Yadro qurollariga ega davlatlar — ro‘yxat, statistika
2022 yil mart holatiga ko‘ra, dunyoning 9 ta mamlakatida 12 700ga yaqin yadro qurollari mavjud. Ularning 90 foizi Rossiya va AQShga tegishli.
Yadro qurollaridan jangovar maqsadda birinchi marotaba 1945 yil 6 avgustda foydalanildi: Amerikaning harbiy havo kuchlari Yaponiyaning Xirosima shahriga Little Boy (“Bolakay”) nomini olgan atom bombasini tashladi. Yadro quroli zarbasi natijasida 200 mingdan ortiq kishi halok bo‘ldi, bedarak yo‘qoldi, nurlanish oqibatida vafot etdi. Portlash epimarkazining 4 km radiusida bo‘lgan hududda bir necha soatlab yong‘in davom etdi. 90 mingta uydan 62 mingtasi to‘liq vayron bo‘ldi. 9 avgust kuni AQSh qo‘shinlari Nagasakiga ham atom bombasini tashladi.
O‘tgan hafta Rossiya prezidenti Vladimir Putin mudofaa vaziri Sergey Shoygu va bosh shtab boshlig‘i Valeriy Gerasimovga tiyib turish kuchlarini harbiy navbatchilik rejimi holatiga keltirishga buyruq berdi. Tiyib turish kuchlari yadro qurollarini ham o‘z ichiga oladi.
FAS ta’kidlashicha, AQSh o‘zining yadro qurollarini kamaytirib bormoqda. Fransiya va Isroilda yadro kallaklari soni stabil saqlanib turgan bo‘lsa, Xitoy, Hindiston, Shimoliy Koreya, Pokiston, Buyuk Britaniya va Rossiya yadro salohiyatini oshirib borayotgani taxmin qilinadi.
12 700 yadro kallagidan 9400 dan ortig‘i raketalar, havo kuchlari, kemalar va suvosti kemalariga o‘rnatilgan. Qolgan kallaklar “iste'foga chiqarilgan” va demontaj qilinishini kutmoqda. 2000 ga yaqin AQSh, Rossiya, Britaniya va Fransiya yadro kallaklari shay holatda bo‘lib, qisqa vaqt ichida harakatga keltirilishi mumkin.
AQSh 2022 yil 2 mart holatiga ko‘ra, AQShning yadro qurollari salohiyati 5428 ta jangovar kallakdan iborat. Shundan, raketalarga o‘rnatilgan jangovar kallaklar soni 1 744 tani, zaxiradagi kallaklar soni 1964 tani tashkil etadi. 1720 ta kallak esa demontaj qilinishini kutmoqda.
Yadro qurolini yo‘q qilish bo‘yicha xalqaro kampaniyasi ma’lumotiga ko‘ra, Belgiya (10−15 ta), Germaniya (10−15 ta), Italiya (40 ta), Niderlandiya (20 ta) va Turkiya (50 ta) davlatlarida AQShning yadro qurollari joylashtirilgan.