AXBOROT SOHASI VA OMMAVIY KOMMUNIKATsIYaLARNI YaNADA RIVOJLANTIRIShGA OID QO‘ShIMChA ChORA-TADBIRLAR TO‘G‘RISIDA
Mamlakatimizda so‘z va axborot erkinligini ta’minlash, axborot sohasi va ommaviy kommunikatsiyalarni rivojlantirishning institutsional-huquqiy asoslarini shakllantirish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, ommaviy axborot vositalari, matbuot, noshirlik-matbaa va axborot-kutubxona faoliyatini rivojlantirishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha samarali tizim shakllanmagan.
Davlat organlari, xo‘jalik boshqaruvi organlari, davlat korxonalari va tashkilotlari (keyingi o‘rinlarda - davlat organlari va boshqa tashkilotlar) matbuot xizmatlarining jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan o‘zaro hamkorligi yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmagan.
Bundan tashqari, sohaga investitsiyalar jalb etish hamda noshirlik-matbaa va axborot-kutubxona faoliyatini tashkil etishda, xususiylashtirish dasturlarini amalga oshirishda davlat-xususiy sheriklik imkoniyatlaridan foydalanishga lozim darajada e’tibor qaratilmayapti.
Axborot sohasini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish, mamlakat media-bozorini jadal rivojlantirish, davlat organlari va boshqa tashkilotlar faoliyatining ochiqligini ta’minlash, kitob va boshqa bosma mahsulotlar ishlab chiqarish sifatini oshirish maqsadida, shuningdek, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasidagi vazifalarga muvofiq:
1. Quyidagilar:
O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi negizida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (keyingi o‘rinlarda - Agentlik);
Qoraqalpog‘iston matbuot va axborot agentligi, viloyatlar va Toshkent shahar matbuot va axborot boshqarmalari negizida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmalari (keyingi o‘rinlarda - hududiy bo‘linmalar);
yuridik shaxs tashkil etmagan holda O‘zbekiston Respublikasining axborot sohasi va ommaviy kommunikatsiyalarni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda - Jamg‘arma);
O‘zbekiston matbuot va axborot agentligining Ommaviy kommunikatsiyalar sohasida monitoring markazi negizida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining Ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha markazi (keyingi o‘rinlarda - Markaz) tashkil etilsin.
2. Toshkent matbaa-noshirlik kasb-hunar kolleji, uning nomini Noshirlik-matbaa faoliyati sohasida mutaxassislarni tayyorlash kasb-hunar kollejiga o‘zgartirgan hamda amaldagi moliyalashtirish tizimini saqlab qolgan holda Agentlik tasarrufiga o‘tkazilsin.
3. Quyidagilar:
a) Agentlikning asosiy vazifalari etib belgilansin:
fuqarolarning so‘z va axborot erkinligiga doir konstitutsiyaviy huquqlarining ro‘yobga chiqishini ta’minlash, mamlakatni ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy rivojlantirishda ommaviy axborot vositalarining rolini kuchaytirish, media-bozorda ular uchun teng sharoitlar yaratish, shuningdek, jurnalistlarhuquqlarini himoya qilish;
ommaviy axborot vositalari, matbuot, noshirlik-matbaa va axborot-kutubxona faoliyatining rivojlanishini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirishni ta’minlash, shuningdek, investitsiyalar jalb etish va davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida loyihalarni amalga oshirish uchun qulay shart-sharoitlarni shakllantirish;
axborot sohasidagi qonun hujjatlarini qo‘llash amaliyotini umumlashtirish, ommaviy axborot vositalari, matbuot, noshirlik-matbaa va axborot-kutubxona faoliyatining rivojlanishini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ilgari surish va ishlab chiqish;
davlat organlari va boshqa tashkilotlarga ular faoliyatining ochiqligini ta’minlashda, davlat xizmatchilariga ommaviy axborot vositalari bilan ochiq, ommaviy o‘zaro hamkorlik qilish madaniyatini singdirishda, shu jumladan, ularning matbuot xizmatlari (jamoatchilik bilan ishlash bo‘yicha bo‘linmalari) faoliyatini muvofiqlashtirish va uslubiy jihatdan ta’minlash orqali ko‘maklashish;
mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng miqyosli islohotlarni, investitsiyalar kiritish va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash uchun yaratilgan qulay sharoitlarni, avvalo, xorijiy ishbilarmon doiralar, tadbirkorlar, salohiyatli investorlar, davlat va jamoat arboblari orasida targ‘ib etish va keng xabardorqilish masalalarida davlat organlari va boshqa tashkilotlar, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari bilan o‘zarohamkorlik qilish;
tarmoq korxonalarining moddiy-texnik bazasini rivojlantirish va mustahkamlash, shuningdek, zamonaviy standartlashtirish va sertifikatlashtirish tizimlari, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish va amalga oshirish;
kitob nashr etish, elektron va audio kitoblar yaratish, kitob mutolaasi madaniyatini oshirish, xorijda o‘zbek adabiyotini ommalashtirish sohasida dasturiy chora-tadbirlarni ishlab chiqish va ularning amalga oshirilishini ta’minlash;
jurnalistlar hamda ommaviy axborot vositalari, matbuot, noshirlik-matbaa va axborot-kutubxona korxonalari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish, shuningdek, tarmoqning muhandislik-texnik mutaxassislarini tayyorlashda ko‘maklashish, ularning ijtimoiy va huquqiy himoyasini ta’minlash;
respublika axborot xavfsizligini ta’minlashda ishtirok etish hamda axborot sohasidagi xatar va tahdidlarga qarshi o‘z vaqtida va munosib ravishda kurashish choralarini ko‘rish;
davlat organlari va boshqa tashkilotlar faoliyatining ochiqligi holati va darajasini tahlil qilish;
milliy axborot makonini hamda ommaviy axborot vositalari, matbuot, noshirlik-matbaa va axborot-kutubxona faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha chora-tadbirlarning amalga oshirilishi samaradorligini monitoring qilish;
ommaviy axborot vositalarida tarqatilayotgan materiallar mazmunining, shu jumladan, shaxs, jamiyat va davlat manfaatlarining himoyasini ta’minlashgaqaratilgan qonun hujjatlari talablariga muvofiqligini tizimli asosda tahlil qilish;
ommaviy axborot vositalari, matbuot, noshirlik-matbaa va axborot-kutubxona faoliyati sohasidagi muammo va to‘siqlarni aniqlash;
tahlil va monitoring natijalarini umumlashtirish va ular asosida tavsiyalar berish.
4. O‘zbekiston Respublikasi Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasining fonogrammalar va audiovizual asarlarni tarqatish (sotish, ijaraga berish va omma e’tiboriga yetkazish)da mualliflik huquqlari sohasidagi qonunchilikka va normativ hujjatlarga rioya qilinishi ustidan davlat nazorati bo‘yicha vakolatlari Agentlikka berilsin.
5. Quyidagilar Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish manbalari etib belgilansin:
Agentlikka idoraviy mansub nashriyotlar va matbaa korxonalarining mahsulotlarini sotishdan tushadigan sof tushumning 10 foizi miqdorida shartnoma asosidagi ajratmalardan shakllantiriladigan mablag‘lar;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan 20 milliard so‘m miqdorida bir marta ajratiladigan mablag‘lar;
Agentlik tomonidan ruxsatnoma tusidagi hujjatlar berganlik uchun davlat boji to‘lashdan tushadigan mablag‘lar;
jismoniy va yuridik shaxslar, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi norezidentlarining homiylik xayriyalari;
qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa tushumlar.
Belgilab qo‘yilsinki, Jamg‘arma mablag‘lari quyidagilarga sarflanadi:
davlat va nodavlat ommaviy axborot vositalarini rivojlantirishni rag‘batlantirish va ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, tarmoqkorxonalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash;
kitob mutolaasi madaniyatini oshirish, o‘zbek adabiyotini ommalashtirish, axborot-kutubxona muassasalarining kitob fondini rivojlantirish, nashriyotlarning o‘quv va adabiy materiallari kasbiy va badiiy saviyasini oshirish bo‘yicha loyiha va dasturlarni moliyalashtirish;
xorijda O‘zbekistonning ijobiy imijini targ‘ib etish, axborot kampaniyalarini o‘tkazish, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning borishi, yaratilgan qulay sharoitlar va ishbilarmonlik muhitining yaxshilanishi to‘g‘risida, avvalo, xorijiy ishbilarmon doiralar, tadbirkorlar, salohiyatli investorlar, davlat va jamoat arboblari orasida targ‘ibot olib borish va ularni keng xabardor qilish;
jurnalistlar hamda ommaviy axborot vositalari, matbuot, noshirlik-matbaa korxonalari va axborot-kutubxona muassasalari xodimlarini, shu jumladan, mamlakatimizdan va xorijdan mutaxassislar jalb etish, xorijda o‘quv stajirovkalarini tashkil etish orqali tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tadbirlarini moliyalashtirish;
Agentlik, uning hududiy va tarkibiy bo‘linmalarining xodimlarini moddiy rag‘batlantirish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash;
Agentlikka yuklangan vazifalarni bajarish doirasida davlat organlari va boshqa tashkilotlar, nodavlat notijorat tashkilotlar, ilmiy va ta’lim muassasalari, yetakchi xalqaro tashkilotlar va xorijiy kompaniyalarning yuqori malakali xodimlarini, shuningdek, jumladan xorijiy mutaxassislarni maslahatchi sifatida jalb etish bo‘yicha xarajatlarni qoplash.
Agentlik O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasining axborot sohasi va ommaviy kommunikatsiyalarni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizomni belgilangan tartibda tasdiqlasin, unda, jumladan Agentlikka idoraviy mansub korxonalarning sof tushumidan mablag‘larning bir qismi bevosita Jamg‘armaga yo‘naltirilishini nazarda tutsin.
6. Agentlikka Toshkent shahri, Shayxontohur tumani, H. Rahmatullayev ko‘chasi, 3-uy manzilida joylashgan O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining "Barkamol avlod" respublika bolalar markazi binosi va inshootlari tutash hududi bilan birgalikda operativ boshqaruv huquqi asosida berilsin va unda Noshirlik-matbaa faoliyati sohasida mutaxassislarni tayyorlash kasb-hunar kolleji joylashtirilsin.
7. Agentlik Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:
qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni mazkur Farmonga muvofiqlashtirsin.
8. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining o‘rinbosari F.Sh. Mahmudov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyev