Termin va terminologiya. Termin soʻzining interperetsiyasi. Oʻzbek terminologiyasining shakllanish bosqichlari. Hozirgi o‘zbek adabiy tili qurilishida terminologiya alohida o‘rin va mavqega egaligi bilan ajralib turadi. Terminologiyaning til lug‘at tarkibidagi roli haqida ikki dunyoqarash mavjud. Birinchi g‘oyaga ko‘ra, terminologiya adabiy til leksikasining mustaqil qatlami tarzida e’tirof etilsa, ikkinchi ta’limotga muvofiq u adabiy til so‘z boyligi tarkibidan ajratiladi, “alohida turuvchi” obekt tarzida baholanadi va nutqning turlari (sheva, jargon, jonli so‘zlashuv)ga tenglashtiriladi. V.P.Danilenkoning ta’kidlashicha, terminologiya deganda umumadabiy tilning mustaqil funksional turi, ya’ni an’anaviy fan tili (fan,ilm yoki texnika tili) nazarda tutiladi (Danilenko 1977;8). Fan tili umumadabiy tilning funksional sistemalaridan biri sifatida jonli so‘zlashuv tili va badiiy adabiyot tili tushunchalari bilan bir qatorda turadi. Fan tili millatning umumadabiy tili asosida shakllanadi va rivojlanadi. Shu bois fan, ilm tili poydevorini umumadabiy tilning leksikasi, so‘z yasalishi va grammatikasi tashkil qiladi. X.Xyuellning qayd etishiga ko‘ra, terminologiya muayyan fanga oid terminlar yoki texnika sohasida qo‘llanadigan so‘zlar yig‘indisidir. Termin va terminologik leksika tushunchalarini bir-biridan farqlash zarur. Terminlarning qo‘llanish, tarqalish ko‘lami muayyan terminologik sistema bilan cheklangan bo‘lib, ular insonning faoliyati doirasidagi aniq uslubda harakat qiladi, voqelanadi. Terminologik leksika o‘z tarkibiga tor mutaxassislik doirasidan ommaviy muloqot doirasiga ko‘chgan noprofessional nutqiy kontekstda keng qo‘llanadidigan so‘z va so‘z birikmalarini qamrab oladi O.Vinokurning fikricha, termin - har doim aniq va ravshan. Terminlar sistemasi tili ongli shakllantiriladi. Zero, termin o‘z-o‘zidan, stixiyali tarzda paydo bo‘lmaydi, balki zarurligi, jamiyatda unga ehtiyoj mavjudligi bois yaratiladi.. Termin so‘zi interpretatsiyasining substansional, funksional, dervatsion, semantik va pragmatik prinsiplari e’tirof etilmoqda. Substansional nuqtai nazar vakillariga ko‘ra termin maxsus so‘z yoki so‘z birikmasi bo‘lib, boshqa nominativ birliklarga nisbatan birma’noliligi, aniqligi, sistemliligi, kontekstdan xoliligi va emotsional jihatdan neytralligi bilan ajralib turadi. Derivatsion nuqtai nazar terminlarning yasalish jarayonlari bilan chambarchas bog‘langan. Ushbu g‘oya tarafdorlarining fikricha, termin nafaqat oddiy so‘zning varianti, shuningdek, yangi, o‘ziga xos spetsifik belgilarga ega maxsus yasalgan birlik sifatida ham tan olinadi.