, yo‘q ekan, qadim o‘tgan zamonda bir cholning ikki o‘g‘li bo‘lib, ulardan biri sabrli va mehnatkash, ikkinchisi esa yalqov va ishyoqmas ekan. Katta o‘g‘il tinmay mehnat qilgani uchun ham sog‘lom va baquvvat bo‘lsa, dangasa o‘g‘il xo‘ppa semiz va dardmand ekan.
Kunlardan bir kuni qarib qolgan ota merosni taqsimlashga kelganda o‘zi qurgan imoratni qaysi o‘g‘liga qoldirishni bilmay, boshi qotibdi. Shunda ularni sinovdan o‘tkazmoqchi bo‘libdi.
– Shartim shunday, kimda-kim o‘ziga bo‘lib berilgan yerdan mo‘l hosil olsa, hovli-joy o‘shanga qoladi, debdi. Va o‘z-o‘zicha chamalab, baribir katta o‘g‘il g‘olib bo‘lsa kerak, chunki uning suyagi mehnatda qotgan, deya o‘ylabdi. Ammo, kichik o‘g‘il bo‘sh kelmabdi. O‘ziga ajratilgan yerdan mo‘l hosil yig‘ish uchun ishchilar yollabdi. Yig‘im-terim paytida bir necha kishining uygan xirmoni balandroq kelibdi. Katta o‘g‘il bundan xafa bo‘lmabdi. Chunki u xuddi otasi qurgan imoratdek uy sola olishiga ko‘zi yetarkan-da. Ammo, natija hammani hayron qoldiribdi.
Kichik o‘g‘il mehnat qilmay rohat ko‘rish mumkin emasligini tushunib yetibdi. Chunki u kamharakatlikdan tobora semirib, xuddi koptokday bo‘lib qolibdi.
Bundan o‘ziga tegishli xulosa chiqarib, otasiga ekin-tikin ishlarida, novvos boqishda, o‘tin terishda yaqindan ko‘maklashibdi. Mehnat uning yuzlariga nur, taniga tetiklik bag‘ishlabdi. Shunda kichik o‘g‘il haqiqiy boylik bu – salomatlik ekanini anglab, sog‘lig‘ini va baxtini mehnatdan topibdi.