TIL – MILLATNING KO’ZGUSI.
Til har bir millatning koʻzgusi, uning haqiqiy sarchashmasidir. Til bor ekan, millat barhayotdir. Tilni Onaga qiyoslanishi bejiz emas, inson oʻz onasini koʻrmasdan, uning sof muhabbatini, mehrini tuymasdan yashay olishi mumkin emas. Bu fikrimizning isboti sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 30 yilligi munosabati bilan soʻzlagan nutqini keltirishimiz mumkin: “Kimda-kim oʻzbek tilining bor latofatini, jozibasi va taʼsir kuchini, cheksiz imkoniyatlarini his qilmoqchi boʻlsa, munis onalarimizning allalarini, ming yillik dostonlarimizni, oʻlmas maqomlarimizni eshitsin, baxshi va hofizlarimizning sehrli qoʻshiqlariga quloq tutsin”.
1989-yil 21-oktyabr… Aynan shu kunda oʻzbek tilining haqiqiy jozibasini anglashni boshlashga imkoniyat berildi. Oʻzbek millati uchun dunyoga tuynuk ochildi.
2020-yil 21-oktyabr… Roppa-rosa oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganligiga 31 yil toʻldi. Xoʻsh, mana shu davr mobaynida oʻzbek tilining haqiqiy jozibasi, uning goʻzalligini dunyoga tanitish uchun qanday ishlar amalga oshirildi?
Taʼkidlab oʻtish joizki, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida oʻzbek tili maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlandi. Oʻzbek tili haqidagi qonun qabul qilinganidan soʻng barcha davlat hujjatlari oʻzbek tilida yuritila boshlandi, gazeta va jurnallarning oʻzbek tilida chop etilishi yoʻlga qoʻyildi. 1993-yil 2-sentyabrda “Lotin tiliga asoslangan oʻzbek alifbosini tuzish toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilingandan soʻng, mamlakatimiz har tomonlama rivojlandi va jahon kommunikatsiya tizimidan munosib oʻrin egallashiga yoʻl ochdi. Shu oʻrinda statistik maʼlumotlarga eʼtibor qaratsak: dunyoda 5600 dan ortiq tillar mavjud boʻlib, bundan 200 tasigina davlat tili sifatida qabul qilingan. Ularning orasida oʻzbek tilining borligi uning naqadar sof, mukammal, purmaʼno va jozibadorligining yorqin dalilidir. Rossiyalik tilshunos olima, professor A. M. Kozlyanina “Oʻzbek tili nafis va musiqa ohangidek jozibador” deb bejiz taʼkidlamagan edi.
Lekin, shu oʻrinda savol tugʻilish tabiiy: nahotki oʻzbek tili biror bir joyga nom qoʻyish uchun ham yaroqli boʻlmasa?! Afsus, barchamizga maʼlumki, koʻchalarda doʻkonlar, supermarketlar, turli xil ustaxona shoxobchalari, goʻzallik salonlari, turli xil osmonoʻpar binolar, bogʻchalarga qoʻyilgan nomlar oʻzbek tilida emas balki, boshqa xorij tillarida yozilganligining guvohi boʻlishimiz mumkin. Bu haqiqatni isbotlash uchun siz ulkan bir ilmiy izlanish qilishingiz shart emas, aynan koʻchaga otlanib turib, qoʻlingizga qalam va ruchka olgan holatda chiqsangiz kifoya. Naqadar achinarli holat boʻlishiga qaramay, biz bunga koʻnikib yashab kelmoqdamiz! Axir biz Oʻzbekistonda yashayapmiz-ku, nima uchun unda joy nomlarini oʻzbek tilida nomlay olmaymiz? Buning uchun kim aybdor: davlat organlarimi yoki oʻzbek millatimi? Ijtimoiy tarmoqlarda Oʻzbekistonda osmonoʻpar binolar qurilayotgan boʻlishiga qaramasdan, ularning nomi hali-hamon ingliz tilida ekanligi haqida bildirilgan turli xil fikrlarga duch kelishimiz mumkin. Misol uchun ularning birida yozilishicha, Toshkent shahrining markazida qurilgan “Nest one” deb nomlangan turar joy binosining nomi oʻzbek tilida emas, aynan ingliz tilida! Vaholanki, bu bino Oʻzbekistonda, aynan oʻzbeklar tomonidan (inglizlar emas!) qurilgan-ku! Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarning birida yozilgan maqolada mana bu soʻzlarni ham uchratishimiz mumkin: “Xullas, bunyodkori oʻzbekmi, uning dastxati qurgan binosida yaqqol koʻrinishi kerak va bu oʻsha quruvchining oʻzligini yoʻqotmaganidan darak beradi. Dastxat avvalo nomlarda namoyon boʻladi. Ochigʻini aytganda, rasmiy matbuotda oʻzbek tiliga boʻlgan eʼtiborsizlik anchagina yuqori. Yana ham aniqrogʻi, bu borada davlat muassasalari yetakchilik qilib kelmoqda. Aslida ular tilshunoslarni jalb qilib boʻlsa ham, oʻzbek tilining boyligini xalqqa namoyon etish, yangi soʻz va iboralarni oʻzbekcha talqinini joriy qilishda bosh qosh boʻlishlari kerak”.
Oʻzbek tili AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Rossiya, Xitoy, Hindiston, Turkiya va shu kabi bir qator davlatlarning 60 ga yaqin universitetlari va 100 dan ziyod maktablarida oʻrganilayotgan bir paytda biz qurilgan binolarimizning nomini ingliz yoki rus tillarida nomlab oʻtirganligimizni qanday tushunish kerak?!
Aynan shu yerda BMT vakillarining til borasida keltirgan faktini eslab oʻtsak: “Qachonlardir odamlar soʻzlashadigan tillarning soni 7 mingdan 8 mingtagacha yetgan boʻlsa, bugungi kunda sayyoramizda 6 mingta til mavjud boʻlib, ularning 90 foizi yoʻqolib ketish arafasida turibdi. Bu asosan sivilizatsiya tufayli madaniyatidan ayrilayotgan kam sonli millatlarning tillaridir. Bu tillarda soʻzlovchi aholining ayrimlari yozuvga ega boʻlsa, ayrimlari bundan bebahradir. Masalan, Afrika tillarida soʻzlashuvchi aholining 80 foizi hamon oʻz yozuvlariga ega emas. Lingvist olimlarning fikricha, yana 25 yildan soʻng hozir muomalada boʻlgan tillarning oʻntasidan bittasi saqlanib qolar ekan”.
Oʻzbek tili ham shunday tillar sirasiga kirishiga yana ozgina harakat qilinsa boʻldi, oʻzbek millatining koʻzgusi hisoblanmish til butunlay yoʻq boʻladi qoladi! Qurilgan binolarga boshqa tillarida nom beraversak, zamon talabi deb xodim tomonidan ishchiga ish uchun oʻzbek tilining oʻzigina kifoya ekanligini bila turib ham rus va ingliz tillarini bilishing kerak degan talab qoʻyaversak, oilada oʻzbek tili bilan bir qatorda ingliz va rus tillaridagi soʻzlarni aralashtirib ishlatishni, tilning ahamiyati haqida faqatgina Til bayrami kunida eslab oʻtsak, OAVda oʻzbek tiling buzib talqin etilgan variantidagi soʻzlar va xato yozilgan soʻzlarni ayovsiz namoyish qilishni davom ettiraversak oʻzbek tilini yoʻqotish uchun 25 yil emas, balki 10 yilning oʻzi ham kifoya qiladi.
Keling, shu oʻrinda vaziyatni huquqiy jihatdan baholaymiz.
Birinchidan, taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Respublikasi Reklama toʻgʻrisidagi Qonunining 5-moddasiga koʻra, davlatimiz hududida reklama davlat tilida berilishi bilan birga, reklama beruvchining xohishiga koʻra boshqa tillarda ham eʼlon qilinishi mumkin. Shu masalaga bogʻliq boʻlgan yana bir muammo bu reklama yozuv taxtalari va bannerlaridagi reklama matnlarining jiddiy xatolar bilan yozilayotganidir. Reklama matnlarini eʼtiborsizlik natijasida jiddiy xatolar bilan yozish uchun javobgarlik bormi? Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksining 42-moddasiga koʻra, davlat tilini mensimaganlar eng kam ish haqining bir baravaridan ikki baravarigacha miqdorda jarimaga tortilishi mumkin. Ammo Kodeksda qaysi holatlar “mensimaslik” deb baholanishi mumkinligi haqida hech narsa deyilmagan. Oʻzbek tilining izohli lugʻatiga koʻra, “mensimaslik” deb “eʼtiborsizlik va past nazar bilan qarash”ga aytiladi. Davlat tili yoki boshqa tillarda yozilgan matndagi xatolarni eʼtiborsizlik deb baholash mumkin, ammo ularning “past nazar bilan qarash” maqsadida qilinganini isbotlash qiyin.
Ikkinchidan, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalarining hamda Oʻzbekiston Respublikasida umumiy ovqatlanish mahsulotlarini (xizmatlarini) ishlab chiqarish va sotish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Qarorining 16-bandiga koʻra, “sotuvchi, tovarlar va ularni tayyorlovchilar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar xaridorlar eʼtiboriga davlat tilida yetkaziladi, shuningdek, boshqa tillarda takrorlanishi mumkin”. Lekin chakana savdo rastalarida tovarlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar xaridorlar eʼtiboriga har doim ham davlat tilida yetkazilmaydi. Masalan, pishloqning har-xil turlarini sotayotgan sotuvchi bir pishloq turi ustiga «Galanski Sir! Sveji!» deb yozib qoʻygan boʻlsa bu reklama hisoblanadimi yoki mahsulot toʻgʻrisidagi maʼlumotmi? Agar reklama hisoblansa, unda reklama davlat tilida berilishi talab etilmaydi. Agar mazkur yozuv mahsulot toʻgʻrisidagi maʼlumot deb talqin etilsa, unda boshqa til bilan birga davlat tilida ham yozilishi shart.
Uchinchidan, Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi davlat organlari, tashkilotlari va muassasalarida davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining ayrim normalari buzilishiga guvoh boʻlishimiz mumkin. “Davlat tili haqida”gi qonunning 10-moddasiga koʻra, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va jamoat birlashmalarida ish yuritish davlat tilida, lekin ishlovchilarining koʻpchiligi oʻzbek tilini bilmaydigan jamoalarda davlat tili bilan bir qatorda boshqa tillarda ham amalga oshirilishi mumkin. Ammo, ayrim davlat tashkilotlarida, organlarida va muassasalarida ish yuritish davlat tilida emas, balki boshqa tillarda, jumladan rus tilida olib borilishi holati kuzatiladi. Bu, oʻz navbatida davlat tiliga boʻlgan hurmat va eʼtiborning pasayishiga sabab boʻlishi barchamizga birdek ayondir. Shuning uchun ham Adliya vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 42-moddasi “Davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzish” deb nomlangan boʻlsa-da, ushbu modda davlat organlari va tashkilotlarida ish yuritishda davlat tili haqidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etmaslik bilan bogʻliq munosabatlarni qamrab olmagan. Adliya vazirligining fikricha, bu hol baʼzi davlat organlarida davlat tili toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilmasligiga va ish yuritish davlat tilida amalga oshirilmasligiga olib kelmoqda. Adliya vazirligi MJtKning 42-moddasiga: “Davlat organlari va tashkilotlarida ish yuritishda davlat tili haqidagi qonun hujjatlari talablariga rioya yetmaslik, mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi” degan toʻldirish kiritishni taklifi 2020-yilning 25-aprel sanasida OAVda maqola tarzida eʼlon qilingan boʻlishiga qaramasdan hali-hamon oʻzgartirish kiritilmaganligiga guvoh boʻlishimiz mumkin.
Yuqoridagi huquqiy tahlil natijasida oʻzbek tilini rivojlantirish uchun quyidagi takliflarni keltirib oʻtamiz:
1. Ayni oʻzbek tili sohasi mutaxassislaridan Oʻzbek tilini bilish darajasini tasdiqlovchi sertifikat olish tartibini ishlab chiqish; (Xuddi CEFR, IELTS yoki boshqa chet tili sertifikatlari shu til mutaxassislaridan soʻralgani kabi);
2. MJtKning 42-moddasiga: “Davlat organlari va tashkilotlarida ish yuritishda davlat tili haqidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etmaslik, mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi” degan oʻzgartirish kiritish;
3. OAVda davlat tilining jozibadorligi xususidagi turli xil teledasturlar, davra suhbatlari, reklamalar, animatsion roliklar namoyish qilish; (faqatgina 21-oktyabr sanasida emas, doimiy ravishda olib borilishini taʼminlash joiz);
4. Chet el fuqarolari ishtirokida oʻzbek tilini madh etadigan xalqaro insho, tezis, maqola, ocherklar tanlovlarini tashkil qilish va ularni ragʻbatlantirish (bu taklif ham faqatgina 21-oktyabr Til bayrami kuni uchun emas, doimiy ravishda olib borilishi maqsadga muvofiq).
Xulosa qiladigan boʻlsak, har birimiz davlat tiliga boʻlgan eʼtiborni mustaqillikka boʻlgan eʼtibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz lozimligini butun vujudimiz bilan his etishimiz lozim. Bunday vatanparvar harakatni barchamiz oʻzimizdan, oʻz oilamiz va jamoamizdan boshlashimiz bilanoq oʻzbek tilini rivojlantirishga bevosita ulkan hissa qoʻshgan boʻlamiz.
Zero, buyuk maʼrifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy yozganidek: «Har bir millatning dunyoda borligʻini koʻrsatadurgʻon oyinai hayoti tili va adabiyotidur. Milliy tilni yoʻqotmak millatning ruhini yoʻqotmakdur».
Til, millat, davlat... Bu uch tushunchani bir-biridan ayro tasavvur qilib boʻlmaydi. Har inson oʻz ona tilida soʻzlaydi, ona tilida tafakkur qiladi, ona tilida his qiladi, ona tilida tush koʻradi... Til – milliy gʻurur, milliy iftixordir. Til muloqot vositasigina boʻlib qolmay, u insonning ichki olamini ifodalaydi, dunyoni teran idrok qilishiga koʻmaklashadi, dunyoqarashi va kamolotini belgilab beradi. Shuning uchun ham yer yuzida rivojlanaman degan davlat borki, oʻz tilining mavqeini koʻtarishga harakat qiladi.
Taxminlarga koʻra, dunyoda ellik million kishi oʻzbek tilida gaplashar ekan. Bu yer yuzi aholisining har 150 kishidan biri oʻzbek tilida gaplashishini anglatadi. Soʻzlashuvchilar soniga koʻra, oʻzbek tili sayyoramizda eng keng tarqalgan, har birida kamida 30 million aholi gaplashadigan 40 ta tildan biri hisoblanadi. Yaqinda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Oʻzbekistonda davlat tilida ish yuritishni taʼminlamaganlik uchun mansabdor shaxslarga javobgarlikni belgilovchi qonun loyihasini qoʻllab-quvvatlaydiganlar kamligini aytib munosabat bildirganligi ommaviy axborot vositalarida turli muhokamalarga sabab boʻldi. Yuqoridagi raqamlardan kelib chiqib, oʻzbek tilida gaplashuvchilar soni kam deyish mumkinmi?! Oʻzbek tili chuqur tarixiy ildizga ega oʻzbek millatining umumiy mulkidir, chetdagi odam xohlagancha muhokama qiladigan mulk emas.
Maktablarimizning barcha sinflarida ona tili fani oʻqitiladi, ammo bu fanni keyinchalik tilshunoslik yoʻnalishidan ketadigan kishilar oʻrganishi lozim degan tushuncha shakllanib qolmoqda. Yaxshi eslayman. Maktabdagi ona tili oʻqituvchimiz darsda koʻp diktant, insho va bayon yozdirardilar. Boshida koʻp xato qilardim, bora-bora xatolarim kamayib, daftarimga qizil ruchka tegmaydigan darajaga keldi. Esimda qolgan oxirgi diktantda bitta xato qildim, yaʼni “shafqat” soʻzini “shavqat” deb yozganman va bu men uchun katta dars boʻlgan. Kollejda oʻqish uchun kirish imtihonida ham ona tili fanidan insho yozganmiz. Maktablarimizda diktant, insho va bayon yozishga koʻproq eʼtibor berish, oʻquvchilarda matn yaratish koʻnikmasi va malakasini rivojlantirish ogʻzaki va yozma nutq savodxonligini oshiradi deb hisoblayman.
Avar shoiri va yozuvchisi Rasul Hamzatovning “Mening Dogʻistonim” asari sevib oʻqiydigan kitoblarimdan biri. Barcha oʻqishi lozim boʻlgan 100 ta kitob roʻyxatida bu asar nomi ham keltirilgan. Shu asarda keltirilgan bir hikoyani qayta-qayta oʻqiyman. Hikoyani toʻligʻicha keltirmoqchiman:
Parijda dogʻistonlik rassomni uchratib qoldim. U inqilobdan keyin Italiyaga ketgan, oʻsha joyda uylangan va yurtiga qaytmagan. Togʻliklar anʼanasi boʻyicha tarbiya koʻrgan dogʻistonlikning yangi mamlakatga koʻnikishi qiyin kechibdi. Dunyo boʻylab kezib chiqqan rassom oxiri goʻzal poytaxt shahardan qoʻnim topibdi. Ammo qayda kezmasin, sogʻinch ajralmas yoʻldosh boʻlibdi. Men boʻyoqlar orqali suratlarga koʻchgan sogʻinchni koʻrgim keldi va rassomdan ijod namunalaridan koʻrsatishini soʻradim.
Rassom “Vatan sogʻinchi” suratini koʻrsatdi. Unda italyan ayol (rassomning xotini) qadimiy avarliklar kiyimida tasvirlangan. Ayol togʻdagi buloq yonida, qoʻlida gotsatlinlik ustalar tayyorlagan kumush koʻza. Toshlar orasidagi ovul qaygʻuli - qora rangda, ortidagi togʻ ham qoramtir. Choʻqqilarni tuman qoplagan.
- Tuman - bu togʻlarning koʻz yoshi, - deya izoh berdi rassom. - Togʻ yon bagʻridan tuman suzib oʻtganda, qoyalar ustida tomchilar paydo boʻladi. Tuman, bu - men.
Boshqa rasmda tikanli buta shohida oʻtirgan qush tasvirlangan. Bunday tikanli buta - changallar, toshlar orasida oʻsadi. Qush sayrayapti, uyning derazasidan gʻamgin tanish ayol qarab turibdi. Mening suratga qiziqish bilan qarab turganimni koʻrgan rassom tushuntirishga urindi:
- Bu surat qadimiy avar afsonasi asosida yaratilgan.
- Qanday afsona?
- Qushni ushlab, qafasga solishadi. Qafasga qamalgan qush kechayu kunduz faqat bitta soʻzni takrorlayvergan: Vatan, Vatan, Vatan, Vatan, Vatan, Vatan… Men ham oʻtgan yillarda faqat shu soʻzni takrorladim.
Qushni ushlab turgan kishi oʻyga toldi: “Uning vatani qanday ekan, qayerda ekan? Ehtimol, jannat qushlari va jannat daraxtlari bor gullab-yashnagan bir oʻlkadir. Yaxshisi, qushni qoʻyib yuborib, qaysi tomonga uchishini kuzatayin. Menga qushcha moʻjizaviy mamlakat yoʻlini koʻrsatar”. U oltin qafasning tuynugini ochdi, qush ozodlikka chiqdi. Qush oʻn qadamcha uchib, silliq toshlar orasida oʻsgan changal shoxiga qoʻndi. Shu changal shoxlari orasida qushning uyasi bor ekan… Men ham oʻz Vatanimga qafasning derazasidan tikilib turibman, - deya hikoyasini tugatdi rassom.
- Nega unda oʻz ovulingga qaytmayapsan?
- Endi kech. Oʻz vaqtida men Vatandan qaynoq yuragimni olib ketgandim, endi unga keksaygan suyagimni olib qaytamanmi?
Parijdan qaytganimdan keyin rassomning qarindoshlarini izlab topdim. Hayratlanarlisi, uning onasi hali hayot ekan. Onasining uyiga toʻplangan qarindoshlari oʻz Vatanini tashlab ketib, uni oʻzga yerlarga almashgan oʻgʻil haqidagi hikoyani gʻamgin tinglashdi. Ular adashgan oʻgʻilni kechirganday boʻlishdi, tirik ekanidan suyunishdi. Shunda birdan onasi soʻrab qoldi:
- Sizlar avarcha soʻzlashdinglarmi?
- Yoʻq, biz tarjimon yordamida gaplashdik. Men ruscha gapirdim, u fransuzcha.
Ona yuziga qora chodrasini tushirdi, bizda onalar oʻz oʻgʻlining oʻlganini eshitganda shunday qilishadi. Uzoq jimlikdan keyin mushtipar: “Rasul, sen yanglishibsan, mening oʻgʻlim allaqachon oʻlgan ekan. Agar u hayot boʻlganida, avar onasi oʻrgatgan tilni unutmagan boʻlardi!” deya suhbatga nuqta qoʻyadi.
Vo darigʻ! Ona tilida gaplashmagani uchun volida oʻz oʻgʻlini oʻldiga chiqarsa-ya... Mana shu ona tiliga sadoqat, mana shu milliy gʻurur emasmi?!
Bugun chet tillarini chuqurroq oʻrganishimizni davrning oʻzi taqozo qilmoqda. Xorijiy davlatlardan mamlakatimizga koʻplab investor va tadbirkorlar kelishmoqda, ular bilan turli sohalar boʻyicha hamkorliklar oʻrnatilmoqda. Turizmni rivojlantiryapmiz, koʻplab yoshlar chet el universitetlarida oʻqishga katta qiziqish bildirishmoqda. Mamlakatimizda chet tillarini oʻqitish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Chet tillarisiz katta muvaffaqiyatlarga erishish mushkul. Biroq, chet tillarini oʻrganish ona tilimizga eʼtiborsizlik hisobiga boʻlmasligi kerak. Zero, XX asr boshida olti tilli - oʻzbek, arab, fors, hind, turk, va rus tillarida lugʻat tuzgan Isoqhon Ibrat aytganlaridek, “Bizning yoshlar albatta boshqa tilni bilish uchun saʼy-harakat qilsinlar, lekin avval oʻz ona tilini koʻzlariga toʻtiyo qilib, ehtirom koʻrsatsinlar. Zero, oʻz tiliga sadoqat - bu vataniy ishdir”. Biror xorijiy tilni kamsitmasdan, til oʻrganishni qadrlagan va qoʻllab-quvvatlagan holda oʻz ona tilimiz sofligini saqlashimiz va dunyoda muhim til sifatida rivojlanishi uchun astoydil harakat qilmogʻimiz kerak. Oʻzbek tilini yanada rivojlantirish, uni dunyoga tanitish nafaqat tilshunos olim, shoir, yozuvchi, sanʼatkor-u suxandonlarning vazifasi, balki har bir millat vakilining ham burchi boʻlmogʻi lozim. Ona tilimiz faqat soʻzlashuv tili boʻlib qolmasdan, mamlakatimizda rasmiy ish yuritish tili, ilm-fan tili boʻlishi kerak.
Dostları ilə paylaş: |