8-Mavzu. Ma'ruza
Reja
1. Tadbirkorlik sub’ektlarini tugatish asoslari va tartibi
2. Bankrotlik tushunchasi va taomillari
3. Yuridik shaxs va yakka tartibdagi tadbirkor bankrotligi xususiyatlari
4. Bankrotlikni soddalashtirilgan taomilari
5. Ayrim xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar bankrotligining xususiyatlari
Tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini tugatish tartibi O‘zbekiston Respublikasi “Bankrotlik to‘g‘risida”gi Qonunining
29-moddasiga muvofiq suddan tashqari bajariladigan taomillar sifatida sudgacha sanatsiya qilishdan tashqari qarzdorni ixtiyoriy ravishda tugatish (faoliyatini tugatish) ham e’tirof etiladi.
Qarzdorni ixtiyoriy ravishda tugatish asoslari FKning 53–56-moddalari, “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun va boshqa yuridik shaxslarning huquqiy maqomini belgilab beruvchi normativ-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solinadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 7-iyundagi “Tadbirkorlik sub’ektlarni tugatish tartib-taomillarini soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–5739-son Farmoniga ko‘ra 2020-yil
1-yanvardan e’tiboran O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1999-yil 28-iyundagi PF–2331-son “Moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan va qonunchilikda belgilangan muddatlarda o‘zlarining ustav jamg‘armalarini shakllantirmagan korxonalarni tugatish tartibini soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 27-apreldagi PQ–630-son “Tadbirkorlik sub’ektlarini ixtiyoriy tugatish va ularning faoliyatini to‘xtatish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 22-maydagi PQ–2985-son “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi tadbirkorlik sub’ektlarini ixtiyoriy tugatish va ularning faoliyatini to‘xtatish tartibi to‘g‘risidagi nizomga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi qarori o‘z kuchini yo‘qotadi.
2020 yil 1 yanvardan boshlab:
moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan va (yoki) qonunchilikda belgilangan muddatlarda o‘zlarining ustav jamg‘armalarini shakllantirmagan korxonalarni tugatish bo‘yicha doimiy ishlovchi maxsus hududiy komissiyalarni tugatiladi;
davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan e’tiboran bir yil ichida ustav fondi ta’sis hujjatlarida nazarda tutilgan miqdorda shakllantirilmaganligi uchun tadbirkorlik sub’ektlarini tugatish tartibini bekor qilinadi;
davlat organlari o‘rtasida elektron axborot almashinuvini joriy etish orqali tadbirkorlik sub’ektlarini tugatish jarayonidagi ortiqcha hujjatlar va tartib-taomillarni qisqartiriladi.
2020 yil 1 yanvardan boshlab:
a) tadbirkorlik sub’ektlari — yuridik shaxslarni (keyingi o‘rinlarda korxonalar) ixtiyoriy tugatishda:
bir yoki bir necha davriy bosma nashrlarda korxonaning tugatilishi to‘g‘risida e’lonlar berish talab etilmaydi, bunda tegishli ma’lumotlar ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organning rasmiy saytiga joylashtiriladi;
davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan vaqtdan boshlab moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmagan hamda soliq qarzi mavjud bo‘lmagan korxonalarning moliya-xo‘jalik faoliyati tekshirilmaydi;
davlat soliq xizmati organlari tomonidan o‘tkaziladigan, tugatiladigan korxonaning moliya-xo‘jalik faoliyatini tekshirishning eng uzoq davriyligi uch yilni tashkil etadi;
moliya-xo‘jalik faoliyatini tekshirish uchun vakolatli davlat organlaridan korxona to‘g‘risidagi mavjud ma’lumotlarni olish Tadbirkorlik sub’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va hisobga qo‘yishning avtomatlashtirilgan tizimi orqali amalga oshiriladi;
korxonani ixtiyoriy tugatishning umumiy muddati ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ ixtiyoriy tugatish to‘g‘risida xabardor qilingan kundan boshlab olti oydan oshmasligi kerak;
b) tadbirkorlik sub’ektlari — jismoniy shaxslar faoliyatini to‘xtatishda ariza beruvchi tomonidan davlat soliq xizmati organining soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha qarzi yo‘qligi to‘g‘risidagi xulosasini olish talab etilmaydi;
d) moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan korxonalarni tugatishda:
korxonani moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan deb hisoblash uchun asos bo‘ladigan muddat to‘qqiz oyni tashkil etadi;
moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan korxonalar davlat soliq xizmati organining taqdimnomasiga asosan ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ tomonidan uch yil muddatga harakatsiz rejimga o‘tkaziladi;
harakatsiz rejimga o‘tkazilgan korxonalar faoliyati uch yil davomida tiklanmagan taqdirda ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ ularni Tadbirkorlik sub’ektlarining Yagona davlat reestridan chiqaradi.