O‘zbek xalq cholg‘ularining tarixiy shakllanish jarayoni va taraqqiyoti Rahmonqulov Abdujabbor Nadjimovich, dotsent
Qarshi davlat universiteti, San’atshunoslik fakulteti, Cholg‘u ijrochiligi va vokal san’ati kafedrasi
Annotatsiya: Ushbu maqola qadimgi o‘zbek xalq cholg‘ularining kelib chiqishi, shakllanishl va tarixiy taraqqiyoti jaryoniga qaratilgandir. Milliy musiqiy cholg‘ularimiz xalqimizning moddiy hamda beqiyos ma’naviy boyligidir. Har bir xalq o‘z milliy merosi, an’analari va qadriyatlarini milliy ohanglar orqali tarannum etuvchi va xalqning milliy ma’naviyatiga xos tarzda yaratilgan milliy cholg‘ulariga egadir.
Аннотация: В данной статье речь пойдет о происхождении, становлении и историческом развитии старинных узбекских народных инструментов. Наши национальные музыкальные инструменты – это материальное и духовное богатство нашего народа. У каждого народа есть свои национальные инструменты, которые через национальные мелодии воспевают свое национальное наследие, традиции и ценности и созданы в стиле национального духа народа.
Abstract: This article focuses on the origin, formation and historical development of ancient Uzbek folk instruments. Our national musical instruments are the material and spiritual wealth of our people. Each nation has its own national instruments, which sing their national heritage, traditions and values through national melodies and are created in the style of the national spirit of the people.
Kalit so‘zlar: lyutnya, arfa, lira, kifara, chiltor, chag‘ona, musiqiy - etnografik, ud, rud, changqo‘biz.
Ключевые слова: лютня, гусли, лира, кифара, чилтор, чагона, музыкально-этнографические, уд, руд, чангкобиз.
Keywords: lyutnya, harp, lyre, kifara, chiltor, chagona, musical-ethnographic, ud, rud, changqobiz.
Qadimiy xalq cholg‘ularining kelib chiqishi va paydo bo‘lish jarayoni uzoq o‘tmishga borib taqaladi. Bu cholg‘ular asrlar davomida takomillashib bizning davrimizgacha yetib keldi.
Ma’lumotlarga qaraganda dastlabki musiqa cholg‘ulari eramizdan avvalgi XII–ming yillikda dunyoga kelgan, deb taxmin qilinadi. Mutaxassislarning fikricha, musiqachilikda dastlab urma zarbli cholg‘ular paydo bo‘lgan. Bu tushunarli. Chunki, eng qadimgi mehnat qo‘shiqlari ishning ritmik tuzilishi bilan bevosita bog‘liq. Keyin shovqinli cholg‘ular paydo bo‘ldi. Ijrochilar qarsak chalib ritmni ta’kidladilar, shovqinli cholg‘ular ta’sirini ko‘chaytirdilar. Ijrochi ayollarning chapak zarblari o‘ziga xos, takrorlanmas, go‘zal holatni vujudga keltirar edi. Keyinroq xalq ustalari tomonidan qamish yoki bambuk poyasidan surnay, hushtak, yana biroz o‘tgach esa nay (bo‘ylama, ko‘ndalang, ko‘p yo‘lli), naysimon hushtaklar, shiqildoqlar, chiltorlar (arfa, lira1) va kifaralar yasaldi. Vaqt o‘tib bu cholg‘ular yanada takomillashib (ko‘p yo‘lli, shuningdek zamonaviy ko‘p teshikli) naylar yuzaga keldi. So‘ngroq torli-mizrobli va torli-kamonchali musiqa cholg‘ulari paydo bo‘ldi. Ulardan saroy a’yonlarining marosimlarida, harbiy yurishlarida foydalanildi.
Qadimgi Sharq madaniyati quchog‘ida o‘zbek xalq cholg‘ulari shakllandi. Ular ko‘p asrlik taraqqiyot davomida o‘ziga xos xususiyatlarini tovush tusini saqlab qoldi. o‘ziga xos tuzilishi tufayli nay, surnay, tanbur, dutor, rubob, g‘ijjak, qobuzlar an’anaviy shakllarda bizgacha yetib keldi.[1;6]
Qadimiy xalq cholg‘ularining kelib chiqishi va paydo bo‘lish haqida Sharq mutafakkirlarining merosi ham tarixiy ahamiyatga ega. Buyuk qomusiy olim Abu Nasr Muhammad Forobiy o‘zining mashhur - “Musiqa haqida katta kitob” (“Kiitob al-musiqa al- kabir”) asarida ikki xil musiqa ijrochiligi: ohangni inson ovozi (qo‘shiq san’ti) va cholg‘ular vositalarida qayta tiklashga ajratadi. Forobiy mohir ijrochi sifatida musiqa cholg‘ularining jamiyat hayotidagi rolini o‘rganishga ahamiyat beradi va u: “... jangu-jadallarda, raqslarda, to‘y tomoshalarda, ko‘ngil ochar bazmlarda hamda ishq-muhabbat qo‘shiqlarini kuylashda chalinadigan o‘ziga xos cholg‘ular bor”, deb yozgan edi.
Forobiyning yuqorida keltirilgan fikri cholg‘ularning turli - tumanligi va ularning nafaqat saroy a’yonlari, balki shahar va qishloq aholisi hunarmandlari orasida, shuningdek musiqa madaniyatida yetakchi rol o‘ynaganligini tasdiqlaydi.
Kitobning ikkinchi qismi boshdan oxir o‘sha davr musiqa cholg‘ulariga bag‘ishlangan. Unda lyutnya, tanbur, ud, nay, rubob, chang, shohruh, qonun va boshqa musiqa cholg‘ulari izchil va batafsil ta’riflanadi.[1;9]
Xalq cholg‘ularini o‘rganish va tarixiy ma’lumotlarni to‘plashda arxeologik qazishma ishlarining o‘rni ayniqsa katta bo‘ldi. XX - asrning 30 – 40 - yillarida uyushtirilgan arxeologik ekspedisiyalar (S.L.Tolstov, V.A.Vyatkin, M.B.Masson va boshqalar rahbarligida) natijasida O‘rta Osiyo madaniyatini, shu jumladan xalq cholg‘ularini o‘rganishda qimmatli ma’lumotlarga ega bo‘lindi. Topilgan madaniy yodgordliklarda: rubobsimon cholg‘u, hozirgi doiraga o‘xshash do‘mbira va shu singari cholg‘ularni chalayotgan mashshoqlar tasvirlangan. Bular Afrosiyob, Tuproqqal’a, Ayratom (Ayratom frizi deb ataladi) kabi shaharlardan topilgan sopol idishlardagi mashshoq haykalchalardir. Ularda turli xil musiqa asboblari: lyutnya, tanbur, rubobsimon cholg‘u, qonun, ud, rud, shemane (musiqor), chag‘ona, chiltor, nay, burg‘u, surnay, karnay, doirasimon cholg‘ularida mashq qilishlari tasvirlangan.[1;7]
Xalq cholg‘ulari O‘rta Osiyo aholisining turmushi va mehnat faoliyatiga singib, inson faoliyatining ajralmas tarkibiy qismiga aylandi. Cholg‘ular jo‘rligida qo‘shiq, o‘yin va kuylar xalqning katta - katta marosimlari va oilaviy bayramlarida ijro etilgani bizga ma’lum. Bayramlar ko‘proq yil fasllari bilan bog‘liq bo‘lgan. O‘rta Osiyoda “Navro‘z”, “Lola sayli”, “Hosil bayrami”, “Qovun sayli”, “Uzum sayli” kabi mavsumiy bayramlar keng tarqalgan. Bunday ommaviy bayramlarni xalq cholg‘u ansambllari, xonanda va sozandalar hamda raqqosalarsiz tasavvur qilish qiyin. Bayramlarda, madaniy marosimlarda ayniqsa karnay, surnay, doira, nog‘ora va urma zarbli musiqa cholg‘ulari keng qo‘llanilgan.[3;4]
Xalq cholg‘ularini yig‘ish va o‘rganish bo‘yicha olib borilgan ishlarda mashhur kompozitor, etnograf 2 va pedagog V.A.Uspenskiyning o‘rni alohidadir. Uning faol ishtiroki va harakati natijasida 1919 yili Toshkentda musiqiy - etnografik bo‘lim ochiladi va u bu bo‘limga rahbarlik qiladi. Bu bo‘lim olib borgan ishlardan biri xalq cholg‘ulari kolleksiyasini yig‘ish va ularning ijrochilik imkoniyatlarini o‘rganish bo‘ldi.
O‘zbek musiqasi tarixini o‘rganishda keng ko‘lamdagi folklorshunos olim, iste’dodli pedagog V.M.Belyayevning xizmatlari ham kattadir. V.A.Uspenskiyning Turkmanistonda (1925 - 1926-yillarda) o‘tkazilgan ekspeditsiyasi materiallari V.M.Belyayevning Sharq musiqa madaniyatini o‘rganishi uchun katta turtki bo‘ldi. 1933 yili Moskvada V.M.Belyayevning “O‘zbekiston musiqiy cholg‘ulari” nomli kitobi nashr qilinadi. Unda 50 dan ortiq cholg‘ularning tavsiflari berilgan. Kitobda birinchi marta o‘zbek xalq cholg‘ulari ilmiy darajada sinflashtirilgan.[2;38] Musiqa cholg‘ularini bir tizimga keltirish va ularni turlarga bo‘lib tasniflash amaliyoti dastlab Hindistonda boshlangan. Bu ish eramizdan oldin boshlangan bo‘lib, keyinchalik boshqa joylarda ham shu tizim mukammallashtirila boshlandi. Insoniyat rivojlanishi davomida yaratilgan musiqiy cholg‘ular, mantiqiy jihatdan olib qaraganda, birin - ketin paydo bo‘lganligini kuzatish mumkin.
Bugungi kunda O‘zbekistonda ijrochilik amaliyotida foydalanib kelinayotgan milliy musiqa cholg‘ularining 30 tadan ortiq turlari mavjud. Shulardan 18 nomdagi
musiqiy cholg‘ular XX asrning 40-yillaridan keyin professor A.I.Petrosyans boshchiligidagi bir guruh mutaxassislar va soz ustalari bilan hamkorlikda takomillashtirilgan musiqiy cholg‘ular bo‘lib, konsert sahnalarida yakkanavozlik sifatida, shu bilan birga, asosan orkestr va ko‘p ovozli ansambllarda foydalanish uchun mo‘ljallangandir. Bu muqaddam mavjud bo‘lgan milliy musiqiy cholg‘ularning shaklini yiriklashtirish yoki kichikroq ko‘rinishga keltirish asosida yaratilgan bo‘lib, o‘sha cholg‘u oilasini yaratish ustida olib borilgan tajribalar edi, natijada nay, chang, rubob, dutor, g‘ijjak cholg‘ularining oilasi dunyoga keldi. [2;42]
Hozirda milliy cholg‘ularimiz o‘zining ijrodagi o‘rni va imkoniyatiga qarab quyidagi guhuhlarni tashkul etadi:
O‘zbek an’anaviy cholg‘ulari tarkibiga kiruvchi urma-zarbli cholg‘ular orasida tovushi ma’lum musiqiy balandlikka ega bo‘lganlari uchramaydi. Bu guruh cholg‘ulari qatoriga doyra, nog‘ora, safoil, qayroq, qoshiq, chindovul, tarelkalar kiradi. Ba’zi hollarda patnis, piyola kabi maishiy anjomlardan ham foydalaniladi.
Damli cholg‘ularning tilli, naypachoqli, mundshtukli turlari ham uchraydi. Quvurga to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo jo‘natish orqali tovush hosil qilinadigan qamish nay, g‘ajir nay, nay cholg‘ulari; til yordamida tovush hosil qilinadigan sibizg‘a, qo‘shnay, bo‘laman cholg‘ulari; naypichoq yordamida tovush hosil qilinadigan surnay; mundshtuk yordamida, tovush hosil qilinadigan karnay; sun’iy havo siqish moslamasi yordamida tovush hosil qilinadigan sopol nay kabi cholg‘ular milliy damli cholg‘ular guruhini tashkil etadi.
Torli cholg‘ular – ochiq tordan foydalaniladigan (chang, qonun) va torning ma’lum bo‘lagini bosish orqali tovush balandligi o‘zgartiriladigan (ruboblar, dutor, tanbur, g‘ijjak va boshqa) cholg‘ularga bo‘linishi mumkin. Ammo torli cholg‘ularda tovush hosil qilinishi sharoitiga ko‘ra boshqacha tasniflanishi ham mumkin. Bunda ijro uslublariga ko‘ra urma jarangli torli (chang), tirnama cholg‘ular (dutor, do‘mbira), mizrobli cholg‘ular (qashqar rubobi, afg‘on rubobi, tanbur, qonun), kamonli cholg‘ular (qo‘biz, g‘ijjak, sato)ni sanab o‘tish mumkin.
Xulosa o‘rnida shuni aytishimiz mumkinki milliy musiqiy cholg‘ularimiz xalqimizning moddiy hamda beqiyos ma’naviy boyligi hamdir. Chunki, har bir xalq o‘z milliy merosi, davrlar osha yuzaga kelgan an’analari va qadriyatlarini milliy ohanglar orqali tarannum etuvchi va xalqning milliy ma’naviyatiga xos tarzda yaratilgan milliy cholg‘ulariga egadir. Milliy cholg‘ularimizning kelib chiqish tarixi, guruhlanishi, ularning ijro imkoniyatlarini, tovush hosil qilish usullarini, ovoz akustikasini ilmiy jihatdan yanada chuqurroq o‘rganish va ta’lim tzimiga tadqiq etish ushbu vakillari zimmasida turgan asosiy vazifalardan birini tashkil etadi.