“Umumiy va noorganik kimyo” faniga kirish. Kimyo tushunchasi. Tarixiy yondashuv va kimyoning zamonaviy rivoji. Materiya va harakat. Materiya va xarakatning bog‘liqligi. Bizning ongimizga bog’liq bo’lmagan holda mavjud bo’lib, unda aks etadigan butun ob’ektiv borliq materiyadeyiladi. Materiya tevarak-atrofimizni o'rab turadi. Materiya ikki xil: modda va maydon ko’rinishida mavjud. Kimyo fani moddalarni o’rgansa, fizika fani esa maydonni o’rganadi. Moddaning fazoda chegaralangan qismi fizik jism deyiladi. Boshqacha qilib aytganda barcha ko’zga ko’rinadigan, odamzod uchun zarur bo’lgan narsalar jism deyiladi.
Jism nimadan tashkil topgan bo’lsa, o’sha narsa moddadeyiladi. Mavjud bo’lgan barcha jismlar moddalardan tashkil topgan. Masalan: don-fizik jism, don tarkibiga kraxmal, oqsil va o’simlik moylari kiradi, ana shu kraxmal, oqsil va o’simlk moylari moddalardir; qoshiq-jism, u alyuminiydan yasalgan, alyuminiy esa modda hisoblanadi. Temir mix- bunda temir modda, mix esa jism hisoblanadi. Temir moddasidan bir qancha jismlar, masalan: bolg’a, temir yo’l relsi va boshqalar yasaladi.
Moddalar fazoda ma’lum shakl, massa va hajmga ega bo’lib, ayni sharoitda o’zgarmas fizik va kimyoviy xossalariga ega. Moddalarning bir-biridan farq qiladigan yoki bir-biriga o’xshaydigan u yoki bu belgilariga xossalari deyiladi.
Moddaning kimyoviy xossalariga ularning boshqa moddalar bilan ta’sir etish-etmasligi, tashqi ta’sir natijasida o’zining tarkibini va tuzilishini o’zgartirish-o’zgartirmasligi, oksidlovchi yoki qaytaruvchilik xossalari, metall yoki metallmasligi va h.z. lar kiradi.
Moddaning fizikaviy xossalari deganda ularning agregat holati (qattiq, suyuq, gaz, plazma), rangi, hidi, ta’mi (mazasi), zichligi, eruvchanligi, suyuqlanish va qaynash temperaturasi, issiqlik va elektr o’tkazuvchanligi, sindirish ko’rsatkichi va shunga o’xshashlar tushuniladi.
Odatdagi sharoitda turli xil moddalar o’zlarining tarkibiga va tabiatiga bog’liq holda turlicha agregat holatda bo’ladi.
Masalan: odatdagi sharoitda shakar (C12H22O11), osh tuzi (NaCℓ), alyuminiy (Aℓ)-qattiq moddalar; suv (H2O), benzol (C6H6), sulfat kislota (H2SO4)-suyuq moddalar; kislorod, karbonat angidrid (CO2), metan (CH4)-gaz moddalardir. Moddalarning ma’lum bir agregat holatda bo’lishi tashqi sharoitga (harorat va bosimga) bog’liq bo’ladi.
Sharoit (harorat va bosim) o’zgarganida moddalar bir agregat holatdan boshqasiga o’tadi. Masalan: suv 1000Cdan yuqori temperaturada bug’ (gaz), 00C dan 1000C gacha suyuq, 00C dan past temperaturada esa qattiq (muz) holatda bo’ladi. Osh tuzi 8010C gacha qattiq, 8010C dan yuqorida suyuq holatda bo’ladi. Gaz moddalarni yuqori bosim ostida siqib, suyuq holatga o’tkazish mumkin. Jarayon yana davom ettirilsa, gazlar suyuq holatdan qattiq holatga o’tadi.
Kimyo fani — moddalarni, ularning tuzilishini, tarkibini, xossalarini, ularda bo’ladigan o’zgarishlarni va bu o’zgarishlarda kuzatiladigan jarayonlarni o’rganadi.
Shuningdek, kimyo fani kimyoviy jarayonlarda kuzatiladigan turli xil fizik hodisalarning tabiatini, kimyoviy o’zgarishlarni boshqarish qonuniyatlari bilan shug’ullanadi.