11-sinf O’zbekiston tarixi fani darsligi asosida 9-mavzu
Dinlararo bag‘rikenglikning shakllanishi.
SSSR davrida O‘zbekistonda 89 masjid, 2 ta madrasa bo‘lgan bo‘lsa, 2017-yilga qadar esa 2033 ta masjid, Islom universiteti, Islom instituti, 16 ta diniy konfessiyalar faoliyat yuritib keldi.
O‘zbekiston aholisining 88 foizi islom diniga, 10 foizidan ziyodi boshqa dinlarga e’tiqod qiladi, 1,8 foizi hech qaysi dinga e’tiqod qilmaydi.
Aholisi ko‘p millatli bo‘lgan O‘zbekistonda islomdan tashqari xristianlik, yahudiylik, buddaviylik va boshqa konfessiyalarga e’tiqod qiluvchi kishilar ham bor.
1991-yil davlatning vijdon erkinligi va dinga oid siyosatini belgilab beruvchi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi.
1992-yil O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga binoan Vazirlar Mahkamasi huzurida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tashkil etildi.
1998-yil O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahriri qabul qilindi.
2007-yilda Islom Hamkorligi Tashkilotining ta’lim, fan va madaniyat masalalar bo‘yicha tuzilmasi – AYSESKO tomonidan “Toshkent – Islom madaniyati poytaxti” deb e’lon qilindi.
Turli din vakillariga munosabat.
Ilmiy manbalar o‘lkamizda qadim zamonlardanoq zardushtiylik, buddaviylik, yahudiylik, nasroniylik kabi murakkab ideologik tizimga ega dinlar tinch-totuv faoliyat olib borganliklaridan dalolat beradi.
Ayni paytda O‘zbekistonda islom dini bilan bir qatorda, pravoslavlar, baptistlar, yahudiylar, adventistlar, katoliklar, lyuteranlar, krishnaitlar, buddistlar, pyatidesyatniklar, Iegova shohidlari, yangi havvoriylar, xristian-presviterianlar singari bir qancha din va mazhablar mavjud.
Toshkentdagi Rim-katolik cherkovi
Islom dini va diniy ta’limga e’tibor.
Bugun respublikada 16 ta diniy konfessiyaga mansub 2238 ta diniy tashkilot – Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti, 9 ta o‘rta maxsus islom bilim yurti, pravoslav va protestant seminariyalari faoliyat olib bormoqda. Toshkentdagi Minor masjidi
1999-yilda O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovning tashabbusi bilan Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan Toshkent Islom universitetiga asos solindi.
Prezidentning 2017-yil 27-martdagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Samarqandda ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etildi.
Toshkentda Islom madaniyati markazi hamda Prezidentning 2017-yil 15-dekabrdagi farmoni asosida O‘zbekiston Islom akademiyasi tashkil etildi.
Savol va topshiriqlar:
1. Bugungi kunda O‘zbekistonda qancha diniy tashkilotlar mavjud?
2. Konfessiyalararo munosabatlar deganda nimani tushundingiz?
3. Diniy bag‘rikenglikni kafolatlaydigan huquqiy-me’yoriy hujjatlarni sanab bering.
4. Diniy bag‘rikenglik tamoyillarini aytib bering.