XIX asr oxiri - XX asr boshlarida Buxoro amirligining ijtimoiy-iqtisodiy hayotida savdogarlar faoliyati
Mamatov Bektosh Tolibjon o`g`li, 1-kurs magistrant
Samarqand davlat universiteti, Samarqand shahar
Tel: +998936653104
e-mail: bektosh.mamatov@bk.ru
Annotatsiya: Mazkur maqola Buxoro savdogarlarining XIX asr oxiri - XX asr boshlaridagi keng faoliyatiga bag`ishlanadi. Ularning savdo kompaniyalari va korporatsiyalarga birlashuv jarayonlari yoritilishi bilan birga ,iqtisodiyotning asosiy tayanchi bo`lgan milliy burjuaziyaning shakllanish jarayonida savdogarlarning o`rni tahlil qilindi.
Kalit so`zlar: Buxoro amirligi, savdogarlar,kasb etikasi, kredit bitimi, qosid, karvonboshi, oqsoqol, korporatsiya, milliy burjuaziya.
XIX asr o`rtalaridan boshlab Buxoro amirligida savdo munosabatlarining yangi bosqichga ko`tarilishi bevosita - ishlab chiqarishning o`sishi, mintaqa va chet el davlatlari bilan savdo aloqalarining rivojlanishi hamda ixtisoslashgan savdogarlar faoliyati bilan bog`liq bo`ldi Bu davrda qishloq xo`jaligi, hunarmandchilik sohalarida ichki iste`mol bilan birga , tashqi eksportga talab oshib bordi. Shu o`rinda , Buxoroni O`rta Osiyo mintaqasida tutgan mavqei to`g`risida I.P. Petrushevskiy: “Buxoro - yirik savdo yo`llari kesishgan yerda joylashgan, eksport va tranzit savdosi uchun birlashma sifatida xizmat qiluvchi maxsus shahar turi” bo`lganligi, Buxoroda tovar mahsulotlari to`rt tomondan kelgan va yana to`rt tarafga tarqalganligi qayd etildi [1.135]. Bunga qo`shimcha qilish mumkinki, Buxoro butun mintaqa uchun muhim bo`lgan “o`tish joyi “ sifatida saqlanib qoldi, bu yerdan tovarlar turli hududlarga tarqalib, chegaradosh davlatlarga yetkazilardi. Bunda Buxoro savdogarlarining o`zaro tovar ayirboshlash, hududlararo savdo-sotiq ishlarining keng ko`lamda olib borganligi muhim o`rin tutgan. Savdogarlar qatlami tovar-pul munosabatlarining rivojlanishida ham muhim o`rin tutgan bo`lib, yirik savdogarlar guruhini asosan, amir va uning yaqinlari, ulamo va amaldorlarning yuqori tabaqa vakillari tashkil etgan. Ular ichki va tashqi savdoni o`z qo`lida ushlaganlar [2.109].
Buxoro amirligi protektoratga aylangach, amirlik mintaqaning boshqa hududlari singari Rossiya imperiyasi iqtisodiy munosabatlariga tortildi. Bu o`z navbatida, amirlikda ijtimoiy-iqtisodiy transformatsiyalarni yuzaga keltirib , temir yo`llar va aloqa vositalarining ishga tushirilishi , kapitalistik munosabatlarning kirib kelishi natijasida savdo –sotiq aloqalari yangi pog`onaga ko`tarildi. Bunda xususan, hududga kirib kelgan Rossiyaning bank va savdo kapitali mahaliy savdo kapitali va daromadiga intilgan mulkdorlar orqali rivojlanib bordi. Ana shunday mulkdorlar orasida savdogar toifalar muhim o`rin tutib, bu davrda turli savdo sohasiga ixtisoslashgan bu qatlam orasida tarkibiy o`zgarishlar sodir bo`ldi.
An`anaviy savdogar toifalar ko`pincha meros qoladigan savdo ixtisosligi bo`yicha farq qilishgan bo`lib, bunda kasb etikasi muhim o’rin tutgan bo`lsa, yangi tovar-pul munosabatlariga o`tilishi natijasida, bu odat yo`qolа boshladi. Savdo aloqalarining kengayishi eski an`anani buzib yirik savdogarlarning yirik sarmoyadorlarga aylanishi, endilikda ularning faoliyat xususiyatini o`zgarishi katta foyda keltiradigan savdo sohalarini egallshga majbur qildi. Natijada, ular bir-biri bilan mutlaqo bog`liq bo`lmagan bir nechta savdo ixtisosligi bilan birlashishga majbur bo`ldi: paxta va choy, paxta va ziravor, pilla va mato va hokazo.
Adabiyotlarda aytilishicha, savdogarlik mavqei ularni shaharlarning deyarli barcha mahallalarida istisnosiz yashashiga, xususan shahar markazi va bozorga yaqin joylarda istiqomat qilishiga olib kelgan. Bu davrda savdo jamiyatida egallagan mavqeiga ko`ra , ular yirik savdogar, do`kondor, mayda savdogar va boshqalarga bo`lingan. Shahar markazida ko`plab do`konlarga ega bo`lganlari “imtiyozli savdogarlar” guruhini tashkil etgan [4.236]. Buxoro savdosining rivojlanib borishi savdo munosabatlarini tashkil etishning o`ziga xos mahaliy shakllari va savdoda ma`lum mehnat taqsimotining paydo bo`lishiga olib keldi. Buxoro bilan bo`lgan savdoda uzoq vaqt davomida “qosidlar” (arab. – vositachi) degan shaxslar muhim rol o`ynagan [1.137]. Ular nafaqat, Buxoroning, balki butun O`rta Osiyoning savdo olamida keng tarqalgan kredit bitimlarining ishtirokchilari bo`lgan.
Savdogarlar faoliyatiga to`xtalganda shuni ta`kidlash joizki, ular nafaqat ichki balki tashqi savdo munosabаtlarida ham ancha faol bo`lib Rossiya, Eron, Afg`oniston va Yevropa davlatlari bilan keng savdo aloqalarini olib borganlar. Bunda ularning chet el savdogarlari bilan kelishuv bitimlarini amalga oshirishlari , savdogarlar malaksi va savdo ko`nikmasini oshirib O`rta osiyo hududida professional savdoning vujudga kelishida muhim ahamiyat kasb etgan. Buxoroning yirik savdogarlari boshqa mamlakatlardan kelgan savdogarlar bilan doimiy ravishda ishbilarmonlik aloqalarini o`rnatib, kredit asosida tovarlar yetkazib berganlar. Bundan ko`rinib turibdiki, Buxoroda XIX asrning so`ngi choragidan boshlab kredit savdo tizimi rivojlanib borgan. Bu haqda ma`lumot bergan N. Stremuxov: “ Buxorolik savdogarlar sotib olingan tovarlar uchun zudlik bilan pul to`lashni istamaydilar, aksariyat hollarda uni kredit asosida, ba`zida uzoq vaqt davomida sotib olishadi. Buxoroda biror bir hujjatsiz sotish faqat ma`lum vaqtga mo`ljallangan – hukumat tomonidan tayinlangan vositachi asosida amalga oshirilgan” [1.136] deb ta`kidlaydi.
Bozor munosabatlarining rivojlanishi, sanoat va temir yo`llarining qurilishi mulkdorlarning jamiyatdagi o`rnini tobora mustahkamladi va bunda ayniqsa turli mulkdorlardan iborat – milliy burjuaziya shakllandi. Ta`kidlash joizki, amirlikda mahaliy burjuaziya asosi dastlab savdogarlar qatlami orasida shakllandi. Savdogarlar to`g`risida F. Xo‘jaev shunday : “Amirlikda yirik mustaqil savdogarlar soni sanoqli bo‘lib, qolgan asosiy savdo ahli asosan, rus firma va banklarning vositachi va dallollari sifatida faoliyat yuritgan” [3.220] degan edi.
XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Buxoro savdogarlarining faoliyati turli xil yirik va kichik birlashmalar doirasida olib borilgan. Maxsus korparatsiya vakillari yirik ulgurji savdogarlar bo`lishgan. Bunda korparatsiya a`zolari o`ziga xos gildiya xatiga poytaxtning taniqli savdogarlar ro`yxatini kiritadilar. Ushbu ro`yxatga kirish savdogarlar uchun katta sharaf bo`lgan. Bu korparatsiya rahbari “karvonboshi” bo`lib, eng yirik va taniqli savdogarlar o`z nomzodlarini qo`yishgan. M.S.Yusupovning ta`kidlashicha, karvonboshi amir yorlig`i bilan tasdiqlangan. Bu korporatsiya faqat yuqori darajadagi savdogarlarni o`z ichiga olgan [4.258]. O`rta yoki pastki qatlam savdogarlarida bunday birlashma bo`lmagan. Ular o`zlariga faqat eng yoshi katta va boy savdogarni oqsoqol qilib tayinlashgan .Ushbu oqsoqolning vazifasi savdo jarayonlarini kuzatish, tartibni nazorat qilish, o`z jamoasidagi savdogarlar yoki mijozlar o`rtasidagi tushunmovchiliklarni hal qilish edi [4.259]. Buxoro savdogarlari orasida savdo kompaniyalari asosan yaqin qarindoshlar o`rtasida tuzilib, sherikchilik asosida faoliyat olib borishgan. Masalan aka-uka G`aybullaxo`ja va Nasrulloxo`ja, aka-uka Yusuf va Mo`minboy Muqimboyevlar, amakilari Sharofiddin Maqsum bilan birgalikda ish olib borganlar . Ular yirik qorako`l savdogarlari bilan savdo qilganlar [4.261]. Ushbu kompaniyalarning barchasi savdogarlarning ixtiyoriy birlashmasi emas, balki ularni an`anaviy oilaviy turmush tarzining tijorat sohasidagi aksi sifatida ko`rib chiqish mumkin. Bu ayniqsa, XIX asr oxiri va XX asr boshlarida savdogar faoliyatining xarakterli jihati hisoblanadi.
XIX asr oxirlaridan boshlab Buxoroda pilla savdosi ham keng rivojlandi. XIX asr oxiri - XX asr boshlarida pilla Buxorodan Rossiya, Fransiya , Italya va boshqa davlatlarga yuborildi. Misol uchun , buxorolik savdogarlardan biri 90 ta vagon pillani Marsel shahriga borib sotishga erishdi. Ularning 40 tasi Mirzo Muhiddinovga tegishli edi. Shu davrda ipakning katta qismi Buxorodan Hindistonga jo`natilardi. Ular asosan Mo`lton shahriga yetkazilgan, chunki u yerdan mahsulot Hindistonning boshqa viloyatlariga yuborilar edi. Buxoro savdogarlari bitt tuya yuki uchun 250-300 rupiya to`lab, Qandahor yoki G`azna orqali Hindistonga yo`l olishgan [5.14].
Buxoro amirligi va Rossiya savdo munosabatlaridа har yili Rossiyada o`tkaziladigan yarmarkalarning roli ham muhim bo`lgan. Odatda iyul oyining o`rtalarida ochilib, 20-avgustga qadar davom etgan yarmarkalarda O`rta Osiyolik savdogarlar qatorida buxorolik savdogarlar ham ishtirok etishgan. XVIII asrdan boshlab, Orenburg o`lkasini boshqarish bilan bog`liq barcha xarajatlar O`rta Osiyo savdogarlarining mahsulotlari sotilishi natijasida, yig`ilgan soliq hisobidan qoplangan. Buxoro savdogarlari turli xil tovarlar bilan bir qatorda, Rossiya tovarlariga almashtirish uchun oltin va kumushlarni ham olib kelishgan. Ular Irbid va Nijniy Novgorod yarmarkalarida Astraxan terisi va paxtasini sotishdan, Qozon shahri va Sibirda Buxorodan olib kelingan ipak, paxta, zig`ir savdosidan katta daromad olishgan [6.352].
Xulosa o`rnida ta`kidlash joizki, XIX asr oxiri XX asr boshlarida Buxoro amirligi ijtimoiy-iqtisodiy hayotida transformatsiyalar sodir bo`ldi. Bu transformatsiyalar bir tomondan imperiyaga iqtisodiy qaramlikni oshirgan bo`lsa, boshqa tomondan yangi tovar-pul munosabatlarining rivojlanishi natijasida yangi mulkdorlar - milliy burjuaziya qatlamini shakllantirdi. Turli xil savdo operatsiyalarida savdogarlar qatlamining roli muhim ahamiyatga ega bo`lib , bu davrda savdo kompaniyalari, korporatsiyalar faoliyatiga yo`l ochildi. Savdogarlar kapitalistik munosabatlarning asosiy tayanchi sifatida , jamiyatning iqtisodiy hayotini yaxshilashga, shuningdek ba`zi madaniy muammolarni yechishga hаm o`z hissalarini qo`shdilar. Xorij davlatlari, jumladan,Rossiya bilan olib borilgan savdo aloqalarida tajriba orttirgan buxorolik savdogarlarning sermahsul faoliyati jaxon bozorida ham o`z ifodasini topdi.
Dostları ilə paylaş: |