O’quvchi shaxsi tarbiyaning ob’yekti va sub’yekti sifatida Reja: 2.1. “Individ” vа “shаxs” tushunchаsi.
2.2. Shaxs rivohlanishiga ta’sir etuvchi omillar
2.3. Shaxs rivojlanishining yosh va psixologik xususiyatlari.
Mavzu yuzasidan savollar:
1. Shaxs kamolotining omili nimalar hisoblanadi? SHaxs tushunchasi insonga taalluqli bo’lib, konkret kishi, ya’ni, muayyan jamiyatning a’zosini ifodalashga xizmat qiladi. Odam shaxs bo’lishi uchun psixik jihatdan rivojlanishi, o’zini yaxlit inson sifatida his etishi, o’z xususiyatlari va sifatlari bilan boshqalardan farq qilmog’i kerak.
“Individ” nima? Bola ma’lum yoshga qadar “individ” sanaladi. Individ lotincha “individium” so’zidan olingan bo’lib, «bo’linmas», «alohida shaxs», «yagona» ma’nolarini anglatadi.
Individuallik esa tarbiya jarayonini amalga oshirishda bolaning shaxsiy xususiyatlari va yashash sharoitlarini chuqur bilish hamda hisobga olishdan iborat.
Individual yondashuv o’quvchilarning aqliy qobiliyatlari, bilishga bo’lgan qiziqish hamda iste’dodini namoyon etishda muhim ahamiyatga ega.
Bola harakatlari ongli, ijtimoiy munosabatlar jarayonidagi ishtiroki natijasida shakllana boradi.
SHaxs – muayyan jamiyatning a’zosi bo’lib, u psixologik jihatdan taraqqiy etgan, o’z xususiyatlari va xatti-harakatlari bilan boshqalardan ajralib turadi.
Kadrlar tayyorlash milliy modelida ham shaxs – kadrlar tayyorlash tizimining bosh sub’ekti va ob’ekti, ta’lim sohasidagi xizmatlarining iste’molchisi va ularni amalga oshiruvchi sifatida ta’riflanadi.
Kadrlar tayyorlash sohasidagi davlat siyosati insonni intelektual va ma’naviy-axlohiy jihatdan tarbiyalash, uning har tomonlama rivojlangan shaxs sifatida namoyon bo’lishiga erishishni nazarda tutadi. Mazkur ijtimoiy talabning amalga oshirilishi har bir fuharoning bilim olish, ijodiy qobiliyatini namoyon etish, intellektual jihatdan rivojlanishi hamda muayyan kasb yo’nalishi bo’yicha mehnat qilish huquqni kafolatlaydi.
Odamning ijtimoiy mavjudot sifatida shaxsga aylanishi uchun ijtimoiy muhit sharoitlari va tarbiya kerak bo’ladi. Ana shular ta’sirida odam inson sifatida rivojlanib boradi va shaxsga aylanadi.
Rivojlanishning o’zi nima?
Rivojlanish oddiyda murakkabga, quyidan yuqoriga, eski sifatlardan yangi holatlarga o’tish, yangilanish, yangining paydo bo’lishi, eskining yo’qolib borishi, miqdor o’zgarishining sifat o’zgarishiga o’tishini ta’minlovchi murakkab harakat jarayoni sanaladi. Rivojlanishining manbai qarama-qarashliklarni o’rtasidagi kurashdan iboratdir.
Bola shaxsining rivojlanishi inson ijtimoiy mavjudotdir, degan falsafiy ta’limotga asoslanadi. Ayni vaqtda inson tirik, biologik mavjudot hamdir. Demak, uning rivojlanishida tabiat rivojlanishining qonuniyatlari ham muhim ahamiyatga ega. SHuningdek, shaxs bir butun mavjudot sifatida baholanar ekan, uning rivojlanishiga biologik va ijtimoiy qonuniyatlar birgalikda ta’sir etadi, ularni bir-biridan ajratib bo’lmaydi.
CHunki shaxsning faoliyati, hayot tarziga yoshi, bilimi, turmush tajribasi bilan birga boshqa fojiali holatlar, kasalliklar ham ta’sir etadi.
Inson butun umri davomida o’zgarib boradi. U ham ijtimoiy, ham psixik jihatdan kamolga yetadi, bunda bolaga berilayotgan tarbiya maqsadga muvofiq bo’lsa, u jamiyat a’zosi sifatida kamol topib, murakkab ijtimoiy munosabatlar tizimida o’ziga munosib o’rin egallaydi. CHunki rivojlanish tarbiya ta’siri ostida boradi.
SHaxsning fazilatlarini to’g’ri ko’rish va bexato baholash uchun uni turli munosabatlar jarayonida kuzatish lozim.
Demak, shaxsni rivojlantirish vazifasini to’g’ri hal etish uchun uning xulqiga ta’sir etuvchi omillar hamda shaxs xususiyatlarini yaxshi bilish zarur.
Tarbiya bolaga samarali ta’sir etishi uchun o’sish va rivojlanish qonuniyatlarini bilish va hisobga olish maqsadga muvofiq. SHunday qilib, rivojlanish va tarbiya o’rtasida ikki tomonlama aloqa mavjud.
SHaxs tarbiyasiga ta’sir etuvchi omillar. Fanda odamning shaxs sifatida rivojlanishiga biologik va ijtimoiy omillarning ta’siri o’rtasidagi munosabatni belgilashga oid munozara ko’pdan buyon davom etmoqda.
Insonning shaxs sifatida rivojlanishiga ijtimoiy voqealar, tabiiy omillar yoki tarbiya ta’sir etadimi? Bu uch omilning o’zaro munosabati qanday?
Fanda biologik yo’nalish deb nomlangan nuqtai nazar yetakchi o’rinlardan birini egallab, uning vakillari Aristotel, Platonlar tabiiy-biologik omillarni yuqori qo’yadi. Ular tug’ma imkoniyatlar, taqdir, tole har kimning hayotdagi o’rnini belgilab bergan, deydilar.
XVI asr falsafasida vujudga kelgan preformizm oqimi namoyandalari esa shaxs rivojlanishidagi naslning roliga katta baho berib, ijtimoiy muhit va tarbiyaning rolini inkor etadi.
Xorij psixologiyasidagi yana bir oqim – bixeviorizm XX asr boshlarida yuzaga kelgan bo’lib, uning namoyandalari, ong va aqliy qobiliyat nasldan-naslga o’tib, insonga u tabiatan berilgan, deyiladi. Mazkur ta’limot vakili amerikalik olim E.Torndaykdir.
Progmatizm oqimi va uning vakillari D.D’yul, A.Kombe ham shaxs rivojlanishini biologik nuqtai nazarda asoslaydilar. Ular rivojlanishni fahat miqdoriy o’zgarishdan iborat, deb qaraydilar. Naslning rolini absolyutlashtirib, uni inson taqdirida hal qiluvchi ahamiyatga ega deb biladilar.
Demak, bir guruh xorijiy olimlar rivojlanishni biologik (nasliy) omilga bog’laydilar.
Biologik oqimga qarshi falsafiy oqim vakillari rivojlanishi ijtimoiy omil omil bilan belgilaydilar. Bu oqim vakillari bola shaxsining jismoniy, psixik rivojlanishi u yashaydigan muhitga bog’liq deb ko’rsatadilar.
Muhit deganda odam yashaydigan sharoitdagi barcha tashqi ta’sir tushuniladi. SHu nuqtai nazardan tarbiya tufayli bolani o’zi yashaydigan ijtimoiy sharoitga moslashtirish mumkin, degan xulosa kelib chiqadi.
Ular ijtiomiy muhitning rolini hal qiluvchi omil deb hisoblaydilar. Demak, odam bolasining shaxs sifatida rivojlanib, taraqqiy etib borishi, uning shaxs bo’lib kamolga yetishida nasl (biologik omil), ijtimoiy muhit (bola yashaydigan sharoit), shuningdek, maqsadga muvofiq amalga oshadigan tarbiya ham birdek ahamiyatga ega. Bu omillarning ta’sirini aniqlashda ilg’or pedagogik olimlar, psixolog va faylasuflar ta’limotiga suyaniladi.
Falsafada shaxsni jamiyat bilan bog’liq bo’lgan ijtimoiy hayotdagi murakkab voqelik deb qaraladi. Ular individning ma’naviy boyligi uning munosabatlariga bog’liq, deb hisoblaydilar.
Haqiqatdan ham, shaxs mehnat faoliyati zaminida rivojlanadi, kamolga yetadi. Inson sharoitni, sharoit esa odamni yaratadi. Bu esa o’z navbatida inson faolligini namoyon etadi. Zero, shaxs ma’lum ijtimoiy tuzum mahsulidir. Jamiyat shaxs kamolotining muayyan imkoniyatlarini ro’yobga chiqarishi yoki yo’q qilishi mumkin.
Faylasuflar shaxsni tabiatning bir bo’lagi deb baholaydilar. Bu insondagi layoqat kurtaklari bo’lib, uning rivojlanishi uchun tarbiya kerak, degan g’oyani ifodalaydi.
Jamiyat taraqqiyoti shaxs rivojlanishi uchun keng imkoniyatlar yaratadi. Demak, shaxs bilan jamiyat o’rtasida ham uzviy aloqa mavjud.
SHunday qilib, odam shaxsining jamiyatdagi rivojlanishi tabiat, muhit, inson o’rtasidagi murakkab aloqa ta’siri ostida ro’y beradi, inson ularga faol ta’sir etadi va shu yo’l bilan hayoti va o’z tabiatini o’zgartiradi.