Rossiya imperiyasi Turkiston o‘lkasini bosib olgach, mahalliy aholining milliy davlatchilik, ozodlik tuyg‘ularini so‘ndirishni asosiy vazifa deb hisoblagan.
Har qanday mustamlakachi davlat harbiy va bosqinchilik yo‘li bilan bosib olgan hududning boyliklaridan o‘z manfaati yo‘lida foydalanishga harakat qiladi. Turkistonda ham xuddi shu taxlitda ish yuritilib, o‘lkani Rossiya imperiyasining asosiy xomashyo bazasiga aylantirishga kirishildi.
O‘lkada sanoat ishlab chiqarish rivojlana borib, kapitalistik munosabatlarga asta-sekin yo‘l ochilayotgan bo‘lsada, bu xalqning moddiy ahvolini yaxshilamadi, balki korxona xo‘jayinlari, savdogarlar, amaldorlarning boyishiga yo‘l ochib berdi.
Gilam to’quvchilar
XIX asr oxirida iqtisodiy qiyinchiliklar va xalqning ma’ naviy jihatdan kamsitilishi, mahalliy urf-odatlarga zid bo‘lgan qarorlarning qabul qilinishi natijasida Turkiston Rossiya imperiyasining milliy- ozodlik harakatlari avj olgan markazlaridan biriga aylandi.
1878-yili Mingtepada (hozirgi Marhamat tumani) mustamlakachilarning siyosiy va iqtisodiy zulmiga qarshi Yetimxon boshchiligida qo‘zg‘olon ko‘tarildi.
1879-yilning kuzida mahalliy aholi Farg‘ona viloyat boshqarmasi binosi oldiga ochiqchasiga norozilik bildirib yig‘ildi. Ular Marg‘ilon uyezdida soliq to‘plash noqonuniy tusga kirganligiga qarshi chiqib, soliqlarning kamaytirilishini qat’iy talab qildilar.
Qo‘zg‘olon kuchayib ketishi ehtimolini sezgan podsho hukumati komissiya tuzib, vaziyatni o‘rganishga kirishdi. Komissiya viloyatda paxta ekishning keng ko‘lamda avj oldirilishi, natijada boshqa muhim ekinlar keskin kamayganligi bunga sabab bo‘lganini ma’lum qilgan.
To’g’on qurilishi XIX asr oxiri
1880-yilning noyabrida aholi hamma soliqlarni to‘laganligiga qaramay, Xo‘jand uyezdining boshlig‘i Xo‘jand va O‘ratepa tumanlaridagi aholidan qo‘shimcha yer solig‘i olinishini e’lon qildi.
1885-yilning yozida Farg‘ona vodiysida xalq qo‘zgolonlari qaytadan avj olib, Andijonda Darvishxon boshchiligida qo‘zg‘olon ko‘tarildi.
Endi qo‘zg‘olonchilar kurash usullarini o‘zgartirib, boylar va volost boshliqlarining qarorgohlariga hujum uyushtirdilar.
1896-yilda Namangan uyezdining Oqsuv–Shahrixon volostidagi Naymanchi, Ko‘hnamozor, Langarbob qishloqlarida aholining mingboshilar saylovlaridagi noroziligi oshkora qo‘zg‘olonga aylanib ketdi.
Rossiya imperiyasining savdo-sanoat doiralari Turkiston o‘lkasini har tomonlama, ayniqsa, iqtisodiy jihatdan qaram qilishda faol ishtirok etdilar.
O‘lka ma’muriyati qo‘zg‘olonlarning yangi to‘lqin bilan kuchayib ketishidan doimiy ravishda xavfsirab turardi.
General-gubernator mahkamasi maxsus bo‘limining boshlig‘i o‘z ma’ruzasida «isyonga moyil» aholi vakillarini harbiy sudga berish va bu sud o‘lim jazosini oshkora ijro etishi haqida fikr bildirdi.
1892-yildan mustamlakachilar oddiy fuqarolarni ma’murlarga qarshilik ko‘rsatgan taqdirda bevosita harbiy dala sudiga bera boshladilar. «Gunohkorlar»ni ochiqchasiga qatl etish endilikda odamlarni qo‘rqitish uchun mustamlakachilarga katta huquqlar berdi.