Yоsh fiziologiyasi va gigiyenasi fanining vazifalari, rivojlanish tarixi. Odam organizmi rivojlanishining umumbiologik qonuniyatlari. Rеja: 1. Fanining vazifalari, ahamiyati
2. Yоsh fiziologiyasi va gigiyenasi fani tibbiy, biologik va pedagogik fanlarning tarmog`i.
3. Yоsh fiziologiyasi va gigiyenasi fanining rivojlanish tarixi.
4. Odam organizmi rivojlanishining umumbiologik qonuniyatlari.
5. O`sish, rivojlanish va unga ta`sir etuvchi tabiiy va ijtimoiy omillar.
Yоsh fiziologiyasi va gigiyenasi fanining ahamiyati, vazifalari.Yоsh fiziologiyasi va gigiyenasi – bolalar va o`smirlar organizmining tuzilishi, funksiyalari va tashqi muhit bilan aloqasini o`rganadi. Shuningdek, yosh organizmning normal o`sishi, rivojlanishi, har tomonlama kamol topishi uchun zarur bo`lgan sharoitlarni, gigiyenik me`yorlarni (qoidalarni, talablarni) ishlab chiqadi va hayotga tadbiq qiladi.
Yoshlarning yashash, o`qish, tarbiyalanish sharoitlarining gigiyena qoida va talablari asosida tashkil etilganligi, ularning sog`lom, aqliy va jismoniy jihatdan barkamol bo`lishiga ijobiy ta`sir ko`rsatadi. Aksincha, atrof-muhit sharoitining gigiyena talablariga mos bo`lmasligi bolalar va o`smirlar sog`lig`iga, jismoniy va aqliy rivojlanishiga salbiy ta`sir ko`rsatadi. Masalan, kun tartibining noto`g`ri tuzilishi tufayli o`quvchi aqliy mehnatni me`yoridan ortiq bajarishi, dam olish va uyquning yetarli bo`lmasligi asab tizimining toliqishiga sabab bo`ladi. Bu esa o`quvchining aqliy ish bajarish, o`zlashtirish, esda saqlash qobiliyatining pasayishiga, tez charchashga, jahldor bo`lib qolishiga sabab bo`ladi.
Ma`lumki, gigiyena fani har bir odam, jamiyat a`zolari sog`lig`ini muhofaza qilish, yashash, mehnat qilish, jismoniy tarbiya va sport mashg`ulotlari bilan shug`ullanish uchun zarur bo`lgan gigiyenik qoida, talab va me`yorlarni ishlab chiqadi. Bu qoida, talab va me`yorlarni amaliy hayotga tadbiq etishga tavsiya qiladi. Ularning bajarilishini ta`minlash esa sanitariya nazorati orqali amalga oshiriladi.