A.AVLONIY NOMIDAGI XALQ TA’LIMI MUAMMOLARINI
O‘RGANISH VA ISTIQBOLLARINI BELGILASH ILMIY-TADQIQOT
INSTITUTI
“Uzluksiz kasbiy rivojlantirish – 2022” loyihasi
“PEDAGOG MAS’ULIYATI VA MOSLASHUVCHANLIGI”
o‘quv kursining
“PEDAGOGNING NUTQ TEXNIKASI VA NOTIQLIK MADANIYATI”
mavzusidan ma’ruza matni
Ma’ruzasi: Shomurodova Sitora Xoshim qizi
Toshkent 2022
11.2-mavzu
Pedagogning nutq texnikasi va notiqlik madaniyati
Reja:
1. Pedagogning nutq texnikasi nima?
2. O‘qituvchining notiqlik madaniyati.
3. O‘qituvchi nutqining ta’sirchanligini oshirish yo‘llari.
1.Nutq texnikasi — bu o‘qituvchining shaxsiy madaniyati, uning bilimlari,
uquvi, har tomonlama nazariy tayyorgarligi, ta’lim va tarbiya berish usullarini o‘z
nutqi orqali ifodalash demakdir. Nutq madaniyati — ijtimoiy madaniyatni, kishilik
jamiyati madaniyatini aks ettiruvchi bir ko‘zgudir. Nutq madaniyati adabiy tilning
har ikki shakli — yozma va og‘zaki shakli uchun zarurdir. Nutq madaniyatiga
e’tibor yolg‘iz o‘qituvchilardan emas, balki har bir fuqarodan ongli ravishda
o‘zlashtirish talab qilinadigan insoniy fazilatlardan biridir. Uni egallash har bir
o‘qituvchining va shaxsning madaniy saviyasi va bilimiga bog‘liq. O‘qituvchi
pedagogik mahoratida nutq madaniyati, uning nafaqat ma’naviy va axloqiy
jihatdan boyligini, balki bilimini, tafakkurini, ilmiy dunyoqarashini, fikr va
mushohada yuritishini belgilovchi me’yordir. O‘qituvchining nutq madaniyati
birdaniga shakllanib maromiga yetadigan jarayon emas, u pedagogik mahorat
bilan, kasb faoliyati davomida, tajribali ustozlar o‘giti natijasida yillar davomida
takomillashib, sayqallanib boraveradi. O‘qituvchining nutqiy qobiliyati madaniy,
kasbiy, pedagogik talablar asosida shakllanib boradi. Uni rivojlantirish faqat
o‘qituvchining shijoatiga bog‘liq. Shu qobiliyat tufayli o‘qituvchining nutq
madaniyati ham shakllanib boradi.
O‘qituvchining nutq texnikasi ikki xil xususiyatga ega:
- Pedagogning mehnati - izlanish va o‘z ustida ishlash natijasi.
- Pedagog san’ati - aql-farosat bilan amalga oshiriladigan xatti-harakat,
iste’dod natijasi hisoblanadi.
Nutq texnikasining zaruriy sharti — bu o‘qituvchining o‘z e’tibori va
o‘quvchilarning e’tiborlarini boshqara olish demakdir.
O‘quvchi hayoti davomida o‘qituvchisining nutqiy xususiyatlarini,
o‘quvchilarga murojaat qilish, savollarga aniq va mukammal javob berish
usullarini xotirasida saqlaydi. O‘qituvchining nutqi o‘quvchilarga ta’lim-tarbiya
berish vazifasini bajarishi kerak. Shuning uchun unga faqat umummadaniy emas,
balki kasbiy va pedagogik talablar ham qo‘yiladi. O‘qituvchilar o‘z so‘zlarining
mazmuni, sifati va oqibati uchun jamiyat oldida ijtimoiy javobgar shaxsdir.
Shuning uchun ta’lim-tarbiya jarayonida o‘qituvchi nutqi pedagogik mahoratning
muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. O‘quvchilar, o‘qituvchi nutqini eshita turib
qator operatsiyalami bajaradi: berilayotgan axborotni ko‘rgazmali shaklda
aniqlashtiradi, o‘zidagi bilim bilan unga nisbatan munosabat bildiradi, eslab qoladi,
nutq mantiqini, fikrlar rivojini kuzatib boradi.
Dostları ilə paylaş: |