QISHLOQ XO’JALIGIDA ISHLAB CHIQARISHNI JOYLASHTIRISH VA IXTISOSLASHTIRISHNING TASHKILIY IQTISODIY ASOSLARI
REJA:
KIRISH
I BOB.QISHLOQ XO’JALIGIDA ISHLAB CHIQARISHNI JOYLASHTIRISHNING NAZARIY ASOSLARI.
1.Qishloq xo`jaligi ekinlarini joylashtirish to’g’risida tushuncha.
2.Qishloq xojaligi ekinlarini joylashtirishga va ixtisoslashtirishga ta’sir etuvchi omillar.
3.Qishloq xo’jaligi ekinlarini joylashtirishning o’ziga xos xususiyatlari va tamoyillari.
II BOB. QASHQADARYO VILOYATIDA QISHLOQ XO’JALIGI ISHLAB CHIQARISHINING JOYLASHUVI VA IXTISOSLASHUVI.
1.Viloyatda qishloq xo’jaligining tashkil etilishi va ixtisoslashuvi.
2. Viloyatda qishloq xo’jaligi ekinlarini joylashtirish va ixtisoslashtirishning iqtisodiy tahlili.
III BOB. QISHLOQ XO’JALIGI KORXONALARIDA EKINLARNI JOYLASHTIRISH VA IXTISOSLASHTIRISHNI TAKOMILLASHTIRISHNING USTIVOR YO’NALISHLARI. 1.Qishloq xo`jaligi tarmoqlarini joylashtirishda hisobga olinadigan qonuniyatlar.
2.Qishloq xo’jaligida agroklasterlar tashkil etish ixtisoslashtirishning ustuvor yo’nalishi sifatida.
XULOSA
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR
KIRISH
Mustaqillik yillarida respublikada qishloq xo`jaligi sohasiga bozor tamoyillarini joriy qilish va mulkchilik shakllarini to`liq o`zgartirish bilan tub islohotlar o`tkazildi, natijada xo`jalik yuritishning yangi shakllari paydo bo`lib, ular qishloq xo`jaligi iqtisodiyotining rivojlanishida o`z aksini topdi. Ishlab chiqarishni diversifikatsiyalash va oziq-ovqat mustaqilligini ta`minlash bo`yicha qishloq xo`jaligini strategik rivojlantirish doirasida o`tkazilgan kompleks chora-tadbirlarning amalga oshirilishi natijasida, so`nggi yillarda sohada yuqori sur`atlarga erishildi.
Iqtisodiy islohatlarning butun zanjirida agrar sohadagi uzgarishlarga g‘oyat katta ahamiyat berilmoqda. Bu esa aholining aksariyati qishloqda yashashi, iqtisodiyotning agrar-sanoat tarzida ekanligi hamda xayotiy muhim muammolarni hal qilishda qishloq xo‘jaligining tutgan o‘rni bilan bog‘liq. Hozir iqtisodiyotning Ayni agrar sohasi katta imkoniyatlarga ega. Bu imkoniyatlardan foydalanib, aholini oziq-ovqat va sanoatni xom ashyo bilan taminlashni yaxshilabgina qolmay, Respublika qishloq aholisining turmushini farovon qilish ham mumkin. Qishloq xo‘jaligida o`zgarishlar demokratik usullar bilan, avvalo, dehqonchilik sohasidagi mavjud ijtimoiy - iqtisodiy munosabatlarni tubdan uzgartirish hisobiga amalga oshiriladi. Mehnatni tashkil etishning dehqon uchun tushunarli va foydali bo‘lgan shakllarini tiklash zarur. Qishloq xo‘jaligini diversifikatsiya qilish, yer-suv resurslaridan yanada oqilona foydalanish, eksportbop mahsulotlar yetishtirish orqali dehqonlarning daromadini oshirish borasida olib borayotgan tizimli ishlarimiz ham asta-sekin o‘z samarasini bermoqda. Masalan, 2017 yil yakunida 96 ming gektar hosildorligi past maydonlarda paxta va g‘alla o‘rniga 32 ming gektar yerda karam, turli sabzavot va ko‘katlar ekildi va bu maydonlardan olingan minglab tonna mahsulotlar eksport qilindi. Shuningdek, 11 ming gektarda intensiv bog‘ va yangi tokzorlar, 1 ming 500 gektarda issiqxonalar barpo etildi. Qishloq xo‘jaligi sohasida erishayotgan yutuq va natijalarimiz haqida yana ko‘p gapirishimiz mumkin.Lekin yutuqlarga mahliyo bo‘lib o‘tirish, xotirjamlikka berilish bizga yarashmaydi. Chunki qishloq xo‘jaligi sohasida hali ishga solinmagan imkoniyatlar, o‘z yechimini kutayotgan muammo va kamchiliklar ham juda ko‘pligini barchamiz yaxshi bilamiz. O‘zbekistonni 2017-2021-yillarda yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasida barcha sohalar qatori qishloq xo‘jaligini ham modernizatsiya qilish borasida eng muhim vazifalarni aniq belgilab, ularni izchil amalga oshirib borayotganimiz sohadagi ulkan muvaffaqiyatlarga asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Qishloq xo‘jaligini joylashtirish mehnatning ijtimoiy bo‘linishi, geografik (hududiy) bo‘linishining bir shakli bo‘lib, u qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishining o‘ziga xos xususiyatlaridan yuzaga keladi. Umumiy ko‘rinishda u o‘zida qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini hududlar bo‘yicha ma‘lum tamoyillar asosida va qator omillar ta’sirida shakllangan tabiiy, ijtimoiy, demografik, siyosiy sharoitlarga ko‘ra taqsimlanishini ko‘rsatadi. Respublikamizda qishloq xo‘jaligi korxonalarining samarali faoliyat yuritishi va rivojlanib borishi ko‘p jihatdan ular uchun yaratilgan shart-sharoitlarga bog‘liqdir. Agrar ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va yangi bosqichga ko‘tarish masalalari shu kunning dolzarb vazifalaridan biriga aylanmoqda. Shu munosabat bilan chorvachilik, g‘allachilik, kartoshkachilik kabi sohalarda ilg‘or mamlakatlar tajribasini o‘rganish va amalda qo‘llash, bizning iqlim sharoitimizda g‘oyat muhim ahamiyat kasb etadigan zamonaviy sug‘orish tizimlari, energiyani tejaydigan zamonaviy texnologiya va agrotexnologiyalarni o‘rganish, urug‘chilik-seleksiya ishlarini yanada takomillashtirish va qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishining mahsuldorligini oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar kompleksini ishlab chiqish maqsadga muvofiqdir. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining 132 ming tonnasi qayta ishlanib, 100 million dollarlik tayyor mahsulot, e’tibor bering tayyor mahsulot eksport qilindi. 724 ming tonna ho’l meva chetga sotildi va bu yurtimizga 856 million dollar valyuta keltirdi. Qishloq xo’jaligini joylashtirish bu alohida mahsulotlar ishlab chiqarishni mamlakatning viloyat, tuman va boshqa hududlari bo’ylab taqsimlash bo’lib, jarayon uzoq davom etuvchi ishlab chiqarish kuchlarining rivojlanishiga ko’ra o’zgaruvchandir. Qishloq xo’jaligining eng to’liq joylashtirilishi ushbu hududda ma’lum turdagi mahsulot ishlab chiqarish hajmi hamda u yoki bu turdagi yalpi va Tovar mahsulotlarining umumiy hajmidagi alohida hududlarning hissasi kabi ko’rsatkichlar bilan izohlanadi.
I BOB.QISHLOQ XO’JALIGIDA ISHLAB CHIQARISHNI JOYLASHTIRISHNING NAZARIY ASOSLARI.
1.Qishloq xo`jaligi ekinlarini joylashtirish to’g’risida tushuncha.
Iqtisodiy islohatlar jarayonida, mulk munosabatlari tubdan o‘zgartirilib, hamma qayta tuzilmalar xususiy xarakterga ega bo‘lgan bir sharoitga keltirmay, mos ravishda ijtimoiy mehnat taqsimoti amalaga oshirilmasa, ishlab chiqarishning iqtisodiy samaradorligi ko‘tarilmaydi va qishloq xo‘jaligi oldida qo‘yilgan ulkan vazifalar to‘liq bajarilmaydi.
Ishlab chiqarishni joylashtirish- bu qishloq xo‘jalik mahsulotlarini ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish maqsadida mamlakat tumanlarining tabiy-iqtisodiy va ekologik omillarini hisobga olgan holda, ularda u yoki bu turdagi qishloq xo‘jalik ekini yoki chorva mollari turini hamda ularga ko‘rsatiladigan xizmatni mos holda joylashtirishdir. Qishloq xo‘jalik ishlab chiqarishini joylashtirish ijtimoiy mehnat taqsimotini miqdor tomondan ko‘rsatib, mamlakat hududlarila joylashgan har bir xo‘jalik, tuman, viloyat, qaysi turdagi qishloq xo‘jalik ekinlarini ekishini, chorva mollar turini saqlashni va ularga mos bo‘lgan xizmatni ko‘rsatishini aniqlab beradi.
Ixtisoslashtirishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish ishlab chiqarish samaradorligini oshirishning muhim shartidir. U bozor iqtisodiyotining mehnat taqsimoti qonuni, mehnat unumdorligini o‘sib borishi, mehnat turlarining o‘rin almashinuvi kabi umum iqtisodiy qonunlaridan kelib chiqadi. Ixtisoslashtirish mehnat unumdorligini, xo‘jalikning rentabelligi va daromadini keskin oshirishiga xizmat qiladi.
Ixtisoslashtirish bozor uchun eng zarur iqtisodiy ahamiyatga ega bo‘lgan tovar mahsulotlarini yetishtirish va xizmat turlarini ko‘rsatish uchun mehnat va moddiy resurlarning bir joyga to‘plashni, yangi texnikadan keng va samarali foydalanishga: yangi, ilg‘or texnologiya va mehnatni tashkil etishni ijara munosabatlari va oila pudrati usullarini joriy etishga qulay sharoit yaratib, yetishtiriladigan mahsulot miqdorini va xizmat turini anchagina ko‘paytirish imkonini beradi, mehnat unumdorligini oshiradi, xo‘jaliklarning ishlab chiqarish samaradorligini ko‘taradi.
Qishloq xo‘jalik ishlab chiqarishini ixtisoslashtirish korxonalar oldida turgan asosiy vazifalarni to‘liq bajarilishi ya’ni, ishlab chiqarishga ilg‘or, ekologik toza agrotexnika, zooveterinariya, texnikaviy xizmat, organik va mineral o‘g‘itlar hamda o‘simliklarni va chorvani himoya qilish vositalarini, fan yutuqlari, ilg‘orlar ish tajribasini joriy etib, ulardan unumli foydalanib, mehnat va mablag‘larni kam sarflagan holda qishloq xo‘jaligiga yaroqli har bir gektar yer va shartli bosh mol hisobiga dehqonchilik va chorvachilik mahsulotlarini mumkin qadar tez va barqaror ko‘paytirishini ta’minlaydi.
Ishlab chiqarishni ixtisoslashtirish va joylashtirish bo‘yicha ish olib borganda quyidagi tamoyillarga qat’iy amal qilish lozim:
- ixtisoslashtirish va joylashtirishda muntazmlik va barqarorlik;
-xo‘jalik iqtisodini va ishlab chiqarish tuzilmalarini hisobga olgan holda, tashkiliy mulk shaklini va ishlab chiqarish yo‘nalishini tanlashga ilmiy yondashish;
-korxonalarning bir-biri bilan ixtiyoriy hamkorlik va iqtisodiy mustaqilligini saqlash;
-korxonalar ishlab chiqarish faoliyatini boshqarishni tashkil qilishda, ijtimoiy mehnat taqsimotini amalga oshirishda va mehnat resurslaridan foydalanishda demokratik tamoyillarga amal qilish;
-ish bajaruvchilarning mehnat unumdorligini o‘stirganligi uchun moddiy manfaatdorligini ta’minlash;
Qishloq xo‘jalik korxonalarida ishlab chiqarishni ixtisoslashtirish va joylashtirishga quyidagi omillar o‘z ta’sirini o‘tkazadi:
-bozor talabini hisobga olish;
-ishlab chiqarish resurslaridan unumli va to‘la foydalanish;
-ishlab chiqarishni iste’molchilarga yaqinlashtirish;
-har bir iqtisodiy tumanni o‘zida ishlab chiqarilgan mahsulotlarini hisobiga, o‘z talabini qondirish;
-respublika , viloyat va tumanlarida mehnat taqsimotini hisobga olish va mehnat bozorini tashkil etish.
Qishloq xo‘jalik ishlab chiqarishini joylashtirishda quyidagi omillarga e’tiborini berish lozim:
-yirik sanoat markazlari va shaharlar talabini hisobga olish;
-qishloq xo‘jalik mahsulotlari xarakteriga, tez buzilish, tashish qiyinchiligi, transport harakati va hokazolarga;
-mahsulot yetishtirish uchun sarflanadigan xom ashyo xarakteriga sut, qatiq, yog‘va boshqa mahsulotlar yetishtirish uchun oziqani chorva mollariga yaqinlashtirishga;
-transport vositalari hamda yo‘llar holatiga;
-mahsulotlarni qayta ishlash, saqlash va sotuvchi korxonalarni joylashishiga va rivojlanish darajasiga;
-mintaqa aholisi, uning mehnatga yaroqli qismi, mehnat malakasi, kabi va bo‘sh ish o‘rinlarining mavjudligiga.
Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishining tuproq va iqlim sharoiti bilan uzviy bog‘likligi undagi mehnat taqsimotini geografik jihatidan taqsimlanish zaruriyatini keltirib chiqaradi va bu xususiyat uning joylashishida o‘z ifodasini topadi. Qishloq xo‘jaligini joylashtirish uni ixtisoslashishi bilan uzviy bog‘liqdir. Ixtisoslashtirishni amalga oshirishdan oldin hudud va xo‘jalikning tabiiy va iqtisodiy sharoiti sinchiklab hisob kitob qilinadi va so‘ng qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini ratsional joylashuvi ta’minlanadi.
Ixtisoslashtirish-ijtimoiy mehnat taqsimotining mahsuli bo‘lib, u har bir ijtimoiy-iqtisodiy formatsiyanint o‘ziga xos bo‘lgan iqtisodiy qonunlari ta’sirida vujudga keladi.
Mehnat taqsimoti ijtimoiy ishlab chiqarishning barcha bosqichlarida ro‘y berib, ishlab chiqarish kuchlarining darajasini aks ettiradi. Shuning uchun ixtisoslashtirish o‘zgarishlarga boy jarayon bo‘lib, tinimsiz rivojlanadi va takomillashadi.
Qishloq xo‘jaligida ixtisoslashtirish deganda - mamlakatning ayrim iqtisodiy hududlari, tuman va ayrim xo‘jaliklarini u yoki bu mahsulot turini ko‘plab yetishtirish uchun moslashuvi tushuniladi. Kishloq xo‘jaligini ixtisoslashtirish kompleks mexanizatsiya, tarmoqlarni intensiv texnologiya asosida olib borish, mehnatni tashkil qilishni progressiv shakl va uslublarini joriy etish, ishchilarning malakasini oshirish va mehnat unumdorligini o‘sishiga, mehnat vositalari va buyumlaridan ratsional foydalanish sharoitlarini yaratishga keng imkoniyatlar ochib beradi. Ixtisoslashtirish darajasini chuqurlashishi jarayonida qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi takomillashadi va bu o‘zgarishlar undagi tarmoqlar bilan bir qatorda 6utun qishloq xo‘jaligini iqtisodiy samaradorligini oshishiga olib keladi.
Qishloq xo‘jaligini iqtisodiy asoslangan joylashtirish va ixtisoslashtirish ma’lum darajadagi qonuniyatlar asosida amalga oshiriladi:
Bozor talablarini hisobga olish,
Ishlab chiqarish resurslaridan to‘la foydalanish,
Mahsulot ishlab chiqarishni talab joylarni yaqinlashtirish,
Hududlarni o‘z-o‘zini oziq-ovqat bilan ta’minlash,
Mamlakatni iqtisodiy mustaqilligini ta’minlash,
Xalqaro mehnat taqsimotini hisobga olish.
Qishloq xo‘jaligida ixtisoslashtirish mamlakatning ayrim hududlari, viloyat, tuman, xo‘jalik va ularning bo‘limlari miqyosida amalga oshiriladi. Shu boisdan ixtisoslashishning quyidagi shakllari mavjuddir:
1) Zonalar bo‘yicha ixtisoslashish,
2) Xo‘jaliklararo ixtisoslashish,
3) Xo‘jalik ichidagi ixtisoslashish.
4)Tarmoq ichidagi ixtisoslashish
Zonalar bo‘yicha ixtisoslashish- bu mamlakat viloyat va qishloq xo‘jaligi hududlari va boshqa shu kabi ma’lum territorial birliklarniig ixtisoslashishidir.
Xo‘jaliklararo ixtisoslashtirish deganda xo‘jalik va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalarini ma’lum qishloq xo‘jaligi mahsulotini yetishtirishga moslashishi tushuniladi.
Xo‘jalik ichidagi ixtisoslashtirish - bu xo‘jalik ichki bo‘linmalarida, kichik jamoa guruhlarini, fermalarni ma’lum qishloq xo‘jaligi mahsuloti yetishtirishga ixtisoslashishi tushuniladi.
Tarmoqlar ichidagi ixtisoslashtirish deganda xo‘jaliklar va ularning bo‘linmalarini pirovard mahsulot ishlab chiqarishni texnologik bosqichlar bo‘yicha moslanishiga aytiladi. Bunda ishlab chiqarish jarayonlari, o‘zicha alohida bo‘lgan xo‘jaliklar va ularning bo‘linmalari o‘rtasida farqlanadi. Bu turdagi ixtisoslashish hozirda ayniqsa parrandachilikda, sut va go‘sht qoramolchiligida keng tarqalgan.
2.Qishloq xojaligi ekinlarini joylashtirishga va ixtisoslashtirishga ta’sir etuvchi omillar.
Ixtisoslashtirish deganda korxona faoliyatini asosan biror tur (yoki tor doirada bir necha tur) mahsulot yetishtirishga qaratilishi, yetishtiriladigan mahsulotlar tarkibida shu mahsulot salmog‘ining asosiy o‘rin egallashi tushuniladi. U yoki bu qishloq xo‘jalik mahsulotini yetishtirishga nafaqat qishloq xo‘jaligi korxonasi, balki butun bir hudud, viloyat, iqtisodiy hudud va zonalar ixtisoslashishi mumkin.
Qishloq xo‘jaligida ixtisoslashtirish to‘rtta turga bo‘linadi (5-chizma):
- hududiy (zonal) ixtisoslashuv;
- xo‘jaliklararo ixtisoslashuvi;
- ichki xo‘jalik ixtisoslashuvi;
- tarmoq ichida ixtisoslashuv.
Shakllari
Mazmuni
Obekti
Hududiy (zonal)
Ixtisoslashtirish
Tovar qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish maqsadida qishloq xo‘jaligi zonalari yoki ma’muriy-hududiy bo‘linmalar o‘rtasidagi mehnat taqsimoti
Bir zona yoki ma’muriy-hududiy bo‘linmada joylash-gan qishloq xo‘jaligi korxonalarining tovar ishlab chiqarishi
Xo‘jaliklararo ixtisoslashtirish
Tovar qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish maqsadida qishloq xo‘jaligi korxonalari (fermer, shirkat xo‘jaligi) o‘rtasidagi mehnat taqsimoti
Qishloq xo‘jaligi kor-xonalarining (fermer, shirkat xo‘jaligining) tovar ishlab chiqarishi
Ichki xo‘jalik ixtisoslashtirish
Yalpi qishloq xo‘jaligi mahsu-lotlari yetishtirish maqsadida korxonaning ishlab chiqarish bo‘linmalari o‘rtasidagi mehnat taqsimoti
Qishloq xo‘jaligi kor-xonalarining yalpi qishloq xo‘jaligi mahsulotini ishlab chiqarishi
Tarmoq ichida ixtisoslashuv
Qishloq xo‘jaligi korxonalari yoki ularning bo‘linmalari o‘rtasida biror turdagi mahsulotni ishlab chiqarish jarayonida texnologik jarayonning bir qismini bajarishga ixtisoslashgan mehnat taqsimoti
Qishloq xo‘jaligi kor-xonalarining yalpi qishloq xo‘jaligi mahsulotini ishlab chiqa-rishi
5-chizma. Qishloq xo‘jaligida ixtisoslashtirishning asosiy shakllari, mazmuni va obektlari
Korxonalarning ixtisoslashtirish darajasini quyidagi ko‘rsatkichlar ifoda etadi:
korxona tovar mahsulotining tarkibi, ya’ni jami tovar mahsulotidagi u yoki bu turdagi mahsulotning salmog‘i;
korxona yalpi mahsulotini tarkibi;
yer maydoni, ekin maydoni tarkibi, chorva va poda tarkibi;
ishchi kuchlari va mehnat sarfining tarkibi va taqsimlanishi.
Qishloq xo‘jaligi korxonalarining u yoki bu mahsulot turi yetishtirishga ixtisoslashuv darajasini ifodalovchi umumiy ko‘rsatkich sifatida ixtisoslashuv darajasini ko‘rsatish mumkin:
Bu yerda: Id – ixtisoslashuv darajasi, foizda;
Mk – muayyan turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotining qiymati, ming so‘mda;
YAMk – korxonaning yalpi qishloq xo‘jaligi mahsulot qiymati, ming so‘mda.
Qishloq xo‘jaligi korxonalarining ixtisoslashuviga turli omillar ta’sir ko‘rsatadi. Ulardan biri korxonaning tabiiy-iqlim sharoiti va jug‘rofik joylashuvidir. Cho‘l zonalarda, tabiiy yog‘ingarchilik juda kam hududlarda suvni kam talab etadigan sohalar rivojlantiriladi. Shuning uchun cho‘l zonalarida joylashgan korxonalar qo‘ychilik, shuningdek, qorako‘lchilik yo‘nalishiga, tog‘ yonbag‘rida joylashgan korxonalar bog‘dorchilikka ixtisoslashgan.
Qishloq xo‘jaligi korxonalarining ixtisoslashuviga ta’sir etuvchi muhim omillardan yana biri – xo‘jalik joylashgan hududda ishlab chiqarishga xizmat ko‘rsatuvchi infratuzilmalarning rivojlanish darajasidir.
Ixtisoslashuv darajasining ortishiga davlatning agrar iqtisodiy siyosati ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Xususan, mustaqillik yillarida davlat tomonidan paxta va g‘alla yetishtirishning strategik yo‘nalishlardan biri sifatida e’tirof etilishi, paxta va g‘allaga davlat buyurtmalarining joriy etilishi natijasida dehqonchilik yo‘nalishidagi qishloq xo‘jaligi korxonalarining asosiy qismi paxta va g‘alla yetishtirishga ixtisoslashgan.
Ixtisoslashuvga korxona joylashgan hududdagi aholining qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi sohasidagi tajribalari, asrlar davomida shakllanib kelgan va avloddan-avlodga o‘tuvchi bilim va malakalari, yashash tarzi ham o‘z ta’sirini ko‘rsatishi mumkin. Masalan, Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanidagi Varganza qishlog‘i va Farg‘ona viloyatining Quva tumani aholisi anor yetishtirish sirlarini yaxshi egallagani bilan mashhur.
Ixtisoslashuv tushunchasi eng avvalo korxonaning tarmoq tarkibini shakllantiruvchi asosiy omil hisoblanadi.
Qishloq xo‘jaligida turli-tuman mahsulotlarni yetishtirish jarayonlari qo‘llanilayotgan mehnat qurollari, mahsulot yetishtirish usuli, mehnatni tashkil qilish xususiyatlariga ko‘ra bir-biridan farq qiladi. Shuning uchun - qo‘llanilayotgan vositalar, ishlab chiqarish texnologiyasi, tashkil qilish xususiyati hamda mahsulotlardan foydalanish tartibiga ko‘ra bir-biridan farq qiladigan ishlab chiqarishning bir qismiga tarmoq deb aytiladi. Qishloq xo‘jaligidagi tarmoqlar asosan ikkita katta guruhga: o‘simlikchilik va chorvachilikka (6-chizma) bo‘linadi.
Qishloq xo‘jaligi korxonalari tarmoqlari quyidagi guruhlarga bo‘linadi:
- asosiy tarmoq;
- yordamchi tarmoq;
- xizmat ko‘rsatuvchi tarmoq;
- qo‘shimcha tarmoq.
Ixtisoslashtirilgan qishloq xo‘jaligi tovar mahsulotlari ishlab chiqarishning asosi hisoblanadi. Shuning uchun qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishining ixtisoslashtirish yo‘nalishi ularda yetishtirilgai tovar mahsulotining strukturasiga qarab aniqlanadi.
Ma’lumki xo‘jaliklarda faqatgina tovar mahsulotlar yetishtirilmay balki urug‘lik, chorva uchun yem, sut, inkubatsiya uchun tuxum va shunga o‘xshash mahsulotlar yetishtiriladiki, ular yalpi mahsulot strukturasida o‘z ifodasini topadi va aniqlanadi.
O‘zlarining iqtisodiy ahamiyatiga ko‘ra xo‘jaliklardagi ixtisoslashish tarmoqlari asosiy, yordamchi va xizmat qiluvchilarga bo‘linadi.
Asosiy tarmoqlarga xo‘jaliklarning tovar mahsulotlaridagi nisbiy o‘rni eng yuqori bo‘lgan tarmoqqa kiradi.
Yordamchi tarmoqlarning o‘rni tovar mahsuloti strukturasida asosiy tarmoqdan keyin turib, ular asosiy tarmoqni rivojlantirishga shart sharoit yaratish, hamda yer, suv va mehnat resurslaridan to‘laroq foydalanish maqsadida tashkil etiladi.
Xizmat qilish tarmoqlariga xo‘jaliklardagi qurilish, tamirlash, har xil xizmat qilish ustaxonalari kirib ular ham kishloq xo‘jaligi korxonalarining ishlab chiqarish resurslaridan unumli foydalanishiga ijobiy ta’sir etadi.
Kishloq xo‘jaligi korxonalarining ixtisoslashishi avvalom bor asosiy tarmoqni rivojlantirishga ta’sir ko‘rsatib kompleks mexanizatsiyalashtirish, avtomatlashtirish, yangi navlarni joriy etish, yuqori mahsuldor nasldor mollarni ko‘paytirish, intensiv texnologiyalar qo‘llash va hokazolarni amalga oshirishni taqozo etadi. Birok, xo‘jaliklar ixtisoslashishining iqtisodiy samaradorligini yuqori darajasiga asosiy, yordamchi va xizmat qiluvchi tarmoqlarni bir-biriga mutanosib rivojlantirish orqaligina erishish mumkin.
Ixtisoslashtirish darajasiga ko‘ra xo‘jaliklar quyidagi guruhlarga bo‘linadi:
1) Tor ixtisosli xo‘jalik,
2) Ixtisoslashgan xo‘jalik,
3) Ko‘p ixtisosli (tarmoqli) xo‘jalik,
Birinchi guruhga qoidaga asosan tarkibida bitta tarmog‘i bo‘lib, uning tovar mahsulot strukturasidagi ulushi 90-100 foizni tashkil qilgan xo‘jaliklar kiradi (parrandachilik fabrikasi, bug‘doychilik komplekslari, parnik va teplitsa, meva kuchati yetishtirish va shunga o‘xshash xo‘jaliklar kiradi).
Ikkinchi guruhning tarkibiga hozirda nisbatan keng tarqalgan, tarkibida asosiy, yordamchi va xizmat qiluvchi tarmoqlar mavjud bo‘lgan xo‘jaliklar kiradi. Bu guruhdagi xo‘jaliklar tarkibida asosiy tarmoqlarning soni va ularning katta-kichikligiga qarab uchga bo‘linadi:
a) tarkibida bitta asosiy tarmoq bo‘lib uning tovar mahsulotidan nisbati 50 % dan yuqori bo‘lgan xo‘jaliklar kiradi (paxtachilik, chorvachilik, parrandichilik xo‘jaliklari).
b) tarkibida ikkita asosiy tarmoq bo‘lib, ularning har biri tovar mahsulotidagi nisbati 20 foizdan kam bo‘lmay, birgalikda tovar mahsulotining yarmidan ko‘proq qismini tashkil qilgan xo‘jaliklar kiradi (don-paxtachilik, don-chorvachilik, sabzavot-sutchilik, bog‘dorchilik-uzumchilik)
v) Tarkibida uchta asosiy tarmoq bo‘lib, ular xo‘jalik tovar mahsulotini to‘rtdan uch qismini tashkil qilgan hamda tarkibida bir nechta yordamchi tarmoqlar bo‘lgan xo‘jaliklar kiradi (don-paxtalavlagi-chorvachilik, don-kartoshka -chorvachilik va h.).
Xo‘jaliklardagi mavjud asosiy tarmoqlarga qarab uning ixtisoslashishini yuritish qabul qilingan. Ba’zi ixtisoslashgan xo‘jaliklarda asosiy tarmoq mahsulotlarini qayta ishlash, saqlash kabi xizmat qiluvchi tarmoqlar keng rivojlanish ham mumkin. Bular sabzavot, meva, uzumni qayta ishlovchi tarmoqlar kabilar.
Uchinchi guruhga (ko‘p tarmoqli xo‘jaliklarga) - tarkibida ko‘p sonli qishloq xo‘jaligi tarmoqlari mavjud bo‘lgan va yaqqol ko‘rinadigan ixtisosga ega bo‘lmagan xo‘jaliklar kiradi.
Bu xo‘jaliklarda tarmoqlarni kamaytirilishi va ixtisoslashtirishni chuqurlashishi natijasida ixtisoslashgan xo‘jaliklar guruhiga o‘ta boradilar.
3.Qishloq xo’jaligi ekinlarini joylashtirishning o’ziga xos xususiyatlari va tamoyillari.
Ixtisoslashtirish qishloq xo‘jaligini intensivlashtirishning asosi hisoblanadi. Chunki ixtisoslashgan qishloq xo‘jaligi korxonalarida ilmiy yutuqlarni, progressiv texnologiyalarni, yuqori ko‘rsatkichga erishgan xo‘jalik tajribalarini joriy etish uchun qulay imkoniyatlar mavjuddir.
Ixtisoslashtirishni rivojlanishi xo‘jaliklarda qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini samaradorligini oshishining asosidir.
Qishloq xo‘jaligini ixtisoslashtirishning iqtisodiy samaradorligi tizim ko‘rsatkichlari orqali aniqlanadi:
• 1 gektar qishloq xo‘jaligiga yaroqli yer hamda asosiy va aylanma vositalarning xar bir so‘mi hisobiga to‘g‘ri kelgan yalpi va tovar mahsulot qiymati,
• bir sentner mahsulot yetishtirish uchun sarflangan mehnat sarfi (odam-soat),
• bir sentner mahsulot tannarxi, sum
• bir gektar qishloq xo‘jaligiga yaroqli yer hisobiga to‘g‘ri kelgan daromad miqdori, so‘m.
• qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishining rentabellik darajasi.
Ixtisoslashtirishning chuqurlashuvi qishloq xo‘jaligi korxonalarining iqtisodiy asoslangan ishlab chiqarish tiplarini aniqlashga bog‘liq. Ishlab chiqarish tiplari deganida ixtisoslashishi, undagi tarmoqlarning mutanosibligi va ularning intensivlik darajasiga qarab guruhlarga bo‘linishi tushuniladi. Bu ishlab chiqarish tiplarining nomlanishi xo‘jaliklardagi asosiy tarmog‘ining tovar mahsuloti nisbatiga muvofiq belgilanadi.
Qishloq xujaligi korxonalarining ishlab chiqarish tiplari xilma-xil bo‘lib, ishlab chiqarish kuchlarining rivojlanishi bilan bog‘liq holda o‘zgarib boradi, Masalan: hozirda O‘zbekistonda paxtachilik, bog‘dorchilik-uzumchilik, don-chorvachilik, qorakulchilik va boshqalar rivojlangan. Qishloq xo‘jaligiga ishlab chiqarish kuchlarining rivojlanishi, ishlab chiqarishi ixtisoslashishini chuqurlashishi va uning markazlashuvini kuchayishi bilan chambarchas bog‘liqdir.
Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini markazlashuvi-bu, ishlab chiqarish vositalarini, ish kuchi va mahsulot yetishtirishni yirik ixtisoslashgan korxona va birlashmalarda intilishi (to‘planish) jarayonidir.
Yirik bo‘lgan qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida intensiv texnologiyani jadallash, ishlab chiqarish vositalarini ratsional va nisbatan intensiv ishlash amalma oshriladi.
Yirik korxonaning afzalligi mehnat unumdorligini oshirishda va mahsulot tannarxini pasaytirishda, ishlab chiqarishi ratsional tashkil qilish, hamda tinimsiz takomillashgan texnikani, fan va yuqori tajribalarni qullashda yaqqol ko‘rinadi.
Qishloq xo‘jaligini markazlashtirish jarayoni tinimsiz amalga oshirilib u ishlab chiqarishni samaradorligini oshirishga ijobiy ta’sir etadi.
Qishloq xo‘jaligi- ishlab chiqarishida markazlashishning tinimsiz davom etishi, ilmiy-texnika taraqqiyoti rivojlanishiga muvofiq korxona, kompleks va birlashmalarning katta-kichikligi optimal bo‘lishini taqozo etadi, chunki yirik qishloq xo‘jalik korxonasining maydonlarini afzalligi bu ma’lum darajagacha bo‘lib, o‘z navbatida bu daraja qishloq xo‘jaligining tarmoqlari o‘rtasida, hamda har xil ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlarda bir xilda bo‘lmaydi.
Yirik ishlab chiqarish korxonalarining maydalarini afzalligini asosiy omillari quyidagilar:
• moddiy-texnika bazasining rivojlanish darajasi.
• texnologiyaning o‘ziga xos xususiyati.
• tashkil qilish va boshqarish formalari va boshqalardir.
Qishloq xo‘jalik nazariyasi va amaliyoti faqatgana yirik xo‘jaliklargina samaradorli bo‘lish xususiyatiga ega degan yagona fikrga mukkasidan ketilishi natijasida mamlakatimiz qishloq xo‘jaligida bir necha bor yiriklashtirish tadbirlari amalga oshirildi va bo‘larga o‘z navbatida katta isbotlanmagan kapital mablag‘lar sarflandi.
Tajribalar shuni ko‘rsatadiki yirik ishlab chiqarish bilan mayda ishlab chiqarishni bir-biriga muvofiq holda olib borilishi yuqori iqtisodiy samaradorlik garovidir. Shuning uchun ham hozirda birlamchi bug‘in sifatida, fermerlar, dexqon xo‘jaliklari, kichik pudrat jamoalari, oilaviy pudrat va boshqalar yirik korxonalar tarkibida tashkil bo‘lmoqda.
Ijtimoiy mehnat taqsimoti, bir tomondan ishlab chiqarishni har xil sohalarini va ularni ma’lum xildagi mahsulot yetishtirishga ixtisoslashga ajratsa, boshqa tomondan ular o‘rtasida aniq va puxta kooperativ aloqani taqozo etadi. Xo‘jaliklar, bunda o‘zaro va sanoat korxonalari bilan ishlab chiqarish, iqtisodiy aloqalarni amalga oshiradilar. Yangi xildagi yirik ixtisoslashgan tashkiliy ishlab chiqarish formalari vujudga keladi.
Bir xildagi tarmoq va soha korxonalarining o‘zaro kooperatsiyalashishi gorizontal bo‘yicha amalga oshirilish deb qabul qilinib, gorizontal integratsiya deyiladi. Integratsiya so‘zi ma’lum bo‘laklar yig‘indisini bir butunga birlashtirish ma’nosini bildiradi. Integratsiya butunlay yoki qisman tashkiliy qo‘shilishga olib keladi. Gorizontal integratsiyani ikki xil ma’noda amalga oshiriladi:
Birinchi alohida bo‘lgan, umumiy ishlab chiqarish jarayonida o‘ziga xos vazifani bajaruvchi ixtisoslashgan qishloq xo‘jaligi korxonalari o‘rtasida amalga oshirishdir.
Ikkinchi, bir nechta xo‘jaliklarning imkoniyat va mablag‘larini yirik ixtisoslashgan korxona tashkil etish maqsadida birlashishi;
Gorizontal bo‘yicha xo‘jaliklararo kooperatsiyaning tashkiliy formalari bo‘lib, ular xo‘jaliklararo kooperatsiya korxonalari birlashmalaridir.
Xo‘jaliklararo kooperatsiya qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish, ishlab chiqarishga bog‘lik bo‘lmagan sohalarda, qurilish, xizmat qilish va boshqalarda tashkil topgandir. U korxonalar va xo‘jaliklar o‘rtasida har xil birikma ko‘rinishlarida amalga oshirilishi mumkindir. Xo‘jaliklararo kooperatsiya kapital mablag‘larni tez qoplash, yer, mehnat va moddiy resurslardan samarali foydalanish imkonini beradi.
Qishloq xo‘jaligining bir qator texnologik vazifalarini sanoat va xizmat qilish tarmoqlariga o‘tishi bilan qishloq xo‘jaligi mehnati faoliyati toraya boradi: tayyor mahsulot yaratuvchi qishloq xo‘jaligi - ko‘p hollarda xom-ashyo yetkazib beruvchi sifatida ishtirok etadi. Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishning iqtisodiy samaradorligi ko‘p hollarda uning o‘z faoliyatiga bog‘lik emas balki, qishloq xo‘jaligida yaratilgan mahsulotlarni qayta ishlash, saqlash, yetkazib berish va boshqa xizmat qilish tarmoqlari sohalariga, ular o‘rtasidagi aloqa va ishlarni yaxshi yo‘lga qo‘yilganiga bog‘liqdir. Bu esa sanoat tarmoqlarini qishloq xo‘jalik korxonalari bilan uzviy birlashishiga shart-sharoit yaratib beradi. Bunda birlashishning zaminida ma’lum bir mahsulot yaratish maqsadlarining bir xilligi yotadi, ya’ni yagona texnologik jarayon yotadi.
Gorizontal bo‘yicha amalga oshiriladigan qishloq xo‘jaligi korxonalarining kooperatsiyasidan farq qilgan holda, bunday birlashish vertikal agrosanoat integratsiyasi deb yuritiladi. Agrosanoat integratsiyasiga xos birlashmalar avvalom bor mahsuloti tez buziladigan qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida vujudga keldi (uzum, meva, sabzavot, sut, efir moylari va hokoza).
Hozirda mamlakatimizda vertikal agrosanoat tuzilmalarining quyidagi shakllari mavjud:
* Agrosanoat korxonalari,
* Xolding kompaniyalari (agrosanoat birlashmalari),
* Agrofirma (firmalar),
* Ilmiy ishlab-chiqarish birlashmalari.
* Agrosanoat korxonasi - bu ishlab chiqarishning shunday tashkiliy tuzilmasidirki, unda qishloq xo‘jaligi xom-ashyosini ishlab chiqarish va uni qayta ishlash uzviy bog‘liq holda tashkil etilgan bo‘ladi. Buning tarkibida qishloq xo‘jaligi mahsulotini qayta ishlovchi bo‘linmalarga ega bo‘lgan xo‘jaliklar zavodlardir.
* Bunday korxonalarda mahsulotni nobud bo‘lishini oldi olinadi va yuqori iqtisodiy samaradorlikka erishiladi.
* Xolding kompaniyalari (agrosanoat birlashmalari)-bu qator qishloq xo‘jaligi, sanoat korxonalari, hamda, xolodilnik saqlash, transport, hattoki savdo xo‘jaliklarini yig‘indisi bo‘lib, ular ayniqsa, mevasabzavot konserva, uzumchilik, vinochilik va boshqa ishlab chiqarishda keng tarqalgan.
-Agrofirma asosan tuman miqyosida tuzilib, tarkibiga tuman chegarasidagi xo‘jalik va korxonalar kiradi, ular o‘zlariniig yuridik huquqini yo‘qotmaydilar. Faoliyati qishloq xo‘jaligi mahsulotini yetishtirish, tayyorlash, saqlash, qayta ishlash va tayyor mahsulotni sotishga ixtisoslashadi.
-Ilmiy ishla6 chiqarish birlashmalari bu tarmoqda ilmiy-texnik taraqqiyotni jadallashtirish, hamda hayotga tadbiq etishni keng joriy etish maqsadida tuziladigan birlashmalardir. Ular urug‘ seleksiyasi, hosildor navlar va kuchatlar yaratish, mahsuldor chorva zotlarini yaratish yo‘nalishida xizmat qiladilar.
II BOB. QASHQADARYO VILOYATIDA QISHLOQ XO’JALIGI ISHLAB CHIQARISHINING JOYLASHUVI VA IXTISOSLASHUVI.
1.Viloyatda qishloq xo’jaligining tashkil etilishi va ixtisoslashuvi.
Viloyat iqtisodiyotining agrosohasi asosan paxta, g`alla va chorvachilik mahsulotlarini yetishtirishga ixtisoslashgan. Umumiy ekin maydoni 2000 yil ma`lumotlariga ko`ra, 461 ming ga bo`lib, u respublika ekin ekiladigan yerlarning 12.2 foizini tashkil qiladi.
Jami ekin maydonidan 202 ming gektari g`alla (bu jihatdan viloyat mamlakatda 1-o`rinda), 150 ming gektari paxta, 4.1 ming gektari kartoshka, 10.6 ming gektari sabzavot , 55 ming gektari yem-xashak yetishtirishga ajratilgan. Bir yilda viloyatda, ob-havo sharoitiga qarab, 300-500 ming tonna g`alla (res-zda 3.9-4.0 mln tonna), 265-380 ming tonna paxta, 140-160 ming tonna turli sabzavot mahsulotlari olinadi. Shuningdek, bu yerda 38-40 tonna meva, 45 ming tonna atrofida uzum ham yetishtiriladi. Bulardan tashqari, viloyatda kungaboqar, tamaki, zig`ir kabi qishloq xo`jalik ekinlari ham mavjud.
Umumiy ekin maydoni 3775 ming gektar, shundan g`alla 1612, paxta 1444, kartoshka 52, sabzavot 94, poliz ekinlari 36, yem-xashak 128 ming gektar. 2000 yilda olingan hosil; g`alla 3116 ming tonna (shundan bug`doy 3352), kartoshka 729, sabzavot 2637 va paxta 3002 ming tonna.
Qashqadaryoda yirik shoxli mollar soni 580 ming bosh (O`zbekistonda 2-o`rinda), qo`y va echkilar-1.9 million bosh (1-o`rin). Bir yilda 110 ming donaga yaqin qorako`l terisi, 1.8-1.9 ming tonna pilla yetishtiriladi. Pillachilik sug`orma dehqonchilik rayonlarida, yaylov, jun-go`sht chorvachiligi asosan cho`l mintaqasida rivojlangan.
Viloyat agrosohasining hududiy tarkibida Chiroqchi, Kasbi tumanlari yetakchi o`rinlarda ular birgalikda yetishtirilayotgan qishloq xo`jalik mahsulotlarining taxminan 1/5 qismidan ko`prog`ini ta`minlaydi. Bu borada Qamashi, Shahrisabz, Kitob, Qarshi va Koson tumanlarida ham vaziyat yaxshiroq. Ayni chog`da Muborak va Mirishkor tumanlarida qishloq xo`jaligi birmuncha sust rivojlangan.
Qashqadaryo qiloyatining milliy iqtisodiyotida qishloq xo`jaligi katta ahamiyatga ega. Bu tarmoqda yalpi mahsulotning asosiy qismi yaratiladi. O`zbekistonda yetishtiriladigan yalpi qishloq xo`jalik mahsulotining 10,%i, jumladan paxtaning 10,6%, pillaning 7%i, qorako`lning 19%, junning 16%, g`allaning 11,1% i Qashqadaryo viloyatining ulushidir.
Qishloq xo`jaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun tabiiy sharoit qulay. Iqlimi keskin kontinental bo`lib, sovuqsiz davr 210-242 kunni, ijobiy temperaturalar yig`indisi 4760-5200 gradusni tashkil etadi. Viloyat ancha katta yer resurslariga ega. Qishloq xo`jaligi uchun yaroqli bo`lgan yerlar 2194 ming ga bo`lib, shundan 698,3 ming gektari haydalgan yerlardir, 449 ming gektarida sug`orilib deqonchilik qilinadi. Qolgan 1430,8 ming ga. maydondan yaylovlar sifatida foydalaniladi.
Viloyatdagi aksariyat (davlat va jamoa) xo`jaliklar asosan paxtachilikka, shuningdek donchilik, meva va uzumchilik, sutchilik, sut-go`sht yetishtirishga ixtisoslashgandir.
Viloyatdagi davlat va jamoa xo`jaliklari zamonaviy texnika bilan yetarli darajada qurollangan. 1926-27 yillarda viloyat dalalarida 30 traktor, 1950 yilda 707 traktor va yuk avtomobili ishlagan bo`lsa, 1988 yilga kelib kolxoz va sovxozlarda 19,5 ming traktor, 4190 paxta terish mashinalari va 1335 g`alla o`rish kombayini va boshqa qishloq xo`jalik texnikasi bo`lgan. Keyingi yillarda qishloq xo`jaligida mehnat unumdorligi oshdi, qishloq xo`jalik ekinlarining hosildorligi va chorvachilik mahsuldorligi ko`tarildi, yalpi va tovar mahsulotlarini ishlab chiqarish o`sdi.
Dehqonchilik viloyat qishloq xo`jaligida bosh tarmoq hisoblanadi. Qishloq xo`jaligida olinayotgan yalpi mahsulotning 70%i dehqonchilikdan keladi. Tuproqning unumdorlik darajasi hosildorlikka ta`sir ko`rsatadigan asosiy omildir. Shuning uchun qishloq xo`jalik ishlab chiqarishida tuproqning meliorativ holatini yaxshilash va uning unumdorligini oshirish muhim agronomik tadbir hisoblanadi. Qishloq xo`jalik ekinlaridan yuqori katta ahamiyatga ega. Viloyatda sho`rlangan yerlarning xarakteriga qarab kuzgi-qishki ishlar bilan birga yaxob suvini vaqtida berish katta iqtisodiy samara bermoqda. Mexanik tarkibi jihatidan og`ir bo`lgan soz tuproqlarda Shahrisabz, Kitob, Yakkabog` tumanlari xo`jaliklarida yaxob suvlarni yanvar-fevral oylarida beriladi. Mexanik tarkibi o`rtacha va yengil bo`lgan tuproqlarda yaxob suvi mart-aprel oylarida, ekishdan 10-15 kun oldin beriladi. Bunday sug`orish viloyatning cho`l rayonlarida ham olib boriladi. Chunki yaxob suvi erta berilsa, ekish vaqtiga kelib tuproqning ustki qatlami qurib qoladi. Dehqonchilikda mineral va mahalliy o`g`itlarni ishlatish o`simliklarni yaxshi oziqlanishi va normal o`sishiga, mahsulot sifatini yaxshilashga yordam beradi. Dehqonchilikda almashlab ekishning roli ham katta. Viloyatda paxtakor xo`jaliklarda almashlab ekishni to`g`ri joriy qilish paxta hosilini oshirdi, jamoa chorvachiligi uchun mustahkam yem-xashak bazasini yaratish imkoniyatini berdi. Paxta asosan beda bilan almashlab ekilmoqda. Chunki beda o`stirilgan tuproqda juda ko`p miqdorda chirindi bo`ladi.
Viloyat dehqonchiligida paxta, don yetishtirish, meva va uzumchilik, poliz va sabzavot mahsulotlari, xashaki ekinlar asosiy tarmoqlarni tashkil etadi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko’ra 2017 yilda qishloq, o'rmon va baliq xo'jaligi mahsulot (xizmat) larining umumiy hajmi 14761,6 mlrd. so'mni yoki 2016 yilning mos davriga nisbatan o'sish sur'ati 103,3 foizni, shu jumladan dehqonchilik va chorvachilik va ushbu sohalarda ko'rsatilgan xizmatlar – 14439,8 mlrd. so'mni (103,3 foiz), ovchilik – 0,2 mlrd. so'mni (100,0 foiz), o'rmon xo'jaligida – 278,9 mlrd. so'mni (98,6 foiz), baliq xo'jaligida – 42,7 mlrd. so'mni (122,8 foiz) tashkil qildi
Viloyatning qishloq, o'rmon va baliq xo'jaligi mahsulot (xizmat) larining umumiy hajmida eng yuqori ulushi Chiroqchi tumanida (11,7 foizni) tashkil etdi va viloyatda yetakchilik qilmoqda, Koson (10,6 foiz), Qamashi (9,3 foiz), Qarshi (8,7), Kitob (8,6 foiz), Shahrisabz (8,0 foiz), Yakkabog’ (7,7 foiz), Kasbi ( 7,3 foiz), Mirishkor (6,4 foiz), Nishon (6,2 foiz), G’uzor (5,7 foiz), va Muborak (4,3 foiz), ko'rsatkich bilan keyingi o'rinlarni egalladi. Eng kam ulush Shahrisabz shahar (0,5 foiz), Qarshi shahar (1,2 foiz), va Dehqonobod (3,8 foiz) tumanida qayd etildi.
Qishloq xo'jaligi mahsulotlari
2017 yilda ishlab chiqarilgan qishloq xo'jaligi mahsulotlari hajmining o'sishi 2016 yilning mos davriga nisbatan o'sish sur'ati 103,3 foizni, shu jumladan, dehqonchilik mahsulotlari 99,7 foizni, chorvachilik mahsulotlari – 105,9 foizni tashkil qildi.
2. Viloyatda qishloq xo’jaligi ekinlarini joylashtirish va ixtisoslashtirishning iqtisodiy tahlili.
1.Qishloq xo`jaligi tarmoqlarini joylashtirishda hisobga olinadigan qonuniyatlar.
Bozor iqtisodiyoti sharoitida ijtimoiy ishlab chiqarish samaradorligini oshirish ishlab chiqarish kuchlarini joylashtirishni yanada takomillashtirishni, respublika va ma`muriy-hududiy birliklar xalq xo`jaligining barcha tarmoqlarini ixtisoslashtirish hamda majmuali taraqqiyotni ta`minlashni, mehnat resurslaridan shuningdek tabiiy boyliklaridan oqilona foydalanishni, hududiy rejalashtirish hamda xalq xo`jaligini boshqarish, tarmoq tamoyilining oqilona uyg`unlashuvini talab etadi. Mazkur muammolarning ijobiy hal etilishi ishlab chiqarishni hududiy oqilona tashkil etish va joylashuvini yaxshilashga, ijtimoiy, mehnat hamda tabiiy resursladridan yanada to`laroq foydalanishga, qishloq xo`jalik ishlab chiqarish tarmoq tarkibini takomillashtirishga, takror ishlab chiqarishni yuqori darajasini ta`minlashga imkon yaratadi.
Qishloq xo`jalik ishlab chiqarishni oqilona joylashtirish va ixtisoslashtirish yer, mehnat resurslari, asosiy hamda aylanma fondlardan samarali foydalanish imkoniyatini berish bilan bir qatorda ijtimoiy mehnat samaradorligini, yalpi mahsulot hajmining ortishini va shuningdek qishloq xo`jalik ishlab chiqarishining o`sish sur`atlarini jadallashtirishni ta`minlaydi.
Mustaqillik va bozor iqtisodiyoti sharoitida dehqonchilik hamda
chorvachilik tarmoqlarini oqilona joylashtirish, ixtisoslashuvini takomillashtirish ilmiy asoslangan amaliy ko`rsatmalar ishlab chiqarishni tarixiy zarurat sifatida ilgari surdi. Bu esa qishloq xo`jaligida istiqbolli yo`nalishini aniqlashda, uning ishlab chiqaruvchanlik xususiyatini yanada belgilab beruvchi almashlab ekish usullarini joriy etishda, maydon birligidan hosil qilinadigan ekologik jihatdan toza mahsulot miqdorini oshirishda muhim o`rin tutadi.
Ma`lumki ishlab chiqarishni hududiy tashkil etishning umumiy qonuniyatlari quyidagilardan iborat:
-iqtisodiy rayonlar tabiiy va mehnat resurslarini maksimal darajada ishlab chiqarishga jalb etish;
-xom ashyoni ishlab chiqarishda, qayta ishlash hamda tayyor mahsulotni qayta ishlashda mehnatni har tomonlama iqtisod qilish;
-iqtisodiy rayonlarning majmuali taraqqiyotini va ularning to`g`ri ixtisoslashuvini ta`minlash;
-ayrim rayonlarning iqtisodiy qoloqligini bartaraf etish;
-mamlakat mudofaa qobiliyatini mustahkamlash;
Ilmiy texnika inqilobigina qishloq xo`jalik ishlab chiqarishini intensivlash jarayoniga hal etuvchi ta`sir ko`rsatishi mumkin. Qishloq xo`jalik ishlab chiqarishining bironta tarmog`i ham ilmiy tadqiqotlardan tashqarida rivojlana olmaydi, qishloq xo`jalik taraqqiyotiga ko`maklashadigan bironta tadbir ham ilmiy tadqiqotlardan chetda qolmaydi. Bu gap texnika, mexanika, iqtisod, seleksiya va qishloq xo`jaligi bilan an`anaviy aloqada bo`lgan boshqa sohalargina emas, balki fandagi yangi yo`nalishlarga ham taalluqlidir. Xususan, xo`jalikka fan-texnika yutuqlarini joriy etibgina qolmay, foydalaniladigan har gektar yerdan barqaror va doimo ortib boradigan hosil olish, shuningdek, butun bir tadbirlar majmuasini amalga oshirsa bo`ladi.Qishloq xo`jaligida fan-texnika taraqqiyoti ishlab chiqarish jarayonlarining barcha elementlarini sifat jihatdan takomillashtirishni talab etadi.
Dehqonchilikning barcha tarmoqlarini, chorvachilikni kompleks mexanizatsiyalashtirish, dehqonchilik va chorvachilikka ilg`or texnologiyani joriy etish, xo`jalik jihatdan qimmatli, foydali sifatlarga ega bo`lgan yangi nav o`simliklar va mol zotlarini yaratish ham shu jumlaga kiradi.
Ma`lumki, iqtisodiyot tarmoqlari ichida eng qadimiysi qishloq xo`jaligidir. Uning evolyutsion rivojlanishi hududiy tashkil qilish shakllarining murakkablashib borishi va takomillashuvi bilan birga sodir bo`ladi.
Qishloq xo`jalik tarmoqlari-dehqonchilik va chorvachilikning ma`lum hududda joylashtirilishi yoki shtandorti dastlab nemis iqtisodchisi Iogann Genrix fon Tyunen tomonidan 1826 yilda ishlab chiqilgan.
Ta`kidlash joizki, aynan ana shu olim iqtisodiyot nazariyasida birinchi bo`lib ishlab chiqarishning hududiy jihatiga e`tibor qaratdi, hududiy iqtisodiyot ta`limotiga qo`l urdi, iqtisodiy makon tushunchasini fanga kiritdi. U iqtisodiyotni hududiy tashkil etish masalalariga majmuali, tizimli yondashdi, qishloq xo`jaligi tarmoqlari joylashuvining qonuniyatlarini ochib berdi.
I.Tyunen o`zining ilmiy g`oyasini abstrakt holatda, alohida, boshqa mamlakatlar bilan bog`liq bo`lmagan, ajralib turgan davlat misolida yaratdi. Uning faraz qilishicha, bu mamlakatda atigi bitta shahar mavjud bo`lib, u qishloq xo`jalik mahsulotlarini iste`mol qiluvchi yagona bozor yoki markaz vazifasini o`taydi. Mazkur shahar atrofida qishloq xo`jalik mahsulotlarini yetishtirish asosan transport xarajati, mahsulot vazni, uning sifatini buzilmasligi va keltirish masofasi belgilaydi. Aynan ana shu transport omili, uning iqtisodiy jihatlari qishloq xo`jalik tarmoqlarini shahardan uzoq yoki yaqin masofada joylashuv tizimini shakllantirdi. Agar mahsulot yetishtirish va uni markazga keltirish qancha arzon bo`lsa, u shuncha yaqin masofada , aks holda uzoqroqda joylashadi.
Yuqoridagi tartibda qishloq xo`jaligini joylashtirish shahar atrofida o`ziga xos aylanalarni hosil qiladiki, ular ilmiy adabiyotlarda “Tyunen xalqalari” nomi bilan mashhur. Masalan, bu xalqaning eng birinchisi yuqori darajada unumdor shahar atrofi xo`jaligidan iborat bo`lib, undan keyingi xalqa o`rmon xo`jaligi, uchinchisi-meva va urug`chilikdan tashkil topadi. Jami Tyunen 6 xalqa belgilagan; ular, yuqoridagilardan tashqari, turli yo`nalishdagi chorvachilikni ham o`z ichiga oladi.
Albatta, I.Tyunen g`oyasi ma`lum darajada abstrakdir. Chunki, hech qanday davlat, ayniqsa iqtisodiyotning hozirgi globallashuv va boynalminallashuv jarayonida jahon xo`jaligi tizimidan ajralgan holda, alohida rivojlana olmaydi. Qolaversa bu mamlakatda odatda bir emas, bir necha shahar mavjud bo`ladi. Biroq shunga qaramasdan maullifning ushbu ta`limoti o`zining nazariy ahamiyatini, xususan bozor iqtisodiyoti sharoitida saqlab qolgan.
Chindan ham shahar atrofi qishloq xo`jaligi hozirgi kungacha xalqasimon tashkil etiladi: eng yaqin joyda sabzavot, karam, kartoshka, undan uzoqroqda sut chorvachiligi, donchilik, parrandachilik, bog`dorchilik va uzumchilik, go`sht-jun chorvachiligi ma`lum tartibda joylashadi. Bunday hududiy agrotizimning vujudga kelishida transport, bozor omili, mahsulotning arzonligi va xaridorgirligi, sifatining buzulmasligi katta ahamiyatga ega.
Shu bilan birga keyingi yillarda transport infrastrukturasining takomillashuvi, iste`molning xususiylashuvi, “yashil inqilob” qishloq xo`jaligining mexanizatsiyalashuvi, sanoatning qishloq joylarga kirib borishi kabi yangiliklar, agrobiznes, ya`ni qishloq xojaligini qayta ishlash sanoati bilan uyg`unlashtirish, birlashtirish bu sohaning hududiy tashkil etishga ancha o`zgartirishlar kiritdi. Bundan tashqari, yuqorida qishloq xo`jaligi tarmog`ining faqat bir funksiyasiga, ya`ni uning aholini oziq-ovqatga bo`lgan ehtiyojini qondirish tomoniga ko`proq e`tibor qaratildi, xolos. Agar shu nuqtai nazardan yondoshadigan bo`lsak, rus olimi
K.I.Ivanovning “geografik konveyr” g`oyasi ham ma`lum mamalakatning yirik markazlarini yil davomida uning turli hududlaridan qishloq xo`jaligi, ayniqsa “shaharbop” mahsulotlar pomidor, bodring, karam, ko`katlar bilan ta`minlab turishdan iborat. Darhaqiqat, oxirgi yillarda Toshkent bozorlarida yuqoridagi mahsulotlar yilning to`rt faslida ham mavjud.
Qishloq xo`jaligi iqtisodiyotini oshirishda mehnat resurslari va mutaxassislarning ko`p-ozligiga bog`liqdir. Masalan, o`rtacha 1sentnerdan qishloq xo`jaligi mahsulotini yetishtirishda 1,2 ishchi kuchi sarflansa, kartoshka uchun 2,8, paxta uchun 3,5, qand lavlagi uchun 1,3, poliz ekini uchun 7,1, sut boyligi uchun 9,0, ming dona tuxum uchun 21,0, sifatli jun uchun 260 ishchi kuchi sarflanadi.
Qishloq xo`jaligida yetishtirilgan mahsulotlarni o`z navbatida sifatli qilib iste`molchilarga yetkazib berishda qulay transport tizimining hissasi beqiyos bo`lsa, tayyor mahsulotlarni aholiga, korxonalarga tarqatishda savdo xodimlarining ham muhim va iqtisodiy ahamiyatga egadir.
Yuqoridagi omillar tufayli, qishloq xo`jaligi tarmoqlarini to`g`ri joylashtirish hamda rivojida ta`sir etadigan omillarning ayrimlari quyidagi jadvalda keltirilgan.
Dostları ilə paylaş: |