Valyuta kursi, to‘lov balansi va uning taqchilligi (2 soat) To‘l
Valyuta kursi, to‘lov balansi va uning taqchilligi (2 soat) 1. To‘lov balansi, uning tuzilishi va taqchilligi 2. Xalqaro valyuta-kredit munosabatlari va valyuta tizimlari 3. Valyuta-moliya sohasidagi davlatlararo tashkilotlar faoliyatining rivojlanishi
XX asrning 50-60-yillarida xalqaro iqtisodiy, moliyaviy va valyuta munosabatlarini rivojlanishida yangi davr boshlandi. Ochiq iqtisodiyotning umumiy tendensiyasi savdo ayirboshlashuvining tezlashishiga, xalqaro moliyalashtirishning rivojlanishiga, yangi valyuta bozorlarini hosil bo‘lishiga, turli mamlakatlar orasida valyuta-moliya munosabatlarining kengayishiga imkon berdi.
Jahon iqtisodiyotida xalqaro valyuta munosabatlari pulning jahon puli funksiyasi bilan bog‘liq bo‘lgan iqtisodiy munosabatlarni namoyon qiladi. Pul jahon puli sifatida tashqi savdo va xizmatlar, kapital migrasiyasi, foydaning investitsiyalarga ko‘chishi, zayom va subsidiyalar berish, ilmiy-texnik almashuv, turizm, davlat va xususiy pul ko‘chirishlariga xizmat qila boshladi.
Valyuta munosabatlari odatda milliy va xalqaro darajalarda amalga oshiriladi. Milliy darajada ular milliy valyuta tizimlari (MVT) sohasini qamrab oladi. Milliy valyuta tizimi - bu valyuta qonunchiligi bilan belgilanadigan davlat valyuta munosabatlarini tashkil qilishning shaklidir. MVTning o‘ziga xos tomoni u yoki bu davlat iqtisodiyotining, shuningdek tashqi iqtisodiy aloqalarining rivojlanish darajasini va o‘ziga xosligi bilan aniqlanadi. Jahon iqtisodiyotida milliy valyuta tizimi quyidagi holatlari bilan xarakterlanadi:
- milliy valyuta birligi bilan;
- rasmiy oltin va valyuta zahiralarining tarkibi bilan;
- milliy valyuta pariteti va valyuta kursi shakllanishining mexanizmi bilan;
- valyuta qaytishi sharoitlari bilan;
- valyuta cheklanishlarining mavjudligi yoki yo‘qligi bilan;
- davlatlarning tashqi iqtisodiy hisob-kitoblarini amalga oshirish tartibi va boshqalar.
Jahon iqtisodiyotida milliy valyuta tizimlarini bog‘lovchi zveno bo‘lib valyuta kursi va valyuta pariteti xizmat qiladi. Valyuta kursi alohida mamlakatlarning valyutalariga bo‘lgan nisbati yoki ma’lum bir davlat valyutasining boshqa bir davlatlar valyutasida hisoblangan “narxi”ni namoyon qiladi. Valyuta pariteti - valyutalarning ulardagi oltinga mos keluvchi nisbatidir. Valyuta kursi amalda hech qachon paritet bilan mos kelmaydi.
Xalqaro valyuta tizimi (XVT) jahon xo‘jaligi doirasida valyuta munosabatlarini tashkil qilishning shaklidir. U jahon kapitalistik xo‘jaligi evolyusiyasi natijasida paydo bo‘lib, huquqiy jihatdan davlatlararo kelishuvlar bilan rasmiylashtirilgan. Xalqaro valyuta tizimining asosiy elementlari quyidagilardan iboratdir:
- valyuta birliklarining milliy va kollektiv zahiralari;
- xalqaro likvidli aktivlarning tarkibi va strukturasi;
- valyuta paritetlari va kurslari mexanizmi;
- valyutalarning o‘zaro almashuv shartlari;
- xalqaro hisob-kitob shakllari;
- xalqaro valyuta bozori va jahon oltin bozori rejimi;
- valyuta-moliya tashkilotlarini (XVF, XTTB va boshqalar) tartibga soluvchi davlatlararo valyuta-kredit tashkilotlarining maqomi.
Jahon iqtisodiyotida xalqaro valyuta tizimining asosiy vazifasi - muhim iqtisodiy o‘sishni ta’minlashdan, inflyasiyani kamaytirishdan, tashqi iqtisodiy almashuv va to‘lov oborotining tengligini qo‘llab-quvatlash uchun xalqaro hisob-kitoblar va valyuta bozori sohasini tartibga solishdan iboratdir.
2. Jahon iqtisodiyotida xalqaro valyuta tizimi dinamik rivojlanib boruvchi tizimdir. U evolyusion rivojlanish bosqichlarda doimo o‘zgaradi va rivojlandi. O‘zining evolyusion rivojlanishida Xalqaro valyuta tizimi to‘rtta xalqaro valyuta tizimlarini o‘zida namoyon qiluvchi to‘rt bosqichni bosib o‘tgan.
Xalqaro valyuta tizimida oltin standart deb ataluvchi birinchi tizim stixiyali ravishda XIX asr oxirida vujudga keldi. Unda qator davlatlarning valyutalari o‘z davlatlarining ichki bozorida erkin ravishda oltinga tenglashtirilgan. Oltin standart tizimi quyidagilar bilan ajralib turgan:
- valyuta birligi ma’lum miqdorda oltin qiymatiga egaligi bilan;
- valyutaning oltinga konvertasiyalanishi alohida bir davlatning ichida ham tashqarisida ham ta’minlanganligi bilan;
- oltin quymalar erkin ravishda tangalarga almashtirilishi mumkin, oltin erkin eksport va import qilinadi, xalqaro oltin bozorlarida sotilishi bilan;
- milliy oltin zahirasi va ichki pul taklifi o‘rtasida kuchli nisbatning saqlanishi bilan.
Oltin standartga asoslangan xalqaro hisob-kitoblar mexanizmi qayd qilingan kursni o‘rnatadi. Oltin tanga, oltin yombi, oltin deviz standartlari oltin standartning turlaridir. Oltin standartning bir turidan ikkinchisiga evalyusion o‘tishi xalqaro kapitalistik tizimining rivojlanishi mobaynida ro‘y bergan edi.
Kapitalistik xo‘jalik faoliyatining asta-sekin murakkablashuvi, jahon xo‘jaligi aloqalarining kengayishi va chuqurlashishi, davriy ro‘y berib turgan iqtisodiy inqirozlar iqtisodiyotni tartibga solishni, davlatning iqtisodiy jarayonlarni boshqarishga aralashuvini kuchaytirishni obektiv zaruriyatga aylantirdi. Davlatning iqtisodiyotga aralashuvining kuchayib borishi bilan erkin raqobatchilik kapitalizm rivojlanishining alomatlariga javob beruvchi oltin standarti mexanizmi bilan aniqlanadigan valyuta kurslari tizimlari ham o‘zgara boshladi.
Ikkinchi tizim - oltin-deviz standarti Genuya konferensiyasi (1922 y.) qarorlari natijasida vujudga keldi. Keyinchalik u ko‘pchilik kapitalistik davlatlar tomonidan tan olindi. Bunda banknotalar oltin emas, balki keyinchalik oltinga almashtirilishi mumkin bo‘lgan boshqa davlatlar deviziga (banknota, veksel, cheklar) almashtirilgan. Deviz valyuta sifatida dollar va funt sterling tanlandi. Oltin-deviz standarti amalda tartibga soluvchi valyuta kurslari standarti tizimini oltin valyuta standarti tizimiga o‘tish bosqichi bo‘ldi. Oltin-valyuta standarti tizimi 30-yillarda tashkil topdi va 50-yillar oxirida to‘liq shakllandi. Bu tizim sharoitida kog‘oz pullar oltinga almashtirilmaydigan bo‘ldi. 1944 yilda bo‘lib o‘tgan Bretton-Vuds (AQSH) xalqaro konferensiyasida bu tizim huquqiy maqomni oldi. Bretton-Vuds valyuta tizimining o‘ziga xos tomonlari quyidagilardan iboratdir:
- oltin davlatlar orasida yakuniy pul hisob-kitoblari funksiyasini saqlab qoldi;
- oltin bilan bir qator turli davlatlar valyutalari qiymati o‘lchovi, shuningdek to‘lovning xalqaro kredit vositasi sifatida tan olingan AQSH dollari rezerv valyuta bo‘ldi;
- dollar boshqa davlatlarning markaziy banklari va hukumat idoralari tomonidan AQSH xazinasida 1 troya unsiyaga (31,1g.), ya’ni 35 dollarga teng bo‘lgan kurs (1944 i) bo‘yicha oltinga almashtirilgan. Bundan tashqari hukumat organlari va xususiy shaxslar oltinni xususiy bozorda sotib olishlari ham mumkin bo‘lgan. Oltinning valyuta qiymati rasmiy qiymat asosida shakllanib bordi va u 1968 yilgacha sezilarli o‘zgarmadi;
- valyutalarni bir-biriga tenglashtirish. Ularning o‘zaro almashuvi oltin va dollarda belgilangan rasmiy valyuta paritetlar asosida amalga oshirilgan;
- har bir davlat o‘z valyutasining boshqa valyutaga nisbatan kursini barqaror saqlashi kerak bo‘lgan. Valyutalarning bozordagi kurslari qayd qilingan oltin yoki dollar paritetidan u yoki bu tomonga 1% dan ortiq o‘zgarmasligi kerak edi. Paritetlarning o‘zgarishi to‘lovlar balansining doimiy buzilishi sodir bo‘lganda amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan;
- valyuta munosabatlarini davlatlararo tartibga solish asosan Bretton-Vuds konferensiyasida tashkil qilingan Xalqaro Valyuta Fondi (XVF) orqali amalga oshirildi. U a’zo davlatlar tomonidan rasmiy valyuta paritetlari, kurslari va o‘zaro erkin valyuta almashtirishga amal qilishlari ta’minlangan.
Bretton-Vuds kelishuvi xalqaro valyuta tizimining rivojlanishini eng muhim bosqichi hisoblanadi. Birinchi marta xalqaro valyuta tizimi hukumatlararo kelishuvlarga asoslana boshladi. Oltin-dollar standarti tizimini mustahkamlagan Bretton-Vuds tizimi xalqaro savdo oborotining kengayishda, sanoati rivojlangan davlatlar ishlab chiqarishining o‘sishida ham muhim rol o‘ynadi.
60-yillarning oxiriga kelib Bretton-Vuds tizimi jahon xo‘jaligining kuchayayotgan baynalminallashuvi bilan, transmilliy korporasiyalarining valyuta sohasidagi faol chayqovchilik faoliyati bilan qarama-qarshi chiqa boshladi. Oltin-dollar standarti rejimi amalda asta-sekin dollar standarti tizimiga aylana boshladi. SHu bilan birga 60-yillar oxirida dollarning jahondagi mavqei G‘arbiy Evropa davlatlari va YAponiyaning iqtisodiy quvvati va ta’sir doirasini oshishi natijasida sezilarli yomonlashdi. AQSHdan tashqaridagi dollar zahiralari jahon iqtisodiyotida juda katta summada bo‘lib, yirik evrodollar bozorini tashkil qilgan edi. AQSH to‘lov balansining kamomadi (defisiti) mumkin bo‘lgan normalardan ortib bordi. Bretton-Vuds tizimining dollarni oltinga aylantirish haqidagi talabi AQSH uchun og‘irlik qilib qoldi, chunki o‘z zahiralari hisobidan oltinning past narxini saqlab turishi kerak edi. 70-yillar boshida Bretton-Vuds tizimi amalda o‘z faoliyatini to‘xtatdi. AQSH dollarni oltinga rasmiy narxlarda almashtirishdan bosh tortdi. Natijada jahon bozorlarida oltinning bahosi keskin ko‘tarilib ketdi.
1976 yilda Kingstonda (YAmayka) bo‘lib o‘tgan XVFning navbatdagi majlisida dunyoda xalqaro valyuta tizimining asoslari aniqlandi. YAmayka kelishuvidan kelib chiqqan holda xalqaro valyuta mexanizmini tashkil etuvchilar deb quyidagilarni ko‘rsatish mumkin:
1. Oltinning qiymat o‘lchovi va valyuta kurslarini hisoblashning boshlang‘ich nuqtasi sifatidagi vazifasi bekor qilindi. Oltin erkin narxli oddiy tovarga aylanadi. SHu bilan bir qatorda u alohida likvidli tovar bo‘lib ham qoldi. YA’ni, zarur bo‘lganda oltin sotilishi mumkin, olingan valyuta esa to‘lov uchun ishlatilishi mumkin bo‘lib qoldi.
2. Asosiy zahira valyuta qilish va boshqa rezerv valyutalarning rolini kamaytirish maqsadida SDR (Special drawing righs - SDR) - “maxsus o‘rnini olish huquqi” standarti kiritildi.
3. Davlatlarga valyuta kursining xohlagan rejimini tanlab olish hyquqi berildi. Davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro valyuta munosabatlari ularni milliy pul birliklarining suzuvchi kursiga asoslanadigan bo‘ldi.
Xalqaro moliyaviy qonunlarda kurslarning o‘zgarishi ikki asosiy omil bilan belgilanadi:
a) davlatlarning ichki bozorlarida valyutalarning real qiymatlari nisbati bilan;
b) xalqaro bozorlarda milliy valyutalarga bo‘lgan talab va takliflar nisbati bilan.
3. 90-yillarning boshiga kelib suzuvchi kurslar faktorini amalga oshirilishi munosabati bilan quyidagi elementlar asosida etarli darajada murakkab bo‘lgan xalqaro valyuta tizimini tashkil qilish sxemasi vujudga keldi:
1. Asosiy ustun birliklar tanlanadi. Bu bilan ular milliy valyutalar munosabatlarini, aniqrog‘i o‘z valyuta kurslarini saqlab qoldilar;
2. Valyuta kurslarinig o‘zgarish darajasi bir xil bo‘lmasdan, diapazoni keng edi. Bunda ma’lum diapazon doirasida faqat ayrim valyutalarga nisbatan valyuta kursi saqlanadi, boshqa valyutalarga nisbatan kurs erkin o‘zgarib turadi.
Amalda davlatlar e’lon qilgan valyuta rejimlari xilma-xildir. 1988 yilda jahonning 58 davlati o‘z valyutalarining asosiy hamkorlaridan birining valyutasiga nisbatan kursini o‘rnatishga qaror qildilar. Bular AQSH dollari (39 ta davlat), fransuz franki (frank zonasining 14ta davlati) yoki boshqa valyutalarda (5 ta davlat). Ayrim davlatlar o‘z valyutalarini SDRga (17 ta davlat) yoki boshqa valyutalar savatchasiga (29 ta davlat) bog‘ladilar. Bundan tashqari, 4 ta davlat yagona valyutaga nisbatan cheklangan moslashuvchanlik rejimini ma’qullaydilar. O‘z navbatida EI ning 8 davlati o‘zlari uchun valyuta hamkorligi mexanizmini ta’sis etishib, o‘z valyuta kurslarini barqarorlashtirdilar. Jahonning 19ta davlatlari shu jumladan, AQSH, Kanada, Buyuk Britaniya va YAponiya mustaqil suzish rejimini tanladilar.
YAmayka kelishuvi jamoa valyuta birligi sifatida “maxsus o‘rnini olish huquqi” (SDR) ni tan oldi. SDR 1969 yilda oddiy kredit vositasi sifatida yaratilgan edi. Biroq keyinchalik SDRni “xalqaro valyuta tizimining zahira aktivi” ga aylantirish vazifasi qo‘yildi. Oldiniga SDR birligi dollarning oltin qiymatiga (1970 y.) mos ravishda oltinga tenglashtiriladi. 1974 yilning iyulida valyutalarning suzuvchi kursga o‘tishi bilan SDRning oltin qiymati bekor qilindi. Bu valyuta birligining kursi valyuta savatchasi - tashqi savdosi jahon savdosining 1% dan kam bo‘lmagan 16 davlat valyutalarining o‘rtacha kursi asosida aniqlanardi. 1981 yildan boshlab SDR 5ta davlat valyutasi (AQSH dollari, GFR markasi, yapon ienasi, fransuz franki va Angliya funt sterling) to‘plamidan kelib chiqdan holda aniqlanadigan bo‘ldi.
Valyuta korzinasi - bu bir valyuta o‘rtacha hisoblangan kursining boshqa valyutalarning ma’lum to‘plamiga nisbatan solishtirish usulidir. Valyuta kursini hisoblash uning tarkibi, valyuta komponentlarining o‘lchovi, valyutalarning dollarga nisbatan bozor kursiga bog‘liq.
SDR foizlar keltiradi. Mamlakat agarda SDRdagi avuarlar assosiasiyalaridan ko‘p bo‘lsa foizlar oladi va aksincha SDRdagi avuarlari asosiasiyalaridan kam bo‘lsa foiz to‘laydi. SDR birligi birlikdir. U XVFning maxsus schetlarida XVFga a’zo davlatlarga ajratilgan kvotalar asosida keltiriladi. Bu kvotalardan konventirlanadigan valyuta sotib olish yoki to‘lov balansi defisitini to‘lash uchun foydalaniladi. Ammo ularning kapitalistik dunyo umumiy valyuta zahiralaridagi ulushi -6%ga yaqin bo‘lib uncha katta emas.
7.3.1.-jadval