Muhammad Yusuf – el ardog’idagi shoir. Tadbir ssenariysi “Zor – zor yig’lab turar Andijon” qo’shig’i ijrosi tugallanishida 2 olib boruvchi chiqib keladi.
1-boshlovchi: Bashoratchi deyishadi shoirlarni,
Shuning uchun suyishadi shoirlarni.
Suyib turib suyishadi shoirlarni,
Qizg’aldoqlar qirlarda xor yig’lar bu kun.
2-boshlovchi: Bashoratlar yolg’on chiqsa bo’lmasmidi,
Yolg’on chiqsa, tole` nima kulmasmidi.
Qaro yerning bag’ri sizsiz to’lmasmidi,
Boychechaklar bag’rimda qon yig’lar bu kun.
1-boshlovchi: Talpingani ko’klammidi ko’ngilchamning,
Ko’k kiygani ko’klammidi ko’ngilchamning.
Kiyay desa ko’k kammidi ko’ngilchamning,
Kapalaklar kaftimda xor yig’lar bu kun.
2-boshlovchi: Kuylamasman endi sira muhabbatni,
Kuylasam ham o’ylamasman muhabbatni.
Esga olib har zamonda Muhammadim,
Erka kiyik xumor -xumor yig’lar bu kun.
1-boshlovchi: Assalomu alaykum hurmatli ustozlar, aziz o’quvchilar. Muhammad Yusufning yorqin hayoti va ijodiga bag’ishlangan “Muhammad Yusuf – el ardoqlagan shoir” mavzusidagii kechamizga xush kelibsiz, azizlar.
2-boshlovchi: Bevaqt o’lim adabiyotimiz gulshanida barq urib ochilib, yashnab turgan bir chechakni uzdi-yu, ketdi.
1-boshlovchi: Muhammad Yusuf adabiyotimizga chaqnab kirib kelgan, qisqa vaqt ichida eng yosh “O’zbekiston xalq shoiri” sifatida tanilgan xalq shoiri edi.
2-boshlovchi: Uning xalqona ohanglardagi misralari o’zbekning chin ma’nodagi ma’naviy mulkiga aylandi.
1-boshlovchi: Agar Muhammad Yusuf she’rlarini jamlab, bir nom bilan umumlashtirsa, uni “O’zbek xalqiga qasida” deb atash mumkin bo’lar edi. Chunki har bir she’r misrasi ortida O’zbek , uning dardi, quvonchi, tashvishi, mehri, orzu-umidlari, qo’ying-chi, butun hayoti gavdalanadi.
1-boshlovchi: Dillarni titratib sovuq shum xabar
She’r ahlini etdi dilgir va mayus
Safar tez qaribdi nechun bu qadar
Siz qayga ketdingiz, Muhammad Yusuf.
1-boshlovchi: Atrofni kuzatib besabr, beshavq,
Qalbida qo’zg’alib bor amri ma’ruf.
Osmonday yurakni biz uchun to’shab,
Siz qayga ketdingiz, Muhammad Yusuf.